– Nimani?
– Besh kundan beri ichimga tuz kirmadi.
Miyamda darrov hisoblab chiqdim. Bundan uch kun oldin «Nyu-York mayxonasi»da Xarvi poker o‘ynab mendan ikki yuz frank yutib olgandi.
– O‘zi nima gap?
– Pulim yo‘q. Pul kelmadi. – U jimib qoldi. – Bilasizmi, Jeyk, juda g‘alati bo‘larkan. Pulsiz qolganimda yolg‘izlikni yoqtiraman. Xonamdan chiqqim kelmaydi. Xuddi mushukka o‘xshab.
Cho‘ntagimni kavladim.
– Yuz frank yetadimi, Xarvi?
– Ha.
– Qani, turing. Tushlik qilgani boramiz.
– Ulguramiz. Men bilan ichishing.
– Ovqatlansangiz yaxshi bo‘lardi.
– Yo‘q. Bunaqa paytda ovqat yesam-yemasam menga baribir.
Bir stakandan vino ichdik. Xarvi likopni o‘zinikiga qo‘shib qo‘ydi.
– Mankenni taniysizmi, Xarvi?
– Ha. Nimaydi?
– U qanaqa odam?
– Yomon odammas. Juda qiziq voqealarni ko‘p gapiradi. Yaqinda u bilan tushlik qilib o‘tirib Goffenxeymer haqida gaplashib qoldik. «Hamma illat shundaki, u o‘zini xudojo‘y qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lyapti», dedi Menken. Chakki emas-a.
– Rost, chakki emas.
– Sirasini aytganda, u endi adoyi tamom bo‘ldi, – davom etdi Xarvi. – U o‘zi biladigan hamma narsa haqida yozib bo‘ldi, endi esa bilmaganlarini yozishga kirishyapti.
– U chindanam durust yozuvchi bo‘lsa kerak, – dedim men. – Lekin uning kitoblarini o‘qiyolmayman.
– Hozir hech kim o‘qiyotgani ham yo‘q. Balki bir paytlari Aleksandr Gamilton institutining asarlarini mutolaa qilganlar o‘qigan bo‘lsa ajab emas.
– Nima qipti, – dedim men, – buyam yomon emas.
– Albatta-da, – ma’qulladi Xarvi.
O‘z xayollarimizga berilib ketib, bir qancha vaqt indamay o‘tirdik.
– Yana bir stakandan ichamizmi?
– Mayli, – dedi Xarvi.
– Ana, Kon ham kelyapti, – dedim men.
Robert Kon ko‘chani kesib o‘tmoqda edi.
– Tentak, – deb qo‘ydi Xarvi.
Kon stolimiz yoniga keldi.
– Salom, do‘stlar, – dedi u.
– Salom, Robert, – dedi Xarvi. – Hozirgina Jeykka sizni tentak, devdim.
– Bu bilan nima demoqchisiz?
– Darrov ayting. O‘ylamasdan. Agar ko‘nglingiz istaganini bajara olsangiz, nima qilgan bo‘lardingiz?
Kon o‘ylab qoldi.
– O‘ylab o‘tirmang! Darrov ayting.
– Bilmadim, – dedi Kon. – O‘zi buning nima keragi bor?
– Shunchaki bir gap-da, nima qilgan bo‘lardingiz? Miyangizga kelgan birinchi fikrni ayting, har qanday ahmoqona bo‘lsa ham aytavering.
– Bilmadim, – dedi Kon. – Endilikda, mashqini olib bo‘lganimdan keyin, balki hammasidan ko‘ra futbol o‘ynagan bo‘lardim.
– Men yanglishibman, – dedi Xarvi. – Bu tentaklik emas, shunchaki rivojlanishdan to‘xtab qolish holati.
– Tilingiz juda biyron-da, Xarvi, – dedi Kon. – Axiyri bir kuni kelib kimdir basharangizga shapaloq tortib yubormasa, deb qo‘rqaman.
Xarvi Stoun kulib qo‘ydi.
– Shunaqa, deb o‘ylaysizmi? Hech kim tarsaki tushirmaydi, xavotir bo‘lmang. Chunki bundaylarga men tupuraman. Men bokschi emasman.
– Tupurolmay qolgan bo‘lardingiz.
– Yo‘q, tupurardim. Asosiy xatoingiz ham ana shunda. Sizning mulohazalaringiz nojo‘ya.
– Men haqimda gapirishni bas qiling.
– Marhamat, – dedi Xarvi. – Sizga ham tupurdim. Siz men uchun hech kim emassiz.
– Bas qiling, Xarvi, – dedim men. – Yaxshisi, yana portveyn iching.
– Yo‘q, – dedi u. – Biror joyga borib ovqatlanaman. Yana ko‘risharmiz, Jeyk.
U o‘rnidan turib ko‘chaga chiqdi. Pakanagina, semiz Xarvining mashinalar orasidan shoshilmay yurib, toshko‘chani kesib o‘tayotganiga qarab turdim.
– Nuqul jig‘imga tegaveradi, – dedi Kon. – Uni hecham yoqtirmayman.
– Menga esa yoqadi, – dedim men. – Hatto uni yaxshi ko‘raman. Undan xafa bo‘lmaslik kerak.
– Bilaman, – dedi Kon. – Shunchaki, u asabimni qo‘zg‘ataveradi.
– Bugun ishladingizmi?
– Yo‘q. Bugun hech yopishmadi. Hozir birinchi kitobimni yozganimdan ko‘ra ko‘p qiynalyapman. Hecham yurishmayapti.
Erta bahorda Amerikadan qaytib kelgan paytdagi qat’iy ishonchi endi yo‘q edi. O‘shanda u adabiyot sohasida talanti borligiga shubha qilmasdi, faqat sarguzashtli hayotga tashnaligi xumor qilib Robertni qiynardi. Endi bu ishonch qolmagandi. Bir paytlari Robert Konning ichki dunyosini aniq bilish menga mumkin emasdek tuyilgandi. Gap shundaki, u Bretni sevib qolmasidan oldin, o‘zini boshqa odamlardan farqlaydigan birorta fazilati haqida hech qachon gapirmagandi. U mohirlik bilan tennis o‘ynar, qaddi-qomati kelishgan, chaqqon edi, brij o‘yinida ham yomon emasdi, nimasi bilandir talabani eslatardi. Katta davrada uning biror g‘aroyib narsa haqida hikoya qilganini aslo eshitmaganman. U polo fasonida tikilgan ko‘ylak kiyib yursa ham – bu ko‘ylakni kollejda biz shunday atardik, hozir ham shunday deyishsa kerak – o‘zini yosh qilib ko‘rsatishga urinmasdi. Menimcha, oliftagarchilik qilishni ham unchalik yoqtirmasdi. Uning tashqi qiyofasi Prinstonda shakllandi. O‘zini tarbiyalagan ikki ayol ta’sirida orasta-yu ozoda kiyinib yuradigan bo‘ldi. Unda ayollarning na unisi, na bunisi yo‘qotishga muyassar bo‘la olmagan bolalarga xos yoqimli sho‘xligi saqlanib qolgan bo‘lib, aftidan, men bu holatni yaxshi ko‘rsatolmagan bo‘lsam kerak. Masalan, tennis o‘ynayotganda u g‘olib chiqishni juda-juda yoqtirardi. Chamamda, u mashhur Lenglen kabi har bir o‘yinda yutib chiqishni istardi. Lekin mag‘lubiyatga uchraganda tumshayib olmasdi. Bretni sevib qolganidan keyin uning butun mahorati chippakka chiqdi. Kon uni mag‘lub etishni hech qachon orzu qilolmagan tennischilarga ham birin-ketin yutqaza boshladi. Ammo bunga xafa ham bo‘lmadi.
Shunday qilib, biz «Selekt» kafesining ayvonida o‘tiribmiz. Xarvi hozirgina ko‘chani kesib o‘tdi.
– Yuring, «Klozeri-de-Lil»ga boramiz, – dedim men.
– Uchrashuvni shu yerga tayinlagandim.
– Soat nechada?
– Frensis yettidan o‘n besh daqiqa o‘tganda keladi.
– Ana, kelyapti.
Frensis Klayn ko‘cha bo‘ylab biz tomon yurdi. U judayam bo‘ydor bo‘lib, katta-katta qadam tashlab tez kelardi. Frensis bizga qo‘l silkib jilmayib qo‘ydi. Biz uning ko‘chani kesib o‘tishiga qarab turdik.
– Salom, – dedi u. – Sizni bu yerda uchratganimdan juda xursandman, Jeyk. Sizga aytadigan gapim bor.
– Hello, Frensis, – dedi Kon. U jilmayib turardi.
– Iye, salom Robert! Senam shu yerdamisan? – u bidirlab gapirardi. – Bugungi kunim ahmoqona o‘tdida. U, – Frensis Konga ishora qildi, – tushlik qilgani uyga kelmadi.
– Borishim shart emasdi.
– O,