(Do‘stlar hey)
Yaratgan Allohning hamdin aytayin,
Ul bizga ko‘p ne’mat berdi, do‘stlar hey.
Yeru Osmon, Behisht, Do‘zax yo‘q erdi,
Me’mori jumlasin qurdi, do‘stlar hey.
Odam maxluqotning yaxshisi bo‘ldi,
Alloh darajasin ko‘p baland qildi.
Payg‘ambar yaratib, kitob yubordi,
Odamga ko‘p rif’at berdi, do‘stlar hey.
Avval bizga tan yaratib, qon berdi,
Aql berdi, ko‘z-qosh bilan, jon berdi.
Hayvonga o‘t berib, bizga non berdi,
Ko‘p daraja ato qildi, do‘stlar hey.
Ko‘zni berdi bu jahonni ko‘rsin deb,
Oyoq berdi yaxshi yo‘lga yursin deb,
Ne’mat berdi shukrin barjoy qilsin deb,
Xullas, bizni hurmat qildi, do‘stlar hey.
Jumla Payg‘ambarning Odam avvali,
Muhammaddir barchasindan afzali.
Abu Bakr, Umar, Usmonu Ali,
Rasulning Choryori bo‘ldi, do‘stlar hey.
Ul er podsho bo‘lib, oldi jahonni,
Har kim munkir bo‘lsa, yo‘qdir imoni,
Uning payg‘ambarlik surgan zamoni,
Ko‘p ajoyib ishlar bo‘ldi do‘stlar hey.
Bir kun Rasululloh masjidda erdi,
Ahli ashob shunda, (barisi ko‘rdi),
Shul asno taqirlab bir Kalla keldi,
Masjid eshigida turdi, do‘stlar hey.
Salmon Forsiy, magar, o‘sha zamonda,
Chodir soqchi ekan bilsang ul onda,
O‘zi Rasulimiz, ul yaxshi banda
Salmonga: «Chiqib ko‘r!» dedi, do‘stlar hey.
Salmon chiqib ko‘rdi aytilgan palla,
Ko‘rdiki, eshikda bir Quruq Kalla,
Bu ishlar hammasi qudrati Ollo,
Ovoz bilan yig‘lab turdi, do‘stlar hey.
Yana Salmon Forsiy ichkari kirdi,
Kelib Payg‘ambarga bosh egib turdi,
Kallani ko‘rganin xabarin berdi,
Payg‘ambar ham hayron qoldi, do‘stlar hey.
Haq Rasuli ul Salmonni chaqirdi,
Kalllani keltir deb buyruq ham berdi,
Salmon darhol borib uni keltirdi,
Kalla yig‘lab salom berdi, do‘stlar hey.
Kalla Payg‘ambarning kamolin ko‘rib,
Sirin bayon etdi zor yig‘lab turib,
Boshga tushgan ishning tafsilin berib,
Uzr bilan so‘zin aytdi, do‘stlar hey.
Dedi: «YO, payg‘ambar, men kofir erdim,
Bir kecha men Sizni tushimda ko‘rdim
Uyqudan uyg‘onib, musulmon bo‘ldim,
Ko‘nglimga iymon jo bo‘ldi, do‘stlar hey.
Bola-chaqalarim barisin olib,
Barchasin Islomga dalolat qilib,
Kalima qaytarib, musulmon bo‘lib,
Uni ham zolimlar bildi, do‘stlar hey.
G‘ozg‘urupbon degan bir dev bor erdi,
Yurtimizda ul dev podishoh erdi,
Zolimlar ul devga chaqib-bildirdi,
Ul bizga ko‘p g‘azab qildi, do‘stlar hey.
G‘azab bilan bizga odam yuborib,
Bizning barchamizni qoshiga terib,
Ul bizga cho‘x yomon azoblar berib,
Barimiz zindonga soldi, do‘stlar hey.
Mening o‘z jasadim ul zolim yedi,
Gavdamni tamom yeb, kallamni qo‘ydi,
Farzandlarim barin yutdi ul yedi,
Xotinim cho‘risi bo‘ldi, do‘stlar hey.
Xotinim ul devga cho‘ri-xizmatkor,
Zolimning bitini terardi nochor,
Har biti go‘yo bir toshbaqacha bor,
Bizni ko‘p azobga soldi, do‘stlar hey.
Quruq Kalla bo‘lib o‘zim qutuldim,
Qon yig‘lab, Xudoga munojot qildim,
Qochib chiqib, Sening yoningga keldim,
Bizlarga karam qil» dedi, do‘stlar hey.
Agar mening so‘zim bovar qilmasang,
Ul zolimdan mening orim olmasang,
Men g‘aribman, menga g‘amxo‘r bo‘lmasang,
Da’vogarim Siz» deb, aytdi, do‘stlar hey.
Rasul aytdi: «Ey ashoblar bo‘linglar,
Zolim devdan buning orin olinglar,
Xudoy uchun jonfidolik qilinglar»,
Deya ashoblarga aytdi, do‘stlar hey.
Rasul muni aytdi uch yo‘li takror,
Ashoblardan na ovoz bor, na so‘z bor.
Shunda sichrab turib ul sheri-Jabbor,
«Ey rasul, men boram» dedi, do‘stlar hey.
Rasul dedi shunda: «YO, sheri-Jabbor,
Necha odam senga bu ishda darkor?»
Besh yuz odam tilab haydari-qarr,
«O‘zim saylab olsam» dedi , do‘stlar hey.
Borguncha u Kalla yo‘l boshlab yurdi,
Ali sheri-Xudo Duldulni surdi,
Kalla ham taqirlab yo‘l bilan bordi,
Dulduldan ham tezroq yurdi, do‘stlar hey.
Ali Duldulini ravona etdi,
Kesik bosh yo‘l bo‘yi «Qur’on» xatm yetdi.
Hamma borib oxir bir joyga etdi,
O‘sha joyda bir choy12 bordi, do‘stlar hey.
Ali sheri-Xudo yaqin bordilar,
Hamma ko‘rib, hayron bo‘lib turdilar.
«Nechuk choy?» deb ul Kalladan so‘rdilar,
Devning choyi deya aytdi, do‘stlar hey.
Ali dedi: «Meni choyga solinglar,
Belimga ip bog‘lab, ravon qilinglar.
Oxir taqdir, nechuk bo‘lsa, ko‘ringlar,
«Tavakkal Xudoga» dedi, do‘stlar hey.
Beliga ip bog‘lab, Sheri-Xudoni,
Soldilar shu chohga ul Murtazoni.
Murtazo qorong‘i ko‘rdilar oni,
Xudoga munojot qildi,