O‘tga solib ortiq dardim,
G‘azab aylab kelar bo‘lding.
Maxtumquli, asir qushing,
Zindondan ko‘tarmas boshin,
Falak uribdi qardoshing,
Qahr aylab kelar bo‘lding.
CHEKKUM YUSUF DEYA-DEYA
Men Ya’qubman, ohu zorni
Chekkum Yusuf deya-deya.
Ko‘zlarimdan qonli yoshni
To‘kkum Yusuf deya-deya.
Falak yig‘lar ko‘z yoshimga,
Ne savdo tushdi boshimga,
Majnun bo‘lib, tog‘ boshiga.
Chiqqum Yusuf deya-deya.
Bir tarafdan jilg‘a-jilg‘a,
Bulut o‘ynar, solar ko‘lga*,
O‘n olti tog‘, yetti cho‘lga
Chiqqum Yusuf deya-deya.
Ketdi Yusuf, kelmas xabar,
Turarman yig‘lab har sahar,
Qal’a-qal’a, shahar-shahar
So‘kkum Yusuf deya-deya.
Magar Yusuf tushdi choyga,
Jamolin deb boqqum Oyga,
Iroq zamin, Karbaloga,
Boqqum Yusuf deya-deya.
Hasratimga falak yig‘lar,
Oshiq bo‘ldi tilsiz zog‘lar,
Farhod bo‘lib, baland tog‘lar,
Yiqqum Yusuf deya-deya.
Yusuf o‘tar tildan-tilga,
Shaydo bo‘lib cho‘ldan-cho‘lga,
So‘rog‘ solib eldan-elga,
Chiqqum Yusuf deya-deya.
O‘tar ayyom do‘na-do‘na,
Kechar bu jon yona-yona,
Erta-yu shom Oy-u, Kunga,
Boqqum Yusuf deya-deya.
Maxtumquli, do‘st yuzidan,
Tinmas, yosh oqar ko‘zidan,
Bulbul bo‘lib, Yor so‘zidan
Nutqim Yusuf deya-deya.
SENDAN AVVAL KELIB, KO‘P JON KECHIBDUR
Nodon ko‘nglim, o‘lim bor deb g‘am yema,
Sendan avval kelib, ko‘p jon kechibdir,
Yolg‘on dunyo poyon beribdir kimga,
Ancha yaxshi, ancha yomon kechibdur.
Qani Odam Ato, Havvo onasi,
Qani din bobomiz – Xalilullosi,
Qani Muso Kalim – mo‘‘jaz asosi,
Gohi ko‘prik, gohi yilon kechibdur.
Iskandar, Sulaymon podishoh bo‘ldi,
Xizmatida dev-parilar jam bo‘ldi,
Ne g‘ulg‘ula ham devonlar qurildi,
Ancha shohu sohibqiron kechibdur.
Iysoning damidan jon topdi murda,
Agar ochsa Yusuf yuzidan parda,
Ko‘rgan behush bo‘lib yota shu yerda,
Shunday husni mohitobon kechibdur.
On hazrat – haq Rasul Me’rojga oshdi,
Osmonlar darbadar eshigin ochdi,
Qoba-kavsayn bordi Haqqa qovushdi,
Ul sarvari ikki jahon kechibdur.
Abu Bakr kechdi riyozat bilan,
Umar podsho bo‘ldi adolat bilan,
Usmon o‘tdi Qur’on tilovat bilan,
Din qilichin chalib, Arslon kechibdur.
Hasan, Husayn dinning anvari, mohi,
Qani ul Fotima, hurlarning shohi,
Qudrat-la yaralgan nuri ilohiy,
Shunday mo‘‘jizalar mundan kechibdur.
Ko‘ring, ne jononlar ishqqa ulashdi,
Umrini zoyelab, xorday bo‘lishdi,
Oh urib, ayriliq o‘tida pishdi,
Telmura-telmura, giryon kechibdur.
Ne go‘zallar kechdi-hurlar misoli,
Yuzlari to‘lin oy, dudoqda xoli,
Ne oshiqlar o‘tdi, aftoda holi.
Alarning ishqinda hayron kechibdur.
Ne o‘lkalar qoldi vayron bo‘lishib,
Elu xalqi zor-zabaron bo‘lishib,
Boyqushlar «qu-qu»lab, itlar hurishib,
Ne shog‘ollar qolib, hayron kechibdur.
Qani, hiyla bilan mollar yiqqanlar,
Qani uylar to‘la siym bilan zarlar,
Qani sandiq, huqqa, la’lu gavharlar,
Barin yig‘ib, oshkor, nihon kechibdur.
Ne yaxshilar kelib-suhbatlar tutdi,
Ne davronlar kelib, xush bo‘lib o‘tdi,
Umring o‘tdi, yoshing yetdi, hol ketdi,
Maxtumquli, sendan davron kechibdur.
MOR CHIQAR
Ey yoronlar, oxirzamon bo‘lganda,
Besh kishi deb Xoresh otli mor chiqar,
Bunda yomon yo‘lda yurgan qardoshlar,
Mahshar kuni anda joyi tor chiqar.
Boldandir, sutdandir, oqqan bulog‘i,
Mo‘‘minlarning Buroq bo‘lar ulovi,
Ya’juj-Ma’juj, yerga tegar qulog‘i,
Do‘stim, shunday nishonali xar chiqar.
Dunyo deya dinlarini buzganlar,
G‘iybat so‘zlab, yolg‘on guvoh tuzganlar,
Nomahramga nazar solib kezganlar,
Munda ko‘zli bo‘lsa, anda ko‘r chiqar.
Kofirlarning toshlar inar saridan,
Ali, Xotam chiqmas jannat to‘ridan,
«Voy, ummatim!» deya turar o‘rnidan,
Mahshar kuni Rasul otli er chiqar.
Maxtumquli, bu yo‘llardan chiqmagil,
Tuzilgan rabotdir, dining yiqmagil,
Uzilmas tuhmatni bo‘yna taqmagil,
Haqqa to‘g‘ri kelgan balki sher chiqar.
BIR KUN OXIRZAMON KELAR
Ey yoronlar, musulmonlar,
Bir kun oxirzamon kelar.
Ko‘hi-Qof tog‘idan oshib
Dajjol ul dam ravon kelar.
Xudoyimning rahmati deb,
Haq buyrug‘in berk tutdi deb,
Sahar