Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Чарльз Диккенс
Издательство: Kitobxon
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-27-701-4
Скачать книгу
ey Yaratgan egam! Qanday karomat bu! Buni men tuqqanman, o‘shanda yoshgina juvon edim, mana hozir ham shodon va soppa-sog‘man, u bo‘lsa muzdek, tosh qotib yotibdi! Ey xudoyim, xudoyim, karamingni ko‘rib, yoqangni ushlaysan: xuddi tomosha, ha, naq tomoshaning o‘zginasi-ya!

      Ushbu ayanchli xilqat toki etni junjitgudek shodonlikka berilib, yamlanib, ming‘irlab hiringlar ekan, tobutsoz ishini bitirib, eshikka qarab yurdi.

      – Shoshmang! – dedi kampir hirqirab. – Qachon ko‘mishadi uni – ertagami, indingami yoki bugun kechqurunmi? Uni ko‘mishga tayyorlab, o‘zim yuvib-tarab, o‘zim kiyintirdim, bilsangiz, tobut ortida ham o‘zim borishim kerak. Menga kattaroq yopinchiq berib yuboring – qalin, issiqroq bo‘lsin, havo savil ham izillatib turibdi. Yo‘lga tushishdan oldin bo‘lsa somsa yeb, musallas ham ichishimiz kerak-ku! Hah mayli! Non berib yuboring – ko‘mach bilan ko‘zada suv… Jon bolam, non yuborasizmi? – sabrsizlik bilan so‘radi kampir tobutsoz yana eshikka qarab yura boshlaganida uning paltosini changallab.

      – Xo‘p, xo‘p, – dedi tobutsoz. – Albatta. Nimaniki istasangiz, hammasi muhayyo bo‘ladi-da!

      U yulqinib kampirning changalidan xalos bo‘ldi-yu, Oliverni yetaklaganicha shosha-pisha chiqib ketdi.

      Ertasi kuni (bu borada marhumaning oilasiga yordam ko‘rsatilgan, mister Bambl ikki funt non bilan bir bo‘lak pishloqni o‘z qo‘li bilan eltib bergandi). Oliver xo‘jasi bilan g‘aribona boshpanaga kirib kelganida tobutni ko‘tarib borish uchun mehnat uyidan to‘rt kishini boshlab kelgan mister Bambl shu yerda ekan. Kampir bilan kechagi erkak chuvrindi kiyimlari ustidan ilvirab turgan yopinchiqlarni tashlab olishdi, keyin ustiga hech qanday mato sirilmagan tobutning qopqog‘ini mixlashlari bilanoq tobutkashlar tobutni yelkalariga oldilar-u, ko‘chaga olib chiqdilar.

      – Ana endi ildamroq qadam tashlang, xonim afandi, – deya kampirning qulog‘iga shivirladi mister Sauyerberi. – Kechikyapmiz, kashishni kuttirib qo‘yish yaxshimas. Qani olg‘a, yigitlar, tezroq qimirlanglar!

      Ana shunday buyruqdan so‘ng tobut ko‘targanlar yep-engil yukni lipillatgancha yo‘rg‘alay ketishdi, marhumani kuzatuvchi ikki azador esa kuchlari boricha ulardan ortda qolib ketmaslikka urinishardi. Mister Bambl bilan Sauyerberi oldinda shaxdam odimlar, oyog‘i xo‘jasinikidan xiyla kalta bo‘lgan Oliver esa yon tomonda chopqillab borar edi.

      Darvoqe, mister Sauyerberi taxminining aksicha, shoshilishning hojati yo‘q ekan, zotan, ular qabristonning qavm uchun ajratilgan tashlandiq, qichitqi o‘t bilan qoplangan xilxonasiga yetib kelishganida ruhoniy ko‘rinmasdi, cherkov buyumlari saqlanadigan ombordagi kamin oldida o‘tirgan klerk15, u biror soatlardan keyin kelishi ham mumkin, deb aytdi. Shu sababli tobutni qabr qirg‘og‘iga qo‘yishdi, ikkala azador esa simillab yog‘ayotgan muzdek yomg‘ir ostida, botqoqda tikka turgan ko‘yi sabr-toqat bilan kuta boshlashdi, qabristonga bo‘lajak tomoshani ko‘rgani kelgan juldur bolakaylar esa shovqin-suron solib, qabr toshlari orasida berkinmachoq o‘yinini boshlab yuborishdi, keyin yangicha ermak topib, tobut ustidan sakrashga tushishdi. Mister Sauyerberi va Bambllar klerk bilan kamin oldida gazeta o‘qib o‘tirishdi.

      Nihoyat, biror soatlar o‘tgach, mister Bambl, Sauyerberi va klerklar paydo bo‘lib, qabr tomonga chopib kelaverishdi. Tezda ular ketidan ruhoniy ko‘rindi, u yo‘l-yo‘lakay jubbasini kiyib kelardi. Keyin mister Bambl odob saqlashga undab ikki-uch bolakayni kaltakladi, ruhoniy esa to‘rt daqiqa ichida janozani yumaloq-yostiq qildi-yu, jubbasini klerkka tutqazib, yo‘liga ravona bo‘ldi.

      – Qani, Bill, – dedi Sauyerberi go‘rkovga, – tuproqni tortavering.

      Bu unchalik qiyin ish emasdi: qabrga talaygina tobut ustma-ust qo‘yilganidan eng tepadagi tobut bilan yer yuzasining oralig‘i atigi bir necha futgina kelardi. Go‘rkov hash-pash deguncha go‘rga tuproqni tortib bo‘lib, ustidan tepkiladi-da, belkuragini yelkasiga qo‘yib, tomosha birpasda tugab qolganiga achinib shovqin sola boshlagan bolakaylarni ergashtirib jo‘navordi.

      – Bora qoling, birodar, – dedi Bambl, marhumani kuzatib kelgan erkakning kiftiga qoqib. – Hozir mozoriston darvozasini berkitib qo‘yishadi.

      Qabr qirg‘og‘iga qadam qo‘yganidan beriga qilt etmay qotib turgan erkak seskanib tushdi, boshini ko‘tarib, o‘ziga gapirayotgan kishiga qaradi, keyin bir necha odim tashladi-yu, behush bo‘lib guppa quladi. Dardi-dunyosi yopinchiq bilan band bo‘lgan telba kampir (yopinchiqni egnidan tobutsoz allaqachon yechib olgandi, shu tobda erkakka e’tibor beradigan holatda emasdi. Shu boisdan ham unga krujkada muzdek suv sepishdi, ko‘zini ochgach esa, eson-omon qabristondan yetaklab olib chiqib qo‘yishdi, so‘ngra darvozani qulflab, har tarafga tarqab ketishdi.

      – Xo‘sh, Oliver, qalay, bu ishlar yoqdimi senga? – so‘radi Sauyerberi uyga qaytishda.

      – Tuzuk, minnatdorman sizdan, ser, – javob qildi Oliver botinqiramayroq. – Unchalik emas, ser.

      – Vaqt-soati bilan ko‘nikib ketasan, Oliver, – dedi Sauyerberi. – O‘rganib ketganingdan keyin parvo ham qilmay qo‘yasan.

      Oliverning mister Sauyerberidan, o‘zingiz to ko‘nikkuningizcha ko‘p vaqt o‘tganmi, deb so‘ragisi kelib turgandi-yu, biroq bu savolni bermay qo‘ya qolganim ma’qul, degan qarorga keldi va do‘konga yetgunicha jamiki ko‘rgan hamda eshitgan narsalari to‘g‘risida mulohaza yuritib bordi.

      OLTINCHI BOB

      NOENING MASXARALASHLARI JONIGA TEKKAN OLIVER AMALIY HARAKATGA O‘TIB, UNI G‘OYATDA HAYRATGA SOLGANI

      Bir oylik sinov muddati tugab, Oliver rasman shogirdlikka qabul etildi. Bu paytda yilning kasalliklar quturadigan ajoyib pallasi edi. Tijorat-u savdo tilida so‘zlaydigan bo‘lsak, tobutning bozori chaqqon edi, shu sababdan Oliver bir necha hafta orasida katta tajriba orttirdi. Mister Sauyerberining ayyorona rejasi u orzu qilganidan ko‘ra xiyla ortiqroq muvaffaqiyatli chiqdi. Qizamiqning bunchalik quturgani va go‘daklar yostig‘ini bunchalik quritganini qari-qartanglar ham eslolmadilar; lentasining uchi tizzasiga tushib turadigan shlyapa kiygan mitti Oliver shahardagi jamiki onalar qalbini kuydirib, ularni ta’rifga sig‘maydigan bir tarzda hayratga solib, ana shu motam marosimlarining boshida bo‘ldi. Shuningdek, Oliver risoladagidek benuqson, tobutsoz uchun non-u suvdek zarur bo‘lgan, qanday vazmin-u bosiq qiyofaga kirish va o‘zini qanday tutish san’atini egallamoqlik niyatida xo‘jasi bilan birga kattalarning dafn marosimida ham qatnashib turardi, shu sababli u ba’zi metin irodali kimsalarning judolik va g‘am-anduh sinovlariga qandayin itoatkorlik hamda sabot-matonat bilan dosh berayotgan hollarini ozmuncha kuzatmadi.

      Mana, masalan, Sauyerberi birorta behisob jiyan-u jiyanchalari qurshovida bo‘lgan keksa badavlat xonim yoxud jentlmenning dafn marosimi uchun buyurtma oldi, deng. Bemor dard azobini chekib yotgan butun kasallik davomida chinakamiga qayg‘urgan va hatto begonalar ko‘zi oldida ham beqiyos g‘am chekkan xuddi o‘sha xonimlar o‘z davralari orasida o‘zlarini juda yaxshi his qilishadi, go‘yoki oromlarini buzadigan hech gap sodir bo‘lmagandek, o‘zaro sho‘x-shodon suhbat qurishar ekan, o‘zlarini nihoyatda beg‘am-u beparvo tutishadi. Erkaklar ham o‘z rafiqalaridan judo bo‘lishdek g‘amga mardona xotirjamlik ila chidaydilar. O‘z navbatida, xotinlari erlariga aza tutib, qora kiyar ekanlar, ushbu motam libosida nafaqat g‘am chekib, kuyunmaydilargina emas, balki xuddi aza libosining bejirim-u nafis bo‘lishi va o‘zlariga yarashishi tashvishini qilayotganga o‘xshaydilar. Shuningdek, yana dafn marosimi paytida qattiq iztirob chekkan xonimlar va jentlmenlarning uyga qaytishlari bilanoq o‘zlariga kelishlarini hamda choy ichish marosimi nihoyasiga yetmayoq butunlay xotirjam tortib qolishlarini ham payqash mushkul emasdi. Bularning barisining shohidi bo‘lish bag‘oyat ko‘ngilli va ibratli edikim, Oliver ushbu hangomalarni zo‘r zavq-shavq-la kuzatar edi.

      Garchi kamina Oliverning tarjimayi holini bitguvchi mirzo bo‘lsam hamki, go‘yo o‘shanday saxovatli odamlarning ibrati uni taqdirga tan berishga o‘rgatdi, deya ma’lum darajada appa-aniq tasdiqlayolmayman, biroq shu narsani uzil-kesil ayta olamankim, u talaygina oylar mobaynida Noe Kleypolning masxaralashlari-yu xo‘rlashlariga itoatkorlik bilan toqat qilib keldi; zotan, o‘zidek eski shogird boyagiboyagidek shapkasini chakkasiga dol qo‘ndirib, teri ishton kiyib


<p>15</p>

Klerk – biror mahkama xizmatchisi. (Tarj.)