Noe javob qaytarib fursatni o‘tkazib o‘tirmadi-yu, oyog‘ini qo‘liga olgancha yugura ketdi. Ko‘chadagi olomon orasidan o‘ziga yo‘l ochib, bosh yalang, buklama pichog‘ini qovog‘iga bostirib ushlagancha chopib borayotgan g‘aribxona bolasini ko‘rgan yo‘lovchilarning qanchalik taajjublanganlarini asti qo‘yaverasiz.
YETTINCHI BOB
OLIVER ISYONKORLIGINI DAVOM ETTIRGANI HAQIDA
Noe Kleypol o‘pkasini qo‘ltiqlagancha ko‘chama-ko‘cha yelib borarkan, to mehnat uyi darvozasiga yetgunicha nafasini rostlab olgani aqalli biror marta ham to‘xtamadi. Shu yerga yetib kelganida qiyofasiga nihoyatda o‘takasi yorilayozgan hamda ayanchli-alamnok, yig‘lagan tus berish niyatida bir nafasgagina hayallab turdi-da, keyin eshikni jon-jahdi-la taraqlatib, qashshoq cholga ko‘ndalang bo‘ldi; uning afti shunchalar hazin-u ayanchli ediki, bunga ko‘zi tushganda hatto eshikni ochgan, dorilamon zamonlardan beri faqat alamli qiyofalarnigina ko‘rib, ko‘zi o‘rganib qolgan chol ham hayratda orqasiga tisarildi.
– Bolakay, nima bo‘ldi o‘zi? – so‘radi qashshoq chol.
– Mister Bambl kerak! Mister Bambl! – deya yasama alamzadalik va tushkunlik yaqqol sezilib turgan tashvishli ohangda qichqirdi Noe, uning ovozi tasodifan yaqin orada bo‘lgan mister Bamblning qulog‘iga yetib bordigina emas, shuningdek, uni sarosimaga solib qo‘ydi-yu, uch qirra shlyapasini kiymayoq hovliga yugurib chiqdi – g‘oyatda ajabtovur hamda shoyon diqqatga sazovor hol: bu nogahoniy va kuchli hayajon xuruji ta’sirida hatto bidllar ham vaqtinchalikka o‘zini yo‘qotib, o‘z sha’n-obro‘yini unutib qo‘yishining shahodati edi.
– O‘-o‘, mister Bambl, o‘, ser! – qichqirdi Noe, – Oliver, ser… Oliver…
– Nima? Nima bo‘ldi? – uning gapini bo‘ldi mister Bambl ko‘zlari quvonchdan chaqnab. – Nahotki, qochib ketgan bo‘lsa? Nahotki, qochib ketdi u, Noe?
– Yo‘q, ser! Qochib ketgani yo‘q, ser! Yovuz ekan u! U meni o‘ldirmoqchi bo‘ldi, ser, keyin-chi, Sharlottni o‘ldirmoqchi bo‘ldi, keyin bekani. Shundoq azob berdi, shundoq qiynadiki, qo‘yaverasiz, ser!
Shunday deya Noe Oliver Tvistning vahshiyona va qonxo‘rlarcha tajovuzi butun ichak-chovog‘ini ezib yuborib, chidab bo‘lmas darajada azob berayotganini mister Bambl ko‘rib qo‘ysin degan o‘yda bamisoli ilonbaliqdek egilib-bukilib jilpanglay boshladi.
O‘zi keltirgan xabarning mister Bamblni batamom lol qilib qo‘yganini ko‘rgach, u o‘ziga yetkazilgan dahshatli jarohatlar azobidan ilgarigisiga qaraganda o‘n barobar balandroq ovoz bilan dodlab, bu taassurotni yanada kuchaytirishga urindi. Hovlidan o‘tib borayotgan oq nimchali jentlmenga ko‘zi tushganda esa nola-fig‘oni beshbattar fojiona tus oldi, zero, u ushbu jentlmenning diqqat-e’tiborini tortib, qahr-u g‘azabini qo‘zg‘atish bag‘oyat maqsadga muvofiq kelishini to‘g‘ri chamalagan edi.
O‘q mo‘ljalga tegib, jentlmenning diqqati o‘sha zahotiyoq jalb etildi. U uch qadam bosmayoq darg‘azab burildi-yu, bu yaramas bola nimaga bo‘kiryapti-yu, nimaga mister Bambl bo‘kirik deb atalmish ushbu ovozga barham berib, biron-bir siylov bilan unini o‘chirib qo‘ya qolmayotganini so‘radi.
– Bu bechora bolakay yetimxona maktabidan, ser, – javob qildi mister Bambl. – Uni anavi bola, Tvist, sal bo‘lmasa o‘ldirib qo‘yayozibdi – deyarli o‘ldirib qo‘yayozibdi.
– Jin ursin! – xitob qildi oq nimchali jentlmen taqqa to‘xtab. – O‘zim ham bilgan edim-a! Bu surbet jinqarchaning umri sirtmoqda tugaydi deb avval boshdayoq ko‘nglim sezgi bergandi-ya!
– Innaykeyin, ser, u oqsoch qizniyam o‘ldirmoqchi bo‘pti, – dedi tusi tuproqday bo‘zarib ketgan mister Bambl.
– Bekasiniyam, – gap qistirdi mister Kleypol.
– Keyin, nazarimda, xo‘jayinniyam dedingiz shekilli, Noe? – qo‘shib qo‘ydi mister Bambl.
– Yo‘q, xo‘jayin uyda emas, yo‘qsa uni o‘ldirardi, – javob berdi Noe. – U, o‘ldiraman, dedi.
– Nima? Uni o‘ldiraman dedimi hali? – so‘radi oq nimchali jentlmen.
– Ha, ser! – javob berdi Noe. – Afv etasiz-u, ser, beka shu narsani bilmoqchi edilar, mister Bamblning hozir biznikiga borib, uning ta’zirini berib qo‘yishga fursatlari bo‘larmikan, nega deganingizda, xo‘jayin uyda yo‘q edilar.
– Albatta, albatta, – dedi oq nimchali jentlmen muruvvat-la jilmaygan ko‘yi va o‘zidan to‘rt enlikcha baland Noening boshini silab. – Sen ajoyib bola ekansan, judayam ajoyib. Mana senga bir penni… Bambl, hassangizni olib, Sauyerberinikiga boring-da, nima qilish lozim ekanini o‘sha yerda aniqlang. Uni sirayam ayamang, Bambl.
– Sirayam ayamayman, ser, – javob qildi Bambl hassasi uchiga savalash uchun o‘ralgan mumli ipni to‘g‘rilab-tuzatib qo‘yar ekan.
– Sauyerberiga ham ayting, unga shafqat qilib o‘tirmasin. Momataloq qilib, u yoq-bu yog‘ini yorib-shilmasa, odam chiqmaydi undan, – dedi oq nimchali jentlmen.
– Buning g‘amini yemang, ser, – javob berdi bidl.
Shunday qilib, uch qirra shlyapa bilan hassa tartibga keltirilgach, mister Bambl Noe Kleypol rafoqatida tobutsozning do‘koni sari shoshildi.
Bu yerda ahvol-sharoit zarracha yaxshilanmagan, boyagi-boyagidek edi. Mister Sauyerberi hali qaytmagan, Oliver bo‘lsa hanuz xuddi ilgarigidek jon-jahdi-la yerto‘la eshigini do‘mbira qilib tepkilab yotgan edi. Missis Sauyerberi bilan Sharlottlarning so‘zlariga qaraganda uning g‘azabi shunchalik dahshatli tus olgandiki, shu bois mister Bambl oldiniga muzokara boshlash, undan keyingina eshikni ochishni oqilona tadbir hisobladi. Ana shu maqsadda bidl muqaddima sifatida eshikni bir tepdi, keyin esa og‘zini qulf teshigiga qo‘yib, past va salobatli tovush bilan:
– Oliver! – dedi
– Chiqarib yuboring meni! – javob qildi Oliver yerto‘ladan.
– Ovozimni taniyapsanmi, Oliver? – so‘radi mister Bambl.
– Ha, – javob berdi Oliver.
– Shundayam qo‘rqmayapsanmi? Men gapirganimda titrab-qaltirab ketmayapsanmi? – so‘radi mister Bambl.
– Yo‘q! – javob berdi Oliver tap tortmay.
O‘zi kutgani va eshitib o‘rganib qolganiga aslo o‘xshamaydigan bu javob mister Bamblni hazilakamiga dovdiratib qo‘ymadi. U qulf teshigidan tisarildi, qaddini g‘ozday rostladi-da, hayrat-la sassiz-sadosiz hozir bo‘lganlarga birma-bir tikildi.
– Eh, mister Bambl, u esidan ayrilib qolganga o‘xshaydi, – dedi missis Sauyerberi. – Birorta aqli bor bola aqli yarim bo‘lgan taqdirdayam, siz bilan bunday gaplashishga jur’at etolmasdi.
– Bu aqldan ozish emas, missis, – javob qildi mister Bambl birpaslik chuqur mulohazadan so‘ng. – Bu etning ishi u.
– Nima dedingiz? – deya xitob qildi missis Sauyerberi.
– Et, missis, et deyapman! – takrorladi Bambl qat’iy va ma’nodor qilib. – Siz uni bo‘kkuday qilib boqqansiz, missis. O‘z toifasidagi odamga nomunosib bo‘lgan g‘ayritabiiy ruh-u gayrioddiy kayfiyat uyg‘otgansiz unda. Qavm kengashi a’zolari ham xuddi shu gapni aytishadi sizga, missis Sauyerberi, ular amaliyotchi faylasuflar-ku, axir. Qalb, ruh yoki kayfiyatni qashshoqlarga nima keragi bor? Tanalarini qoldirganimizga ham shukr qilaverishsin. Basharti, siz, missis, bolani bo‘tqa yoxud yovg‘on bilan boqqaningizda bunday ahvol hech qachon sodir bo‘lmasdi.
– Voy xudoyim-a! – oh urdi missis Sauyerberi ko‘zlarini taqvodorona qiyofada shiftga tikib. – Mana saxiylikning kasofati!
Missis Sauyerberining Oliverga ko‘rsatgan saxovati – boshqa hech kim og‘ziga ham olmaydigan sarqitlarni sira qizg‘anmay berayotgani edi. Binobarin, mister Bambl qo‘yayotgan shunchalar