Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Чарльз Диккенс
Издательство: Kitobxon
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-27-701-4
Скачать книгу
– xitob qildi tobutsoz tirjayib. – Bunisi endi ortiqcha-ku.

      – Eh, qanchalik jirkanchli-ya! – javob qildi bidl. – Bu beodoblik, betavfiqlik, mister Sauyerberi.

      – Ayni haq gap, – uning gapiga qo‘shildi tobutsoz.

      – Bu oila to‘g‘risida o‘tgan kuni kechqurungina eshitdik, – so‘zini davom ettirdi bidl, – basharti, o‘sha uyda turadigan ayol qavm sho‘basiga murojaat etib, bemorning ahvoli og‘irligini aytib, qavm hakimini yuborishlarini iltimos qilmaganida hech nimani bilmas ham ekanmiz. Bu paytda hakim o‘zi taklif qilingan tushlik ziyofatga ketgan ekan, shunda uning shogirdi (juda farosatli yigitcha-da) darrov bo‘shagan etik moyi qutisiga allaqanday doridan solibdi-yu, ularga berib yuboribdi.

      – Tezkorligini qarang, qoyil-e! – dedi tobutsoz.

      – Balli, xuddi shundoq! – takrorladi bidl. – Lekin oqibati qanday bo‘lgani, o‘sha nonko‘r, isyonkor shakkoklar o‘zlarini qanday tutishganini aytmaysizmi! Eri odam yuborib, bu dori uning xotini chalingan dardga davo bo‘lmasligini va demakki, xotini buni ichmasligini ayttiribdi. U buni ichmaydi, deb-di-ya, ser! Bor-yo‘g‘i bir haftagina muqaddam ikki irland ishchi bilan ko‘mir tashiydigan hammolga judayam kor qilgan o‘tkir, foydali, ajoyib doriniya… O‘sha dorini tekinga, bo‘sh moy qutisida ikki qo‘llab berib yuborishsa-yu, u bo‘lsa, buni xotinim ichmaydi, deb noz qilsa-ya, ser!

      Ushbu nonko‘rona qilmishning dahshatli mohiyatini butunicha idrok etarkan, mister Bambl hassasi bilan peshtaxtani taraqlatib urdi va g‘azabidan qizarib ketdi.

      – O‘! – dedi tobutsoz. – Xayolimga ikki dunyodayam…

      – Ha-ha, ikki dunyodayam, ser, – xitob qildi bidl. – Hech qachon hech kimning xayoliga kelmasdi, deyavering! Lekin mana endi bo‘lsa, o‘lganidan keyin uni biz dafn etishimiz kerak! Mana, qog‘ozda turarjoyi ko‘rsatilgan, qanchalik tezroq bajarilsa, shunchalik yaxshi.

      Shunday deya mister Bambl hayajon xuruji zaptida uch qirra qalpog‘ini teskari kiydi-yu, do‘kondan shitob-la chiqib ketdi.

      – Eh, Oliver, jahli chiqib, joni hiqildog‘iga kelib turganidan hatto sen to‘gringda so‘rab-surishtirishni ham unutib qo‘ydi, – dedi mister Sauyerberi bidlning ortidan tikilgan ko‘yi.

      – Shunday, ser, – javob qaytardi suhbat davomida bidlning ko‘ziga ko‘rinmaslikka harakat qilgan Oliver, zotan, mister Bamblning ovozini eslaganining o‘zidayoq uning a’zoyi badani titray boshlardi.

      Darvoqe, u mister Bamblning ko‘ziga chalinmaslikka behuda urinardi, negaki, oq nimchali jentlmenning karomati nihoyatda qattiq ta’sir etgan bu mansabdor shaxs endilikda, ya’ni tobutsoz Oliverni sinash uchun shogirdlikka olgan ekan, toki shartnoma bo‘yicha bolakay yetti yillik muddatga uzil-kesil ustozi ixtiyoriga berib qo‘yilmagunicha uning to‘g‘risida gap ochishdan tiyilib, bundan uzoqroq yurgan ma’qulroq, ana undan keyin esa, qonuniy tarzda, bir umrga bolakayning qavm qaramog‘iga qaytish xavfi qolmaydi, deb o‘ylardi.

      – Juda soz! – deb qo‘ydi mister Sauyerberi shlyapasini olayotib. – Bu ish qanchalik tez tugasa, shunchalik yaxshi… Noe, do‘konga ko‘z-quloq bo‘lib tur… Oliver, qalpog‘ingni kiyib, orqamdan yur.

      Oliver itoat etib, o‘z vazifasini ado etgani yo‘lga tushgan xo‘jasiga ergashdi.

      Oldiniga ular shaharning eng gavjum hamda aholisi zich dahalarini oralab borishdi, keyin hozirgina o‘tib kelgan ko‘chalaridan chandon bora iflos va xarob tor ko‘chaga burilib to‘xtashdi-da, bu yoqqa kelishdan murodlari bo‘lmish uyni izlab alanglay boshlashdi. Ko‘chaning ikki betidagi uylar katta-katta va baland, biroq nihoyatda ko‘hna bo‘lib, ularda qashshoqlar turishardi: uylarning iflos darvozaxonalari bundan yetarlicha shohidlik berib turardi, qo‘llarini ko‘ksida chalishtirgancha yoxud naq ikki bukilgudek egilib, pisibgina ko‘chadan o‘tib borayotgan bir necha erkak va ayollarning qonsiz, so‘lg‘in yuzlarini ko‘rganda bu xulosani tasdiqlash uchun o‘zga isbot-u dalillarga hojat qolmasdi. Binolarda bir vaqtlar do‘konlar bo‘lgan, lekin ular hozir taqa-taq yopib, mixlab tashlangan, asta-sekin buzilib-yemirilib borayotgandi, faqat ikkinchi qavatlardagina odam turar edi. Vaqt o‘tishi va qarovsizlikdan xarobasi chiqqan ba’zi uylarning devoriga qulab tushmasin, deb bir uchi tosh ko‘cha chetiga ko‘milgan yo‘g‘on-yo‘g‘on xarilar tirab qo‘yilibdi. Aftidan, hatto ana shu xaroba uylar ham boshpanasiz qashshoqlarga tungi yotoq xizmatini o‘tardi, zotan, eshik hamda derazalarga qoqilgan randalanmagan taxtalardan u yer-bu yerdagisi odam kirsa bo‘ladigan qilib qo‘porib tashlangan edi. Yo‘l chekkasidagi ariqlardagi suv iflos va bijg‘ib ketgandi. Hatto, ana shu axlat ichida yotgan kalamushlar ham hassaga tayangudek edi.

      Oliver o‘z xo‘jasi bilan to‘xtagan ochiq eshikning na qo‘ng‘irog‘i-yu, na bolg‘achasi bor edi. Tobutsoz Oliverga: «Keyinda qolma, qo‘rqma», deya dalda berganicha, paypaslana-paypaslana, ehtiyotkorlik bilan zimiston yo‘lakdan ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Zina maydonchasiga qaragan eshikka ro‘para bo‘lib, uni barmoqlarining ko‘zi bilan taqillatdi.

      Eshikni o‘n uch-o‘n to‘rt yoshlardagi qizcha ochdi. Tobutsoz ichkariga ko‘zi tushar-tushmas, xuddi shu yerga yuborilganini fahmladi. U ichkari kirdi, ketidan Oliver ostona hatladi.

      O‘choqda o‘t yo‘q edi, lekin bir odam bukchayib, odaticha sovuq o‘choq oldida o‘tirardi. Uning yonginasida, pastak kursini o‘t yoqilmagan pech-o‘choqqa yaqinroq surib, bir kampir o‘tiribdi. Narigi burchakda juldurvoqi bolalar uymalashishyapti, eshikning ro‘parasidagi kichkinagina taxmonda ustiga eski ko‘rpa tashlangan bir nima yotibdi. Oliver o‘sha yoqqa ko‘z tashlarkan, titrab ketdi-yu, beixtiyor xo‘jasining pinjiga qisindi; garchi o‘sha narsaning usti yopib qo‘yilgan bo‘lsa-da, buning murda ekaniga aqli yetgandi.

      Erkakning eti ustixoniga yopishgan, tusi za’faronday edi: soch-soqoli oppoq, ko‘zlariga qon quyilgan. Kampirning afti ajin to‘ridan burishib-tirishib ketgan; omon qolgan ikki tishi pastki labini turtib chiqib, so‘ljayib turibdi, o‘tkir ko‘zlari bo‘lsa yiltillaydi. Oliverning na kampirga, na erkakka qarashga yuragi dov berardi. Har ikkalasi ham u ko‘chada ko‘rgan kalamushlarga o‘xshab ketardi.

      – Hech kimni yo‘latmayman unga! – darg‘azab bo‘kirdi erkak o‘rnidan sapchib turib, tobutsoz tomon yura boshlaganda. – Yaqinlashmang! Ming la’nat hammalaringga, agar joningiz aziz bo‘lsa, yaqinlasha ko‘rmang!

      – Bema’ni gap, birodar! – dedi ming bir xil g‘am-qayg‘uni ko‘raverib, eti qotib ketgan tobutsoz. – Safsata!

      – Menga qarang! – qichqirdi erkak mushtini tugib, jazavada yerni depsib. – Quloq soling! Men uni yerga ko‘mdirmayman. U yerda orom olib yotolmaydi: qurt-qumursqalar xalal beradi unga… Ular tanasini mijib-kemirolmaydilar, shunchalik quruq cho‘p bo‘lib qolgan.

      Bu telbalarcha aljirashlarga tobutsoz og‘iz ochib javob qilmadi; cho‘ntagidan o‘lchagich gazini olib, marhuma qarshisida cho‘k tushdi.

      – E-voh! – erkak nido solgancha, ko‘zlaridan shashqator yosh to‘kib, murdaning oyoqlariga o‘zini tashladi. – Uning oldida tiz cho‘kinglar, hammalaring, so‘zlarim yodlaringda bo‘lsin! Bilib qo‘yinglar, uni ochidan o‘ldirishdi! To isitmasi xuruj qilmaguncha ahvoli bunchalik og‘ir ekanidan bexabar edim. Suyaklari sanalib qolganini ana shundan keyingina bildim. Na o‘choqda milt etgan o‘ti, na yilt etgan shami bor edi. U zulmatda jon berdi – zulmatda! U hatto bolalarining diydorini ko‘rolmadi, ularning otini atab chaqirganini o‘z qulog‘imiz bilan eshitib turdig-a, ha, bolalari yuzini ko‘rolmay o‘ldi. Uni deb men tilanchilik qildim, meni bo‘lsa avaxtaga tiqishdi. Qaytib kelganimda joni uzilib bo‘lgan ekan, ko‘rib qutim o‘chdi, yuragim zardobga to‘ldi, negaki, uni ochdan o‘ldirgan edilar. Buni ko‘rib-bilib turgan Tangri nomini shafe keltirib, ont ichaman – uni ochlikdan xarob qildilar.

      U sochlarini yulgancha dod solib, yerda dumalay ketdi; ko‘zlari bir nuqtada qotib, lablarida ko‘pik ko‘rindi.

      O‘takasi yorilgan bolalar chuvvos yig‘iga tushdilar, biroq shu paytgacha atrofida nimalar bo‘layotganini go‘yoki eshitmayotgandek sas-sadosiz o‘tirgan kampir po‘pisa bilan ularning ovozini o‘chirdi. U hanuz yerda