– Qavm itvachchasi, mening kimligimni bilasanmi o‘zing? – dag‘dag‘asini davom ettirdi yetimxonalik bola vajohat-la ustunchadan turarkan.
– Bilmayman, ser, – javob berdi Oliver.
– Men mister Noe Kleypol bo‘laman, – dedi yetimxona boqimandasi, – sen bo‘lsang mening qo‘l ostimdasan. Darchalarni och, ishyoqmas gazanda!
Shu so‘zlar jo‘rligida mister Kleypol Oliverni tepki bilan siylab, izzat-e’tiborini bir pog‘ona balandlatadigan tarzda savlat to‘kib do‘konga kirib keldi. Har qancha uringanida ham bu kallador, ko‘zlari jimit, to‘qimtabiat, befarosat turqli yigitchaning salobatli qiyofaga kirishi mushkul edi, buning ustiga zikr etilgan husnga qip-qizil burni va kalta sap-sariq ishtoni qo‘shilsa, bu amrimahol edi.
Oliver darcha qopqoqlarini oldi va ularni kunduzi chiqarib qo‘yiladigan uyning orqa tomonidagi hovliga tashimoqchi bo‘ldi, biroq birinchi qopqoqni ko‘tarishdayoq og‘irligidan gandiraklab ketdi-yu, deraza oynasini sindirib yubordi, shundan keyin Noe, «ta’ziringni yeysan», deb go‘yoki taskin berdi-da, muruvvat ko‘rsatib, unga yordamlashishga kirishdi. Hademay do‘konga mister Sauyerberi tushib keldi. Uning ketidan missis Sauyerberi ko‘rindi. Noe bashorat qilganidek, Oliverning «ta’zirini berishdi», so‘ngra u nonushta qilgani yosh jentlmen bilan pastga tushdi.
– O‘choqqa yaqinroq o‘tiring, Noe, – dedi Sharlott. – Men sizga xo‘jayinlarning nonushtasidan – dudlangan to‘shdan ajoyib bir bo‘lagini olib qo‘yganman… Oliver, mister Noe ketidan eshikni zichlab yopgin-da, anavi kostryulka qopqog‘iga qoldiq ovqatlarni solib qo‘yibman, olib ye. Mana senga choy. Uni yashik ustiga eltgin-da, o‘sha yerda ich, tezroq qimirla, nega desang, hozir do‘konga chaqirib qolishadi. Eshitdingmi?
– Eshityapsanmi, qavm ko‘ppakchasi? – dedi Noe Kleypol.
– Voy xudoyim-ey! – dedi Sharlott. – Noe, juda g‘alati yigitsiz-da! Bolani tinch qo‘ysangiz bo‘lmaydimi-ya?
– Tinch qo‘y deng-a! – takrorladi Noe. – Shundoq ham uni hamma tinch qo‘yib qo‘yibdi. Na otasi, na onasi hech qachon hech nimada xalaqit berishmaydi. Hamma urug‘-aymoqlari, bilganingni qil, deb o‘z holiga tashlab qo‘yishgan. To‘g‘ri emasmi, Sharlott? Hi-hi-hi!
– Juda g‘alatisiz-da shunaqa! – xitob qildi Sharlott va xandon otib kula boshlagan edi Noe ham jo‘r bo‘ldi unga.
So‘ngra har ikkalalari yerto‘laning burchagidagi yashikda qalt-qalt titrab, o‘zi uchun ajratib qo‘yilgan qo‘lansa bo‘yli ovqat qoldig‘ini yeb o‘tirgan Oliver Tvistga irganib qarab qo‘yishdi.
Noe mehnat uyida tug‘ilgan yesir bola emas, bolalar uyidan chiqqan edi. U tashlandiq emasdi, zotan, u yaqingina yerda turadigan ota-onasidan tortib yetti ota-bobosigacha sanab berishi mumkin edi; onasi kir yuvuvchi, otasi bo‘lsa kuniga ikki yarim pens nafaqa tayinlangan, iste’foga chiqqan yog‘ochoyoq piyonista askar edi. Noeni ko‘chada uchratganlarida «teri ishton», «g‘aribxonalik» va shunga o‘xshagan laqab qo‘yib, masxara qiladigan qiliq chiqarishgandi. Noe ham bunga churq etib qarshilik bildirmasdi. Ammo mana endi taqdir uning yo‘liga hatto eng past, bir paqirga qimmat odam ham nafrat-la qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatadigan tubsiz-nasabsiz yetimchani ko‘ndalang qilgach, u butun alamini o‘shandan ola boshladi.
Bu narsa tafakkur-u mushohadamiz uchun antiqa ozuqa beradi. Inson zotining fe’l-atvori qanchalik go‘zal bo‘la olishi va olihimmat lordda ham, eng iflos g‘aribxona bolasida ham aynan bir xildagi xush fazilatlar taraqqiy eta olishining shohidi bo‘lamiz.
Oliver tobutsoznikiga joylashganiga ham uch-to‘rt hafta o‘tgandi. Do‘kon yopiq bo‘lib, mister va missis Sauyerberilar orqa tomondagi choqqina mehmonxonada kechki ovqatni tanovul qilib o‘tirishgan edi. Shunda mister Sauyerberi xotiniga ehtirom bilan nigoh tashlab qo‘ygach:
– Azizam… – dedi.
U so‘zini davom ettirmoqchi edi, biroq missis Sauyerberi yoqtirmay xo‘mrayib qo‘ygandi, nafasi ichiga tushib ketdi.
– Xo‘sh? – so‘radi missis Sauyerberi to‘rsillatib.
– Hech nima, jonginam, hech nima! – dedi mister Sauyerberi.
– Uf, yaramas-e! – deb qo‘ydi missis Sauyerberi.
– Rostdan, hech gap yo‘q, azizam, – yuvoshgina javob qaytardi mister Sauyerberi. – Jonginam, nazarimda quloq solishga hushing yo‘q ko‘rindi. Men faqat shuni…
– Ke, o‘sha nima demoqchi bo‘lganingni aytmay qo‘ya qol, – gapini bo‘ldi missis Sauyerberi. – Men kim bo‘libman; qo‘y, baraka topkur, mendan maslahat so‘ramay qo‘ya qol. Sening sir-asroringni bilib olishni istamayman.
Shu so‘zlarni aytarkan, missis Sauyerberi telbalarcha asabiy qah-qah urdi, bu suhbat oqibati xunuk tugashidan dalolat edi.
– Lekin jonginam, – dedi mister Sauyerberi, – sen bilan maslahatlashmoqchiman.
– Yo‘q, yo‘q! Men bilan maslahatlashmay qo‘ya qol! – dedi missis Sauyerberi zorlangannamo. – Boshqa birorta begonadan maslahat so‘ra.
Shu payt yangitdan yangragan asabiy qahqaha mister Sauyerberining o‘takasini yorib yubordi. Aksar holda istalgan samarani beradigan, er bilan muomala qilish bobida juda keng tarqalgan hamda tavsiya etiladigan tartib ana shunday. Bu hol mister Sauyerberini darhol iltijoga o‘tishga, missis Sauyerberidan gapiga quloq solib, alohida iltifot ko‘rsatishini o‘tinib so‘rashga undadi. Aslida esa xotinining nima gap borligini bilgisi kelib, ichi pishib ketayotgan edi. Shunday qilib, oz bo‘lmasa chorak kam bir soatga cho‘zilgan «qisqagina» tortishuvdan so‘ng, u nihoyat ruxsat olish baxtiga muyassar bo‘ldi.
– Gap yosh Tvist to‘g‘risida, jonginam, – dedi mister Sauyerberi. – U judayam yoqimtoy bola, azizam.
– Bo‘lmasam-chi, shuncha ovqat yegandan keyin yoqimtoy bo‘lmay qayoqqa borardi! – luqma tashladi xonim.
– Chehrasi g‘amgin, jonginam, – so‘zini davom ettirdi mister Sauyerberi, – bu uni judayam ta’sirli qilib ko‘rsatadi… Undan, azizam, qoyilmaqom giryanda chiqardi-da.
Missis Sauyerberi unga oshkora hayrat-la tikilib qoldi. Mister Sauyerberi buni payqab, saxovatli xonimning e’tiroz bildirishini kutib o‘tirmay, so‘zini davom ettirdi:
– Men kattalarning dafn marosimida qatnashadigan chinakam gung giryanda to‘grisida emas, go‘daklarning gung giryandasi haqida gapiryapman, xolos, jonginam. Bo‘y-basti shundoq gung giryandamiz bo‘lganida bormi, antiqa yangilik bo‘lardi-da, jonim. Gapimga ishonaver, bu judayam ajoyib taassurot qoldiradi.
Gap dafn marosimi masalasiga taqalganida g‘aroyib did-farosatini namoyon etadigan missis Sauyerberi ushbu yangi fikrni eshitib lol qoldi; ammo ayni vaziyatda buni tan olish izzat-nafsini yerga urish degan gap edi, shu boisdan ham u eridan xiyla to‘ng ohangda, nima uchun bu jo‘ngina fikr xayolingga ilgariroq kelmagandi, deb so‘rash bilan kifoyalandi, xolos.
Mister Sauyerberi xotinining bu so‘zlarini o‘z taklifiga berilgan rozilik ekanini to‘gri fahmladi. Shunday qilib, o‘sha yerning o‘zidayoq fursatni o‘tkazmay, Oliverni bu kasb-korning jamiki sir-u asroridan voqif etishga ahd qildilar, toki u xizmatiga zarurat tug‘ildi, deguncha xo‘jasi bilan birgalikda yo‘lga tushishga shay bo‘lib tursin.
Bunday voqea kuttirib qo‘ymadi. Ertasiga ertalab, nonushtadan so‘ng yarim soatcha fursat o‘tgach, do‘konga mister Bambl kirib keldi, asosini peshtaxtaga suyab qo‘yib, kattakon kartmonini chiqardi-da, ichidan bir parcha qog‘oz olib, mister Sauyerberiga uzatdi.
– O‘-ho‘! – dedi tobutsoz qog‘ozga ko‘z tashlarkan, chiroyi ochilib. – Tobutga buyurtmami?
– Oldiniga tobut yasaysiz, keyin qavmda dafn marosimi bo‘ladi, – javob berdi mister Bambl xuddi o‘ziga o‘xshagan tiqmachoqday kartmonining tasmachasini mahkamroq tortayotib.
– Beytonmi?