Mister Bambl shunday deya hassasi bilan tobutsozning tepasida osig‘lig‘ turgan e’lonni ko‘rsatdi-da, romancha alifboda o‘qlovday-o‘qlovday qilib yozilgan «besh funt» degan joyini uch marta taqillatib urib qo‘ydi.
– Yo Tangrim-a! – xitob qildi tobutsoz mister Bambl shinelining zarhal uqali yoqasidan ushlab. – O‘zim ham siz bilan xuddi shu to‘g‘risida gaplashmoqchiydim-da! Bilasizmi… Yo Parvardigor, tugmangiz qanday chiroyli-ya, mister Bambl! Shu paytgacha e’tibor bermagan ekanman-a.
– Ha, menimcha ham chakkimas, – deb qo‘ydi bidl shinelini bezab turgan yirik-yirik jez tugmalarga g‘ururlanib ko‘z tashlab qo‘yar ekan. – Bulargayam qavm muhridagi surat: bemor va darmonsiz odamga tabobatdan madad ko‘rsatayotgan tabib tasviri tushirilgan. Qavm kengashi bu shinelni menga, mister Sauyerberi, yangi yilga tortiq qilgan. Esimda, uni birinchi marta yarim kechada eshigi oldida o‘lib qolgan anavi singan savdogarning ishi yuzasidan olib borilgan tergovda qatnashgani borganimda kiygandim.
– Ha, ha, esimda, – dedi tobutsoz. – Maslahatchilar: «Sovuq va hayotini saqlab qolish uchun eng zaruriy narsalari yo‘qligi sababli o‘lgan», deb hukm chiqarishgan edi, to‘g‘ri emasmi?
Mister Bambl bosh irg‘adi.
– O‘shanda ular yana go‘yoki maxsus hukm chiqarishgandiki, – so‘zini davom ettirdi tobutsoz, – qo‘shimcha qilib, haligi, bordi-yu, kambag‘allarni nazorat qiluvchi amaldor13…
– Bo‘lmag‘ur gap! Safsata! – uning gapini bo‘ldi bidl. – Kengash agar o‘sha nodon maslahatchilarning bema’ni, ahmoqona gaplariga quloq soladigan bo‘lsa, unda boshi-yu qulog‘igacha ishga ko‘milib yotardi.
– G‘irt haqiqatni aytdingiz, – qo‘shilishdi tobutsoz, – boshigacha botib yotardi.
– Maslahatchilar, – va’zxonligini davom ettirdi mister Bambl asosini mahkam siqimlab, uning jahli chiqqanda shunday qiladigan odati bor edi, – maslahatchilar johil, pastkash, jirkanch, yaramas nusxalar!
– To‘ppa-to‘g‘ri, – tasdiqladi tobutsoz.
– Falsafa hamda siyosiy iqtisod bobida hech baloning fahmiga bormaydi ular! – dedi bidl nafrat-la barmoqlarini shiqirlatib.
– Xuddi shundoq, – ta’kidladi tobutsoz.
– Ulardan hazar qilaman! – dedi bidl qizaribbo‘g‘riqib.
– Men ham, – qo‘shib qo‘ydi tobutsoz.
– Qani endi, o‘sha maslahatchilar bir-ikki haftagina bizning uyimizga tushib qolishsa, – dedi bidl. – Kengash joriy etgan qoida va tartiblar darrovgina ko‘zlarini ochib, popuklarini pasaytirib qo‘yardi-ya.
– Keling, tinch qo‘ya turaylik o‘shalarni, – dedi tobutsoz.
Shu so‘zlarni aytarkan, u jazavaga tushgan qavm xizmatchisining g‘azabini jilovlash niyatida iljayib qo‘ydi.
Mister Bambl uch qirra qalpog‘ini yechdi, uning qaytarmasi qatidagi ro‘molchasini olib – achchig‘i kelganidan peshonasini ter bosgandi – manglayini artdi, keyin qalpog‘ini yana kiydi-da, tobutsozga yuzlanib, xiyla bosiq ohangda dedi:
– Xo‘sh, bola xususida nima deysiz?
– O‘, bilasizmi, mister Bambl, – javob berdi tobutsoz, – qashshoqlar manfaati yo‘lida ozmuncha soliq to‘lamayman.
– Hm! – deb qo‘ydi mister Bambl. – Xo‘sh, u yog‘i-chi?
– U yog‘imi, mana bunday, – javob qildi tobutsoz, – o‘ylaymanki, basharti, qashshoqlarning manfaati uchun shuncha soliq to‘layotgan ekanman, unda, bundan chiqadiki, ulardan iloji boricha ko‘proq naf chiqarib olishga haq-huquqim bor, mister Bambl. Shu… shu… shundoq ekan, nazdimda, o‘sha bolakayni o‘zim ola qolay deyman.
Shunda mister Bambl tobutsozni qo‘ltig‘idan olib, ichkariga boshladi. Mister Sauyerberi kengash a’zolari bilan besh-olti daqiqa mobaynida kelishib bitishdi va Oliver shu kuni kechqurunoq unikiga «sinovga» boradigan bo‘ldi. Bu bitimga muvofiq, qavm shogirdi masalasida quyidagicha kelishib olingandi: agar xo‘jayin sinov muddati davomida bolakayning qornini to‘ydirishning unchalik tashvishini chekmay, uni tuzukkina ishlashga majbur eta olishiga ishonch hosil qilsa, u chog‘da xo‘jayin bolani ma’lum bir muddatga o‘z ixtiyorida qoldirish va undan istaganicha foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
O‘sha kuni oqshom mitti Oliverni yana «jentlmenlar» huzuriga olib kirib, shu bugundan boshlaboq uning tobutsoz xizmatiga borajagini, mabodo, o‘z ahvoli sharoitidan shikoyat qilishni yoki qachondir qavm uyiga qaytishni xayoliga keltiradigan bo‘lsa, dengiz safariga jo‘natajaklari, yoxud urib po‘la qilajaklarini aytishganda Oliver xiyolgina hayajonlandi, buni ko‘rib hammalari bir og‘izdan, ikki dunyoda o‘nglanmaydigan yaramas bola ekan, deb tan berishib, mister Bamblga uni tezda tobutsoznikiga olib borishni buyurdilar.
Kimning tomonidan bo‘lmasin, zarracha beparvolik va loqaydlik asorati namoyon etilsa, boshqa har qanday odamdan ko‘ra ko‘proq kengash a’zolarining beqiyos taajjub hamda dahshatga tushishlari mutlaqo tabiiy edi, biroq mazkur holatda ular picha yanglishgandilar. Gap shundaki, Oliver aslo hissiz-u loqayd emasdi; balki u hatto haddan ziyod ta’sirchanligi bilan ajralib turar edi, ammo u hadeb qo‘pol muomala qilaverilgani oqibatida bir umrga tund, to‘porilik va g‘ambodalig-u hazinlik tuzog‘iga ilinay-ilinay deb turardi. O‘zining qanday xizmatga jo‘natilayotganiga churq etmay quloq osib turdi, bor bisotini ko‘tarib – buni ko‘tarib borish unchalik qiyin emasdi, negaki buyumlari narsa o‘raydigan qalin qog‘ozdan tikilgan mo‘jazgina xaltaga jo bo‘lgandi – qalpog‘ini ko‘zigacha bostirib kiydi-da, mister Bamblning qaytarma yengidan ushlagancha, ushbu mansabdor shaxs bilan birgalikda yangi qiynog‘-u iztiroblar maskani sari jo‘nadi.
Oldiniga mister Bambl Oliverga e’tibor ham qilmay, hech qanday tanbeh ham bermay yetaklab boraverdi, zotan, u bidlga xos tarzda boshini g‘oz tutib odimlayotgandi, shamol esib turgani sababli esa zarrin uqali nimchasi bilan kalta jigarrang ishtonini ko‘z-ko‘z qilib shamolda hilpirayotgan shinelining bari jimitdekkina Oliverni batamom to‘sib qo‘yayotgan edi. Biroq tayinlangan joyga yaqinlashar ekanlar, mister Bambl pastga nazar tashlab, bolakayning yangi xo‘jayini ko‘rsa ko‘rgudek bir qiyofada ketayotganiga qanoat hosil qilishni zarur deb topdi; basharasiga xayrixohona hamda homiyona tus berib, shunday qildi ham.
– Oliver! – dedi mister Bambl.
– Labbay, ser! – sekingina, titroq ovoz bilan javob berdi Oliver.
– Qalpoqni balandroq suring, ser, boshingizni ham ko‘taring!
Garchi Oliver shu zahotiyoq buyruqni ado etgan va bo‘sh qo‘li bilan ko‘zini siypab qo‘ygan bo‘lsa-da, boshini ko‘tarib, yo‘l boshlovchisiga qaraganida ko‘zlarida yosh miltilladi. Mister Bambl Oliverga o‘qrayib qo‘ydi, biroq bolaning yonog‘idan yosh yumaladi. Ketidan yana bitta tomchi, so‘ng tag‘in bitta. Bola ko‘z yoshini tiyishga chandon urinmasin, nafi bo‘lmadi. U mister Bambldan qo‘lini bo‘shatib oldi-da, ikki qo‘llab aftini berkitib, yig‘lab yubordi, yoshlari bo‘lsa iyagi bilan qoqsuyak barmoqlari orasidan sizib chiqa boshladi.
– Hali shunaqami! – hayqirdi mister Bambl to‘xtab, shogirdiga xo‘mrayib qararkan. – Shunaqa degin! Umrim bino bo‘lib ko‘rgan eng nonko‘r, eng buzuq bolalar orasida sen, Oliver, eng yaramasi…
– Yo‘q, yo‘q, ser! – xitob qildi Oliver piqillab, o‘ziga yaxshi tanish hassani tutib turgan qo‘lga yopishgancha. – Kerakmas, ser! Men tuzalaman, rost aytyapman, tuzalaman, ser! Men hali juda kichkinaman, ser, keyin haligidaqa, haligidaqa…
– Xo‘sh, qanaqa – haligidaqa? – so‘radi mister Bambl ajablanib.
– Haligidaqa… yoppa-yolg‘izman, ser. Judayam yolg‘iz! – tavallo qildi bolakay. – Meni hamma yomon ko‘radi. Jo-on, ser, mendan jahlingiz