Mehrobdan chayon. Abdulla Qodiriy. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Abdulla Qodiriy
Издательство: SHARQ
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-26-778-7
Скачать книгу
shudir… Ikkilamchi, domodliq uchun nasabdan ilgari ilm-u adab, fazl-u kamol lozimdirkim, bu ham o‘zlaridan maxfiy emas, xrrr…

– Habba, – dedi maxdum ko‘zini qisib, – biz ham shu gaplarni mulohaza qilib qoldiq.

Shahidbek maxdumning mahalla ahllaridan bo‘lib, Xudoyorxon zakotchilarining biridir. Mundan ilgari Shahidbekning maxdum bilan uncha yaqinlig‘i yo‘q va hatto o‘zg‘an yillarda mahalla kishilaridan ba’zilarini maxdumning imomatiga qarshi qo‘zg‘atib yurg‘an edi. Domla bilan do‘stlashish tarixi ersa ikki-uch kundan beridir. Chunki shu kunlarda Anvarning sarmunshiy bo‘lish ehtimoli shaharning katta-kichiklari orasida so‘zlashilib qoldi. Shu ehtimol natijasida maxdumning do‘st va dushmanlari o‘ylashg‘a majbur bo‘ldilar. Jumladan, bizning Shahidbek zakotchimiz ham shu bir necha kunning orasida qariyb bir chorak etini yo‘qotayozdi. Chunki zakotchilar qizman bosh munshiy qo‘l ostidag‘i moliya beklaridirlar. Agarda Shahidbek maxdum bilan aloqasini tuzatmagan holatda Anvar munshiy ta’yinlanib qolsa, birar “foji’a” bo‘lish ehtimoli bor edi. Shahidbek fikricha, go‘yo maxdum Anvarga: “Falonchibek falon vaqtda menga munday adovat qilg‘an edi. Endi fursat kelganda sen uni zakot-chilikdan bekor qil”, deb buyurar, Anvar ham ustozining so‘zini yerda qoldirmay sarmunshiy bo‘lg‘an kunidayoq Shahidbekni xizmatdan bo‘shatdirar edi…

Shahidbek Anvarning sarmunshiy bo‘lishini, tabi’iy, xohlamas edi. Ammo Anvarga qarshi bir ish qilish kuchiga ham molik emas edi. Garchi, hozirda Anvarning sarmun-shiy belgilanishi bir ehtimol bo‘lsa ham, Shahidbek har ehtimolg‘a qarshi chora ko‘rib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Mundan uch-to‘rt kun ilgari maxdumga yaqinlashish andishasida avvalo unga iqtido71 qilib,namoz o‘qudi (ilgari maxdumning orqasida namoz o‘qumas edi). Xuftan namozidan keyin xalqaga kirib maxdumning tilovatiga soye’ bo‘ldi. Ikkinchi kun ertalabki namozdan so‘ng maxdumga salom berdi va undan ahvol so‘rab: …”Eshitib juda xursand bo‘ldim, har nachuk sarmunshiyning o‘z kishilarimizdan bo‘lg‘ani yaxshi; bu to‘g‘rida o‘rdaliq og‘aynilarg‘a iltimos ham qilib qo‘ydim”, dedi. Maxdum o‘z ishida qancha pishiq bo‘lsa ham, lekin do‘st bilan dushmanni ajratolmas, yana to‘g‘risi – necha yillik adovatlarni ikki og‘iz shirin so‘z yoki besh pul manfaat yevaziga unutib yuborg‘uchi edi. Bunda ham shunday bo‘ldi: “Bachchataloq adovatni tashlab shaytong‘a hay beribdi. Anvarning sarmunshiy bo‘lishig‘a so‘yunibdir, shaytoni zo‘r bo‘lsa ham, insofi chakki emas”, deb Shahidbekka do‘stona muomala qildi va Anvarning ishi to‘g‘risida bilganini so‘zladi; hali asr namozig‘a chiqqanda yana Shahidbek bilan uchrashib so‘zlashdi va Anvar “ahmoq”ning bu ishka norizolig‘idan shikoyatlandi. Shahidbek biroz o‘ylag‘andan keyin: “Men o‘zim Mirzo Anvar bilan bir so‘zlashay bo‘lmasa…”, dedi. Chunki basharti Anvar bosh munshiy bo‘lib qolsa va bunda o‘zining ham ishtiroki bo‘lsa albatta… ha-deya. Shu mulohazada Shahidbekning ko‘zi allaqancha joylarni ko‘rib oldi.

– Mirzoning uyda bo‘lish vaqtini aytsangiz, o‘zim oldig‘a kirar edim, – dedi.

Anvar “bekor gap, anchayin bo‘lmag‘ur gap”, deb maxdumning bu to‘g‘ridag‘i savollariga ahamiyatsizgina qilib javob berar va shunining uchun maxdum ham bu kungacha masalaga ishonchsiz qarab kelar edi. Alhol ersa bu gap butun Qo‘qon xalqi og‘zida so‘zlanib qoldi va buning ustiga Sultonali mirzo maxdumdan jiddiy iltimos ham qilib ketdi. Shu sabablarga binoan maxdumning nazarida Anvarni ko‘ndirish masalasi jiddiylashkan va Shahidbekning haligi so‘zidan keyin o‘z yonig‘a ko‘makchilar, kengashchilar olish luzumini ham his etkan edi. Shu mulohaza bilan Shahidbekning haligi taklifini ma’lmamnuniyat qabul qildi:

– Habba… alhol Anvar uyga kelgan bo‘lsa kerak; lozim topsangiz men bilan birga marhamat qilingiz, – dedi.

Shahidbek Anvar bilan so‘zlashkali va uni ko‘ndirgali kelgandek ko‘rinsa ham, aslida g‘arazsiz odam emas- dir.

11. MAHDUMNING TAHDIDI

Anvar o‘rtag‘a dasturxon yozib, ikki lagan manti chiqarib qo‘ydi, uch kishi qamti o‘lturib, manti tanovul qilishdilar. Taom asnosi Shahidbek sekin-sekin maqsadg‘a yonda-shib keldi.

– Xalq og‘zida duv-duv gap, – dedi manti chaynab, – go‘yo siz marhum sarmunshiy o‘rnig‘a nasb72 qilinar emishsiz, deb… Bu haqiqat gapmi yoki ovozami, yaxshi payqolmadiq. Bu so‘zning haqiqatini hozir o‘zi sizdan eshitamizku va lekin sizga xayrixoh bo‘lg‘an taqsirim va mendek kishilarni bu shoyi’a73 benihoyat xursand qildi, xrrr… Darhaqiqat, bu martabaga nihoyatda layoqatingiz bor ekanini o‘rda arboblaridan ham eshitamiz…

Shahidbek so‘zni shu joyg‘a keltirib maxdumga qaradi. Maxdum soqolidag‘i xamir ushog‘ini olib, mehmonni laganga targ‘ib qildi.

– Kecha va o‘tkan kunlarda, – dedi maxdum lagandan olg‘an mantisini qo‘lida ushlagan ko‘yi, – bu shoyia’larg‘a men ham ishonmag‘andek edim. Ammo bu kungi dovruq meni ham taajjubka qo‘ydi. Voqi’an Anvar sarmunshiylikka mansub qilinsa ne g‘aroyiblig‘i bor? Alhamdulilloh, fazli kofiy, aqli solim74, iste’dod bo‘lsa boz inchinin 75

Anvar qo‘li laganda ekan, kulimsib qo‘ydi. Shahidbek kech harorati va manti issiqlig‘i ta’sirida yana o‘bdan terlagan edi. Ro‘ymoli bilan manglay va bo‘yin terlarini artar ekan, Anvarga qaradi:

– Xo‘sh, Mirzo Anvar?

– Shunday gaplar bor, – dedi Anvar, maxdumga ko‘z qirini yuborib, – ammo bu gaplar menim xohishim va rag‘batim xorijida bo‘lmoqda. Shuning uchun bu shoyi’alarg‘a ahamiyat berishka arzimaydir.

Shahidbek maxdum bilan ko‘z urushdirib oldi.

– Ya’ni siz sarmunshiylikni xohlamaysiz? – deb so‘radi.

– Albatta.

– Sabab?

– Sababi shulki, – dedi Anvar, – men buningdek mas’ul, ayniqsa, tantanalik vazifalarga havaskor emasman.

– Albatta, shunday-ku, – dedi Shahidbek, – ammo ki-shi, alalxusus76 sizga o‘xshash yigitlar hamisha bir o‘runda o‘lturib qolmaydilar. Tajriba, iste’dodlari o‘skan sayin, yuqoriroq martabalarga mina boradirlar. Shuningdek, sizni ham yuqori martabaga ko‘tarmakchiga o‘xshaydirlarkim, xrrr… buni sizning havaskorlig‘ingiz emas, fazlingiz taqozo qilib, bunda siz asosan har qancha qarshi bo‘lsangiz ham, xrrr… layoqatingiz yana sizni bu xizmatni qabul qilishg‘a majbur etadir.

– Kishilar mubolag‘a qilg‘andek menda iste’dod yo‘q,– dedi Anvar, yerga qarag‘an holda. – Undan keyin o‘rdag‘a kechagina borg‘an menga o‘xshash yoshlarning “bosh mirzo bo‘laman”, deb umidlanishlari ayni bir kulgidir. Ya’ni, demakchimanki, bu vazifa tama’ida o‘n, yigirma va balki o‘ttuz yillab ko‘zini to‘rt qilib kelgan munshiylar, mufti va shoirlar bor. Ularning yonida menga o‘xshash bir yosh tajribasizning ham tama’lanishi kulgi emasmi? Ayniqsa, o‘rdadag‘i urfi odatlarni va tajribalarni o‘z ko‘zidan va bo-shidan kechirib turg‘an kishilar tomonidan bu shoyi’ani durust deb ishonilishiga taajjub qilaman…

Shahidbek qo‘lini artar ekan kuldi:

– Shu ishonchsizlig‘ingizning o‘zi ham bir bolaliq.

– Bolaliq, bolaliq, – deb qo‘ydi maxdum.

Manti tanovul qilinib bitdi. Maxdum laganlar tegini ichib-yaladi. Fotihadan so‘ng, lagan va dasturxonlarni ichkariga eltmakchi bo‘lg‘an Anvarni Shahidbek to‘xtatdi:

– Laganlarni qo‘yib turing-chi mirzo, ilgari haligi masalani yeshaylik.

Anvar qo‘lidag‘i dasturxon va laganni sufa labiga qo‘yib o‘lturdi. Maxdum gulduros bilan kekirib, ustidan “alhamdulilloh” ham deb oldi.

– Xo‘sh, Mirzo Anvar?

– Gap

71

Iqtido – taqlid qilish, ergashish.

72

Nasb – tayinlash.

73

Shoyi’a – yoyilgan, tarqalgan xabar.

74

Aqli solim – sog‘lom aql.

75

Inchinin (inchunin) – shuningdek.

76

Alalxusus – xususan.