Mehrobdan chayon. Abdulla Qodiriy. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Abdulla Qodiriy
Издательство: SHARQ
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-26-778-7
Скачать книгу
“Guliston”idan dars oladir va shuning qatorida o‘zi yaxshi ko‘rgan chig‘atoy-o‘zbek shoirlarining badi’a asarlaridan alohida bir majmu’a tuzub yuriydir. Ba’zan “ovlog‘roq joylarda” o‘zicha manzumalar to‘qusa ham, biroq bularning isi o‘zidan chetka chiqmaydir. Agar to‘qug‘an she’r yoki manzumasi o‘ziga ma’quldek tushsa, faqat bir kishigagina ko‘rsatib oladir. Va ul kishi ham bu sirni chetka chiqarmaydirg‘an ishonchlik o‘z kishisi.

Qisqasi biz yuqorida Ra’noning she’riy bir husnini ko‘rganimizdek, uni fazl va zakovatda ham o‘tkan xon zamonlari asrining nodir uchraydirgan yakto fozila qizlaridan sanaymiz va sanashg‘a ham o‘zimizda majburiyat his etamiz.

Ra’no qancha jiddiy bo‘lsa ham yana unda bolalik tabi’ati butun ko‘yi saqlanadir: ukalarining o‘yunig‘a komil huquqli bir a’zo tariqasida ishtirok etadir, onasining ko‘zini chalg‘itib o‘qug‘uchi qizlar bilan janjallashib oladir, qizlar saboqlarini bilmasalar arazlab, ularni o‘qutmay tashlab ketkan chog‘lari, arzimagan gapdan tez mutaassir bo‘lg‘an kezlari ko‘b bo‘ladir. Ra’no o‘zining munday harakatlariga qarshi onasidan yaxshi-yomon mukofot olmasa ham, ko‘pincha otasidan tanbih eshitadir. Koyish eshitkani uchungina emas, uy-ro‘zg‘or to‘g‘rilarida onasini siqib ushlaganidan va fohish tangligidan45 ranjib otasini uncha xushlamaydir. Otasidan achchig‘lang‘an kezlarda onasig‘a jiddiy qilib: “Hamma ayb o‘zingizda, otamdan ko‘ra tuzukroq erni topib tegsangiz munchalik qiynalishib yurmas edik”, deb bo‘g‘ilg‘an Nigor oyimni kulduradir.

Qattig‘ ranjigan bir kun otasi – Solih maxdumga bag‘ishlab qiziq bir hajv yozg‘an va “o‘z kishisiga” ko‘rsatib uni kuldurgan edikim, biz kulgulik uchun bu o‘rung‘a bir necha misra’ini ko‘chiramiz:

Yog‘lar to‘kilsa yerga yotib yalar taqsirim,

Bo‘lsa bozorda pastlik sotib olar taqsirim.

Menim uchun bir zirak, Ra’nobonug‘a jevak46,

Desa oyim – “Ne kerak?!” yumma talar taqsirim.

“Quloq teshish fazl emas, pulni topish hazl emas,

Jevak taqish farz emas!” g‘avg‘o solar taqsirim.

Muhtaram o‘qug‘uchini qahramonlarimizning bir qismi bilan tanishdirishni shu yerda to‘xtatamiz.

Ularning ichki va tashqi tabi’atlari yaxshi yeshilmag‘an bo‘lsa, hikoyamizning davomida yana ham ochilib va kengayib borar, deb ortiqcha tafsiyaga kirishmadik.

8. BIR O‘RDALIQ

Maxdumning havlisi uch qabat edi. Ko‘chadan birin-chi qabatda mehmonxona, maktabxona va mashhxona edi. Ikkinchi qabat murabba’47, yarim tanob chamasi boqcha, bunda shaftolu, olma, anjir kabi mevalik daraxtlar va bir necha keksa so‘ri toklar qulp urib o‘sqan edilar. Maxdumning bolalar kuchidan yaxshi foydalang‘ani uchun bo‘lsa kerak, boqchaning har bir qarishi bo‘sh qolmag‘an, unda har turluk ko‘katlardan bor edi. O‘rtadag‘i so‘rining osti bir yarim gaz ko‘tarilib ishlangan sufa, sufaning uch tarafiga yoz gullari ekilgan, rayhon va boshqa chechaklar atrofka o‘z atriyotlarini ongqitib yotar edilar. Birinchi qabatdan kirgach, boq-chaning sufasiga hamda ichkariga yuruladirgan yo‘lkalar bor edi.

Hozir mezon48 oyining ikkinchi haftalari, boqchaning mevalari yetilinqirag‘an, ayniqsa so‘ridagi qora husayni uzumlardan qo‘yo bollar tomib yotar edi. Yo‘lkalarga suv sepilgan, sufaga gilam solinmasa ham gullik kiyiz to‘shalib, uch tarafiga ko‘rpachalar yozilg‘an edi.

Maxdum etni uyga berib chiqg‘andan keyin ikki soat chamasi husnixatdagi bolalar bilan shug‘ullandi, oradan “abjad” so‘zini durust yozib chiqarg‘an bir bolaning qo‘lini bog‘lab uyiga yubordi. Bola uyidan “qo‘l eshar” olib kelgandan so‘ng hammaga javob berib, bu kungi vazifasini tamomladi.

Maxdum mashqxonadan chiqib ichkari kirishga adim uzg‘an holatda darbozadan sipohi kiyimda bir kishi kirdi va maxdumga tabassum bilan salom berib, yaqing‘a yurib keldi. O‘rdaning devonxona xizmatchilari kiyimida bo‘lg‘an bu kishini maxdum o‘z umrida birinchi martaba ko‘rat edi. Javob salomdan keyin ko‘rishdilar. Maxdum taraddudlanib, maqsad so‘rashdan o‘ng‘aysizlanib mehmonni mehmonxonag‘a boshladi. Mehmon ham takalluflanmay domlaning orqasidan mehmonxonag‘a kirdi, o‘lturishdilar, so‘ng fotiha o‘quldi. O‘rdaliq tabassum ichida maxdumga qarag‘andan so‘ng yig‘ishtirinib oldi.

– Xato qilmasam janoblari mirzo Anvarning ustozlari bo‘lsalar kerak?

– Faqir…

– Uy ichlari bilan xo‘b salomatmilar?

– Alhamdulilloh.

Maxdumga kutulmagan ravishda mehribon muomala qilg‘uchi bu o‘rdaliq qirq yoshlar chamasida, uzun bo‘yliq, qora uzun soqolliq, simobi sallasining peshini tushirg‘an qoracha tuslik bir yigit edi.

– Kaminalari ham, – dedi o‘rdaliq, – Mirzo Anvar bilan birga devonxonada ishlayman. Balki quloqlarig‘a chatilg‘an bo‘lsa kerak, ismim Sultonali mirzo…

– Xo‘b, xo‘b, – dedi kulib maxdum, – Anvardan eshitkanim bor edi, janoblarining tavsiflarini eshitkanman. Nachuk xudo yorlaqadi? Faqirxonag‘a tashriflari bilan bisyor xushnud bo‘ldim.

– Adabsizlik bo‘lsa ham, – dedi mirzo Sultonali, – muborakxonalarig‘a bostirib keldim. Bunga ham burodarim Mirzo Anvarning muhabbati majbur qildi.

Sultonalining bu keyingi so‘zi maqsadni bir daraja domlag‘a onglata yozdi. Kayflanish, huzurlanish maxdumning yuzida o‘runlashqan edi. Ko‘zini qisinqirab Sultonaliga qaradi.

– Xo‘b, xo‘b, – dedi maxdum, – mulla Muham- mad Rajab marhumning o‘rnig‘a bosh munshiy ta’yin qilindimi, qo‘lim tegib bu to‘g‘rida Anvar bilan so‘zlasholmadim?

– Hozir ta’yin qiling‘uncha yo‘q, erta-indin ta’yin qilinar, deb turamiz.

– Ko‘b yaxshi, nomzadlar bordir?

– Bor, – dedi Sultonali, – bir necha nomzadlar hazrati xong‘a manzur qiling‘anlar, jumladan shoir Madhiy, mulla Shahodat mufti va boshqa yana bir nechalar. Masmux’ingiz49 bo‘lsa kerak garchi o‘zi rizoliq bermasa ham bir necha mirzolar shogirdingiz Mirzo Anvarning ham nomzadini xolis ariza bilan janobga manzur qilg‘an edik. Umid xudodan, yorlig‘ Mirzo Anvarga qoyim50 bo‘lur, deb turamiz.

Maxdum soqolini tutamlab shipka qaradi. Go‘yo Sultonalining keyingi ikki jumlasiga qaysi yo‘sun muqobala qilishdan ojiz edi.

– Bir necha yaxshilarning Anvarga bo‘lg‘an husni tavajjuhlarini eshitkan edim, – dedi maxdum minnatdor ohangda, – ammo faqirg‘a shunisi mushkilroq ko‘rinadirkim, basharti Anvar bosh munshiylik vazifasiga yorlig‘ olg‘undek bo‘lsa, bu lavozimotni ado qila olurmi, kaminaning nazarimda bosh munshiylik alalxusus ul janobning huzurlarida behad ulug‘ va mushkil ko‘rinadir?

Sultonali yengilcha kulib qo‘ydi:

– Bosh munshiylik lavozimoti borasidagi fikringiz darhaqiqat to‘g‘ri, – dedi, – ammo Mirzo Anvarning uhda qila olishi muhaqqaqdir51. Zero, Anvarning bu boradagi iste’dodi janoblaridan ko‘ra kaminaga ma’lum- dir, bu to‘g‘ridan xotirjam’ bo‘lsinlar.

– Darvoqi’, Anvarga ko‘b mehnatim singgan, – dedi maxdum mahtang‘ansumon, – bir qarish yoshidan boshlab kaminaning ta’limida o‘sti, o‘z qo‘limda tarbiya topqan necha yuz, balki minglab shogirdlarim ichida ko‘b tavajjuhim52 shu bolag‘a bo‘ldi. Ushbu sababdan ham munchalik musta’id53 bo‘lg‘an

45

Fohish tangligi – ortiqcha siquv.

46

Jevak – qizlarning bu kunda isti’moldan qolg‘an ko‘krak ziynati (mual.)

47

Murabba’ – to‘rtburchak, kvadrat.

48

Mezon – 22-sentabr – 21-oktabr.

49

Masmu’ – eshitilgan.

50

Qoyim – qaror.

51

Muhaqqaq – haqiqat.

52

Tavajjuh – e’tibor.

53

Musta’id – qobiliyatli, iste’dodli.