Mehrobdan chayon. Abdulla Qodiriy. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Abdulla Qodiriy
Издательство: SHARQ
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-26-778-7
Скачать книгу
ham ibtido qilg‘an57 ekanlarkim, bu karomat janoblaridan po‘shida emasdir. Bas, indal’uqalo58 yoshliqning hech bir nuqs va ahamiyati yo‘q, ammo fazl-u zakovat lozimdir. Masalan, kaminangiz tahsilda “Aqoid”g‘acha59 bordim va qariyb o‘n yildan beri mirzoliq qilurman. O‘z hunarimda yaxshi tajriba ham ortdirdim, shuning bilan birga nafsilamrni iqror etishka majburmankim shogirdingiz Mirzo Anvardan ko‘b daraja quyidaman: tahrirda60, taqrir61 va faroizda62 Anvaringizning yordamig‘a muhtojman. Holbuki yoshim undan barobar katta, men o‘qug‘an darslarni ehtimol Anvar o‘qumag‘an… Anvarning zakovatiga yolg‘iz men emas marhum munshiy mulla Muhammad Rajabning o‘zi ham tahsin qilar, ajoyib o‘g‘lon deb qo‘yar edi. Meni Mirzo Anvarni bu o‘rung‘a sa’i qilishim63 bo‘lsa bir g‘araz yuzasidan emas, xolisonadir. Agar g‘arazg‘a hisoblansa, masalan: “Birarta noahlning qo‘l ostida ishlagandan, ahlining jag‘ida tishlangan ma’qul” so‘ziga binoandir. Lekin Mirzo Anvar nima uchundir biz bir necha mirzolarning ra’yimizga qarshi tushib, bizdan ranjib yuriydir. Hatto janobg‘a bir ariza kirgizib, menim nomzadim yanglish ko‘rsatilibdir, men bu vazifani uhda qilolmayman, deb uzr bayon qilmoqchi emish. Uning bu yo‘sun inodi nima uchun, bilalmadik… faqir, og‘aynilar tarafidan garchi adabsizlik bo‘lsa ham huzurlariga iltimos uchun keldim. Avvalo Mirzo Anvarga otaliqlari, soniyan ustozliqlari bor. Siz janob targ‘ib qilsangiz va kengash bersangiz qabul qilar, deb o‘yladiq.

– Habba! – dedi maxdum xursandlik bilan, – bu to‘g‘rida yaxshi so‘zlashmag‘an edik, so‘zlasharmiz, inshoolloh ko‘nar.

– Salomat bo‘lingiz, taqsir.

Maxdum soqolini ushlab ko‘zini qisdi:

– Boya peshin asnosida, – dedi, – qavmlar kaminadan istifsor64 qilishdilarkim, “o‘g‘lingiz Anvar munshiy ta’yinlanar emish, ushbu axbor to‘g‘rimi?” deb… Mazmuni shaharga ham mashhur bo‘lg‘an ekan-da?

– Balki, – dedi kulib Sultonali va birozdan keyin ohista sir yo‘sunida qilib so‘zladi, – o‘rda ichidan bir nechalarimiz ustoz mulla Muhammad Niyoz domlag‘a65 va haramdan Og‘acha oyimg‘a66 Anvar to‘g‘risida iltimos qilishdiq. Shuning uchun Mirzo Anvarning bosh munshiy ta’yin qilinishig‘a shubha qilmaymiz. Faqat uni ko‘ndirilsa bas.

– Va lekin, – dedi maxdum nihoyatda ochilg‘an qiyofatda, – bu tadbirlaringiz beandoza ma’qul bo‘libdir, ya’ni masalan, janobg‘a domla shog‘ovul va malika xonimlarni vosita qilishlaringiz…

– Biz ham shunday o‘ylaymiz. Endi umid xudodan, natija ham orzumizcha bo‘lg‘ay.

– Inshoolloh.

– Demak, Mirzo Anvarni ko‘ndirish vazifasi odobsizliq bo‘lsa ham sizga qoldi-da, taqsir? – deb Sultonali takror so‘radi.

– Xotirjam’, – dedi, maxdum qanoat bilan, – albatta noinsofni ko‘ndirsamiz kerak.

Shundan so‘ng Sultonali o‘zining bu yerga kelganini Anvarga bildirmaslikni ta’kidlab, o‘rnidan turdi. Maxdumning aztahidil “mohazarimiz67 bor edi” deb qistashig‘a qarshi uzr aytib xayrlashdi. Maxdum aksar o‘z uyiga kelguchi kishilarga qilmaydirg‘an favqulodda bir takalluf bilan uni darbozag‘acha uzatib chiqdi.

9. O‘PKA VA HAZIL

Istiqbolning shirin xayollarig‘a ko‘milgan holda maxdum asr namozi uchun tahorat olar edi. Tahoratda tartibni nioya qilish sunnat68, ammo maxdum tarki sunnat qilmoqda. Hatto o‘quladirg‘an duolarni ham o‘runsiz ishlatmakda edi. Maxdum shu yo‘sun betartib tahoratlanib ichkariga kirdi. Nigor oyim oshxonada mantilarni qasqong‘a terib qozong‘a uyar, Ra’no bo‘lsa ayvonda kichkina ukalari orasida o‘lturar edi.

Dadasi yo‘lakdan ko‘rinish bilan Ra’no Mas’udni ko‘tarib turdi. Va qoziqdag‘i salla-choponni olib ayvon muyushig‘a keldi. Bolalar ham dadalari oldida adablanishdilar.

– Anvar akang kelmadi, sufa yolg‘iz, – dedi maxdum, chopon, sallani kiya-kiya, – asrga borib kelgunimcha, sen sufaga chiqib tur-chi, Ra’no.

– Xo‘b.

Otasi chiqib, ketkach, Ra’no qo‘lida ukasi bilan tashqarig‘a yo‘l soldi. Uning ketidan Mahmud va Mansurlar ham chopishdilar.

– Ra’napa, Ra’napa! – deb Mansur yig‘i aralash o‘zidan chopib o‘tmakchi bo‘lg‘an Mahmudning ustidan Ra’no opasig‘a arz qildi. Ra’no boqchaning sufasiga yeta yozg‘an edi. Mansurning yig‘i shovquni yana ham kuchayib raqobat o‘ti yonib ketkach, Ra’no to‘xtab Mahmudni koyishka majbur bo‘ldi:

– Mahmud, Mahmud, esi yo‘q Mahmud!

Mahmud to‘xtadi, ammo Mansurdan olding‘a o‘tkan edi. Mansur bu mag‘lubiyatka chidalmay asabiylanib, yerga o‘lturib oldi va dunyoni buzub faryod qo‘pordi. Ra’no kelib Mansurni turg‘izdi va kiyimiga o‘lturgan changlarni qoqti:

– Yig‘lama, opasi, yig‘lama, – dedi, – hali dadasi Mahmudni dum-dum! Qarab tur-chi, sen Mahmud, otang kelganda aytmasammi?!

Mansur “Ra’napa”sining himoyasidan so‘ng uning yetagida sufaga qarab yurdi. Ammo Mahmud ancha ezilgan edi:

– Dadam yima69 qilardi? – deb so‘radi turg‘an joyidan.

– Kelsin-chi, hali. Tunovi kungi chiviq esingdan chiqdimi?

Mahmud javob beralmadi. Uning ko‘zida achchiq aralash qo‘rquv bor edi. Ra’no kichkina ukasi bag‘rida sufaga chiqib o‘lturdi. Mansur “Ra’nopa”sining yelkasiga suyanib, yo‘l ustida serrayib qolg‘an Mahmudga g‘olibona bir turda istehzo qilar edi. Mahmud bu holga ortiq chidab turolmadi. O‘zining yengilishga sababchi bo‘lg‘an Ra’nodan o‘ch olmoq maqsadida:

– Mullataning xotini, mullatning xotini… yey, yey, yey!

Ra’no kuldi:

– Qarab tur, qarab tur, sen adabsiz, – dedi va Mahmudga hujum qiladirg‘andek qo‘zg‘alib qo‘ydi.

– Bildim, bildim: mullataning xotini, mullataning xotini! – dedi Mahmud va ichkariga qarab qochti.

Ra’no kulimsirab Mansurga qaradi:

– Shundaymi, men mullataning xotinimi-a? – deb so‘radi. Mansur javob o‘rnig‘a yo‘lakka qaradi va so‘yunchi ichiga sig‘mag‘an holda sufaning zinasiga yugurdi va qichqirdi:

– Mullata, mullata telli, telli!

Ra’no ham yo‘lakka qarab qizarinib ketdi va oldig‘a tushib taribsizlangan sochini orqasig‘a tashlab tuzatindi. Yo‘lakda ko‘ringan yosh yigit (“mullata”) sufaning yo‘li bo‘yincha kelmakda edi. Qora chiviq beqasamdan harir to‘n kiygan mavzun qad Anvar birinchi qarashdayoq ko‘zga do‘ndiq va ko‘rkam ko‘rinar edi. Qora surmalik ko‘zi Ra’noda ekan, o‘ziga yugurib kelguchi Mansurga yo‘l ustida cho‘nqayib quchog‘ini ochti. Mansurning yuzidan o‘pkach, ko‘tarib sufaga yurdi. Anvarni qarshilamoq uchun bo‘lsa kerak, Ra’no ham o‘rnidan turib sufaning zinasiga yaqinlashdi. Va tabassum aralash – “Hormang‘“ dedi.

– Sog‘ bo‘ling.

Anvar sufaga chiqib, Mansurni yerga qo‘ydi. Kafshini yesha-yesha Ra’no tomong‘a engashib, o‘ziga talpinib turg‘an Mas’udning yuzidan o‘pti va uni Ra’nodan oldi. Mas’ud Anvarning qo‘lig‘a o‘tkach, sapchib guvrandi va qiyqirib tovlandi. Ra’no ikki qo‘lini uzatib

57

Kutubi mutabarraka ta’lifotig‘a ham ibtido qilg‘an – tabarruk kitoblar yozishg‘a ham boshlag‘an ekanlar.

58

Indal’uqalo – oqillar nazdida.

59

Ilgarigi tahsilda tolibning masalan: “Ozomil”, “Kofiya”, “Sharhi mullo Jomiy”, “Muxtasar” yuqoriroq darajada “Aqoid” (Ollohning borligini tasdiqlovchi ilm), so‘nggida esa “Tafsir” ilmlarini o‘qiganligiga qarab ilm darajasi belgilangan.

60

Tahrir – yozish.

61

Taqrir – matnning mazmunini tushuntirish.

62

Faroiz – musulmonchilik qoidalarini o‘rganish ilmi.

63

Sa’i qilish – undash, da’vat etish.

64

Istifsor – so‘ramoq.

65

Xudoy orning shog‘ovulboshisi – ilmiya vaziri, “Tarixi Shahruhiy”ning muallifi, shoir (mual.).

66

Xudoyorning suyukli xotuni (mual.).

67

Mohazar – taom.

68

Sunnat – odat.

69

Yima – nima (mual.).