Mehrobdan chayon. Abdulla Qodiriy. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Abdulla Qodiriy
Издательство: SHARQ
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-26-778-7
Скачать книгу
– dedi kulib Ra’no.

      – Ayni muddao ekan bo‘lmasa… Ha, aytkandek, – dedi Anvar o‘lturgan sufasiga ishorat qilib, – bu kun joy katta soling‘an?

      – Mehmon kelar emish.

      – Yolg‘oning qursin, Ra’no, – dedi Anvar kulimsib, – qanday mehmon?

      – Men qayoqdan bilay, qanday mehmon… fotihaga kishilar kelar emish, deb eshitdim.

      – Fotihasi qanaqa?

      – Bilmasam qanaqa?

      Anvar o‘ylanib, yana kulimsidi:

      – Sening fotihang bo‘lmasin?

      – Menim qanday fotiham bo‘lsin, men hali tirikman.

      – Teskariga burma, Ra’no, balki seni erga bermakchidirlar?

      Ra’no qizarib turdi-da, yana gapni kulgulikka oldi:

      – Meni kimga berar emishlar?

      – Senimi? – dedi kulib Anvar, – seni xondan boshqa kim olsin?

      Ra’no qo‘lidag‘i ukasiga qarag‘an holda:

      – Siz shunga maslahat bersangiz… men qandog‘ qilay, – dedi va Mansurni chaqirdi, – tur Mansur, ketamiz.

      Ra’noda achchig‘lanish namoyishi bor edi. Anvar Ra’nodagi bu o‘zgarishdan o‘ngg‘aysizliqqa tushdi:

      – Ra’no, – dedi. Ra’no zinadan tushib boshlag‘an holda to‘xtadi, – chinini so‘zla, mehmon kelishi aniqmi?

      – Mehmon kelishi aniq, ham keldi, – dedi Ra’no jiddiy.

      Anvar ajablandi:

      – Mehmon keldi?

      – Keldi.

      Anvar tevarakka qarandi:

      – Qani mehmon?

      Ra’no qo‘li bilan Anvarning o‘ziga ishorat qildi:

      – Ana mehmon, – dedi.

      Anvar kuldi:

      – Me mehmonmi?

      Ra’no jiddiy ravish bilan:

      – Albatta, siz bizga mehmonsiz.

      Anvar yana kuldi. Biroq uning bu so‘ngg‘i kulishida kuchlanish bor edi:

      – Men sizga mehmonmi?

      Ra’no kulimsib yer ostidan Anvarga qaradi va qo‘lidag‘i xarxasha qilib boshlag‘an bolani ovitish uchun tebrandi.

      – Bilmasam…

      Ra’noning yuzidan boyag‘i jiddiyat yo‘qolg‘andek edi. Anvar ham ma’noliq hazilni tashlab chin hazilga o‘tdi:

      – Mehmonning qorni och, Ra’no, – dedi, – albatta qadrlik mehmon uchun tansiqroq taom pishirg‘andirsiz, deb o‘ylayman. Bu kungi taomingiz ismini lutfan marhamat qilsangiz edi.

      – Mehmonning vazifasi, – dedi Ra’no javoban, – izzati bilan o‘lturish va oldig‘a qo‘yg‘an narsani maxtab-maxtab yeyishdir…

      – To‘g‘ri aytasiz, otin bibi, – dedi Anvar, – biroq bu kungi mehmondorchilig‘ingiz ham kechagidek ugra bilan bo‘lsa, maxtab-maxtab qo‘lingizg‘a qaytarib berishim ham aniqdir.

      Ra’no butun tovshini qo‘yib kulib yubordi:

      – Bu kun qo‘g‘urma sho‘rbag‘a, – dedi Ra’no kulgi ichida, – qattig‘ non to‘g‘rab yeysiz, jaz o‘rnig‘a shalg‘am chaynaysiz.

      – Ofarin, – dedi Anvar, – bu kungi mehmondorchilig‘ingizdan qariyb mamnun bo‘ladirg‘ang‘a o‘xshay-man. Agar mumkin bo‘lsa, shuni ham bilsamki, bu kungi shalg‘am sho‘rba katta otin bibining qo‘llaridan tanovul qilinadirmi yoki kichik otin bibining?

      – Mehmon uchun buning farqi yo‘qdir…

      – Biroz yanglishasiz Ra’nobonu, – dedi Anvar, – chunki qo‘ldan-qo‘lning katta farqi bor.

      – Farqi bo‘lsa… bu kun kichik otin bibining qo‘llaridan shalg‘am sho‘rba tanovul qilasiz.

      – Bu holda afu etasiz, Ra’nobonu… Basharti kichik otinbibining qo‘llaridan tanovul qiladirg‘an bo‘lsaq, shalg‘am sho‘rba emas, bizning uchun qush sho‘rbadir.

      Bunga qarshi Ra’no nimadir aytmoqchi bo‘lg‘an edi, tashqaridan oyog‘ tovshini sezdi, Anvarga bir kulib qaradi-da, Mansurni yetaklab ichkariga chopdi.

      10. XAYRIXOH BIR ODAM

      Ra’no ichkariga qayrilmasdan boqchag‘a maxdum kirdi va tashqarini chaqirdi:

      – Marhamat Shahidbek, marhamat!

      Ra’no ichkariga kirishi bilan domlaning orqasidan harsillagan, gursillagan elli yoshlar chamaliq semiz bir kishi ko‘rindi. Ko‘k sallasi manglayining usti bilan o‘ralib, o‘siq qoshi qovog‘ig‘a yotqan bu bekning belidagi kumush kamari benihoyat o‘sib tushkan qornini yuqorig‘a ko‘tarib turish vazifasini ado qilar edi.

      Eshik ostida Shahidbek bilan maxdum oralarida ongla-shilmasliq yuz berdi:

      – Siz yuring!

      – Siz yuring!

      – Men rozi!

      – Adabsizlik bo‘ladi-da, xrrr…

      Ortiqcha takallufni Shahidbekning o‘zi qabul qilsa ham g‘o‘shti qabul qilmas edi. Takalluflanib o‘ltursa borg‘an sayin o‘ziga behuzurlik ortar edi. Shuning uchun maxdumning oldig‘a tushib jo‘nadi va yo‘l ustida “Mirzo Anvar ham kelgan ekan, xrrr…” deb qo‘ydi.

      Anvar ularni qarshi oldi, sufaga chiqdilar. Shahidbek Anvar bilan entika-entika ko‘rishkach, joy ko‘rsatilmasda-noq sufaning to‘rig‘a o‘lturib oldi. Chunki zinadan chiqishda ancha ezilgan, takallufgacha kutishka toqati qolmag‘an edi. Fotihadan so‘ng o‘lturgan yerida ust to‘nini yeshdi, belidan kamarini olib yonig‘a qo‘ydi, sallasini chiqarib yostiqning ustiga tashladi va ro‘ymoli bilan manglayidag‘i terlarini artib o‘zini yelpidi:

      – Xo‘b salomatmisiz, mirzo, xrrr?

      – Shukur, o‘zlaridan so‘rasaq?

      – Alhamdulilloh.

      So‘ngra maxdum Anvardan hol so‘radi:

      – Biroz kechikdingizmi, Anvar?

      – Zarurroq ishlar bor edi.

      – Sarmunshiy qazo qilib, – dedi Shahidbek, – hamma og‘irliq sizning ustingizga tushkan bo‘lsa kerak, mirzo, xrrr?

      – Shunday, – dedi Anvar, – lekin ba’zi vaqt viloyatlarga oshig‘ich yuboriladirg‘an noma va farmonlar chiqib qoladir. Shunday kezlarda hatto tunab ishlashka ham to‘g‘ri keladir.

      Shahidbek qayta boshdan manglayig‘a terilib qolg‘an terlarini artdi:

      – Iloji yo‘q, iloji yo‘q…

      Anvar yer tegidan maxdumga ko‘z qirini tashlag‘ach, o‘rnidan turib to‘nini yeshdi va zinaga borib kafshini kiya boshlag‘an edi, maxdum buyurdi:

      – Ichkariga kirib, xabar oling, taom tayyor bo‘lg‘an bo‘lsa, olib chiqsangiz ham ma’qul.

      – Xo‘b.

      Anvar ichkariga ketdi. Uning orqasidan kuzatib turg‘an Shahidbek maxdumga qaradi:

      – Mirzoning tarbiyangizga kelganiga ko‘b bo‘lg‘an chiqar?

      – Qariyb o‘n to‘rt yil.

      – O‘z farzandlaridek bo‘lib qolg‘an-da?

      – Undan ham afzal.

      – Ojizalari ham yetib qolg‘an bo‘lsa kerak?

      – Inshoolloh.

      – Xudo