KITOB
Bugun kitobim chiqdi.
Har gal yangi kitobim chiqishi bilan birinchi nusxasini onamga atar edim. Har gal bir xil so‘z yozib berardim: «Birinchi o‘qituvchim – onamga!» Onam kitobni ko‘rishi bilan ko‘zlari quvonchdan porlab ketar, uzundan uzoq duo qilar, peshonamdan o‘pib, yakkash bitta gapni takrorlar edi.
– Sen mening suyangan tog‘imsan, o‘g‘lim…
Keyin xuddi birov olib qo‘yadigandek, kitobni yostig‘ining tagiga yashirardi. Shunda men kitobim chiqqani uchun o‘zimdan ko‘proq onam quvonganini bilib turardim.
Bir kuni mahallaning narigi chekkasida turadigan novvoynikiga kirib qoldim. (Nima yumush bilan borganim esimda yo‘q.) Qarasam, yog‘och so‘rida kitobim yotibdi. Varaqlari titilgan, oftobda sarg‘ayib ketgan. Qiziqib qo‘limga oldim. O‘qisam, o‘zimning dastxatim: «Birinchi o‘qituvchim – onamga!»
O‘shanda nima uchun bunday ahvolga tushganimni bilmayman. Xuddi birov meni masxara qilayotgandek bo‘lib ketdi. Kelib onamga to‘ng‘illadim:
– Kitobni yetti mahalla nariga tashlab keling, deb berganmidim sizga!
Onam aybdor qiyofada ma’yus jilmaydi.
– Mavlu hech qo‘ymadi-da, bolam. «Bitta o‘qib beraman», dedi.
– Mavludagacha yana mingta qo‘ldan o‘tgani ko‘rinib turibdi, – dedim zarda bilan. – Maqtangansiz.
– O‘zingni siqma, jon bolam. Hozir olib kelaman.
Chindan ham, o‘sha kuni kitob qaytib keldi…
Har gal kitobim chiqsa, onam bir gapni aytardi:
– Sen mening suyangan tog‘imsan, o‘g‘lim…
Bilmagan ekanman, men onamning emas, onam mening suyangan tog‘im ekan. Tog‘im to‘satdan qulab tushdi.
Bugun yangi kitobim chiqdi. Birinchi nusxasini emas, bitta nusxasini emas, oltmish ming kitobning hammasini onamga bag‘ishladim. Lekin…
MAHALLANING «SHAYXI»
Qachondir uning ismi bo‘lsa bo‘lgandir. Biroq mahallada hech kim uning otini bilmaydi. Hamma Shayx deb chaqiradi.
Aytishlaricha, urush paytida bir beva xotin besh-olti yoshlardagi bolasi bilan shu yerga kelib qolgan. Insofli odamlar bevaga choyxona yonboshidagi pastak hujrani ajratib berishgan. Bola baribir bola-da. Bahorda hujraning tomiga chiqib varrak uchirayotgan ekan, varrak havolagan sayin qiziqib ketib ipni torta-torta tisarilib boribdi-yu, tomdan chalqanchasiga yiqilib tushibdi. Sho‘rlik onaning dod-faryodiga choyxo‘rlar yopirilib chiqishsa, bolaning boshi yorilib, qonga belanib yotganmish. Hoji buvi uning boshiga kigiz kuydirib bosibdi, qorakuya suribdi, haytovur, bola tuzalib ketibdi. Faqat esi aynibroq qolibdi. O‘shandan buyon hech kim uning biron marta yig‘laganini ko‘rmagan. Qachon qarasangiz, iljayib turadi. Iljayganda ham tilining uchi og‘ziga sig‘may doim chiqib turadi. Shundan bo‘lsa kerak, onda-sonda ustara tegadigan do‘rdoq labining ikki cheti oqarib yotadi. Urushdan keyin onasi vafot etadi-yu, Shayx yolg‘iz qoladi. Eski choyxona buzilganida ularning hujrasidan ham nom-nishon qolmadi. Biroq Shayx ko‘chada qolgani yo‘q. Mahalladagi hamma uy Shayxniki. Uning uchun hamma eshik ochiq. U biznikiga ham tez-tez kelib turadi. Onam bilan uzoq-uzoq gaplashganini ko‘rardim-u onam bu devona bilan nimani gaplashishiga aqlim yetmasdi.
Jamiki to‘y, jamiki ma’raka Shayxsiz o‘tmaydi. Uning o‘z vazifasi bor: samovar qo‘yadi. Xotinoshida mahalla otini, nikoh-u bazmlarda to‘yboshi erkaklar Shayxning xizmatiga muhtoj.
– Shayx, to‘rt choynak choy! Uch choynak famil, bir choynak ko‘kidan bo‘lsin.
– Hodzir…
Shayx g‘alati gapiradi, «z»ni aytolmaydi, «dz» deydi, «s» deyolmaydi, allaqanday «ts» qilib aytadi.
– Shayx tezroq! Nozik mehmonlar kelib qoldi.
Shayx shoshilmaydi. Ishini bilib qiladi.
– Tsekin. Nodzik bo‘tsa, o‘dziga, – deydi iljayib.
Odamlar ranjimaydi. Shayxning puxtaligini bilishadi. Shuncha yildan beri bironta to‘yda choynak darz ketmagan, biron mehmon choysiz qolmagan.
U faqat pivo ichadi. Ko‘p emas, ikki shishagina. To‘y egalari Shayxning ulushini alohida ajratib qo‘yishadi. To‘y tarqashi oldida, xizmatini qilib bo‘lgandan keyin Shayx shishani og‘ziga qo‘yib pivo ichib oladi-da, birdan o‘yinga tushadi. Yoqavayron bo‘lib, og‘zidan ko‘pik sachratib xo‘p o‘ynaydi.
Odamlar qarsak chalgan sayin balandroq sakraydi:
– Bo‘sh kelma, Shayx!
– Malades, Shayx! Orangutan bo‘p ket-e!
Bunday «maqtovlar» Shayxni battar jazavaga soladi. Har tepinganda yer zirillab ketadi.
Ba’zan hangomatalab yigitlar Shayxni o‘rtaga olib qolishadi.
– Bu… to‘yni qachon boshlaymiz, Shayx?
Shayx tilini chiqarib iljayib qo‘yadi.
– Senga ham xotin olib beraylik bundoq.
– Xotinmas, qidz…
– A?.. Voy ko‘nglingning ko‘chasidan o‘rgildim! Seni ko‘rgan qiz infarkt bo‘lib «Grudnoy xirurgiya»ga tushadi-ku!
Shayx xafa bo‘lmaydi. Umuman, xafa bo‘lishni bilmaydi. Iljayadi.
Onamning yigirmasi bo‘layotgan edi. G‘ira-shira tong otayotganda eshikdan ko‘ylakchan Shayx lapanglab kirib keldi.
– Iya, ana, Shayx kelib qoldi! – dedi allakim tantana bilan. – Qani, samovarga o‘zing qaray qol.
Ammo Shayx hovli burchagida turgan samovarlar tomonga yurmadi. Hech kimga qaramay bir hatlab ayvon zinasidan chiqdi-yu, oyimning xonasiga yo‘naldi.
– Hoy, Shayx o‘lgur, qayoqqa? – ayollardan biri uning yo‘lini to‘sdi. – U yerda qariyalar o‘tiradi.
– Qoch! – dedi Shayx ko‘zini olaytirib. Keyin onamning xonasiga kirdi-yu, to‘satdan o‘zini yerga otdi.
– Oyi! – dedi xirillab. – Oyi-i-i!
Yoqasiga chang solib bir tortgan edi, kir ko‘ylagi shir etib yirtildi-da, qop-qora, baquvvat yelkalari titragancha og‘zidan ko‘pik sachratib hayqirdi:
– Oyi! Oyi!
U har «oyi» deganda boshini yerga urar, yerni mushtlar edi.
Birpasda peshonasi momataloq bo‘lib ketdi.
– Oyi! Qayoqqa ketdidz, oyi!
Umrida yig‘lamagan Shayxning nolasi hammani karaxt qilib qo‘ygan edi. Kimdir ko‘tarmoqchi bo‘lgan edi, Shayx siltab yubordi.
– Tegmanglar! – dedi allakim pichirlab. – Mayli, yig‘lab olsin.
Anchadan keyin u gandiraklab o‘rnidan turdi. Hech kimga qaramay hovliga tushdi-yu, indamay chiqib ketdi.
«TOY»
Bultur bahorda eshigimiz oldidagi gullarni sug‘orayotgan edim, yap-yangi «Moskvich» kelib to‘xtadi. Mashina eshigi ochilib, zabardast gavdali yigit tushib keldi. Taniy olmadim.
– Hormang, dehqonchilik katta-ku! – dedi notanish yigit do‘rillagan ovoz bilan.
Shunda hayratdan baqirib yubordim:
– Iya, Toymisan?
Ha, xuddi o‘sha Toyning o‘zi. Faqat shuncha bo‘y, bunaqa uzun qo‘l-oyoqlarni qayoqdan oldi ekan! Yaqindagina buloqdek oqib turadigan burnini eplolmay mashaqqat chekadigan bola edi.
– Poshsha oyimlarni ko‘rgani keldim! – dedi bahaybat qomatiga uncha mos kelmaydigan alpozda muloyim jilmayib.