Ko‘hna dunyo. Odil Yoqubov. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Odil Yoqubov
Издательство: SHARQ
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-00-939-4
Скачать книгу
bu asarning qo‘lyomasi chala qolgan edi. Endi esa Isfahondan qochgan odam, Hamadonda ham hammadan yashirinib, pinhona kun kechirishdan boshqa chora qolmadi. Yo tavba! Keksaygan chog‘ida bu ne ko‘rgulik! Ustodning mutolaa va mushohadadan boshqa niyati yo‘q. Sho‘rlik shayx qachon bu niyatga yetadi? Qachon osoyishta kun kechiradi?»

(Abu Ubayd al-Juzjoniy xotiralaridan.)20

      Oltinchi bob

      Bosh vazir Ali G‘arib saroydan ko‘ngli g‘ash bo‘lib qaytdi. Tunov kungi mash’um mashvaratdan keyin sultonning ahvoli yana ham og‘irlashdi, injiqlashdi; na og‘zidan tuzuk bir gap chiqadi, na unga gap uqtirib bo‘ladi. O‘shandan beri sulton faqat bir narsa bilan qiziqadi, u ham bo‘lsa hakimi davron Ibn Sino! Hazrat Ibn Sinodan darak bormi yo‘qmi – bir kunda o‘n marotaba so‘rab-surishtiradi, bosh vazir bilan Abul Hasanak esa ming xil yolg‘on-yashig‘ gaplar bilan kunni kech qilishadi, biroq ertangi kunni o‘ylasalar, yurak o‘ynog‘i tutib, tong otguncha to‘lg‘anib chiqishadi. Shu boisdan Ali G‘arib go‘zallikda benazir, lekin shu kunlarda uning ko‘ziga jahannam bo‘lib ko‘ringan Osmon malikasi saroyidan qaytgach, «besh kundlik dunyo», deb bor vujudi bilan aysh-ishratga sho‘ng‘iydi.

      Vaziri a’zamning bog‘i Firuz bog‘i bilan, saroyi Osmon malikasi saroyi bilan raqobat qila olmasa ham, o‘ziga yarasha fayzi bor. Shu kunlarda bog‘da shaftoli va chillaki o‘riklar qiyg‘os gullagan, mayin qizil qum sepilgan xiyobonlar chetidagi xushqad sarvlar nafis mitti yaproqchalar bilan burkangan, ariq bo‘ylaridagi majnuntollar esa nozik sochpopuklar yozib, go‘yo suv bo‘yida soch tarab o‘tirgan sanamlarday ochilib ketgan, ayniqsa shomdan keyin, gulzor va xiyobonlardagi kumush favvoralar ishga tushib, tosh fonuslar yoqilganda bog‘ yana ham yashnab ketadi, chiroyiga chiroy, fayziga fayz qo‘shiladi.

      Bosh vazir, odatda, kechqurunlari saroydan qaytgach, egnidagi zarbof to‘nini yechib, yengil libosga o‘ranadi, boshidagi oltin nishon qadalgan surmarang sallasi o‘rniga shaftoli gulli duxoba takya, oyog‘iga yengil kavush kiyib hududsiz bog‘da yolg‘iz sayr qilishni yaxshi ko‘radi. Har biri o‘z latofati, o‘z ko‘rki, betakror go‘zalligi bilan ajralib turgan bodomzor va shaftolizorlar, xurmozor va anorzorlarni asta kezib, davlat ishlari haqida tanho o‘ylashni, hovuz bo‘ylariga qurilgan shinam shiyponlar, to‘rt tarafi ochiq, gumbazli bolaxonalarda o‘tirib, eng murakkab muammolar, serjumboq yumushlarni hal qilishni, yechilmas tugunlarni yechishni ma’qul ko‘radi. Serg‘alva ishlar, xatarli yumushlar, yechilmas tugunlar esa kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Bu jumboqlarning eng chigali tabiiy, toj-u taxtning vorisi kim bo‘ladi, sultonning o‘ziday jangari, qaytmas, bir so‘zli amir Mas’udmi yoxud mo‘min-qobilgina shahzoda Muhammadmi, degan jumboqdir. Chunki boshqa hamma chigalliklar, arkoni harb va arkoni davlat, vazir-u vuzaro, a’yon-u boyonlar orasidagi tarafkashliklar, nizo-yu nifoqlar, fisq-u fujurlar – hammasi shu chigal muammoga borib taqaladi. Chigal muammolar esa hushyorlik va ehtiyotkorlikni taqozo etadi, chunki vaziri a’zam biladi: davlat ishlari – bu jang maydoni emas, bu ishda bor kuch bilan kamondan o‘q uzib bo‘lmaydi!

      Durust, sultonning o‘zi allaqachon kenja o‘g‘li shahzoda Muhammadni valiahd deb fatvo bergan. Lekin avvalambor, bu fatvo hali xutbaga qo‘shib o‘qigan emas, tor doirada, vazir-u vuzaro davrasidagina ma’lum, qolaversa, amiralmo‘mininning bu qaroridan ko‘plar norozi. Ular orasida zaifa bo‘lsa ham davlat yumushlariga bosh suqib, saroy ahlini yot deb yotqizib, tur deb turg‘azib o‘rgangan, sultonning suyukli singlisi Xatlibegimdan tortib, bo‘yi mushtdekkina bo‘lsa ham, kallasi xumdek, devon sohibi Abu Nasr Mishkan janoblarigacha bor. Bosh vazir biladi – ularning hammasi amir Mas’ud bilan pinhona aloqada, har on, har daqiqa saroydagi ishlardan ko‘z-quloq bo‘lib, «tiq» etgan tovushga qo‘loq solib turishibdi. Agar amir Mas’ud bu xatarli kunlarda Isfahonday ovloq joylarda jang-u jadal qilib yurmaganida saroydagi fisq-u fasodlar bundan beshbattar avj olardi.

      Bosh vazir, xiyobon va gulzorlarni asta aylanib, yechilmas jumboqlarni tanho yecharkan, yurishdan charchagan chog‘larida hovuz bo‘ylariga qurilgan shiyponlarda o‘tirib orom oladi. Shiyponlarda esa hamma narsa – bejirim billur idishlarda nafis tovlangan shafaqrang mayu sharbatlardan tortib, jizillab turgan bedana kaboblargacha, tandirlardan hozirgina uzilgan issiq patirlardan tortib, pista-bodomlargacha – hamma narsa muhayyo bo‘ladi. Ali G‘aribning istagiga ko‘ra, bir joyda hali mo‘ylovi sabza urmagan yosh g‘ulomlar xizmat qilsa, bir joyda harir ipak ko‘ylaklari ichidan oppoq siynalari ko‘rinib turgan, hali onalari o‘pmagan go‘zal kanizlar nazokat bilan bosh egib turishadi, bu pakanagina, yum-yumaloq odamning har bir so‘zi, har bir ishorasini mahliyo bo‘lib kutishadi…

      Lekin bugun vaziri a’zam saroydan yuragi g‘ash bo‘lib qaytdi-yu, sayr qilish ham ko‘ngliga sig‘may, darvozadan to‘g‘ri ikki oshyonali ko‘shkka o‘tdi.

      So‘nggi paytlarda, ayniqsa amiralmo‘mininning ahvoli og‘irlashib, dardiga duchor bo‘lganidan buyon, bosh vazir o‘z ko‘shkidagi barcha qimmatbaho buyumlarni, Hindistondan keltirilgan oltin ma’budalar, billur idishlar, ipak gilamlar, noyob zeb-ziynatlar, quyma tillalar, xum-xum oltin qum va behisob dinorlar, fil suyagidan yasalgan nodir qutichalar, g‘aroyib hayvonlar va qushlarning mo‘jaz haykalchalari – hamma-hammasini xufiya joylarga yashirgan, koshona xonalarida eng oddiy jihozlargina qolgan.

      Bugun bosh vazir ko‘shkning huvullab qolgan xonalaridan biriga kirib, ko‘rpachaga yonboshladi. U bir on ko‘z ilintirib, og‘ir tashvishlardan g‘ovlab ketgan miyasiga jindakkina orom bermoqchi, so‘ng ta’zimga kelgan tijorat ahlini, tungi suhbatga chaqirilgan xufiyalar, mushriflar, amir-u umaroni qabul qilmoqchi edi. Vaziri a’zam uyquga ketishdan avval etiklarini yechib, oyoqlarini uqalatishni yaxshi ko‘rar, to‘g‘rirog‘i, busiz ko‘ziga uyqu kelmas edi. Biroq bugun to‘shakka cho‘zilib, endi oyoqlarini uzatganida, ko‘shik og‘asi kirib, Afshon shol dahasidan bir xufiya kelganini, xufiya bosh vazir janoblariga darhol izhori ixlos bildirmoq azmida betoqat bo‘layotganini arz qildi. Bosh vazir, odatda birinchi galda tijorat ahlini qabul qilar, chunki ular hech qachon quruq kelmas, ayniqsa, xorijiy yurtlardan tashrif buyurgan savdogarlar katta in’omlar, qimmatbaho sovg‘a-salomlar bilan kelishardi. Biroq Afshon sholdan xufiya kelganini eshitgach, tijorat ahlini ham ikkinchi galga qo‘ydi.

      Afshon shol – shaharnnig eng kambag‘al, eng serg‘alva dahasi. Undagi xufiyalarning xabarlari alohida ahamiyatga molik.

      Ali G‘arib oyog‘ini uqalash uchun kirgan erka g‘ulomiga ruxsat berdi-da, ayg‘oqchini chaqirtirdi. Sal o‘tmay bo‘sag‘ada ustiga eski qora chakmon, boshiga qora ag‘darma telpak kiygan bir kimsa paydo bo‘ldi, paydo bo‘ldi-yu, ulkan qora qurtday qimirlab kelib, gilamga tizza bukdi.

      Vaziri a’zam, negadir, ehtimol o‘ziga o‘xshab pildirab yurgani uchundir, bir qarashda ulkan qora qurtni eslatuvchi bu eski xufiyani ko‘p xushlamas edi. Biroq Piri Bukriy degan bu keksa ayg‘oqchi doim muhim xabarlar keltirar, Malikul sharob atalmish anov shakok shoir mayxonasida bo‘ladigan nojo‘ya yumushlar, saltanatga qarshi qaratilgan ig‘vo gaplarni oqizmay-tomizmay yetkazib turishda bebaho edi!

      Bu safar ham shunday bo‘ldi. Piri Bukriy qarmoqqa o‘xshash qiyshiq qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yganicha, boshini bukri yelkasiga suqib, g‘alati bir gapni aytib berdi. Go‘yoki, o‘sha betavfiq shoir Malikul sharob musofirxonasida ikki sirli sayyoh paydo bo‘lgan emish. Biri yosh, ikkinchisi esa chehrasi bag‘oyat nuroniy, gap-so‘zlari bag‘oyat ma’noli bir alloma emish. Yosh sayyohning mast-alastlikda aytgan so‘ziga qaraganda, yuzidan aql-zakovat yog‘ilib turgan bu alloma… hakimi davron Ibn Sino hazratlari emish!..

      Vaziri a’zam ikki bukilib o‘tirgan Piri Bukriyning allaqanday ma’sum ko‘zlariga tikilib, miyig‘ida kuldi:

      – Shu so‘zga inondingmi, Piri Bukriy? Ofarin senga! Bundan chiqdi, sen… o‘zlarini hazrat Ibn Sino deb avomni aldab, pulini to‘nab yurgan mug‘ambirlarni eshitmabsen! Chin Ibn Sino bo‘lsa nechun ul betavfiq mayxo‘rning iprindi mayxonasida ivirsib yuradur!

      Piri Bukriy ko‘zini yumib, boshini sarak-sarak qildi:

      – Bilmam, taqsiri olam, boshda kamina ham inonmadim va lekin suratini ko‘rdim?

      – Ne surat?

      – Anov…


<p>20</p>

Ustoz Ibn Sinoning sodiq shogirdi, ajoyib inson Abu Ubayd al-Juzjoniy xotiralari biz uchun bebaho bir merosdir. Lekin afsuski, bu bebaho xotiralar hanuzgacha to‘laligacha topilgani yo‘q. Qishlog‘imizda madrasa tahsilini ko‘rgan, yangichadan ham yaxshigina xabardor bir domla bo‘lardilar. Elliginchi yillarning boshlarida, universitetning birinchi kursini tamomlab, yozgi ta’tilga borganimda, shu domla bir kun meni uylariga taklif qildilar.

– Hozir Toshkentda buyuk hakim Abu Ali ibn Sino asarlariga qiziqish katta emish, – dedilar u kishi. – Asarlari arabchadan o‘zbekchaga tarjima qilinayotgan emish. Bu savob ishdan xabaring bormi, bolam?

Yosh student, men bu ishlardan bexabar edim, biroq keksa domlaning oldida «nodon»ligimni oshkor qilmaslik uchun:

– Xabarim bor, domla, – dedim, – juda katta ishlar bo‘lyapti.

– Balli, – dedilar domla quvonib, – buyuk hakimning Abu Ubayd al-Juzjoniy degan ko‘p zukko bir shogirdi bo‘lgan. Menda o‘sha odamning hazrat Ibn Sino to‘g‘risida yozilgan xotira daftari bor. Istasang o‘qib beraman.

Domla shunday deb, tokcha to‘la eski kitoblar orasidan qora jildli bir kitobni oldi. Domla arabcha kitobni o‘qib, so‘zma-so‘z tarjima qilar, men eshitar edim. G‘aroyib qo‘lyozma haqidagi bu suhbat bir necha kun davom etdi. Men boshda uncha qiziqmasam ham, keyin juda qiziqib ketdimu, oxir-pirovardida domladan kitobni so‘radim, agar domla istasa, uni toshkentlik sharqshunos olimlarga eltib berishni va’da qildim. Domla mening bu taklifimni qat’iy rad etdilar. «Yoshim va sog‘lig‘im imkon bersa, o‘zim tarjima qilib, o‘zim eltib beraman», deb javob berdilar. Ming afsuski, sal o‘tmay domla olamdan o‘tdilar. Men navbatdagi ta’tillardan birida, domlaning xonadoniga borib, bu nodir kitobni surishtirdim. Biroq kitob qayoqqadir yo‘qolgan edi. Ko‘p afsus chekdim. Ushbu asarga kirishganimdan keyin o‘ylab qarasam, ancha narsa xotiramda qolgan ekan. Xotira nozik narsa, unga ko‘p ishonib bo‘lmaydi, albatta, hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham degandek, Abu Ubayd al-Juzjoniy esdaliklarini yodimda qolgancha tiklashga urinib ko‘rdim (muallif).