Ko‘hna dunyo. Odil Yoqubov. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Odil Yoqubov
Издательство: SHARQ
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-00-939-4
Скачать книгу
Go‘yo bu turkiy bekning davlati Buxoro hokimining davlatidan kam emas emish… Bekning o‘n olti yashar bir qizi bo‘lib, u betob emish. Biroq, inshoollo, tuzalib ketar, dedi otasi. Otasining bu gaplarini eshitarkan, Abu Shilqimning ko‘z oldiga hozirgina ko‘rgan qiz-kelinchaklar, kulcha yuzlarini yashirmay, muloyim kulib turgan sho‘x sahronishin malaklar kelib, yuragi battar jazillab ketdi…

      Bir necha hafta o‘tdi. Bir kun kechasi, Abu Shilqim o‘z bog‘larida yor-do‘stlari bilan chaqchaqlashib o‘tirgan edi, ko‘chadan otasi kirib keldi. Uning vajohatidan odam qo‘rqqulik, rangi devorday oqargan, oppoq qoshlari tagidagi ko‘kimtir ko‘zlari qon talashgan. U sarmast odamday chayqala-chayqala shiyponga chiqdi-da, do‘stlar davrasida may ichib o‘tirgan erka zurriyotining orqasiga bir tepdi. Tepkiga bir-ikki musht ham qo‘shmoqchi edi, biroq osmonga ko‘targan serhasham asosi to‘satdan qo‘lidan tushib ketdi-yu, bir qop go‘shtday lorsillagan odam, bor vujudi bilan yerga gursillab yiqildi…

      Abu Shilqim keyin bilsa, otasining yo‘lini tag‘in o‘sha kelgindi yosh tabib kesib o‘tgan ekan. U bek qizining davosiz dardiga davo topib, katta in’omlar olgan, bek qizi esa yosh tabibga oshiq bo‘lib qolgan ekan. Rost, bek bu ishdan xabar topib, mash’um ishga to‘g‘anoq solibdi, qizini olib, bir kechada Afshonadan ko‘chib ketibdi…

      Kim bilsin, Abu Shilqimning yuragini och kalamushday kemirgan raqobat tuyg‘usi o‘shanda uyg‘ongandir!

      Yosh tabibning shon-shuhratiga dosh berolmay, hasad o‘tida kuyib ketgan padari buzrukvori erka zurriyotiga ikki tepki in’om etib, o‘sha yerning o‘zida jon taslim qildi. Shundan keyin nima bo‘ldi – buni Abu Shilqimning o‘zi ham bilmaydi. Chunki, «Sulaymon o‘ldi, devlar qutuldi» qabilida ish tutib, padarining jismini tuproqqa berib kelgan kuniyoq ko‘zini chirt yumib ayshga sho‘ng‘igan Abu Shilqim otasi yiqqan davlatni batamom sovurib bitirgandagina ko‘zini bir ochdi. So‘nggi somoniylar hukmdorining bosh tabibi Abu Faysal janoblarining dunyosi esa behisob edi. Oldin chuqur yerto‘lalardagi po‘lat sandiqlar ochildi, ulardagi ganjlar, nodir oltin buyumlar ketdi, keyin zeb-ziynatlar, noyob uy jihozlari, ipak gilamlar, billur idishlar, tilla va kumush qandillar, shamdonlar, ot-aravalar bozorga chiqdi, keyin ikki oshyonali niliy qasr, qasrdan keyin xiyobonlariga kumush favvoralar o‘rnatilgan behudud bog‘, bog‘dan keyin qasr oldidagi otxonalar, otxonalardan keyin molxonalar!.. Qo‘ldan ketgan bu behisob boylik bilan birga Abu Shilqim ham yuqoridan pastga qarab yumalab tushaverdi: ikki oshyonali niliy qasrdan xizmatkorlar uyiga ko‘chib o‘tdi, undan bog‘dagi shiyponga, shiypondan otxonaga, otxonadan molxonaga… Axiyri bir kun ko‘zini ochib qarasa… bog‘ etagidagi xaroba bir kulbada yotibdi? Na ichishga may qolgan, na yeyishga bir burda non! Egnida gadolar ham jirkanadigan eski chopon, tagida uvada namat, qolgan bitta-yarimta sandiq va qo‘tichalarda hech vaqo yo‘q, mog‘orlab ketgan qandaydir giyohlar, mayda-chuyda shishachalarga solingan allaqanday sassiq suyuqliklar! Yonida na onaizori bor, na hamtovoq yor-birodarlari va na aka-ukalari. Bari uni tark etgan, to‘g‘rirog‘i, Abu Shilqim o‘zi hammasini kafangado qilib tariqday sochib yuborgan edi!

      Ne chora? Boshga tushganni ko‘z ko‘rar ekan. Tirikchilik – tirriqchilik ekan! Abu Shilqim yig‘lab-siqtab, yor-birodarlaridan egniga bitta to‘n, boshiga bitta dastor, tagiga qirchang‘i bir eshak so‘rab oldi, otasidan qolgan-qutgan giyohlarni, suyuqliklar solingan shishachalarni xurjunga joylab, tabib Abu Halim ibn Faysal nomi bilan sahronishinlar ovullarini kezib ketdi… Shu-shu, birda och bo‘lsa, birda to‘q, birda shohu birda gado, yillar o‘tdi. Yuziga ajin, soch-soqoliga oq oraladi. U taqdirga tan berib, boriga shukur qiladigan bo‘ldi. Faqat bir narsa ba’zi-ba’zida tinchini buzib, yuragini tuz sepganday achitar, u ham bo‘lsa, yana o‘sha eski raqibi Abu Ali edi!

      Abu Shilqim goho-goho biror sabab bilan dongdor hakimlar yoxud xorijiy sayyohlar majlisiga kirib qolgudek bo‘lsa, aksar hollarda yana o‘sha, bir mahallar kitobdorlar va giyohvandlar do‘konlarida ivirsib yurguvchi yosh tabibning nomi tilga olinar, cheksiz hurmat va iftixor bilan tilga olinardi! Emish, go‘yo bu xayolparast tabib tibbiyot bobida tengsiz alloma bo‘lgan emish, ajaldan boshqa neki kasal bo‘lsa, hammasiga davo topar emish! Go‘yo «Qonun» degan bir kitob bitgan emishkim, bu kitobni oltinga ham topib bo‘lmas emish!..

      O, bu Ibn Sino! Yoshlik chog‘laridayoq yuragida hasad o‘tini yoqib, halovatini buzgan, tinch, beg‘ubor hayotini raqobat og‘usi bilan zaharlagan Ibn Sino!

      … Abu Shilqim ibn Shahvoniy peshonasini devorga gurs-gurs urib, yana yer tirnashga kirishdi. Shu payt to‘satdan G‘aznaga kelib, bu zindonga tushishga sabab bo‘lgan g‘aroyib bir voqea esiga tushdi, tushdi-yu, o‘zi ham sezmagan holda yana xayol daryosiga sho‘ng‘idi.

      … Bu g‘aroyib voqeaning sodir bo‘lganiga mana o‘n yildan oshdi. Xuddi hozirgiday ilk bahor edi. Abu Shilqim, tagida xachir, egnida ko‘k movut to‘n, boshida yangi simobiy salla – bu mahalda u Buxoro tevaragidagi qishloqlarda ancha-muncha ixlosmandlar orttirib, qorni to‘ygan, qirchang‘i eshagini xachirga, eski choponini ko‘k movut to‘nga almashtirgan edi! Hurmiton bozori qaydasen, deb yo‘lda yo‘rtib borardi.

      Hurmiton – Buxoro asilzodalari, arkoni davlat va arkoni harb, vazir-u vuzaro, a’yon-u boyonlarining yozgi qarorgohi. Ayniqsa qafasday tor shahar hovlilariga o‘rganolmagan turkiy beklar Hurmiton tevaragidagi bepoyon dashtlarni xush ko‘rishar, ko‘klam chiqishi bilan mol-mulklarini tuyalarga ortib, turnaqator bo‘lib qir va adirlarga ko‘chib chiqishar edi. Bu payt Hurmiton bozorlari ham gullab ketar, Xuroson-u Shosh, Tolos va Oloy tomonlardan boy karvonlar azim daryoday oqib kelardi!

      O‘sha kuni, turkiy beklar ovulida tabiblik qilib, xurjunining ikki ko‘zini in’omlarga to‘ldirib olgan Abu Shilqim xushnud kayfiyatda Hurmiton anhori bo‘yidagi bir karvonsaroyga kelib tushdi. Anhor sohili gavjum, oshxonalarda kabobpazlar kabob pishirar, somsapazlar somsa, novvoylar non yopishar, qovurilgan piyoz va go‘sht, issiq non va qalampir hidi dimoqqa gup-gup urardi. Anhor bo‘yidagi gilam to‘shalgan so‘rilarda zarbof va kimxob to‘nli asilzodalar, kalondimog‘ tijorat ahli yonboshlab yotar, yo‘qsillar, darveshlar, juldur chopon gadolar esa quyiroqdagi ko‘m-ko‘k o‘tloqlarda to‘p-to‘p bo‘lib o‘tirishar, har kim topganini o‘rtaga to‘kkan edi… Abu Shilqim xachirini bir chetga tushovlab, zodagonlardan pastroq, gadolardan yuqoriroq bir so‘ridan joy oldi-da, bir kosa qimiz bilan ikki six kabob so‘radi.

      U sopol kosadagi qimizni bir ko‘tarishda bo‘shatib, kabobga kirisharkan, quyiroqda o‘tirgan, chap ko‘zi ko‘r bir darvesh yolg‘iz ko‘zini unga o‘qdek qadab, tikilib-tikilib qarayotganini payqab qoldi. U nechundir yuragi «shuv» etib, ko‘zini ko‘r darveshdan olib qochdi. Biroq ko‘r darvesh darhol o‘rnidan turdi-da, ro‘parasiga kelib, ta’zim bajo keltirdi:

      – Assalomu alaykum, hakimi davron… Abu Ali ibn Sino hazratlari!

      Abu Shilqim og‘zi ochilganicha darveshning cho‘g‘day yongan yolg‘iz ko‘ziga hayrat bilan tikildi.

      – Hakimi davron… Ibn Sino? Sen faqirni boshqa birovga o‘xshatding, darvesh!

      – Muborak nomingizni yashirmoqdan ne foyda, taqsirim?– dedi ko‘r darvesh, negadir ovozini pasaytirib.–Bundan bir yil muqaddam kamina sizni Isfahonda, amir Alouddavla davrasida ko‘rganmen. Isfahon ahli sizga sajda qilib, tabarruk jubbangiz etaklarini o‘pganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganmen!… Nechun o‘z eldoshlaringizni bu saodatdan benasib qilasiz, taqsirim?

      «Yopiray! Bu telba darvesh ne deydi? Murodi ne buning?»

      – Hozir ahli mo‘minni ogoh qilamen, toki ahli imon yaxshi dor-u darmonlaringizdan bahra olsin, xastalar davo topsin!

      Yuragi orqasiga tortib ketgan Abu Shilqim, «hoy-hoy», deguncha bo‘lmadi. Ko‘r darvesh kaftlarini og‘ziga karnay qilib:

      – Hoy ahli imon, yaxshilar! – deb xitob qildi. – Eshitmadim demanglar, g‘aflat uyqusida qolmanglar! Allomalar mukammali va hakimlar afzali hazrat Ibn Sino tavallud topgan o‘z yurtiga qadam ranjida qilmish! Kimki bu hakimi hoziqning yuksak kamoli va nurli jamolidan bahra olib, davosiz dardiga davo topmoq istasa – marhamat qilsin!

      – Anhor sohilini to‘ldirgan «ahli imon» birdan «gurr» etib ko‘tarildi-yu, Abu Shilqim bilan ko‘r darvesh tomon yopirildi. Rost, chinor soyasida so‘rilarda yonboshlab