Ko‘hna dunyo. Odil Yoqubov. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Odil Yoqubov
Издательство: SHARQ
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-00-939-4
Скачать книгу
qiyqirg‘i mahbuslar nolasini ko‘mib yubordi. Zum o‘tmay, to‘rt tomondan ko‘tarilgan alanganing qizg‘ish tillari muazzam ibodatxonani ajdaho yanglig‘ yalab, oftobday charaqlagan oltin qubbalarini yamlab yutdi…

      Alanganing mudhish tillari shunday shafqatsiz, olov ichida qolgan muazzam ibodatxonaning yarqirashi shunday… go‘zal ediki, qir yonbag‘ridagi behisob lashkar, go‘yo bu manzaradan sehrlanganday qotib qoldi. Bu sovuq va ulug‘vor go‘zallikka faqat bir narsa xalaqit berar, u ham bo‘lsa qal’a ichidan, yong‘inda qolgan ibodatxona tuynuklaridan eshitilayotgan boyagi hazin kuy, yuraklarni timdalovchi boyagi mungli qo‘shiq edi! Uzoqdan kelayotgan bu hazin qo‘shiqqa endi qandaydir yomon, ko‘ngilni ozdiruvchi qo‘lansa hid ham qo‘shilgan edi. Ajabo: qo‘lansa hid kuchaygan sayin ko‘ngilni vayron qiluvchi bu qo‘shiq ham avjga chiqmoqda, go‘yo yer qa’ridan kelayotgan o‘liklar faryodiday tizginsiz mung bilan yangramoqda edi.

      – Ey, Yaratgan egam! – dedi sulton yuragi uvishib. – Nahot bu majusiylar tiriklayin o‘tda kuyib ketadiki, ammo tiz cho‘kmaydi? Qo‘shiq aytib tiriklayin yong‘uvchi elni birinchi ko‘rishim!

      Sultonning xayolini Beruniyning g‘amgin ovozi bo‘ldi.

      – Yo‘q, bu qo‘shiq emas, amiralmo‘minin! Ellik ming begunoh bandalarning nolasi bu! Ular toat-ibodat ila parvardigori olamga nola qilmish! Gunohimiz ne, deb yig‘la-mish ular!

      – Bas, Abu Rayhon! Takabburlik sabab, tag‘in mubohasaga jazm etdingmi? Men seni ul mutakabbir hakim… Ibn Sinoni topib kel, deb yo‘llagan edim. Sen bo‘lsa uni topib kelmoq o‘rniga… g‘animlarim yonini olib, menday amaralmo‘mininga so‘z qaytarasen! – Sulton shunday deb, qilichini shartta qinidan sug‘urdi-da, boshi uzra ko‘tardi, biroq nogahon biqiniga qadalgan sanchiqdan ingrab yubordi-yu… uyg‘onib ketdi.

      Shiftdagi oltin qandillarga terilgan shamlarning ko‘pchiligi so‘nib qolgan, devorlariga sarg‘ish ipak pardalar tutilgan katta tanobiy xona g‘ira-shira, hamma yoq suv quygandek jimjit edi.

      Sulton go‘yo o‘z xobxonasida emas, sovuq go‘rda yotganday bo‘lib, jismidan sovuq ter chiqib ketdi. Yuragi qoqsuyak ko‘kragini yorib chiqqudek gurs-gurs urar, ko‘z oldida hanuz alanga olgan muazzam ibodatxona turar, quloqlari ostida o‘t ichida qolgan ellik ming mahbusning mungli qo‘shig‘i yangrardi…

      Yo tavba! Unga ne bo‘ldi? Ne sababdan bunday ko‘p yillar muqaddam o‘tgan bu jang-u jadal tushiga kirdi? Allaqachon yodidan ko‘tarilgan bu voqealar nechun qayta yodiga tushdi? Nahot amiralmo‘mininday fotihi muzaffar lashkariga bo‘ysunishdan bosh tortganlarning ta’zirini bermoq gunoh bo‘lsa?..

      Sulton bezillab og‘rigan biqinini silaganicha, uzoq xayolga toldi. Mana, bu dardibedavoga giriftor bo‘lganiga bir necha oy bo‘ldi, shundan beri ko‘ngli notinch, joni behalovat, kechalari yomon tushlar ko‘rib, vahima bosadi. Nechundir ezgu ishlari, qurgan qasrlari, yaratgan bog‘lari, barpo qilgan machit va maqbaralari emas, janglar suroni-yu otlar dupuri, kesilgan boshlar, dorda chayqalgan murdalar, yong‘inda qolgan shaharlar yodiga tushadi. Miyasida ilgari hech qachon o‘ylamagan yomon o‘ylar charx uradi…

      Yo rab! Ul kimsan sulton Mahmud hindlar yurtiga o‘n yetti marotaba yurish qilib, bunday vahshiylikka yo‘l qo‘ymagan edi. Rost, o‘rmonga o‘t ketsa ho‘li-quruq barobar yonadur, deganlaridek, yurishlar talofatsiz bo‘l-mag‘on, lekin bunday qatl-u qirg‘inlar… Yo‘q, bunday qirg‘inlarga yo‘l qo‘ymag‘on erdi sulton Mahmud. Bas! Shundoq erkan, qarigan chog‘ida qaydan keldi bul mudhish tushlar? Qaysi gunohlarim uchun bul vahima, bul qorong‘u tushlar?

      Uning yurishlarida yo‘ldosh bo‘lg‘on Abu Rayhon Beruniy qayda? Bugun ham, tongla mahsharda ham ul aytsin bor haqiqatni!

      Ha, buning hammasiga mana shu dard, uch-to‘rt oydan beri yopishib olgan mana shu davosiz dard sabab. Rost, so‘nggi kunlarda Chin14 va Hind mamlakatlaridan keltirilgan ikki hakimning qilgan muolajasi yoqib, biqinidagi og‘riq xiyol bosilgan, har oqshom yuragini chulg‘ab olguvchi sovuq tavahhum sal ko‘tarilgan edi. Kecha hatto sodiq vaziri Abul Hasanakka aytib, saroy mutriblarini chaqirtirgan va ozgina ko‘ngilxushlik ham qilgan edi. Bazmdan keyin esa erkatoy vaziri Abul Hasanak yoshlik paytlarini eslab, sultonning yuragini qitiqlovchi bir gapni qo‘zg‘ab qoldi.

      Go‘yo Buxoro hokimi Aliteginning suyukli kenja xotini sultonning visolini ko‘rish ishqida yonib, tun-u kun motamda emish!

      Sulton Aliteginning bu kenja xotinini bundan uch-to‘rt yil muqaddam, Buxoroga yurish qilganida asir tushirib olib ketgan, biroq o‘zini ko‘rmagan, ko‘rishga hushi ham yo‘q, uni tutqunda saqlashdan maqsad esa – betavfiq Aliteginni cho‘g‘day qovurish edi, xolos. Lekin kechasi Abul Hasanak sultonning ishqida yongan bu xotinni shunday ta’rif-u tavsif qildiki, sulton ham nogahon qitig‘i qo‘zib, avval may buyurdi, so‘ng, ishq o‘tida yongan malakni ko‘rish istagini bildirdi.

      Osmon malikasi qasrining eng xilvat burchagida sultonning maxfiy go‘shasi bo‘lar, go‘sha devorlari «Alfiyashalfiya»15 dostonidan ko‘chirilgan hayosiz suratlar, yalang‘och ayol va erkak sevgisini tasvirlovchi rangdor rasmlar va hind poshsholari qasrlaridan olib chiqilgan yalang‘och sanamlarning oltin haykalchalari bilan bezatilgan edi. Odatda, haram bekalari in’omga kelgan yosh ma’sumalarni hammomga solishib, pardoz-andozlarini joyiga qo‘ygach, shu go‘shaga olib kirishar, bu hayosiz suratlar yosh go‘zallarda shahvoniy hirs uyg‘otib, ularni sultonning zinosiga «shay qilib» qo‘yardi. Rost, so‘nggi yillarda, payg‘ambar yoshidan o‘tib, taqvodorlikni ixtiyor etgan sulton maxfiy go‘shani taqa-taq berkitgan edi. Biroq kecha uning kutilmagan istagidan quvonib ketgan haram bekalari maxfiy go‘shani o‘zlaricha ochtirib, Buxoro malagini shu yerga olib kelishibdi.

      Qisqasi, sulton yelkasida yengil banoras to‘n, beliga oltin kamar, beholgina odimlab, maxfiy go‘shaga kirganida… Buxoro sanami, oppoq durkkun tanasini hayosizlarcha ochib, qat-qat ipak to‘shak ustida chalqancha tushib yotardi. Uning ko‘zlari yumuq, harir guldor ro‘moli orasidan toshib chiqqan mayin qo‘ng‘ir sochlari yerdagi qirmizi gilamda betartib sochilgan, o‘zi esa, xuddi otash ichida qovurilayotganday to‘lg‘anar edi.

      Sulton ostonani hatlab o‘tishi bilan sanam sapchib turdi, gilamga tiz cho‘kib, uning oyoqlarini quchdi-da, tizzalarini, sonlarini silashga tutindi. Sulton ham suyulgan qoni birdan ko‘pirib, sanam tomon egildi. Biroq xuddi shu payt, Buxoro malagining cho‘g‘day issiq tanasiga qo‘li tekkan payt, so‘nggi kunlarda tinchib qolgan qornidagi «tipratikon» go‘yo to‘satdan «uyg‘onib» ketdi-yu, og‘riqning zo‘ridan bo‘kirib yubordi.

      Sultonning na’rasini eshitib, avval Abul Hasanak, uning ketidan ranglari quv o‘chgan haram bekalari yugurib kirishdi…

      Mana, shundan beri to‘lg‘anib yotibdi, yolg‘iz og‘riqdan emas, notinch o‘ylardan, ko‘rgan tushlaridan, yuragini chulg‘ab olgan sovuq vahima va adolatsizlik tuyg‘usidan to‘lg‘anib yotibdi.

      Yo parvardigori olam! Osiy bandangni o‘zing kechirgaysen! Va lekin… bu neko‘rgilik ekankim, ojiz bandang sulton Mahmud, haq va hidoyat yo‘lida qirq yil suron solib, mashriqdan mag‘ribgacha neki majusiylar bor, barchasini qatli om qilsa, poyqadami yetgan el borki, hamma yerda osoyishtalik o‘rtansa, bu yo‘lda unga qirq yil zafar ustiga zafar keltirsangu endi, rohat-farog‘atda kun kechirmoq mavridi kelganda, uni bu bedavo dardga mutbalo qilsang? Hayhot! Agar bu dard chindan ham bedavo bo‘lsa, unda amiralmuslimin atalmish gunohkor bandangning qirq yillik toat-u ibodatidan ne foyda? Nahot bu butkul ro‘yi zaminni zabt etib, behisob boyliklar orttirganida, o‘z dorussaltanati G‘aznai munavvarani jahonda eng ko‘rkam shaharga aylantirib, unda o‘nlab machitlar go‘zallikda benazir jannatmonand bog‘lar yaratganida, Osmon malikasi kabi qasrlar qurib, ularni hech bir shoh ko‘rmagan zeb-u ziynatlar bilan bezatganida… nahot oxir-pirovardida topgani bu bedavo dard bo‘lsa? U o‘z haramiga Chin va Misr, Hindiston va Rumdan husnda yagona huriliqolarni yig‘dirsa, raqsda tovusdek tovlanguvchi go‘zal raqqosalar, bulbul yanglig‘ xushovoz xonanda va sozandalar, nomi olamga ketgan malikul kalom va vohidi zamon allomalarni to‘plasa!.. Bu ne’matlarning hammasini o‘zing in’om etsangu tag‘in o‘zing hammasidan benasib


<p>14</p>

Chin – Xitoy.

<p>15</p>

«Alfiya shalfiya» – Sharqning mashhur erotik dostoni.