– Sabab? – surishtirdi juhud yasama kulgi bilan.
– Negaki, hukumat sizga o‘xshagan har qanaqangi ko‘ppakdan ham razilroq odamlarning hayotiga g‘amxo‘rlik qiladi-yu, lekin odamga istagan paytida itlarni o‘ldirishga ruxsat beradi, – javob berdi Sayks ma’nodor bir qiyofada pichog‘ini buklab yoparkan. – Sababi ana shunda.
Juhud qo‘llarini ishqab, stol yoniga o‘tirar ekan, o‘z oshnasining haziliga javoban zo‘rma-zo‘raki iljaydi. Ammo-lekin allanechuk bo‘lib ketgani yaqqol ko‘rinib turardi.
– Mayli-mayli, irshayavering! – so‘zini davom ettirdi Sayks kosovni joyiga qo‘yib, unga yeb qo‘yguday darg‘azab o‘qrayib qararkan. – O‘ylamang, ikki dunyoda mening ustimdan kulish nasib qilmaydi o‘zlariga, mabodo, dorda irshayishlarini hisobga olmagan-da. Joningiz mening qo‘limda, Fedjin, bor-di-yu, qo‘ldan chiqarib yuboradigan bo‘lsam, kafansiz ketay. Ha, shundoq! Men ilinadigan bo‘lsam – siz ham ilindim deyavering. Shundoq bo‘lgach, menga ehtiyotroq muomala qiling.
– Ha, ha, azizim, shunday, – dedi juhud, – bari menga besh qo‘lday ayon. Bizni… bizning manfaatlarimiz bir, Bill, manfaatlarimiz bitta…
– Hm… – to‘ng‘illadi Sayks, go‘yo hamma manfaatlarimiz ham bir emas, degan ma’noda. – Xo‘sh, nima gapingiz bor edi menda?
– Barini xamirdan qil sug‘urganday eson-omon tinchitdik, – javob berdi Fedjin, – sizning ulushingizni olib keldim. Sizga tegadiganidan ko‘ra ko‘proq, azizim, lekin kelasi safar meni ranjitmasligingizni bilganimdan keyin…
– Safsatani bas qiling! – sabrsizlik bilan uning gapini bo‘ldi o‘g‘ri. – Qani u? Cho‘zing bu yoqqa!
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.