– Nima kerak? – deya javob berdi birov past va zaif tovush bilan.
– Bu yerda bir bolakay yo‘qmi? – so‘radi Nensi oldindan xo‘rsinib olib.
– Yo‘q! – javob qildi mahbus. – Xudo saqlasin!
Bu sibizg‘a chalmagani uchun – boshqacha qilib aytganda, ko‘cha-ko‘yda tilanchilik qilib yurgani va tirikchiligini o‘tkazmoq uchun hech nima qilmay sandiroqlab yurgani uchun – qamoqqa hukm etilgan oltmish besh yashar sayoq edi. Qo‘shni kamerada beijozat uyma-uy qalayi kostryulka sotib yurgani – bo‘lakcha qilib aytganda, soliq to‘lashdan qochib, tirikchilik o‘tkazish uchun nimadir qilgani vajidan xuddi o‘sha turmaga jo‘natiladigan odam o‘tirardi.
Bu jinoyatchilardan hech qaysisi Oliver deb so‘ralganida javob bermagani va uning to‘g‘risida hech nima bilmagani sababli Nensi bevosita yo‘l-yo‘l nimchali soddadil cholga murojaat etdi va nola-yu fig‘on bilan – qo‘lidagi savat bilan kalitni mohirona yulqib-silkitganidan uning afg‘oni ayniqsa mahzun chiqayotgandi – ukajonisini talab qildi.
– Bu yerda yo‘q u, azizam, – dedi chol.
– Qayoqda bo‘lmasa? – chinqirib yubordi Nensi.
– Uni anavi jentlmen olib ketdi, – javob berdi chol.
– Qanaqa jentlmen? Voy Xudoyim-ey! Qaysi jentlmen? – chiyilladi Nensi.
Chol vahima bosgan «opa»ning bu majmag‘il savoliga javoban Oliverni sudyaning xonasida mazasi qochib qolganini, uni oqlaganlarini, negaki, bir guvoh bergan shohidlikka qaraganda go‘yoki o‘g‘rilikni u emas, balki qochib qutulib qolgan boshqa ikki bola qilganini va da’vogarning hushidan ketgan Oliverni uyiga, o‘z uyiga olib ketganini gapirib berdi. Bu uy xususiga kelganda Nensining suhbatdoshi u qayerdadir Pentonvilda ekanligini bilar ekan, xolos; bu so‘z izvoshchiga buyruq berayotganlarida cholning qulog‘iga chalinib qolgandi.
O‘zini yo‘qotib qo‘yayozgan va bag‘oyat iztirobga tushgan yosh juvon kalovlangancha darvozaga qarab surgalib bordi, so‘ngra hurkak odim tashlashdan yugurishga o‘tib, qo‘lidan kelganicha alkash-chalkash yo‘l-u ko‘chalardan juhudning uyiga yetib keldi.
Mister Bill Sayks uning safari hisobotini eshitib bo‘lar-bo‘lmasdan shosha-pisha oq itni chaqirdi-yu, qolayotganlar bilan xayr-ma’zur qilishdek rasmiyatchilikka vaqtini sarflab o‘tirmay, shlyapasini boshiga qo‘ndirgancha zing‘illab chiqdi-ketdi.
– Azizlarim, uning qayerdaligini bilishimiz shart… Uni topishimiz zarur! – dedi juhud haddan ziyod hayajon-la. – Charli, sen hozircha hech nima qilmay tur, toki u to‘g‘risida biron darak topmaguningcha hamma yoqni izg‘ib chiq. Nensi, azizam, uni qanday bo‘lmasin topishim kerak. Senga butunlay inonaman, azizam, sen bilan Tullakka! Shoshmanglar, shoshmanglar, – qo‘shib qo‘ydi juhud titrayotgan qo‘llari bilan stol g‘aladonini ochayotib, – mana sizlarga pul, azizlarim. Men buguncha do‘konni yopa turaman. Meni qayerdan topishni o‘zlaring bilasizlar! Qani, biron daqiqayam fursatni boy bermanglar. Biron lahzaniyam, azizlarim!
U shu so‘zlar bilan yoshlarni xonadan itarib chiqarib, qulf kalitini ikki marta burab, eshik lo‘kidonini surib qo‘ygach, Oliver bexosdan ko‘rib qolgan qutichani xufiya joydan oldi. Keyin hovliqib soat-u qimmatbaho buyumlarni qo‘yni-qo‘njiga yashira boshladi.
Shu asnoda eshikning taqillashi uni cho‘chitib yubordi va bu yumushidan chalg‘ishga majbur etdi.
– Kim u? – deya qichqirdi u naq quloqni teshgudek.
– Men! – kalit solinadigan teshikdan Tullakning ovozi eshitildi.
– Ha, nima deysan yana? – baqirdi juhud toqatsizlanib.
– Nensi so‘rayapti, u qayoqqa olib kelinadi – boshqa uygami? – surishtirdi Tullak.
– Ha! – javob qildi juhud. – Qidiringlar uni, izlab topinglar, gap tamom! U yog‘iga nima qilishimni o‘zim bilaman. Qo‘rqmanglar!
Bola, tushundim, degandek g‘o‘ldirab, o‘rtog‘i ketidan yugurdi.
– Hozircha u sotgani yo‘q, – dedi juhud boyagi yumushiga kirisharkan. – Bordi-yu, yangi oshnalariga biz to‘g‘rimizda valdirash xayolida bo‘lsa, giribonidan olishga ulguramiz hali.
O‘N TO‘RTINCHI BOB
OLIVERNING MISTER BRAUNLOUNIKIDA BO‘LISHI TAFSILOTINING DAVOMI, SHUNINGDEK, BIR TOPSHIRIQNI ADO ETMOQQA OTLANGAN OLIVER XUSUSIDA MISTER GRIMUIG DEGAN KIMSANING LOL QOLARLI BASHORATI HAQIDA
Mister Braunlouning pinhoniy xitobidan keyin hushidan ketgan Oliver tezda o‘ziga keldi, keksa jentlmen bilan missis Beduin endi surat to‘g‘risida gap ochmaslikka tirishdilar: suhbat davomida Oliverning na o‘tmishi, na yaqin kelajagi og‘izga olinardi, faqat uni yupatib, xursand qiladigan-u, ammo aslo hayajonlantirmaydigan narsalar ustidagina gap borardi. Oliver hali o‘rnidan turib, nonushtaga tushishga zaiflik qilardi, biroq shunga qaramay ertasi kuni ro‘zg‘orboshining xonasiga tushib, avvalo sabrsizlik bilan go‘zal xonimning chehrasini yana bir bor ko‘rish umidida devorga nigoh tashladi. Ammo uning umidi puchga chiqdi – suratni olib qo‘yishgandi.
– E, gap bu yoqda degin! – dedi ro‘zg‘orboshi Oliverning nigohini kuzatib. – O‘zing ko‘rib turganingday, uni opchiqib ketishdi.
– Opchiqib ketishganini ko‘rib turibman, xonim, – javob berdi Oliver. – Uni nimaga opqo‘yishdi?
– Uni, bo‘talog‘im, mister Braunlouning gapicha, seni bezovta qilgani uchun olib qo‘yishganmish. Bilasanmi, tag‘in u tuzalib ketishingga xalaqit bersa nima bo‘ladi? – dedi keksa xonim.
– Yo‘q-yo‘q, rosti bilan! Hecham meni bezovta qilgani yo‘q, xonim, – dedi Oliver. – Uni tomosha qilish judayam yoqqandi menga. Judayam yaxshi ko‘rib qoldim uni.
– Voy bolam-a! – dedi keksa xonim. – Bo‘talog‘im, ishqilib tezroq tuzalib ket, ana o‘shanda suratni ilgarigi joyiga osib qo‘yishadi. Senga so‘z beraman! Endi kel, boshqa biron narsa to‘g‘risida gaplashaylik.
Oliver o‘sha paytda surat haqida olishga muvaffaq bo‘lgan ma’lumotlarning bori mana shundangina iborat. O‘sha kezda u bu to‘g‘rida o‘ylamaslikka tirishardi, sababki, keksa xonim kasal paytida unga judayam mehribonlik ko‘rsatardi: u kampirning yoqimtoy va ajoyib odamga tekkani, qishloqda turadigan mehribon va suluv qizi to‘g‘risidagi, Vest Indiyada bir savdogarga gumashtalik qiladigan, xuddi qizi singari benuqson-u bejirim, yiliga to‘rt marta (kampir buni eslaganining o‘zidayoq ko‘zidan yosh chiqib ketardi) xat yozib turadigan o‘g‘li haqidagi so‘ngsiz-nihoyasiz hikoyalarni jon qulog‘i bilan tinglardi. Keksa xonim o‘z bolalarining ajoyib xislat-u fazilatlari ustida shunaqangi eshilib, og‘zidan bol tomib, shuningdek, o‘z saxovatli, yoqimtoy eri – roppa-rosa yigirma olti yil muqaddam bandalikni bajo keltirgan mehribon sho‘rlik erining izzatini o‘rniga qo‘yib ta’riflab, uzoq-uzoq hikoya qilardi… Keyin choyxo‘rlik fursati yetardi. Choydan so‘ng u Oliverga kribbedjni27 o‘rgatardi, xonim qandayin osonlik bilan o‘rgatsa, bola shundayin osonlik bilan bilib-anglab olardi o‘yinni; bu o‘yinni ular to bemorga suv qo‘shilgan iliq vino ichirib, yumshoqqina o‘ringa yotqiziladigan fursat yetguniga qadar katta qiziqish va dabdaba bilan o‘ynayverardilar.
Bu baxtli kunlar – Oliverning darddan xalos bo‘lish kunlari edi. Hamma yoq tip-tinch, chinniday top-toza va batartib, hamma shunday mehribon va shirin so‘z ediki, uning nazdida shu kungacha hayoti shovqin-suron, g‘ala-g‘ovur, ur-sur bilan kechganidan keyin xuddi jannatga tushib qolganga o‘xshardi. U kiyina oladigan darajada quvvatga kirishi bilanoq, mister Braunlou yangi kamzul-ishton, yangi shlyapa va yangi boshmoq sotib olishlarini buyurdi. Eski kiyimlarini nima qilish o‘zining ixtiyorida ekanini Oliverga aytishganida, u narsalarini kuyib-pishib mehr-oqibat