Bir kuni kechqurun, surat hangomasidan taxminan bir haftacha o‘tgach, Oliver missis Beduin bilan suhbatlashib o‘tirganida, mister Braunlou odam kiritib, agar Oliver Tvist o‘zini yaxshi his qilayotgan bo‘lsa, uni o‘z xonasida ko‘rish va u bilan picha gaplashish istagi bor ekanini aytib, bolani chaqirtirib qoldi.
– Voy Xudoyim, o‘z panohingda asra bizni, o‘zing yarlaqa! Bolajonim, qo‘lingni yuvib ol, innaykeyin, kel, sochingni yaxshilab tarab qo‘yay! – xitob qildi missis Beduin. – E xudovandi karim-a! Seni ko‘rishni istab qolishini bilganimizdami, senga chinnidekkina yoqa kiygizib qo‘ygan, ana unda yap-yangi olti penslikday yaraqlab ketgan bo‘larding-a!
Oliver itoatkorlik bilan o‘zini keksa xonimning ixtiyoriga topshirdi, garchand kampir ko‘ylagining qat-qat burmali yoqasini dazmollab berish uchun vaqt o‘tganidan kuyib-pishib shikva-shikoyat qilayotgan bo‘lsa hamki, shunday zaruriy bezakning yo‘qligiga qaramay bola nihoyatda nozik hamda yoqimtoy ko‘rinardi; shunda kampir uning boshidan-oyog‘igacha bag‘oyat mamnun razm solib chiqarkan, bordi-yu, hatto ilgariroq ogohlantirib qo‘ygan taqdirlaridayam uni bundan ko‘ra chiroyliroq qilish amrimahol ediyov, degan xulosaga keldi. Bu so‘zlar dalda bergan Oliver xona eshigini taqillatdi.
Mister Braunlou kirishga ruxsat etgach, u kitoblarga liq to‘la, derazasi so‘lim bog‘chaga qaragan mo‘jazgina xonada ko‘rdi o‘zini. Derazaga yaqin qo‘yilgan stolning narigi tomonida mister Braunlou kitob o‘qib o‘tirgan ekan. Oliverni ko‘rib, kitobni chetga qo‘ydi-da, stolga yaqinroq kelib o‘tirishni taklif etdi unga. Oliver itoat etarkan, aftidan, insonlarning aqlini peshlash uchun yozilgan shuncha ko‘p kitobni o‘qib chiqadigan odamlar ham bormikin, deganday hayratda qolgandi. Bu narsa hanuzgacha Oliverga qaraganda chandon bora ko‘zi pishgan odamlar uchun ham jumboq bo‘lib kelmoqda.
– Kitoblar juda ko‘p-a, to‘g‘rimi, bo‘tam? – so‘radi mister Braunlou Oliverning yerdan to shiftgacha kitob taxlangan tokchalarga qanday qiziqish bilan tikilayotganini payqab.
– Judayam ko‘p ekan, ser, – javob berdi Oliver. – Buncha ko‘p kitobni sirayam ko‘rmagandim.
– Agar yaxshi bola bo‘lsang, bularning hammasini o‘qib chiqasan, – muloyimgina dedi keksa jentlmen, – muqovani tomosha qilgandan ko‘ra ko‘proq yoqadi bu senga. Darvoqe, hamishayam shunday bo‘lavermaydi, shunaqangi kitoblar ham bo‘ladiki, ichidagisi muqovasi bilan muhrasiga arzimaydi.
– Ehtimol, huv anavi katta, og‘ir kitoblarga o‘xshaganlari o‘shanaqa bo‘lsa kerag-a, ser, – deb qo‘ydi Oliver zarrin muqovali katta-katta jildlarni ko‘rsatib.
– Xuddi shunday bo‘lishi shart emas, – javob qildi keksa jentlmen uning boshini silab, jilmaygan ko‘yi. – Shunaqangi kitoblar ham bo‘ladiki, o‘zi shunaqa og‘ir-u, lekin hajmi xiyla chog‘roq. Aqlli yigit bo‘lishni, kitob yozishni xohlamaysanmi?
– Menimcha, ser, ko‘proq o‘qigim keladi, – javob berdi Oliver.
– Iye! Kitob yozging kelmaydimi hali? – so‘radi keksa jentlmen.
Oliver picha o‘ylab ko‘rib, keyin, undan ko‘ra kitob sotgan ancha yaxshiga o‘xshaydi, dedi: bunga javoban keksa jentlmen yayrab kuldi va gaping chakkimas, deb qo‘ydi. Garchi, buning nimasi chakki emasligiga aqli yetmagan bo‘lsa ham, Oliver suyunib ketdi.
– Qoyil! – dedi keksa jentlmen kulgini bas qilib. – Cho‘chima! Rostki, bironta halol hunarga yoki g‘isht teruvchilikka o‘rgatishning iloj-imkoniyati bor ekan, seni yozuvchi qilmaymiz.
– Tashakkur sizga, ser, – dedi Oliver.
Uning jiddiy javobini eshitib, keksa jentlmen tag‘in xaxolab kulib yubordi-da, tabiiy his-tuyg‘uning g‘alati jihatlari to‘g‘risida nimalardir deb qo‘ydi, biroq Oliver tushunmadi va e’tibor ham bermadi.
– Ana endi, bo‘tam, – gapini davom ettirdi mister Braunlou imkoni boricha mayinroq ohangda, ammo uning chehrasi ayni chog‘da Oliver hali ko‘rmagan jiddiy tus olgandi, – aytmoqchi bo‘layotgan so‘zlarimni jon qulog‘ing bilan tinglashingni istardim. Sen bilan ro‘yi rost gaplashmoqchiman, sababki, talaygina o‘zingdan kattaroqlarga qaraganda ham gapimni tuzukroq tushunishingga iymonim komil.
– O‘, o‘tinaman sizdan, ser, seni haydab yuboraman demang! – xitob qildi keksa jentlmenning jiddiy ohangda so‘zlayotganidan cho‘chigan Oliver. – Yana ko‘chalarda tentirab yurgani quvib chiqarmang meni! Shu yerda qolib, xizmatingizni qilib yurishimga ruxsat eting. Meni yana o‘sha o‘zim kelgan qo‘rqinchli, yomon joyga qaytarib yubormang! Bechora bir bolaga rahmingiz kelsin, ser!
– Bo‘tam, – dedi keksa jentlmen Oliverning nogahoniy va qizg‘in iltijosidan ko‘ngli buzilib, – qo‘rqma, agar o‘zing sababchi bo‘lmasang, seni hech qachon tashlab qo‘ymayman.
– Hech qachon, hech qachon bunday bo‘lmaydi, ser! – uning so‘zini bo‘ldi Oliver.
– Ishonaman, – javob qildi keksa jentlmen. – Seni aslo bunday qiladi deb o‘ylamayman. Yordam bermoqchi bo‘lgan odamlarim meni laqillatib ketgan paytlar ham bo‘lgan, lekin senga ko‘nglim ishonib turibdi, nimaga senga bunchalik dilim chopib qolganini o‘zim ham tushunolmayapman. Butun mehr-u muhabbatimni baxshida qilgan odamlarim lahadda yotishibdi; garchi hayotimdagi baxtiyor hamda quvonchli damlarim o‘shalar bilan birga qabrga kirgan bo‘lsa-da, men o‘z qalbimni g‘urbatga aylantirganim yo‘q va u hamisha ezgu histuyg‘ularim uchun ochiq. Behad g‘am-qayg‘ular bu tuyg‘ularni mustahkamladi, ularni pokladi.
Keksa jentlmen ohista, suhbatdoshidan ko‘ra o‘ziga murojaat qilayotganday ohangda gapirgani, so‘ngra esa jim qolgani boisidan Oliver ham sukutini buzmadi.
– Shunaqangi gaplar! – dedi keksa jentlmen nihoyat picha quvnoqroq ohangda. – Bu gaplarni shuning uchun aytyapmanki, yoshsan, qalbing ham beg‘ubor, men tortgan qayg‘u-alamlar va iztiroblardan xabardor bo‘lganingdan keyin, balki menga yangi ranj-alam yetkazmaslikka harakat qilarsan. Gaplaringga qaraganda, sen yetimsan va birorta ham do‘sting yo‘q: men topishga muvaffaq bo‘lgan ma’lumotlar ham bu so‘zlaringni tasdiqlaydi. Menga o‘zing to‘g‘ringda jamiki narsani gapirib ber: qayerdan kelding, seni kim tarbiyalagan, men seni topgan to‘daga qanday tushib qolding? Agar rostini gapirsang, toki men hayot ekanman, yoningda hamisha do‘sting bo‘ladi.
Xo‘rsiniq va piqillash bir necha daqiqa davomida Oliverning so‘zlashiga xalal berib turdi; keyin o‘zini fermada qanday tarbiyalaganlari, mister Bamblning mehnat uyiga qanday boshlab borgani to‘g‘risida aytib bermoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan paytida esa tashqari eshikni ustma-ust, toqatsizlik bilan taqillatib qolishdi, shunda oqsoch zinapoyadan zipillagancha chiqib kelib, mister Grimuig kelganini xabar qildi.
– Bu yoqqa chiqyaptimi u? – surishtirdi mister Braunlou.
– Ha, ser, – javob berdi oqsoch. – U kishi, uyda yog‘li bulkadan bormi, deb so‘radilar, men, ha, deb javob berganimdan keyin, choy ichgani kelganlarini aytdilar.
Mister Braunlou kulib qo‘ydi va Oliverga qarab, mister Grimuig eski oshnasi ekanini tushuntirdi, bolaga uning o‘zini sal qo‘polroq tutishiga parvo qilmaslikni aytdi, negaki, u aslida nihoyatda olijanob odam, mister Braunlouning bunday deyishga asosi bor ekan.
– Men pastga tusha qolaymi, ser? – so‘radi Oliver.
– Yo‘q, – javob qildi mister Braunlou, – shu yerda qolishingni istardim.
Xuddi shu payt xonaga yo‘gon hassa tayanib, bir oyog‘i sal oqsabroq barvasta keksa jentlmen kirib keldi; egnida moviy frak, yo‘l-yo‘l nimcha, novvotrang dag‘al ip gazlamadan cholvor bilan qo‘njlik, yashil hoshiyali soyaboni, kengbar oq shlyapa. Nimchasi ostidan mayda burmali ko‘ylagi chiqib, undan pastroqda esa uzundan-uzun soatining po‘lat zanjiri salanglab turibdi, zanjirning uchiga bo‘lsa bittagina kalit osib qo‘yilibdi. Oq galstugining uchi apelsindek qilib tugilgan, aftida zohir bo‘lgan tirish-burushlar antiqa, ta’rif-tavsifga bo‘y bermaydigan darajada. So‘zlashayotganda boshini bir tomonga qiyshaytirib, qiya boqish odati bo‘lib, g‘alati bir tarzda to‘tiqushga o‘xshab ketardi. U xonaga kirar-kirmas xuddi shu qiyofada