Mister Grimuig o‘zining har bir bayonotini aynan shu qoyilmaqom ibora bilan xulosalab, shu ibora bilan ta’kidlardikim, bu juda g‘alati ko‘rinardi, xo‘p, ilm-fan hatto jentlmen (agar istasa) o‘z boshini o‘zi yeya oladigan darajaga yetadi ham deya qolaylik, o‘shanda ham mister Grimuigning kallasi shunchalik katta ediki, eng xushchaqchaq, eng abjir odam ham (bordi-yu, qalindan-qalin upa qatlamini mutlaqo hisobga qo‘shmagan taqdirdayam) bir o‘tirishda bu kallani yeb tugatishga umid bog‘lashi amrimahol edi.
– O‘z boshimni o‘zim g‘ajiganim bo‘lsin, ser! – takrorladi mister Grimuig hassasi bilan polni do‘qillatib urgancha. – Shoshmang! Bu qanaqasi bo‘ldi? – qo‘shimcha qildi u Oliverga qarab qo‘yib, ikki qadam orqaga tisarilarkan.
– Bu oldinroq gaplashganimiz yosh Oliver Tvist bo‘ladi, – dedi mister Braunlou. Oliver ta’zim bajo keltirdi.
– Inonamanki, o‘zlari bu o‘sha isitmada alahlab yotgan bolakay demoqchi bo‘lmasalar kerak? – dedi mister Grimuig orqasiga tisarilgan ko‘yi. – Birpasgina sabr qiling! Hech nima demay turing! Shoshmang-chi… – dedi duduqlanib mister Grimuig isitma qarshisidagi har qanday vahimasi barham topib va tantanavor tarzda yangilik kashf etib, – bu o‘sha apelsin yegan bolaning o‘zimi? Mabodo, bu o‘sha apelsin po‘chog‘ini zinapoyaga tashlagan bolaning naq o‘zi bo‘lmasa, ser, o‘z boshimni o‘zim g‘ajiganim bo‘lsin, qo‘shimchasiga buning boshini ham!
– Yo‘q, buning apelsini yo‘q edi, – dedi mister Braunlou kulib. – Bas, yetar! Shlyapangizni qo‘yingda, bu yosh do‘stim bilan suhbatlashing.
– Meni bu masala nihoyatda tashvishga soladi, ser, – dedi serzarda keksa jentlmen qo‘lqopini yechayotib. – Butun boshli ko‘chamizning boshdan-oyog‘igacha apelsin po‘chog‘i sochilib yotadi doim, yana shunisi ham ma’lumki menga, uni muyulishda turadigan jarrohning o‘g‘illari tashlashadi. Kecha kechqurun yoshgina juvon po‘choqni bosib toyib ketib, bog‘imning panjarasi oldida ag‘darilib tushsa bo‘ladimi? O‘rnidan turishi bilan qarasam, juvon jarrohning unsizgina ichkariga imlab turgan qizil fonusiga28 javdirayapti-da. «Kirmang o‘shanikiga! – deb qichqirdim men derazadan. – Qotil u! Yo‘lga qopqon qo‘yadi u!» Illo, bu gapim rost. Bordi-yu, shundoq bo‘lmasa…
Gap shu yerga kelganda jizzaki keksa jentlmen hassasi bilan polni do‘qillatib tushirdi, bu qilig‘i og‘iz bilan aytmagan paytlarida, uning odatdagi iborasi o‘rniga o‘tishini bilishar edi. So‘ngra, hassasini qo‘lidan qo‘ymay o‘tirdi-da, enli lentada osilib turgan dastali buklama ko‘zoynagini rostlab Oliverga to‘g‘rilagandi, bola o‘zi kuzatish nishoniga aylanganini ko‘rib, qizarib ketdi-da, yana bir bor ta’zim qildi.
– Bu o‘sha bola-ya, shundoqmasmi? – dedi nihoyat mister Grimuig.
– Xuddi o‘sha, – javob qaytardi mister Braunlou.
– Ahvoling qalay? – so‘radi mister Grimuig.
– Ancha tuzukman, tashakkur sizga, ser, – javob berdi Oliver.
Mister Braunlou go‘yoki devonavash do‘stining biror yoqimsiz gap aytib yuborishidan xavfsiraganday, Oliverdan pastga tushib, missis Beduinga ayt, choy buyursin, deb tayinladi, bola bajonidil itoat etdi, negaki, mehmonning gap-so‘zlari-yu xatti-harakati uncha yoqmagandi.
– Yaxshi bola, a, to‘g‘rimasmi? – so‘radi mister Braunlou.
– Qaydam, – javob qildi mister Grimuig ijirg‘anibroq.
– Bilmadim deng?
– Ha, bilmayman. O‘g‘il bolalarning hammasi bir go‘r, farqi yo‘q ularning. O‘g‘il bolalarning faqat ikki toifasini bilaman: qiltiriq bolalar, go‘shtdor bolalar, vassalom.
– Xo‘sh, Oliver bulardan qay biriga kiradi?
– Qiltiriqlariga. Bir og‘aynimning o‘g‘li go‘shtdor bola; ular bolalarini juda ajoyib bola deyishadi; boshi yum-yumaloq, ikki yuzi qip-qizil, ko‘zlari chaqnoq. Juda bema’ni bola. Tanasi, qo‘llari va oyoqlari shunaqangiki, kiyimi naq chok-chokidan so‘kilib ketay-so‘kilib ketay deb turadi; ovozi xuddi darg‘alarning ovoziga o‘xshaydi, ishtahasi bo‘lsa bo‘rini yo‘lda qo‘yadi. Bilaman uni! Yaramas bola!
– Bas-bas! – dedi mister Braunlou. – Bu belgi-sifatlar yosh Oliver Tvistga yopishmaydi; binobarin, u jahlingizni qo‘zg‘amasa kerak.
– Rost, unaqangi belgilari yo‘q, – deb qo‘ydi mister Grimuig. – Uniki bundan beshbattar bo‘lishi ham mumkin.
Gap shu yerga yetganda mister Braunlou yo‘talib qo‘ydi, bu, aftidan, mister Grimuigga beqiyos lazzat baxsh etdi.
– Uniki bundan ham beshbattar bo‘lishi mumkin, deyapman, – takrorladi mister Grimuig. – Qayoqdan kelib qoldi u? O‘zi kim? Qanday odam? Isitmalab yotibdi. Xo‘sh, yotsa yotar! Isitma insof-andishali odamlarning alohida imtiyozi emas, shundoqmasmi? Beandisha, bema’ni odamlar ham goho isitmaga chalinadilar, to‘g‘ri emasmi? Men bir odamni bilardim, uni Yamaykada o‘z sohibini o‘ldirgani vajidan dorga osganlar. U olti marta isitmalab yotgan ekan: shu sabab bo‘lib uning gunohidan o‘tganlari yo‘q. Tfu! Safsata!
Gap shundaki, mister Grimuig qalbining eng ichkarigi xilvatxonasida Oliverning qiyofasi va xulq-odobi benihoya darajada yoqimli ekanligini tan olishga moyillik pinhona kurtak yoza boshlagandi; biroq o‘sha kuni topib olgan apelsin po‘chog‘i tufayli betizgin aksligi battar gazak olgandi; bolaning yoqimtoy yoki sovuqligini tan olishga olamda hech bir odam majbur qilolmaydi meni, deya diliga tugib qo‘ygani sababli u do‘sti og‘iz ochib so‘ramasidanoq og‘ziga urib, e’tiroz bildirishga o‘tgandi. Mister Braunlou bu savollardan birortasiga hozircha qanoatlantirarli javob berishga ojiz ekanini, negaki, Oliverning o‘tmish hayotiga taalluqli gaplarni so‘rab-surishtirishni toki bola quvvatga kirgunicha qo‘ya turish niyatida ekanini aytganda, mister Grimuig badxohlik bilan iljayib qo‘ydi. Istehzoli kulimsirab, ro‘zg‘orboshi kechasi, yotar oldidan kumush tovoq-qoshiqlarni ko‘zdan kechirib turadimi o‘zi, deb so‘radi; bordi-yu, u bir kuni ertalab bir-ikkita osh qoshiq yo‘qolganini payqab qolgudek bo‘lsa, unda… tayyormish va hokazo…
O‘z do‘stining antiqa qiliqlarini bilgan mister Braunlou – garchi uning o‘zi ham tajang jentlmen bo‘lsa-da, bu gaplarning bariga ochiqko‘ngillik bilan quloq solib turdi; keyin mister Grimuig choy ustida bulkalarni maqtab iltifot ko‘rsatgani, choyxo‘rlikda ishtirok etgan Oliver ham endi jahldor jentlmendan unchalik xijolat chekmayotgani boisidan hamma ish nihoyatda osoyishta bordi.
– Xo‘sh, Oliver Tvistning hayoti va sarguzashtlari borasidagi mufassal, haqqoniy va mukammal hisobotni qachon eshitmoqchilar? – so‘radi Grimuig mister Braunloudan nonushta tugagach va shu haqda gap ocharkan, Oliverga ko‘z qirini tashlab qo‘ydi.
– Ertaga ertalab, – javob berdi mister Braunlou. – Bu paytda u bilan tanho bo‘lsam degandim. Sen, bo‘tam, ertaga ertalab soat o‘nlarda kirarsan oldimga.
– Ixtiyor sizda, ser, – dedi Oliver. U biroz dovdirabroq javob berdi, sababki, uni mister Grimuigning tikilib turishi xijolatga solib qo‘ygandi.
– Sizga aytadiganim shuki, – shivirladi bu jentlmen mister Braunlouga, – u ertaga ertalab oldingizga kirmaydi. Esankirab qolganini o‘zim ko‘rdim. U sizni aldayapti, qadrdon do‘stim.
– Ont ichishga tayyorman, aldamayapti! – dedi mister Braunlou jo‘shqinlik bilan.
– Agar aldamayotgan bo‘lsa, unda men boshimni g‘ajishga tayyorman… – shunday deya turib hassasi bilan polni do‘qillatib urib qo‘ydi.
– Hayotim bilan kafolot beramanki, bu bolakay aldayotgani yo‘q! – dedi mister Braunlou stolga musht tushirib.
– Men bo‘lsam – boshim bilan, u aldayapti! – javob qaytardi mister Grimuig, shuningdek, u ham stolni mushtladi.
– Ko‘ramiz! – dedi mister Braunlou