Ko‘hna dunyo. Odil Yoqubov. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Odil Yoqubov
Издательство: SHARQ
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-00-939-4
Скачать книгу
esa loaqal ezgu niyat va yaxshi xizmatlarimiz bilan bo‘lsa ham ma’lum ellar yuragidagi bu yomon asoratni yo‘qotmog‘imiz darkor. Faqir sening yurting haqida, Hindiston haqidagi kitobimni shu niyatda yozganmen! Bilib qo‘y, bolam!

      Beruniy buning hammasini allaqanday yonib, ilhom va hayajon bilan gapirdi-yu, birdan holsizlanib boshini yostiqqa tashladi, tashlarkan, dehqonning kaftiday katta, qoramtir kaftlarida shogirdining titroq lablarini his qildi.

      Beruniy ko‘ngli «shig‘» etib, shogirdining yelkasini asta siladi, xayolidan esa negadir: «Ko‘zim tirigida bu sho‘rlikni uylantirib qo‘ymog‘im lozim», degan fikr o‘tdi. Ha, Sadafbibi ikkisini qovushtirib qo‘ysa uzukning ko‘ziga solingan yoqutday yarashmaydimi? Yarashadi! Bir farzandi ikki bo‘ladi, u esa tinchib, bus-butun mutolaa va mushohada daryosiga sho‘ng‘iydi!

      Beruniy ko‘ngliga kelgan bu gapni shogirdiga aytmoqchi bo‘ldi-yu, biroq bir zum o‘ylanib qoldi. Qiziq: u endi, bu ikki yoshni qovushtirish fikri ko‘ngliga kelgandagina sezdi: Sadafbibi, yurish-turishlaridan, so‘zlari, hatto olgan nafasidan ham Jayhun nafasi ufurib turgan bu yoqimtoy qiz unga juda aziz bo‘lib qolgan edi! Yo‘q, yigitlik davridan o‘tib, keksalik manziliga qadam qo‘yganida ko‘ngliga erk bermoq gunohi kabidur! Beruniy o‘z tuyg‘ularini jilovlay oladi. Yuragiga erk berish vaqtidan o‘tgan! Albatta jilovlay oladi! Faqat… bu gapni qo‘z-g‘ashdan oldin Sadafbibidan so‘z olmoq, uning ko‘nglini bilmoq lozim emasmu?

      Beruniy shu qarorga keldi-da, Sabhudan Sadafbibini chaqirib berishni iltimos qildi.

      Zum o‘tmay, eshik tovushsizgina ochilib, Sadafbibi kirib keldi. Ma’yus quralay ko‘zlarida allaqanday hadik, qiz harir ipak durrasi bilan yuzining bir tomonini xayol yashirganicha Beruniyning yoniga kelib o‘tirdi… Beruniy yuragidagi hayajonni bosish uchun yana sharbat to‘la ko‘zaga qo‘l cho‘zdi.

      – Bibim, kamina bir narsani niyat qilgan edim, shu niyatimni aytgani chaqirtirdim seni!

      Sadafbibidan sado chiqmadi. U go‘yo sovuq xabar eshitishdan qo‘rqqanday rangi o‘chib, o‘tirgan joyida haykalday qotib qoldi.

      – Bibim! – Sen qizim bo‘lsang, Sabhu mening o‘g‘lim. Mana o‘y yildirki, Sabhu faqirga xizmat qiladi. Ko‘p oliyjanob, yaxshi yigit ul…

      Beruniyning so‘zi bo‘g‘zida qoldi. Sadafbibi to‘satdan yuzini kaftlari bilan yashirib, piq-piq yig‘lab yubordi.

      – Senga ne bo‘ldi? Nechun yig‘laysen, bibim?

      – Ustod! – dedi Sadafbibi yig‘i aralash. – Men… men sho‘rlikka rahm qiling! Diydoringizni ko‘rmoq baxtidan judo qilmang meni, judo qilmang!

      Sadafbibi shunday deb, boshini egdi-yu, yuzini Beruniyning kaftlariga yashirdi.

      Beruniy qizning boshini silamoqchi bo‘lib, qo‘lini ko‘tardi, biroq bunga kuchi yetmaganday qo‘li «shilq» etib tushdi-yu, birdan holsizlanib o‘zini yostiqqa tashladi.

      Uchinchi bob

      Amiralmo‘minin sulton Mahmud ibn Sabuqtegin G‘aznaviy ko‘kragi tilla tasmalar bilan ziynatlangan jangovar fil yelkasida, tepasiga ipak soyabon tutilgan oltin taxtda o‘tiribdi. Fil atrofini arg‘umoq o‘ynatgan lashkarboshilar, amirlar, vazir-u vuzaro qurshab olgan.

      Qalin chakalakzor bilan qoplangan qir etagidan keng o‘zan o‘tar, o‘zanning u yuzidagi tepalikda atrofi baland devor bilan qurshalgan muazzam qal’a ko‘rinardi. Qal’a ichida esa, yuksak peshtoqlari falakka qadalgan, uchlik qubbalari sof tilla bilan naqshlangan g‘aroyib bir ibodatxona yal-yal yonib, ko‘zni olar, yo‘q bu ibodatxona emas, arshi a’loga bo‘y cho‘zgan bir mo‘jiza edi!

      Sulton turgan qir ham, pastdagi soy ham, soyning u yuzidagi tepalik ham – hamma yoq hisobsiz lashkarga to‘lgan, u yoqdan bu yoqqa ot surgan suvorilar hayqirig‘i, qurol-yarog‘larining sharaq-shurug‘i, otlar dupuri, jangovar fillar na’rasi yer-u ko‘kni larzaga solgan. Lekin sultonning qonini jo‘shtirgan bu yoqimli suronni hazin qo‘shiqqa o‘xshash bir ovoz buzib turar, bu – qal’adagi muhtasham ibodatxonaga berkinib, ibodat qilayotgan mahbuslar ovozi edi. Yurakni zir titratguvchi bu hazin qo‘shiq tobora avjga chiqib, sultonning yuragiga g‘uluv solmoqda edi…

      Yo tavba! O‘zanning bu yuzidagi ulkan shahar kecha bir hamla bilanoq taslim bo‘lgan. Ana, qarorgoh tevaragidagi qalin chakalakzorlarda qo‘llariga kishan urilgan hind sarbozlari to‘p-to‘p bo‘lib yotibdi. Ularning qurol-yarog‘lari tog‘-tog‘ bo‘lib uyulgan, jangovar fillari esa sulton qo‘shinlariga xizmat qilmoqda, lekin bu muazzam qal’a hamon taslimdan bosh tortmoqda. Bu yurish chog‘ida o‘nlarcha shaharlarini bir hamla bilan zabt etgan sultonning muzaffar qo‘shinlari esa bu qal’a ro‘parasida ojizlik qilmoqda, ne-ne qal’a devorlariga yetgan narvonlar bu qal’aning osmono‘par devorlariga yetmayapti, boshqa qal’alarni qog‘ozday teshgan arrodalar bu qal’aning metin devorlariga «tishi» o‘tmay turipti. Ulardan otilgan toshlar qal’a devorlariga tegib, bamisoli koptokday qopchiydi… Bu ne hol? Nahot ne-ne shaharlarni bir hamla bilan tiz cho‘ktirgan sultoni muntasirning13 muzaffar qo‘shini bu qal’a uchun tag‘in bir necha kun jang qilsa?

      Sulton Mahmud erka vaziri Abul Hasanak tutgan tilla qadahni bir ko‘tarishda sipqarib, yelkasi osha osmonga otdi. Oltin qadah havoda mo‘jaz qushchaday yarqirab, yerga tushdi-yu, musaffo jaranglab, o‘siq maysalar orasiga yumalab ketdi. Sulton novcha bo‘y-bastini rostlab, hammasi bir xil qora arg‘umoqlarini o‘ynatib turgan lashkarboshilarga yuzlandi, qahrli qisiq ko‘zlari o‘tday chaqnab:

      – Amir Nushtegin! – deb na’ra tortdi.

      Surmarang sallasiga amirlik nishoni qadalgan yo‘g‘on, chorpahil lashkarboshi ostida yer depsingan qora arg‘umog‘ini niqtadi. O‘rgatilgan arg‘umoq qasir-qusur bostirib kelib, fil ro‘parasida cho‘kkaladi. Amir Nushtegin esa, egardan tushmay, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi:

      – Oftobi olamning xizmatiga muntazirmen!

      – Muntazirsen! – dedi sulton achchiq kinoya bilan. – Ikki kundirki, kichik bir qal’ani zabt etolmay ovorasen! Shahar taslim bo‘lmasa ne qilmoq darkor, amir Nushtegin?

      – O‘t qo‘ymoq, oftobi olam!

      – O‘t qo‘ymoq bo‘lsa nechun qo‘ymaysen? Nechun?

      «O‘t» so‘zini eshitganda yaqindagi chakalakzorda g‘uj bo‘lib yotgan, hammasi bir xil sariq ko‘ylak, bir xil sariq ipak shalvar kiygan qora tanli hind zodagonlari orasida g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi. So‘ng chehrasidan allaqanday shuur yog‘ilib turgan allomanamo bir kimsa davradan otilib chiqdi-da, oppoq boshini egib, bir nimalar deb iltijo qildi. Sulton atrofiga olazarak boqib:

      – Bu majusiy ne deydi? Abu Rayhon qayda? – deb so‘radi. Chakalakzor orasidagi havorang chodirdan ko‘k banoras to‘n kiyib, boshiga oq salla o‘ragan, kaltagina uchburchak soqoli uzunchoq qoramtir yuziga yarashib tushgan novcha bir alloma chiqib, sipolik bilan bosh egdi.

      – Yaqinroq kel, Abu Rayhon! Bu g‘ayridinning so‘zini eshit! Arzi ne – senga so‘zlasin, sen bizga so‘zla!

      Beruniy ot tuyoqlari ostida ezilgan qalin maysalarni ship-ship bosib nuroniy cholning yoniga keldi, boshini osiltirganicha mo‘ysafidning hayajonli, palapartish so‘zlarini eshitdi.

      – Bu bandayi ojiz sizday amiralmo‘minindan mehri shafqat tilaydi! Deydikim, bu qasrda ellik ming g‘arib-u g‘urabo yig‘ilgan!

      – G‘arib-u g‘urabo! – dedi sulton ovozi momaqaldiroqday qaldirab. – G‘arib-u g‘urabo bo‘lsa… nechun lashkari muzaffarga qarshilik qiladi? Nechun taslim bo‘lmaydi?

      – Oftobi olam! Qal’a ahlining aksari ojizalar emish, begunoh norasidalar emish, chollar emish, davlatpanoh!

      Beruniy so‘zini tugatmagan ham ediki, boyagi nuroniy chol yuztuban yiqilib, qo‘llari bilan yer tirnashga kirishdi. Beruniy «yalt» etib yuqoriga, fil yelkasida oyoq kerib turgan sultonga qaradi, beixtiyor oldinga talpinib:

      – Olampanoh! – deb xitob qildi. – Shafqat qiling, olampanoh!

      Uning


<p>13</p>

Sultoni muntasir – yengilmas sulton.