Ko‘hna dunyo. Odil Yoqubov. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Odil Yoqubov
Издательство: SHARQ
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-00-939-4
Скачать книгу
yer o‘pdi.

      – Oftobi olam!..

      – Ofobi olam!.. – dedi sulton, lablari asabiy titrab. – Ajalimdan besh kun burun menga kafan bichib, ig‘vo yo‘liga o‘tdingmi, battol?

      – Valine’mat!

      – O‘tmagan bo‘lsang… qayga gumdon bo‘lding? Ul meshqorin Ali G‘arib qayda? Nechun inongan mushriflarimdan hanuz darak yo‘q? Qachon keladi ul betavfiq Ibn Sino?

      – Keladur, pushti panoh!.. Yaqin kunlarda yetib kelmog‘i darkor!

      – Shu hafta yetib kelmasa… dorga tortamen! Barchangni dorga tortamen. Tuzimni ichib, tuzlig‘imga tupurgan nobakorlar! Uqdingmi, murtad? Shu hafta!..

      – Uqdim, poshshoyi olam!

      – Uqsang, chaqir allomalarni! Mashvaratga chaqir darhol!

      To‘rtinchi bob

      Beruniy ustiga yangi ko‘k baxmal to‘n kiyib, boshiga uchli olacha taqiya ustidan simobiy sallasini o‘rab, shogirdi yordamida otga minganida oftob endi chiqqan edi. Kechasi shivalab o‘tgan yomg‘irdan keyin havo musaffo, ariq bo‘ylaridagi giyohlar, paxsa devor va hatto uylarning tomlarini qoplagan maysalar yuvib qo‘yilganday yam-yashil, tiniq.

      Tundagi isitma pasaygan bo‘lsa ham, Beruniy o‘zini hamon noxush sezardi. U ko‘kragini to‘ldirib-to‘ldirib nafas oldi-da, otini asta yo‘rtirib, shaharni ikkiga bo‘lgan Afshona soy sohiliga chiqib oldi. Soyning o‘ng yuzidagi keng sayhonlikni beqiyos, behudud Bog‘i Firuz egallagan. Tungi yomg‘irdan so‘ng bog‘ ham allaqanday yashnab ketgan, har joy-har joyda to‘p-to‘p bo‘lib gullagan bodom va shaftolilar endigina kurtak chiqara boshlagan o‘rik, olma, nok va behilar orasida xuddi oq, qizil, nimpushti liboslar yopingan go‘zal malaklarni eslatadi. Hududsiz bog‘ning mashriq tomonida oppoq marmar qasr osmonga bo‘y cho‘zgan. Nimasi bilandir ulkan oq qushga o‘xshab ketadigan bu ko‘rkam qasrning nomi o‘ziga monand – Osmon malikasi! Osmon malikasining Quyirog‘ida Ko‘shki davlat saroyining tillakori gumbazlari yarqiraydi, undan nariroqda esa lashkar devoni va boshqa ma’muriy binolar saf tortgan, lekin ular Bog‘i Firuzdan quyida, soyning u yuzida.

      Bu yerdan, sohil bo‘yidan pastdagi shahar kaftday ko‘rinadi. Soy bo‘yini bora-borguncha yam-yashil tutash bog‘lar egallagan. Bu bog‘lar ichida oq, qizg‘ish nafis havorang marmardan qurilgan ko‘rkam binolar, ko‘shklar, kichik-kichik saroylar ko‘zga chalinadi. Bu yerda amirlar, lashkarboshilar, devon beklari, boy tijorat ahli istiqomat qiladi. Undan yiroqroqda karvonsaroylar, bozorlar, timli rastalar, hammom gumbazlari ko‘rinadi, ulardan avloroqda esa, bir-biriga tutashib ketgan kulba va kulbachalar ko‘zga chalinardi. Qandaydir betartib qurilgan bu kulbayi vayronalar, do‘kon va do‘konchalar Beruniy kelayotgan daryo sohilidan, xuddi «gardkam» deb sochib yuborilgan oshiqlarga o‘xshaydi.

      Uzoq-uzoqlarga cho‘zilib ketgan bu beqiyos shaharning hamma daha, hamma burchaklarida behisob machitlar qad ko‘targan, ularning rang-barang koshinlar bilan bezatilgan yuksak gumbazlari, tillakori peshtoqlari oftobda ajib tovlanib, tog‘lar bilan qurshalgan G‘aznai munavvaraga o‘zgacha bir zeb berib turibdi.

      Oldinda ikki qirg‘oqni tutashtirgan ulkan ko‘prik ko‘rindi. Ko‘prik ro‘parasida uzundan-uzoq otxona binosi bo‘lib, bino oldida hammasi birday qizil chakmon va qizil etik kiygan yosh g‘ulomlar saf tortgan, ular har tomondan oqib kelayotgan amirlar, a’yon va boyonlarni otdan tushirib, tavoze bilan xizmat qilishmoqda.

      Beruniy ko‘prikka yaqinlashib qolganida, o‘ng qo‘ldagi bog‘ ko‘chadan xachir qo‘shilgan ikki g‘ildirakli bir arava chiqdi. Aravada eski kulohini boshiga bostirib kiygan bir kimsa sekin xirgoyi qilib kelardi. Ajabo: bu kulohli darvesh u yoqda tursin, uncha-muncha asilzodalar ham, yurolmaydigan bu joylarda pachaq arava nechuk adashib yuripti?

      – E, e! – Beruniy arava egasini tanib, otining jilovini tortdi. – E-ha, G‘azna faqirlarining sultoni Malikul sharob hazratlari! Qaysi shamol uchirdi janoblarini?

      Malikul sharob aravasini to‘xtatdi, rangini bilib bo‘lmaydigan patak soqolini silab, g‘alati ishshaydi:

      – O‘zlaridan so‘rasak, azizim? Faqir kulbamizga nechun qadam ranjida qilmay qo‘ydilar desak, eski qadrdonni tark etib, yangisini topibdilar-da, mavlonayi zamon! – U ko‘zini qisib, saroy tomonga ishora qildi. – Yangi do‘st– sulton Mahmud muborak bo‘lsin, mavlono!

      Beruniy beixtiyor kulib yubordi.

      – Malikul sharob atalmish sizday g‘ariblar sultonini unutib bo‘lurmu? Gulgun sharbatxonangizga tashrif buyurmagan bo‘lsak, sababi xastalik, azizim!

      – Xasta bo‘lsalar… davosi bir qultum may!

      – Ofarin! Jannatiy sharobingdan jon-jon deb bir piyola sipqarar edim, ammo ne chora, hozir saroyda mashvarat boshlanur!

      Malikul sharob, boshidagi eski kulohini bir tomonga qiyshaytirib, kallasini ma’yus likillatdi. – O, mavlono-mavlono! Nahotki shu aql-u zakovating bilan shohlar va sherlardan yiroq yurmoq lozimligini bilmasang?

      – Ne chora?

      – Ofarin! Bor, yo‘lingdan qolma, azizim, shoyad shoir Unsuriy kabi ulug‘ martabalarga musharraf bo‘lsang!

      Malikul sharob xachiriga qamchi urdi-yu, negadir yana to‘xtadi.

      – Xah, esim qursin, senga aytadurg‘on bir yangilik bor, mavlono!.. Kecha oqshom kulbayi vayronamga ajib bir musofir alloma tashrif buyurdilarki, ko‘rsang boshing osmonga yetadi!

      – Ajabo! Kim ekan ul alloma?

      – Bu yog‘i shunday sir-asrorkim, uni o‘zimga aytishdan ham qo‘rqamen! – Malikul sharob shunday dedi-da, xachirini qamchilab uzoqlashib ketdi.

      «Sirli alloma? Uni aytishdan qo‘rqamen? Yopiray. Bu darvesh ne deydi? Bu so‘zi rostmi yo uning ko‘ngliga g‘uluv solish uchun aytdimi?»

      Odamlar hamon ko‘prik tomon daryoday oqib borardi. Beruniy ko‘prik oldida egardan tushib, otining jilovini hozir-u nozir turgan yosh g‘ulomga tutqazdi. Ko‘prikdan to Bog‘i Firuzning darvozasigacha, hatto bog‘ ichidagi Osmon malikasi qasrining marmar zinalarigacha qirmizrang ipak gilamlar to‘shalgan edi.

      Beruniy xiyobonning ikki yonida qilich yalang‘ochlab g‘oz turgan navkarlar orasidan o‘tib, saroyga kirib borganida anjuman hali boshlanmagan, biroq urdaday keng, sutday oppoq mashvaratxonada odam tirband edi.

      Turda, naqshli suyanchiqlariga dur va javohirlar qadalgan oltin taxtning o‘ng tomonida vaziri a’zam Ali G‘arib boshliq saroy a’yonlari va devon beklari, chap tomonda amirlar va sarkardalar saf tortgan, devon beklarining oppoq simobiy sallalariga tig‘simon tilla nishonlar qistirilgan, kimxob va movut to‘nli amirlarning qunduz telpak va suvsar bo‘rklariga uch qirrali oltin jig‘alar qadalgan, bellaridagi serbar kamarlariga kumush g‘ilofli egri qilichlar taqilgan. Ularning kumush tepki taqilgan ko‘k va qizil charm etiklari yurganda jarang-jurung ovoz chiqaradi. Taxt yonidagi vazir-u vuzaro va devon beklaridan quyiroqda Unsuriy boshliq bir guruh shoirlar ko‘rinar, ulardan nariroqda esa boshiga chambarak qora qalpoqcha kiygan, iyagida to‘rttagina tuk o‘sgan Chin hakimi o‘z tilmochiga allanimalarni bidir-bidir qilar, uning yonida sariq ipak ko‘ylak va keng sariq shalvar kiygan hind tabibi kamtarona qo‘l qovushtirib turardi. Chap qo‘ldagi kalondimog‘ amir va sarkardalar bilan bir qatorda boshlariga surmarang salla o‘ragan bir guruh din peshvolari saf tortgan, ulardan quyiroqda esa uch-to‘rttagina tanish allomalar ko‘rinar, ularning ichida keksa munajjim mavlono Farruxiy bilan yosh tarixchi Abulfazil Bayhakiy ham bor edi. Hammaning ko‘zi to‘rda, oltin taxtning ortidagi fil suyagidan jilo berilib, nozik tilla tasmalar qoqilgan ikki tavaqali o‘ymakor eshikda… Yig‘ilgan raiyat pichirlab gaplashar, hammaning chehrasida qandaydir tahlika va taraddud muhrlangan, go‘yo hozir yomon, mudhish voqea sodir bo‘lg‘usi edi.

      Beruniy horg‘in odimlab allomalar yoniga o‘tdi, ular bilan ko‘risharkan, bosh devon sohibi Abu Nasr Mishkon janoblarini ko‘rib qoldi. Soch-soqoli oppoq, mittigina, lekin zuvalasi pishiq Abu Nasr Mishkon janoblari ham uni ko‘rib, yaqinroq keldi.

      – Tag‘in bezgak xuruj qildimi?