Anne Lisbet shaharda yashay boshlaganiga ancha yil bo‘libdi. Endi unga hamma «xonim» deb murojaat qilarkan. Bordiyu gap u graf uyida yashagan, karetalarda yurgan, grafinya va baronessalar bilan suhbat qurgan zamonlar xususida ketsa, burni juda ko‘tarilib ketar ekan! Eh, grafning o‘g‘ilchasi judayam chiroyli, farishtalarga o‘xshagan bola edi, uning jon-u dili edi! Ular bir-birlarini nihoyatda yaxshi ko‘rishardi! Bir-birlarini o‘pishardi, silab-siypalashardi; bolakay uning quvonchi, umridagi ishongan tog‘i edi.
Endilikda kap-katta bola bo‘lib qolgan, yoshi ham o‘n to‘rtda. U turli fanlarni egallashga kirishibdi. Biroq Anne Lisbet uni qo‘lida ko‘tarib yurgan zamonlardan beri ko‘rmagan ekan. O‘shandan beri grafning qasrida ham bo‘lmagan ekan, chunki u ancha uzoqda yashar ekan-da.
– Qachon bo‘lmasin o‘sha yoqqa bir borib kelaman! – debdi Anne Lisbet. – Davlatim, grafginamning diydoriga bir to‘yishim kerak! U hozir meni rosa sog‘ingandir, meni o‘ylayotgandir, meni avvalgiday chuqur, mehr-muhabbat bilan sevsa kerak! Axir, momiq qo‘lchalari bilan bo‘ynimdan quchoqlab, endi chiqayotgan shirin tilida «An Lis!» – degan paytlari ham bo‘lgan. Ovozi yoqimli musiqaning o‘zginasi edi! Ha, borib ko‘rish, uning diydoriga to‘yish kerak!
Shunday qilib, u yo‘lga tushibdi; u tor va keng yo‘llardan yura-yura oxiri graf qasriga yetib boribdi. Qarasa, qasr ilgarigiday ulug‘vor, hashamatli emish, qasrga kiraverishdagi bog‘ ilgarigiday yashnab turganmish, ammo xizmatkorlar yangi emish. Ular Anne Lisbetning kimligini, ilgari bu xonadonda kim bo‘lganini bilishmas ekan. Hechqisi yo‘q, grafinyaning o‘zi ham, grafning o‘g‘li ham bu haqda ularga uqtirishadi. Grafning o‘g‘ilchasini shunaqayam sog‘inganki!
Mana, nihoyat Anne Lisbet ichkariga kiribdi, u ancha kutib qolibdi, kishi kutganda vaqt juda sekin o‘tadi! Janoblar dasturxonga o‘tirishlaridan oldin uni grafinya huzuriga chaqirishibdi, grafinya uni juda iliq, yaxshi kutib olibdi. Anne Lisbet aziz grafvachchasini tushlikdan keyingina ko‘ribdi. Zodagonlar ovqatlanib bo‘lishgach, uni huzurlariga yana chaqirishibdi.
Kichik grafning bo‘yi ancha cho‘zilib, ozg‘inlashib qolibdi! Ammo ko‘z va og‘izlari hamon ilgarigidaymish! Kichik graf unga qarabdi-yu, hech nima demabdi. Tanimagan bo‘lsa kerak. U ketmoqchi bo‘lib endi burilgan ekan, Anne Lisbet uning qo‘llarini mahkam ushlab, lablariga bosibdi. «Xo‘p, yaxshi, yaxshi!» – debdi bola va xonadan chiqib ketibdi. Uning ishongan tog‘i, mehr-u muhabbati, g‘ururi u bilan shunchalik sovuq so‘rashibdi-ya!
Anne Lisbet qasrdan xomush bo‘lib chiqibdi. Kichik graf uni xuddi begonalarday qarshi olibdi, butunlay unutib yuboribdi. Bir vaqtlar kecha-yu kunduz qo‘lidan qo‘ymay ko‘tarib, endilikda esa uni yod etib yurgan enagasiga bir og‘iz bo‘lsa-da, iliq so‘z aytmabdi.
Birdan Anne Lisbetning oldidan kattakon qora qarg‘a uchib o‘tibdi va bir necha bor qag‘illabdi.
– Eh, shum niyatli qush! – debdi Anne Lisbet. Anne Lisbet yer qazuvchining kulbasi yonidan o‘tib ketayotgan ekan, qarasa, eshik oldida xotinlar gurunglashayotganmish.
– Voy-bo‘, munchayam lorsillab ketibsan! – debdi yer qazuvchining xotini. – Semiz, sog‘lom! Turmushing yaxshiga o‘xshaydi!
– Chakki emas! – debdi Anne Lisbet.
– Ular bo‘lsa kemalari bilan g‘arq bo‘lib ketishdi! – deb gapida davom etibdi ayol. – Ikkovi ham: kapitan Lars bilan bola cho‘kib ketishdi! Hammasi tamom! Men bo‘lsam bola ulg‘ayib, yonimizga kirib qolar, degan umidda edim! Anne Lisbet, sen uchun uning bir chaqaliq qadri yo‘q edi!
– Ular g‘arq bo‘lishdimi? – debdi Anne Lisbet, so‘ng bu haqda boshqa gap bo‘lmabdi. Axir u judayam xafa ekanda. Chunki kichik graf u bilan ganlashmadi! Uni judayam sevardi, uni deb, diydoriga bir boqay deb qancha yo‘l yurib kelgandi, qanchadan-qancha sarf-xarajatlar qilgandi! Hammasi behuda ketdi. Lekin u bu haqda lom-mim demabdi, yer qazuvchining xotini oldida xasrat qilishni istamabdi. Anne Lisbet graf oilasida hurmatini yo‘qotib qo‘yibdi deb o‘ylashlari mumkin ekan-da! Shu payt uning boshi ustida yana qarg‘a qag‘illabdi.
– Hu qo‘riqlamay o‘lgur! – debdi Anne Lisbet. – Nega bugun meni hadeb qo‘rqitaverasan?
U safarga chiqish oldidan yoniga qahva va unga qo‘shib qaynatilgan ba’zi bir ildizlar solib olgan ekan; yer qazuvchining xotinini siylash uchun bulardan bir chimdim berib qo‘yishining o‘zi boyaqish ayolga ko‘rsatilgan katta himmat bo‘larkan. O‘zi ham undan bir piyolagina ichmoqchi bo‘libdi. Yer qazuvchining xotini qahva qaynatgani chiqib ketibdi. Anne Lisbet esa stulga o‘tirganicha pinakka ketibdi. Buni qarangki, g‘aroyib bir tush ko‘ribdi: tushida biror marta xayoliga kelmagan odamni uchratibdi. Uning tushiga xuddi shu kulbada och qolib yig‘lagan, qarovsiz katta bo‘lgan, hozir esa dengiz tubida yotgan o‘z o‘g‘li kiribdi. Tushida hozir o‘tirgan joyida o‘tirganmish, yer qazuvchining xotini qahva qaynatish uchun tashqariga chiqqanmish, mana, qahvaning xushbo‘y hidi dimog‘iga urilibdi, ostonada grafning o‘g‘ilchasidan ham xushro‘y bir bola paydo bo‘libdi, unga yuzlanib:
«Qiyomat boshlandi! Endi etagimdan mahkam ushla, harholda onamsan-ku! Samoda seni himoya qiluvchi farishtang bor! Etagimni mahkam tut!» debdi.
U bolaning etagidan mahkam ushlabdi, o‘sha zahoti shunaqayam zo‘r shovqin va momaqaldiroq guldurabdiki, dunyo go‘yo chok-chokidan so‘kilib ketganday bo‘libdi. Farishta osmon-u falakka ko‘tarilibdi. Anne Lisbet uning etagidan mahkam ushlab olibdi, yerdan oyog‘i uzilganini ham payqabdi. To‘satdan uning oyog‘iga qandaydir og‘ir narsa osilibdi, yelkasiga ham og‘ir bir kimsa o‘tiribdi. Uning oyog‘iga yuzlarcha ayollar tarmashib olishibdi, hammasi: «Agar sen qutulib ketadigan bo‘lsang, biz ham qutulamiz! Unga tarmashinglar, tarmashinglar!» deb qichqirisharmish. Ular Anne Lisbetga mahkam yopishib olishibdi. Og‘irlik ortgandan ortibdi. Qo‘llari og‘irlikka bardosh berolmay, qulab tushibdi. Dahshatdan uyg‘onib ketibdi, sal bo‘lmasa o‘zi o‘tirgan stuldan yiqilib tushay degan ekan. Miyasidagi fikrlar aralash-quralash bo‘lib ketibdi. Hatto hozir nima tush ko‘rganini ham xotirlay olmadi, yomon tushmish!
Qahva ichishib, biroz chaqchaqlashib o‘tirishibdi. Anne Lisbet yaqinroqdagi shaharchalardan biriga jo‘nab ketibdi. U yerda uni shu bugun kechqurunoq uyiga kuzatib qo‘ymoqchi bo‘lgan dehqon kutib turgan ekan. Biroq, u dehqon ertaga oqshom paytidan oldinroq yo‘lga chiqa olmasligini aytibdi. Anne Lisbet qarasa, shaharda yana bir kun qolib ketadigan. Agar u qatnov yo‘l bilan emas, balki sohil bo‘ylab ketsa ikki milya oz yurishiga aqli yetibdi. Havo ochiq, oydin kecha, hammayoq yop-yorug‘ ekan, shu vajdan Anne Lisbet piyoda ketaverishga qaror qilibdi. Shunda ertasigayoq uyida bo‘lar ekan.
Quyosh allaqachon botib ketgan bo‘lsa ham, qo‘ng‘iroqxonalar hadeb qo‘ng‘irog‘ini chalaveribdi. Yo‘q, umuman bu qo‘ng‘iroqlar ovozi bo‘lmay, balki hovuzlardagi baqalarning vaqillashi ekan. Keyin ularning ham tovushi tinibdi, qushlarning sayrashi eshitilmay qolibdi; kichkina sayroqi qushlar uyquga ketishgan ekan, boyqushlar esa uylarida bo‘lmasa kerak.
O‘rmonda ham, sohilda ham sukunat hukmronmish. Anne Lisbet oyog‘i ostida qumlar g‘ijirlarmish, dengiz to‘lqinlari qirg‘oqqa kelib urilmasmish, dengiz tubi ham osoyishta emish; dengiz jonivorlarining o‘ligi ham, tirigi ham sado bermasmish.
Anne Lisbet hech narsani o‘ylamay yo‘lida ketaveribdi. O‘ziga qolsa hech narsani o‘ylagisi yo‘q ekan-u, ammo har xil fikrlar unga tinchlik bermabdi. Fikr hech qachon odamdan ajralmaydi, hatto o‘z ishini qilib, xotirjam bo‘lib, bir lahzaga