Oradan yana yarim yil o‘tibdi.
– Inge, ota-onalaringni ko‘rib kelishing kerak! – deyishibdi yana xo‘jayinlar, – Mana senga oq non, buni olib borib qariyalarni bir xursand qilib kelgin, haqingga duo qilishadi!
Inge eng yaxshi liboslarini, oyog‘iga esa yangi kavushini kiyibdi, etagini sal ko‘tarib, kavushim iflos bo‘lib qolmasin deb, ehtiyotkorlik bilan yo‘lga tushibdi, buning uchun uni koyimasa ham bo‘ladi. Biroq, yo‘lka botqoq tomonga burilibdi; loy bosib yurishga to‘g‘ri kelib qolibdi: Inge o‘ylab-netib o‘tirmay qo‘lidagi nonni loyga tashlabdi, uni bosib, ko‘lmak suvdan oyog‘ini ho‘l qilmay o‘tib olmoqchi bo‘libdi. U nonga oyog‘ini qo‘yishi bilanoq non qiz bilan birga pastga cho‘ka boshlabdi, ko‘lmak suv ustida qopqora puffakchalar paydo bo‘libdi, qiz bilan nondan nomnishon qolmabdi!
Ana shunaqa xunuk hodisa yuz beribdi.
Inge qayoqqa botib ketdi? U botqoqlik alvastisining pivo pishiradigan joyiga cho‘kib ketibdi. Botqoqlik alvastisi alvastilar hamda o‘rmon devlarining xolasi ekan, bu hammaga ma’lum narsa, bular haqida kitoblarda ham yozilgan, qo‘shiqlar to‘qilgan, bir necha bor ularning suratlari chizilgan, botqoqlik alvastisi haqida esa hali ko‘p narsa ma’lum emas; yoz oylarida o‘tloqlar ustidan tuman ko‘tarilsa odamlar: «Botqoqlik alvastisi pivo pishiryapti! – deyishadi. Shunday qilib, qiz ana shu pivoxonaga tushib ketibdi, u yerda uzoq turishga hech kim bardosh berolmas ekan! Axlat o‘ra botqoqlikdagi pivoxonaga qaraganda ming bor pokiza ekan! Pivo pishiradigan har bir idishdan kishi ko‘nglini behuzur qilib yuboradigan badbo‘y hid kelib turganmish, idishlar bir-biriga zich joylashganmish; oralari sal ochiq joylarga yiltiroq, semiz baqalar o‘rnashib olganmish. Inge ana shunday joyga tushib qolibdi! Qiz o‘zini ana shunaqa sovuq, yopishqoq, jirkanch tirik qorishma ichida ko‘rib dahshatdan titrab ketibdi; badani qota boshlabdi. Non uning oyog‘iga yopishib olib, qahrabo soqqa xasni tortqilaganday hadeb pastga tortarmish.
Botqoq alvastisi uyida ekan; o‘sha kuni pivoxonaga mehmonlar kelishgan ekan, bu mehmonlar shayton bilan uning eng katta momosi – zaharli kampir ekan. Kampir hech qachon bekor o‘tirmas ekan, hatto mehmonga ham birorta ermak olib borarkan: teridan kavushlar tikarkan, bu kavushni kiygan odamlar oromini butunlay yo‘qotib qo‘yisharkan. Kampir yana tuhmatlarni yoki odamlarning og‘zidan chiqqan bejo, shaloq so‘zlarni to‘qirkan, xullas, uning turgan-bitgani inson zoti uchun koni ziyon ekan! Ha, shaytonning momosi tikishga ham, to‘qishga ham juda chechan ekan!
U Ingeni ko‘rib qolibdi, ko‘zoynagini to‘g‘rilab qizga qarabdi-da, so‘ng:
– Ie, bundan ish chiqadiganga o‘xshaydi-ku! Uni bugungi tashrifimdan xotira qilib menga berilishini iltimos qilaman! Undan chevaramning dahlizi uchun ajoyib but chiqadi, – debdi.
Botqoq alvastisi Ingeni kampirga beribdi, u esa do‘zaxga tushibdi, qo‘lidan yomon ish keladigan odamlar do‘zaxga to‘g‘ri yo‘l bilan emas, balki aylanma yo‘l bilan tusharkan!
Dahliz oxiri yo‘q joyda ekan, qiz oldinga qarasa ham, orqaga qarasa ham boshi aylanaveribdi. Hammayoq holdan toygan, shafqat eshigining ochilishini zoriqib kutayotgan gunohkorlar bilan to‘lib ketgan ekan. Ular ancha vaqtdan beri kutib o‘tirishganmish. Judayam bahaybat, semiz, arang lapanglab yurgan o‘rgimchaklar ularning oyoqlarini ming yillik iplar bilan o‘rab tashlabdi. Bu arqonlar ularni iskanjaday mahkam tutib turganmish, mis zanjirlardan ham mustahkam kishanlanganmish. Bundan tashqari, gunohkorlarning jonlari abadiy azob beruvchi tashvishda qiynalayotganmish. Masalan, xasislar kalitini pul soladigan yashigi qulfida qoldirgani uchun qiynalayotganmish. Boshqa ba’zilar… hamma gunohkorlarning tortayotgan azob-uqubatlarini sanayveradigan bo‘lsak, ado bo‘lmaydi!
Inge but bo‘lib turish qanchalik qiyinligini tushunibdi, oyoqlari xuddi nonga parchinlab qo‘yilgandaymish.
«Mana, oliftagarchilikning oqibati! Kavushim iflos bo‘lmasin deb shu ahvolga tushib o‘tiribman-a! – debdi u o‘ziga-o‘zi. – Anavilarning menga o‘qrayishini qarang!»
Chindan ham gunohkorlarning butun hirslari ko‘zlarida chaqnab, baralla sezilib turardi; ularga bir qarashning o‘zi dahshat edi!
«Xo‘sh, menga qaraganning bahri dili ochiladi-ku! – deb o‘ylabdi Inge. – Go‘zalman, kiyimlarim ham chakki emas!» – Qiz kiyim-boshiga ko‘z qirini tashlabdi. Chunki uning bo‘yni qotib qolgan ekan. Oh, u botqoq alvastisining pivoxonasida balchiqqa bulanib ketibdi-ku! Bu haqda o‘ylamagandi ham! Kiyimlari boshdan-oyoq shilimshiq bo‘lib ketibdi, sochlariga ilon chirmashib olib, dumi bilan bo‘yniga shapillatib urayotganmish, ko‘ylagining har bir qatidan semirib ketgan laychaday hurayotgan baqalar mo‘ralab turganmish. Naqadar ko‘ngilsiz! «Boshqalarning ahvoli menikidan yaxshi emas-ku!» deb o‘z-o‘ziga tasalli beribdi Inge.
Biroq, hammasidan ham ochlik azobi yomon bo‘libdi. Nahotki egilib, o‘zi bosib turgan nondan bir burda sindirib ololmasa? Yo‘q, qaddi egilmabdi, qo‘l-oyoqlari qimirlamabdi, hammayog‘i toshday qotib qolganmish. Faqat ko‘zlari u yoqbu yoqqa qaray olarmish, xolos. Ko‘z soqqasini aylantirib orqa tomonga ham qarab bo‘larmish. Tfu, naqadar qabihlik! Bu ham yetmaganday pashshalar paydo bo‘lib, uning ko‘zidan u yoq-bu yoqqa yura boshlabdi; u kiprik qoqibdi, lekin pashshalar uchib ketmabdi, ularning qanotlari yulib olingan ekan, faqat o‘rmalay olishar ekan, xolos. Bundan ortiq azob bormi? Buning ustiga ochlik azobi! Bora-bora Ingega ichi o‘zini-o‘zi yeb bitirganday, qorni judayam bo‘mbo‘shday tuyulibdi!
– Agar bu ahvol uzoq davom etsa, ortiq chidolmayman! – debdi Inge, lekin chidashga majbur bo‘libdi; hech nima o‘zgarmabdi.
Birdan boshiga issiq bir tomchi tomibdi, yuzidan dumalab ko‘ksiga, so‘ng nonga tushibdi; shundan keyin issiq tomchilar duv-duv to‘kilaveribdi. Inge uchun kim ham achchiq-achchiq yig‘lashi mumkin?
Axir, yer ustida onasi qolmaganmi? Onaning bolasi uchun to‘kkan achchiq ko‘zyoshlari hammavaqt farzandiga yetib boradi. Biroq, uni azobdan xalos qilolmaydi, balki uning azobiga azob qo‘shib kuydiradi. Eng yomoni dahshatli, bardosh berib bo‘lmaydigan ochlik edi! Nonni bosib turish, undan bir burda sindirib ololmaslik qanday dahshat! Nazarida ichi o‘zini yeb bitirganday tuyulibdi, o‘zi esa har bir ovozni ichiga tortib oladigan ingichka g‘ovak qamishday bo‘lib qolibdi. U yuqorida, yer betida o‘zi haqida aytilgan gaplarni ro‘yi rost eshitibdi, lekin hammasi yomon gaplarmish. Hatto unga chin yurakdan kuyib-yonib yig‘layotgan onasi ham: «Dimog‘dorlik yaxshilikka olib bormaydi! Dimog‘dorlik seni xarob qildi, Inge! Meni judayam kuydirding-ku, qizim!» – deb zorlanayotganmish.
Ingening onasi ham, tepadagilarning hammasi ham uning qilgan gunohidan, nonni bosib, yer tubiga cho‘kib ketganidan xabardor ekanlar. Bularning hammasini bir podachi tepalik ustidan ko‘rib turgan ekan, o‘sha podachi bu haqda boshqalarga ham aytib bergan ekan.
– Onangni rosa kuydirding-ku, Inge! – deb takrorlabdi onasi. – Boshqa narsani sendan umid qilmagandim ham!
«Dunyoga kelmaganim ming marta yaxshi edi! – debdi Inge o‘ziga-o‘zi. – Endilikda onamning men haqimda kuyib-yonishining nima foydasi bor?»
Inge bir vaqtlar uni o‘z qiziday ko‘rib munosabatda bo‘lgan hurmatli zotlar – xo‘jayinlarning ham: «U og‘ir gunoh egasi. U parvardigorning nasibasini behurmat qildi, oyog‘i bilan ezg‘iladi, unga marhamat eshigi haliberi ochilmaydi!» degan gaplarini eshitibdi. «Menga qattiq turib, yaxshi tarbiya berishganda edi! – o‘ylabdi Inge, – yomon qiliqlarim qolib ketardi!»
Inge odamlarning o‘zi haqida to‘qigan «kavushim iflos bo‘lmasin deb nonni bosgan dimog‘dor qiz haqida»gi qo‘shiqni ham tinglabdi. Qo‘shiqni mamlakatning hamma yerida kuylashayotganmish.
«Bu quloq o‘lgur nimalarni eshitmayapti-ya! Aybim uchun qanchalar azob chekyapman-a! – deb o‘ylabdi Inge. – Boshqalar ham qilmishiga yarasha jazolansalar edi! Anchagina