Qiz o‘zi haqida to‘qilgan qissani bolalarga aytib berishganini ham, go‘daklar uni xudosiz deb aytishganini ham eshitibdi.
– U shunaqayam jirkanch, ablahki, asti qo‘yavering! Endi jazosini tortsin! – deyishibdi bolalar.
Inge bolalarning og‘zidan ham faqat la’natlar eshitibdi.
Yana boshqa gal u ochlik va g‘azabdan azob chekib turganida o‘z nonini va o‘zi haqidagi qissani takror eshitibdi. Qissani norasida bir qizchaga aytib berishayotgan ekan, qizcha, dimog‘dor, hovliqma, Ingega rahmi kelib, zor-zor yig‘labdi.
– Nahotki, u hech qachon yuqoriga qaytib chiqmasa? – deb so‘rabdi.
– Hech qachon qaytmaydi! – deb javob qaytarishibdi unga.
– Bordi yu kechirishlarini so‘rasa-chi, endi hech qachon bunday qilmaslikka va’da bersa-chi?
– U umuman uzr so‘ramoqchi emas!
– Uning uzr so‘rashini juda-judayam xohlardim! – debdi qizcha, shunday keyin anchagacha tinchlanmabdi. – Agar uni yerga qaytarishsa qo‘g‘irchoq uyimni berardim! Bechora, sho‘rlik Inge!
Bu so‘zlar Ingening qalbigacha yetib boribdi: ko‘ngli ancha taskin topganday bo‘libdi: «bechora Inge!» degan tirik jon endi topildi-ya! Uning gunohi haqida bir og‘iz ham lom-mim demadi-ya! Jajjigina begunoh qiz yig‘lab uning gunohi kechirilishini tilabdi! Ingening qalbini allaqanday tuyg‘u egallabdi; yig‘lab yuborgisi kelibdi, lekin yig‘lolmabdi, chunki yana yangi azob boshlanarkanda!
Yer ustida yillar shamolday tez o‘ta boshlabdi, yer ostida esa ahvol avvalgiday qolaveribdi. Inge o‘z nomini kamdan-kam eshita boshlabdi! Yer ustida uning nomini tobora kamroq tilga oladigan bo‘lishibdi. Biroq, kunlardan bir kun qulog‘iga, «Inge! Inge! Meni rosa kuydirding-ku! Shunday bo‘lishini bilardim-a!» – degan nido kelibdi. O‘shanda onasi jon berayotgan ekan.
Ba’zan Inge o‘z nomini qari xo‘jayinlari og‘zidan ham eshitib qolarkan. Xo‘jayinning xotini hammavaqt hokisorlik bilan: «Inge, ehtimol sen bilan yana diydor ko‘risharmiz! Kim qayoqqa tushishini hech kim bilmaydi», – der ekan.
Biroq, Inge xo‘jayinining xotini o‘zi tushgan joyga tushmasligini yaxshi bilarkan.
Vaqt juda sekin o‘ta boshlabdi. Nihoyat, Inge yana o‘z nomini eshitibdi, tepasida ikkita yorqin yulduz chaqnab ketibdi: yer ustida bir juft ma’sum ko‘z abadiy yumilibdi. Jajjigina qizcha «bechora Inge!» deb betinim yig‘lagandan buyon ko‘p vaqtlar o‘tibdi; o‘sha qizcha balog‘atga yetib, qarib, Xudoning dargohiga borishga ham ulguribdi. Butun umrining xotiralari jonlanadigan oxirgi lahzada o‘layotgan ayol Inge uchun to‘kkan ko‘zyoshlarini eslabdi va beixtiyor: «E, Xudo, ehtimol, men ham Inge singari sen hadya etgan rizq-ro‘zingni bilmay oyoq osti qilgandirman. Ehtimol, ruhim ham dimog‘dorlik bilan zaharlangandir. Faqat sening marhamatinggina qo‘llab-quvvatlab, tubanlikka tushishimga yo‘l qo‘ymadi! Umrimning oxirgi damlarida menga marhamatingni darig‘ tutmagin!» – deb yuboribdi.
O‘layotgan ayolning ko‘zlari yumilibdi, biroq jonining ko‘zlari Inge tomon boqibdi, chunki oxirgi lahzada uning fikri-xayoli Inge bilan band bo‘lgan ekan-da, natijada u o‘zining ruhiy nigohi bilan yerdagilarga mavhum bo‘lgan manzarani, ya’ni Ingening qanchalik tuban tushganini ko‘ribdi. Bu manzarani ko‘rgan taqvodor ruh yig‘labsiqtabdi, Xudoning dargohiga borib, gunohkor ruhning gunohidan o‘tishni go‘dakligidagiday yig‘lab, yalinibyolvorib iltimos qila boshlabdi. Bu yig‘i va yolvorishlar azobdan qiynalayotgan jonni o‘rab olgan qobiqda akssado bo‘lib yangrabdi, unga bo‘lgan tasodifiy mehr-u muhabbatdan Ingening ruhi qayta tug‘ilganday bo‘libdi. Xudoning farishtasi ham uning holiga yig‘labdi. U bunday marhamatga qanday musharraf bo‘ldi? Azoblangan jon butun o‘tgan umriga nazar tashlabdi, o‘z qilmishlarini ko‘z oldiga keltirib, to‘lib-to‘lib yig‘labdi. Inge ilgari bunaqa yig‘i nimaligini hech bilmagan ekan. U o‘ziga bo‘lgan shafqat hissi bilan to‘lib ketibdi; nazarida uning uchun shafqat eshigi mutlaqo ochilmaydiganday tuyulibdi! U xuddi ana shu narsani chuqur anglashi bilanoq yer qa’riga bolalar hovlida tikkaytirib qo‘ygan qorboboni ham bir zumda eritib yuborishga qodir bo‘lgan kuchli quyosh nuridan ham o‘tkir bir nur tushibdi. Bu nur Ingening jonini o‘rab turgan qattiq qobiqni eritib yuboribdi. Jajjigina qushcha tubanlikdan erkinlikka o‘qday uchib chiqibdi. Biroq, u o‘zini yorug‘ dunyoda ko‘rib uyat va dahshatdan qunishib ketibdi. Shosha-pisha yarim buzilgan qandaydir devorning qorong‘i kovagiga kirib yashirinibdi. U o‘sha yerda kunini qunishib, butun vujudi titrab, hech bir ovoz chiqarmay o‘tkazibdi, aytganday, ovozi ham yo‘q ekan-da. U atrofni tomosha qilishga jur’at etolmay, o‘sha yerda uzoq o‘tirib qolibdi. Ha, atrofdan baxra olishga arzigulik manzaralar ko‘p ekan! Havo musaffo, yoqimli ekan, oy mo‘l-ko‘l kumush nur taratar, daraxt va butalardan muattar hidlar anqib turarkan. Qushcha yashirinib olgan joy biram shinam, o‘zining pat va parlari shunaqayam toza, chiroyli ekanki! Parvardigorning olami mehr-muhabbatga, go‘zalliklarga to‘lib-toshib yotganmish! Qushchaning qalbida uyg‘ongan barcha o‘y-fikrlar tashqariga qo‘shiq bo‘lib chiqqisi kelibdi. Biroq, u qancha chiranmasin sayray olmabdi; u kakku singari kukulolmabdi ham, bulbul kabi to‘lib-toshib sayray olmabdi ham! Biroq, parvardigor qurtlarning ham unsiz hamd-u sanosi, shukronasini eshitadi. U qushchaning ham shukronasini eshitibdi. Bu shukrona Dovudning qalbida jaranglagan duoday so‘zsiz, ohangsiz yetib boribdi.
Qushchaning unsiz shukur qilishi kun sayin ko‘paya boribdi, xayrli ishlarga qo‘shilish uchun fursat poylabdi.
Rojdestvo bayrami arafasi ham kelibdi. Bir dehqon devorga yog‘och qo‘yib, uning uchiga boshog‘i yanchilmagan bir bog‘ suli ilib qo‘yibdi – qushlar ham rojdestvo bayramini huzur qilib o‘tkazishsin, debdi.
Rojdestvo bayrami tongida quyosh chiqib, bir tutam sulini yoritibdi; unga sayroqi qushlar yopirilishibdi. Devor kovagidan ham chirq-chirq degan tovush eshitilibdi. Qushchaning fikrlari tovushga qo‘shilib ketibdi, uning ojiz chiyildoq ovozi chinakam shodlik gimniday jaranglabdi; uning fikrlari xayrli ishlarda ko‘zga tashlanish uchun hozirlanibdi, qushcha o‘z qarorgohidan uchib chiqibdi. Osmondagilar uning qanaqa qushcha ekanligini yaxshi bilishar ekan.
Qish qattiq kelibdi, suv beti qalin muz bilan qoplanibdi, qushlar va o‘rmon hayvonlari uchun og‘ir kunlar boshlanibdi. Kichkinagina qushcha chanalar yurib o‘tgan qorli yo‘l ustida uchib yurib don axtarib topar, otxonalarda non uvoqlarini topib olsa, o‘zi bir dona uvoqni yeb, qolganlariga och qolgan boshqa chumchuqlarni chaqirarkan. U shaharlarga ham uchib boribdi. Atrofni kuzatib borarkan, derazalarda saxiy qo‘llar maydalab qo‘ygan non uvoqlarini ko‘ribdi, yana ulardan faqat bir donagina yeb, qolganlarini boshqalarga beribdi.
Qish davomida qushcha juda ko‘p non uvoqlarini topib, boshqa qushlarga ulashibdi, agar ularning hammasini jamlansa, Inge kavushini avaylab bosgan non og‘irligiga teng kelarkan. Eng oxirgi uvoq topilib, boshqa bir qushchaga berilgach, uning kulrang qanotlari oqarib, keng quloch yoyibdi.
– Ana, dengiz qaldirg‘ochi uchyapti! – deyishibdi oppoq qushni ko‘rgan bolalar. Qush goh to‘lqinlarga sho‘ng‘ib, goh quyosh nurlari tomon uchib, birdan ana shu nur ichida yo‘qolib ketibdi. Uning qayoqqa yo‘qolganini hech kim ko‘rmabdi.
– U quyoshga uchib ketdi! – deyishibdi bolalar.
QO‘NG‘IROQXONA QOROVULI OLE
U dunyoda hammaning martabasi yuqorilayveradi, pastlayveradi, yuqorilayveradi, pastlayveradi! Men bundan ortiq martabaga erisha olmasam kerak! – derdi qo‘ng‘iroqxona qorovuli Ole. – Martabang ulug‘lashadi, pastlashadi, ulug‘lashadi, pastlashadi, buni hamma sinab ko‘rgan! Borib-borib hammamiz qo‘ng‘iroqxona qorovullariga aylanib qolamiz – hayotga hamda boshqa narsalarga yuqoridan pastga qaraganday qaraymiz.
Xushchaqchaq, gapga chechan qo‘ng‘iroqxona qorovuli bo‘lmish oshnam ana shunday derdi. Sirtdan qaraganda, dili nima desa, tili ham shuni aytayotganday bo‘lardi-yu, ammo ko‘p narsalarni ko‘nglining to‘rida yashirib yurardi. Uning nasl-nasabi ham chakki emas ekan, odamlarning aytishiga qaraganda, u ulug‘ martabali bir amaldorning o‘g‘li ekan, o‘zi ham o‘shanaqa odam bo‘lishi mumkin ekan; ma’lumotli