Mahalla fuqarosiga hali navbat kelmagan. Eski choponlardan bitta-yarimtasi soddadillik bilan mabodo kelib qolsa, to‘y boshilarning ko‘zlari olayadi, qo‘l uchi bilan ishorat qiladilar, u bechorani ohista turtib bir chetga, devor tagiga qaqqaytiradilar: «Nega muncha sabrsizlik!» yoki uni boshqa bir uyga cho‘kkalatadilar. Xususan, bu narsaga Mirzakarimboy qattiq rioya qiladi. U to‘y boshilarga oldindan uqtirib qo‘ygan edi: «Tartib buzilmasin, har toifani o‘z vaqtida, o‘z yeriga o‘tqazish, o‘ziga yarasha kutish kerak».
Bu salobatli odamlar orasida xizmat qilgan Yo‘lchi g‘oyat siqildi. Yursa kalavlaganday, birovni turtganday tuyuladi. Yo‘lchiping jahlini chiqargan va sababini tushunmagan narsa shu edi:—Hamma yoq suv quygandek jim-jit. Hamma shivirlab gapiradi. To‘y boshilarning tili kesilgandek. Ular o‘zaro nuqul imlashadi, boshqalarga ham qo‘l va ko‘z harakati, imo bilan ish buyuradilar. Necha lagan osh, necha patnis va hokazo hammasi imlash, imo bilan bildiriladi. Yurganda qadamni mumkin qadar tez, lekin yumshoq bosish, qo‘l bo‘shaganda, darrov qovishtirish kerak. Hatto choynak-piyolalarni shiqirlatish ham mumkin emas… Yo‘lchi o‘z ichida o‘yladi: «Haligi bolalar qani, haligi sho‘x yigitlar qani? Nega ularni aralashtirmaydilar? To‘y emas, aza bu!»
Chindan ham har bir to‘yda to‘polon qilib, bearmon o‘ynab-kulishga o‘rgangandan bolalar bu «ulug‘ to‘ydan» norozi edilar. Ularning har bir o‘yiniga, har bir hangamasiga «ona bosh» bo‘luvchi To‘xtasin o‘rtoqlarini yig‘di, ularga shivir-shivir bilan bir nimani tushuntirdi. Sakkizta bola birdak: «Bo‘pti, juda soz!» deyishdi-da, devorga tirmashib, tomga g‘izillashdi. To‘xtasin oriq-iflos bir kuchukvachchani ko‘tarib, hammadan keyin chiqdi. Tomdan tomga sakrab, to‘y bo‘layotgan ko‘chaga yondoshgan baland tomga kelib, bo‘g‘ot labida jimgina, pisib o‘tirishdi. Muhiddin bilan Nurmat To‘xtasinni qistadi:
– Nega bo‘zarib qolding, qo‘rqasanmi? Bizga ber!
– Shoshma, qiziqroq bo‘lsin-da! – jidday javob berdi To‘xtasin.
– Anov boyvachchaning ustiga chiptiraymi? Juda qistanib turibman? —Sobir jiddiylik bilan maslahat so‘raydi o‘rtoqlaridan.
– Yo‘q… Ana o‘ziyam bilganday naryoqqa ketdi.
– Nisholdani maza qilib yeb o‘tirgan hov anu sallalikni kesak bilan boplaymi? – dedi Mahmud.
– Yo‘q! U kishi domlamiz-ku, – javob beradi biri. Mahmud quyoshdan ko‘zlarini pana qilib, tikiladi:
– A, domlamiz ekan! Umrlarida nisholda ko‘rmaganday, boshlarini ko‘tarmaydilar-a.
Hammalari kulishadi.
Pochapo‘stin kiygan, sersavlat, bir-biridan takabbur boylar eshikdan gerdayib chiqib, bir necha qadam bosishgan edi. To‘xtasin kuchukbachchani baland ko‘tarib tashladi. Hamma bolalar birdan va-xa-xolab qochishdi. Kuchukbachcha naq haligi «kazo-kazo»larning oyoqlari ostiga tushdi… Ular cho‘chib alanglanib orqaga chekinishdi. Kuchukbachcha quloqnn yirtadigan tovush chiqardi: «ang-ang-ang…» Ayanchli ko‘zlari bilan bir zum atrofga javdirab qarab, keyin oqsoqlanib, to‘ppa-to‘g‘ri Mirzakarimboy o‘tirgan stulning tagiga kirib ketdi, sekinroq, lekin dardchil ingrovchi tovush bilan yana angillay boshladi.
G‘azabdai Mirzakarimboyniig ko‘zlari pir-pir uchdi, rangi oqardi, Yormat tom tomonga ko‘zlarini olaytirib, qochgan bolalarning orqasidan boplab so‘kishni mo‘ljalladi-yu, lekin qayerda, kimlar o‘rtasida turganini darhol esiga olib, tovushini halqumda bo‘g‘di, lablari mudhish qiyshayib, qimirladi, barmoqlari bilan tomga do‘q qildi.
Yo‘lchi kulgidan o‘zini tuta olmay, bir chetga burildi: «Rosa tomosha bo‘ldi, bolalar o‘chlarini oldi!» dedi ichida.
Hassakashlar qatorida, skameykada yonma-yon o‘tirib, xushxo‘r, xushta’m qiyomdan va nisholdadan boshlarini ko‘tarmay, soqol-mo‘ylovlariga oqizib-tomizib, kavshayotgan imom – maktab domlasi va bir mudarris ham, bu munosabat bilan bolalarga husni axloqi ta’lim xususida bir oz dahanaki jang qilishdi.
III
Vaqt shom bilan xufton orasi edi. To‘yning yumushlaridan endigina qutulgan Yo‘lchi to‘qqiz yog‘ochli, pastgina, kun tushmas, zax uyda, shishasi yarmidan uchgan kichkina lampani tutatib, yolgaz o‘tirar edi. Bu uy —«xizmat-korxona», boyning tashchqari hovlisining quyi tomonida, baland, ko‘rkam uylaridan chetda, bir burchakka tiqilgan, shuning uchun ko‘zga chalinmas edi. Uyning to‘riga churuk qora namat tashlangan. Quyi tomoni yalang‘och yer, taxmonda bir eski yashik. Uning ustida ikkita uvada ko‘rpa, toshday qattiq, kir, «shalvrak» yostiq. Daladan biron yumush bilan qaytgan xizmatkorlar bunda qo‘nar edi. Bu kun Yo‘lchi bu uyga birinchi daf’a kirgan edi. U «mo‘l-ko‘l» to‘yda yumush bilan ovora bo‘lgani va o‘zining tortinchoqligi orqasida, qornini unchalik to‘yg‘iza olmagan. Sovuq devorga orqasini suyab o‘ylar edi: «Hamma o‘zini biladi, o‘zim bo‘lay deydi. Qornim to‘qmi-ochmi, qarindosh xo‘jayinlarning parvoyi palagiga ham kelmaydi».
Eshik ochildi, Salimboyvachcha go‘yo bu uyga kirgali hazar qilganday, boshini tiqdi.
– Yo‘lchiboy, shu yerdamisan?
– Assalom, – Yo‘lchi o‘rnidan turdi, – to‘yda ko‘rinmadingiz, Salim aka?
– Do‘konda edim. Yormat yo‘q, sen izvoshni qo‘sh, bir yerga borib kelamiz.
– Izvosh? – hayronlik bilan ko‘zini katta ochdi Yo‘lchi.
– Ko‘rmagansan-a… Bir oydan beri minamiz-ku, yangi ot, yangi faytun. Katta maydondagi saroyda. Ha, qo‘shishni, haydashni bilasanmi?
– Urinib ko‘ramiz.
– Tez bo‘l!
Izvosh yangi shahar ko‘chalaridan birida, derazalaridan elektr yorug‘i ko‘ringan bir qavatli, yangi bino qarshisida, bir necha izvoshlar qatoriga taqalib to‘xtadi. Salimboyvachcha aravadan tushib: «Meni shu yerda kutasan», dedi-da, zinadan tez-tez hatlab, binoning ichiga kirib yo‘qoldi.
Kecha juda qorong‘i va tumanli edi. Keng, tekis ko‘chaga uzoqdan chiroqlar tuman ichida xira sovuq nur sepadi.
– Qalaysan, uka! – birov kelib turtdi. Yo‘lchini. Yo‘lchi bu kishining yuzini ko‘rmasdanoq ovozidan tanidi.
– Ha, salomatmisiz, Jo‘ra aka! – qo‘lini uzatdi unga.
– Qachon olibdi, oti chog‘roq ko‘rinadi, – ko‘zini dam otga, dam aravaga tikib, dedi Jo‘ra.
– Yaqinda olishibdi. Birinchi haydashim, Yormat aka haydab turar ekan shekilli.
– Bu kecha otamlashar ekanmiz. Bu yomon hunar. Izg‘irin urgan bargday sovuqda bujmayasan, zerikasan.
– qayerga keldik? – so‘radi Yo‘lchi.
– Ishing bo‘lmasin. bu yer arshi-a’lo. Uncha-munchaga nasib bo‘lmaydigan joy… Pullarni shu yerda soviradi boylar. Qani, beri kel, xangamalashamiz.
* * *
– Xo‘sh, nima buyuramiz? —so‘radi labini yalab Salimboyvachcha.
– Qattiqrog‘i bo‘lsin, men konyak, – javob berdi paxtachi Jamolboy.
– Qo‘ying, men qizil ichaman, – dedi Salimboyvachcha. Salimboyvachcha katta gavdasi bilan stulni qisirlatib, yo‘g‘on, go‘shtdor qo‘llarini qorday oq surp to‘shalgan stolga qo‘ydi.
– Ta’bi shumo…? Abdishukur, ayting!
– Menmi? – Muallimning to‘satdan bergan savoli qarshisida dovdiragan bola kabi, taraddudlanib, javob berishga urindi Ashdishukur, – menmi? Menga nima rom kelishini