– Toyni minib shaharga tush, ikki shisha konyak ol. Tez. Uhu, o‘hu… yo‘tal qursin! Asqar polvonlar kelishadi, tushundingmi?
– Ehhe, ish katta-ku. Omad tilayman, yo‘taldan cho‘zasiz-da. Lekin, toy yo‘q, Mirishoq aka. «Kichkina chavandoz» uloqqa minib ketgan edi.
– Yo‘rg‘ani min!
Shu vaqtda, egar-jabdug‘i yap-yangi bo‘lgan, manglayiga tumorcha va munchoqlar osilgan semiz, chiroyli qora toychani yetaklab «kichkina chavandoz» kirib keldi. Bu, Tantiboyvachchaning o‘g‘li Obidjon edi. U o‘n uch-o‘n to‘rt yoshli, oriq, chayir bola, o‘zini kattalarday tutishga tirishsa ham, butun harakatlaridan «erka qo‘zi» ekani ko‘rinib turar edi. U toyni Qambarga topshirib, kiyimlaridan changni qoqa boshladi.
– O‘g‘lim, – deb qichqirdi kulib dadasi, – kimniki oldi?
– Tohir gubchakning jiyroni. Ot bolasi unga to‘g‘ri kelmas ekan.
– Iya, Obidjon, – tirjayib gapirdi Qambar, – men o‘ylovdimki, uloqni taqimga bosib kelasiz, bu yerda qozon osamiz deb, quruq tomosha deng.
– Shoshma hali, Qambar, qozoningni moy qilarman bir kun…– kibrlanib dedi Obidjon.
– Hazratalining duldulini hech bir ot quvib yetgan emas, kitoblarda shunday yozilgan. Toy o‘ssin, naq duldulday bo‘ladi. Ammo, uloq olish uchun chavandoz bo‘lish kerak, kuch kerak, ukam Obidjon! – deb Qambar toychaning qorinbog‘ini bo‘shatib, qoziqqa bog‘ladi. Keyin xo‘jayindan pul olib, boshqa otda shaharga jo‘nadi.
Tantiboyvachchaning mehmonlari shomdan so‘ng kelishdi. Ular bedapoyaga qaratib solingan ayvonga o‘tqazildi, to Qambar kelguncha, xizmatni Yo‘lchi bajarib turdi. Hammadan Tantiboyvachchaning chilimi zeriktirdi. Minut sayin ayvondan baqiradi: «Chilim». Chilim uning yonida. Lekin sarxonani yangilab, o‘t qo‘yib tutish kerak… Boyvachcha chilimni bir marta yengil tortish bilan kifoyalanadi, lekin bir zum o‘tmasdan, yana talab qiladi. Qambar kelib, o‘zining malaka orttirgan xizmatini bajara boshlagach, Yo‘lchi qorong‘i supadagi taqir namat ustiga cho‘zildi. Qambar bir lagan sovib qolgan palov keltirdi, o‘zi ham o‘tirdi.
– O‘yin boshlanganga o‘xshaydi… o‘yinni juda qiziqib o‘ynaydi, xo‘jayin. Qarang, chilim yodidan ko‘tarildi.
– Qanaqa o‘yin? – dedi Yo‘lchi.
– Qimor…– sekin javob berdi Qambar.
– A, mehmonlari qimorbozga sira o‘xshamaydi-ku. Domla imomlarday salla-kallali odamlar.
– Qimorboz deb kimni aytasiz? – og‘zidagi oshi bilan g‘uldiradi Qambar.– Ko‘kragi ochiq, qo‘shbelbog‘, yakka kift chapanilarnimi?.. Yo‘q, qimorbozlarning uchchiga chiqqani bular. Sersoqol, katta sallali – eshonning o‘g‘li. Bularning bog‘ida har juma zikr bo‘ladi. Dadasi bo‘lmaganda zikrga o‘zi boshliq bo‘ladi. Muridlari juda ko‘p. Katta eshon.
– Tavba! Eshon «gardkam» deb oshiq otadimi, a?
– Bular qartada o‘ynaydi. Baribir qimor-da, qaytaga, bu yana yomonroq… Ha, ichishini so‘rang. Nomi ichkilik bo‘lsa – bas. Cho‘lda bir hafta suvsiz qolgan tuyaday shimiradi. Bo‘zami, aroqmi, musallasmi, konyakmi, – qo‘ymaydi eshon.
– G‘irt palid odam deng, – dedi-da, eshonni o‘xshatib so‘kib qo‘ydi Yo‘lchi.
– Chilim, cho‘loq!
Qo‘liga olgan oshini laganga to‘kib, yugurdi Qambar. U chindan oyog‘i sog‘ kabi, tez yugurar edi. Yo‘lchi ichida o‘yladi: «Cho‘loq odam uchun xizmatkorlik qiyin, boyoqish Qambar bu kamchilikni bildirmaslik uchun yugura-yugura yugurik bo‘lib qolganda».
Tantiboyvachcha har safar «cho‘loq» deb qichqirar ekan, Yo‘lchiga qattiq ta’sir qilar edi: «hazil emas, mensimaslik bu» der edi ichida.
– Menga qarab o‘tiribsizmi? Olavering, – qaytib kelib dedi Qambar.– Xo‘jayinning karmoni o‘pirilganga o‘xshaydi, tolei yo‘q-da. Shu bu yil yutqizishdan boshi chiqmay qoldi. Nuqul «boy beradi». Davlat zo‘r, unchalik bilinmaydi, ammo, pirovardi yomon bo‘ladi. Ana shunda ko‘zi moshdek ochiladi. Bu xarajat, bu isrofgarchilikka tog‘ ham chidamaydi, do‘stim Yo‘lchi.
– Boyvachcha nima ish qiladi? – dedi Yo‘lchi.
– Ish? —«piq» etib kuldi Qambar.– Oshdan oling, keyin eshitasiz.
Lagan bo‘shagach, Yo‘lchi qo‘lini tortdi. Qambar laganga barmoqlarini ishqab, yaladi. So‘ng laganni chetga surib, Yo‘lchiga juda yaqin o‘tirdi, ovozini pasaytirib, so‘zlay boshladi:
– Hemirilik ishi yo‘q… Otasi o‘lganiga o‘n besh yil bo‘lib qoldi, shundan buyon har qanaqa ishni yig‘ishtirgan. Men hammasidan xabardorman. Bu odamnikida to‘rt yildan buyon ishlayman… Lekin shaharda bir mahallada bo‘lganimiz uchun, ahvolini obdan yaxshi bilaman. Xo‘jayinning dadasi katta boy edi, mol-mulkni behad yiqqan edi. Bir qancha do‘kon, yana yer-suv, yangi shaharda bir necha qo‘ralar… Chol o‘ldi, o‘g‘il yeb yotibdi: gap-gashtak, bazm, uloq, mehmon-izlom inchunin. Mulla, eshon, boy, qimorboz yog‘ilaveradi. Har kun norin, manti, shilpildoq, palov. Mana yaqinda shaharga ko‘chamiz. Haligi bir qarich bolani uylantirmoqchi. Qizni beshikda unashtirib qo‘ygan ekanlar. Shu bola xotinning ma’nisini biladimi?! O‘g‘li ham o‘ziga o‘xshaydi. Na o‘qishni biladi, na to‘qishni… Xadradagi o‘ris maktabga bir qancha oy qatnab, tashlab qochdi. Bolaning es-hushi uloqda, otda, yosh-yosh boyvachcha jo‘ralar bilan ulfatchilik qilishda. Ota-bola birlashib davlatni kemiradi. Hozir, eshitishimcha, uchdan biri qolgan emish. Bu ham sotilib-sovrilib shamolga uchadi.
Uzoqdan Tantiboyvachcha bo‘g‘ilib baqirdi: «Chilim!» Qambar so‘zini kesib, xo‘jayinga yugurdi. Bir zumda qaytib, yana shivirladi:
– O‘rtada pul xirmonday uyulgan. Oqpodshoning surati tushgan nuqul shaldirama qog‘ozlar-a… Qarasam, ko‘zimdan olov chiqib ketadi. Bir-ikki donasi menda bo‘lsa edi, qayerga borsam: «Keling-keling, mulla Qambar!» U yo‘q: «Cho‘loq Qambar, mo‘loq Qambar!»
– Xo‘jayin tanti deb tanilgan ekan, tantiligini sizga ko‘rsatdimi, Qambar aka? – dedi Yo‘lchi.
– Tanti, lekin bizga emas, – shivirladi Qambar, – o‘zining oshna-og‘aynilariga ham o‘ziga tantilik qiladi. Ziyofatlarini yegan odamlar unga Tanti ot qo‘yishgan. Menga ovqat beradi, kiyim juda to‘zisa, kiyim qilib beradi. Lekin, pulchadan yo‘qroq… Qo‘ldan berganga qorin to‘ymas, degan gapni bilasiz-ku! Ba’zi vaqtda uncha-muncha pul ham so‘rab olaman. Lekin, chirt-pirt bo‘lib qo‘ldan uchadi-ketadi. Oh, pul! Ikki tanobgina yer olsam, oz bo‘lsin, soz bo‘lsin deganday, qantday ish qilar edim. Ko‘rdingiz-ku, qancha yerga ekin ekkanman. Yolg‘iz o‘zim!.. Har yil xo‘jayinga arava-arava hosilot beraman.
– Birov ishlaydi, birov rohatini ko‘radi, yering bo‘lsa mehnati ham, rohati ham o‘zingniki bo‘ladi. Pul yig‘ib yer oling, Qambar aka! – dedi Yo‘lchi.
– Xizmatkor yolg‘iz o‘zini boqadi, bir tiyin ham tugishi qiyin. Xo‘jayinlarning ostonasi shunday la’nati bo‘lar ekan, hatlayman desang, oyog‘ingdan chalar ekan…
Shu topda xo‘jayinning mast va asabiy tovushi yangradi:
– Cho‘loq, «doruv» dan olib kel!
– Musallasga gal keldimi?– dedi Yo‘lchi.
– Eshonning boshini xumga tiqaman! – deb kuldi Qambar va qorong‘ida yo‘qoldi.
Yo‘lchi quruq namatga yotib, ustiga ko‘rpacha yopdi. Ko‘rpachadan zax hidi bilan ot shiptirining qo‘lansasi dimoqqa urdi. Buning ustiga mast qimorbozlarning baqirishi, yakkam-dukkam «xirgoyilari» qo‘shilib, Yo‘lchining uyqusini o‘chirdi. Ochiq qolgan oyoqlarini nima bilan va qanday yopishni bilmay, urinib yotarkan, boshida Qambar egilib shivirladi:
– Uxladingizmi?
– Yo‘q.
– Ichasizmi?