Qiz tugunni qo‘ltiqlab hovliga tushdi. Kavushini kiymadi. Yalang oyoq, «ship-ship» yurib ketdi. Hovlining o‘rtasiga borganda to‘xtadi, atrofga qo‘rquvli nazar tashlab, quloq solib, yana eshik tomonga yumshoq yo‘rg‘aladi. Devor tagida katta sigir boshvog‘ini yerga yoyib, bemalol kavsh qaytarib yotardi. Uning qo‘ng‘ir tuklari oydinda oltinlanib yaltirardi. Nuri yaqinlasharkan, sigir beparvo nazar bilan boqib, pishillab, og‘ir nafas oldi.
Nuri eshik zanjiriga qo‘l uzatdi, lekin birdan cho‘chib ketdi: «Zanjir jaranglaydi, eshik g‘ijirlaydi. Kampir uyg‘onib qolsa, nima bahona topaman? Bunga bahona topib bo‘ladimi? Bu eshik g‘ijirlarmikan, yo yo‘q?» Shuncha vaqtdan buyon bu narsaga diqqat qilmaganiga o‘kindi. Tavakkal qilib zanjirni ohistagina tushirdi. Eshikni juda ehtiyot bilan yarim ochib, o‘zini tashqariga oldi. Supaga qadar bo‘lgan sahn tutash tiniq oydin, hatto tuproq ham yiltiraydi. Boshqa yerlar ola-chalpoq nim oydinlik. Nuriga endi kecha va jimjitlik, nechundir qo‘rqinchliroq tuyuldi. Katta-kichik daraxtlarning yerga tashlagan ko‘lkalari, gerdayib ko‘kka uzaygan haybatli qayrag‘ochlar sirli, vahimali ko‘rindi. Qiz ularga qarashga botinmadi, go‘yo har tomonda “ajina”larning ko‘lkalari sakrashganday… U qattiq yugurib ayvonga bordi. Ertaklarda uchraydigan botir kabi g‘urur, salobat bilan uxlab yotgan Yo‘lchning bosh ustida cho‘kkaladi. Kechaning bir zum avval sirli va mudhish ko‘ringan manzarasi endi yo‘qoldii. Atrofda hammaa narsa to‘zal va yoqimli bir shakl oldi. Yigit ko‘kka qarab, tinch uxlar edi. Ayvon yoqasidagi ikki tun jaftoli orasidan tushgan oy nuri yigit yuzida ko‘lka aralash jim-jim titraydi. Nuri uning ko‘ksiga qo‘lini qo‘ydi, bir qo‘li bilan peshonasini sekin siladi. Yo‘lchi seskanib ko‘zlarini ochdi, boshini keskin ko‘tardi.
– Kim bu?
– Men, men… Nuri, Yo‘lchi aka. Jim, sekin…– Nuri o‘z yuzini yigitning yuziga taqadi.
– Siz, shu yerdamisiz? —shivirlab, hayajon bilan dedi Yo‘lchi, – nimaga bemahal bu yerga chiqdingiz? Bilib qolsalar nima bo‘ladi? Barchaga sharmanda bo‘lamiz. Men bir xizmatkorlaring bo‘lsam… Siz juda yengil o‘ylaysiz.
– Nima qilibdi, xizmatkor odam emasmi? Siz qarindoshimiz. Siz qanday yaxshisiz, – sovuqdanmi, yo hayojondanmi, Nuri titrab gapirdi.– Sizni deb bu yerga keldim, Yo‘lchi aka. Bu yerda ekanligizni eshitib, ko‘zimga xech nima ko‘rinmadi, uchib bora qolsam, dedim. Bu yerda uch-to‘rt kundan buyon kunduzi ham, kechasi ham es-hushim sizda. Tavakkal qilib chiqdim.
Kuz kechasining salqin shamolida jimgina silkingan daraxtlarning barglari orasidai tushgan oy nuri kizning sochlarida, yuzida jim-jim o‘ynar, qizlik latofatiga sirli va sehrli bir nima bag‘ishlar edi. Yo‘lchi atrofga ko‘z tashlar, shamolda shildiragan har bargdan cho‘chir edi. U qiz bilan ikki og‘iz jiddiy so‘zlashib, kelajakka qanday qarashni bilmoqni istasa-da, lekin Nurining ko‘zlaridan, harakatlaridan uning bu yerga so‘z sotish uchun chiqmaganini sezdi. Qiyinlik bilan erishilgan bu nodir fursatda yoniq orzularini, sho‘x ehtiroslarini alangalanganiga qizda kuchli intiluv borligini ravshan ko‘rdi. Yo‘lchi qizga tomon yaqin egildi va ko‘zlariga tikildi va titroq lablari bilan bazo‘r dedi:
– Shundaymi-a? Men uchun keldingizmi?
– Yolg‘iz sizni deb…
Yo‘lchi qizning qo‘llarini mahkam siqdi. Nuri o‘z boshini uning yelkasiga sekingina tashladi… Yigitning qo‘llari qizinig bellariga chirmashdi, ko‘kraklari bir-biriga qapishdi.
Oy. Nozik jimjitlik. Salqin shamollargina qizning sochlari bilan o‘ynashadi…
Nuri ketish oldida, tugunchakni Yo‘lchiga berdi.
– Nima bu!?
– Arzimaydi. Sizga bir ko‘ylak olib kelgandim. Pul kerakmi sizga? Yo‘lchi aka, aytavering, uyalmang— Yo‘lchining qo‘lini maxkam ushlab, dedi Nuri.
Yo‘lchi og‘ir bir xo‘rsinib tugunchakni qizmnng oyog‘iga tashladi.
– Olib keting. Menga hech nima kerak emas. Na kiyim na pul. O‘z kuchim bilan topaman. Oling xozir, opa
– Men ataylab siz uchun olib keldim. Bir qo‘shni xotinga yashirin tikdirdim. Hozir biron joyga berkiting. Katta yerga borganda, kiyarsiz.
– Oling, xafa bo‘laman.
– Roziligimga qarang, Yo‘lchi aka!..
Nuri yana avvalgiday qo‘rquv ostida ehtiyot bilan qo‘rg‘on hovliga kirdi. Ayvonchaga oyoq uchida yurib bordi. Kampir uyquda ekaniga ishongach, yuragi birdan tinchlandi. Endi u, mabodo kampir uyg‘onsa, zaruriyat uchun turgan ekan, deb o‘ylasin, degan niyatda, jo‘rttaga dadil yurdi, yo‘taldi, ayvon oldiga yetgach kavushlarga qoqilgan bo‘ldi.
UCHINCHI BOB
I
Kechikib kirgan qish endi kun sayin sovug‘ini kuchaytira boshlagan edi. Qor yo‘q, lekin ertalab yalang‘och daraxtlarda va tomlarda qalingina qirov yaltiraydi. Mirzakaribmoyning oilasi bir yarim oydan buyon shaharda.
Sahni torroq, lekin to‘rt tomoni uy-ayvonlar bilan o‘ralgan tashqari hovlidagi naqshli, qubbali eshiklari keng, yaxlit oynali derazalari, tarnovlarning tepasida gerdaygan tunuka xo‘rozchalari, ganch uymalari, bo‘yoqlari bilan ko‘rkam – haybatli ikki mehmonxonaning birida qat-qat shoxi ko‘rpachalarda, issiq tanchaga suqilib Mirzakarimboy o‘tirar edi. Do‘kondan xoh erta, xoh kech qaytsin, u to‘ppa-to‘g‘ri shu uyga kirar edi. Faqat, ovqatni o‘g‘illari, kelin va nabiralari bilan birlikda yeyishni (mehmonlar bo‘lmaganda) o‘zi uchun shart qilib olgan. Bu kun peshin namozini Eski jo‘vadagi «Xotin machit»da o‘qib, bozordan barvaqt qaytgan edi. U tokchadan cho‘tni olib, miyasini ishg‘ol etgan «hisob-kitob»ni bir-ikki marta cho‘tga ag‘dargandan so‘ng, ko‘zoynak taqib, «Chohor darvesh»ni varaqlab ko‘zdan kechira boshladi. U ba’zi vaqt Xo‘ja Ahmad Yassaviyning «Hikmatlar»ini ham o‘qir edi. Hali bir betni o‘qib bitirmasdan, o‘g‘li Hakimboyvachcha kirib keldi. Dadasi bilan ko‘rishib movut chakmonining etagini ehtiyot bilan qayirib, tanchaga o‘tirdi. Farg‘ona safaridan qaytgan o‘g‘li bilan gaplashish uchun, boy kitobni yopdi.
– Qachon kelding? Muncha tez?
– Ertalab kelgan edim. Bankada aylanishib qoldim, – dedi-da, so‘zlab ketdi. Birinchi «sort» paxtalarni ikkinchi, balki uchinchi «sort» bahosiga sotib olganini, yana sakkiz ming pud paxta uchun pul tashlab kelganini va hokazoni bildirdi, qo‘qonlik boylarning, «ishbilarman» yor-do‘stlarning salomini topshirdi. Mirzakarimboy paxta savdosining turli tomonlarini sinchiklab bilib olgandan so‘ng, o‘g‘lining «kori»dan xursand bo‘ldi.
– Buni omad deydilar. Bu to‘g‘rida birovga og‘iz ochma, savdo ishiday nozik ish jahonda yo‘q. Dadam rahmatlik baqqol edi. Bir kunda qancha sabzi-piyoz sotadi, buni hech kimga, uy ichidagilarga ham aytmas edi, he-he-he…– kuldi u o‘g‘liga tikilib.
– Dada, endi paxta zavod qurmasak bo‘lmaydi. Modomiki, paxtachi bo‘ldim, zavodsiz iloj yo‘q. Garchi siz norozi bo‘lsangiz ham, ishni boshlab yubormoqchiman. Qo‘qonda nomerda bir o‘ris injener bilan tanishdim, bu to‘g‘rida maslahatlashdim. Ammo, siz «xo‘p» desangiz olam guliston.
Mirzakarimboy «qix-tuf»dan so‘ng:
– «Bu kor xayr…» Sendan ilgari men o‘zim tarafdorman. Lekin picha sabr qil, – u bir nafas sukunatdai keyin o‘g‘liga iljayib qaradi.– Balki zavod qurish uchun ovora bo‘lishga to‘g‘ri kelmas, biz tayyor zavodni, ishlab turgan zavodni qo‘lga olarmiz ham juda arzonga olarmiz!
– Eh, qani endi, do‘ndirma ish bo‘lar edi-da! —Hakimboyvachcha labini yalab qo‘ydi.
– Haligi gapimni sir deb bil! – davom etdi chol.– Paxta bozori misoli qaynab toshgan bir daryo… Birdan o‘zni otish ham yaramaydi. Oldin daryoning chuqur, sayoz joylarini bilish kerak. Ko‘rib turibman, ko‘p odamlar bu daryoning ostida yer tishladi, ko‘plar girdobga yo‘liqib, cho‘p-xasday