Dunyoning ishlari. O‘tkir Hoshimov. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: O‘tkir Hoshimov
Издательство: SHARQ
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-26-780-0
Скачать книгу
beri bo‘lib, yelkamni qisdim.

      – Yur! – Vali qo‘limdan tutib uyiga boshladi. Ikkalamiz ularning hovlisiga kirdik. Hovli etagidagi bostirmada eski quti bor ekan. Vali qutini titkilab zanglab ketgan temir topdi.

      – Mana! – dedi tantana bilan. – Endi hech ham sinmaydi!

      Dutorning singan qulog‘i o‘rniga temir tiqdik-da, imi-jimida g‘ilofga solib joyiga ilib qo‘ydik.

      Kechqurun oyimga nima bo‘lganini aytib bergandim, rangi o‘chib ketdi. Lekin nima qilishni oyim ham bilmasdi.

      O‘sha kuni emas-ku, uch kundan keyin sir ochildi. Dadam hujradan turib jahl bilan qichqirib qoldi:

      – Dutorga kim tegdi?

      Zum o‘tmay dutorni ko‘tarib chiqdi.

      – Garangmisanlar? Qaysi biring sindirding? Bu nima qiliq? – dedi Vali «tuzatgan» dutorni ko‘rsatib.

      Oyim aybdor qiyofada o‘tirar, akalarim hayron bo‘lib bir-biriga qarashar edi. Hozir katta janjal bo‘lishini sezib qo‘rqib ketdim.

      – Tiling bormi?! – dadam battar tutaqib ketdi.

      – Zebi opa chaluvdi, – dedi oyim sekin. – Sumalakka chiqqanimizda… bir chalib beray, devdi…

      Qiziq, dadam birdan hovuridan tushdi.

      – Mayli, – dedi ovozi pasayib. – Zebi chalsa mayli.– U hujraga kirib ketdi-da, anchadan keyin bir bo‘lak yog‘och ko‘tarib chiqdi. Dandon sopli pichog‘i bilan yog‘ochni kesa boshladi. – Dutorning qulog‘ini tutdan qilmasa sinaveradi, – dedi sekin. Yog‘ochning u yoq-bu yog‘ini o‘yar ekan, uh tortdi. – Qarab turib Xudoning ishlariga ham qoyil qolmayman. Ota-boladan bir oyda «qoraxat» kelsa-ya!

      – Shuni ayting, – dedi oyim jonlanib. – Tag‘in ham odamzod chidarkan. Ham eridan, ham yakka-yolg‘iz o‘g‘lidan judo bo‘lib o‘tiribdi boyoqish. – U bir zum o‘ylanib turdi-da, qo‘shib qo‘ydi. – Bechora, Valisiga juda suyanib qolgan. Ishqilib, orzu-havasini shundan ko‘rsin…

* * *

      Valentin tuzatib ketgan mashinani haydab borarkanman, beixtiyor Zebi xolaning ko‘chasiga burildim. Ana, Valentinning uchastkasi. Shifer tomli uy oldida ZIL turibdi. Kabina zinasida katta-kichik uch bola oyog‘ini likillatib o‘tiribdi. Biri do‘ppi kiygan, biri shapkasini bostirib olgan… Mashinani sekin haydab o‘tib borarkanman, ichkaridan dutor sadolari eshitilgandek bo‘ldi. Kim bilsin, ehtimol menga shunday tuyulgandir?

      XO‘JA

      Bolaligida hammaning ham tishi tushadi. Meniki g‘alati bo‘lgan: birinchi tishimni urib tushirishgan. Bunga Xo‘ja sababchi bo‘lgan.

      Bu bolani nimaga bunchalik yaxshi ko‘rib qolganimni bilmayman. Ehtimol yuvoshligi uchundir. Ehtimol, ko‘zlari doimo javdirab turishi uchundir. Odam bir narsani judayam aytgisi kelsa-yu aytolmasa, ko‘zi shunaqa – har kimga bir qarab javdirayveradi. Xo‘janing ko‘zlari shunaqa edi.

      Hordiq kunlari dadam bilan oyim nonushta paytida «Nekalay» zamonidan qolgan samovarni o‘rtaga qo‘yib uzoq suhbatlashib o‘tirishar edi. Bir kuni dadam tajang bo‘lib gapirib qoldi:

      – O‘ziyam ja-a-a Xudo urgan xotin ekan-da, o‘sha Ra’no! Mana, Egamberdi omon-eson keldi-ku! O‘larmidi likillamasdan ko‘milib o‘tirsa!

      Oyim bir nuqtaga tikilgancha o‘yga toldi. Ko‘zlariga g‘ussa cho‘kdi.

      – Boshidayam-ku, yulduzi yulduziga uncha to‘g‘ri kelmasdi-ya, – dedi sekin. – Ammo baribir chatoq bo‘ldi. Ikki orada bola bechora tirik yetim bo‘lib qoldi.

      Tushundim, Xo‘jani gapirishyapti. Dadasi urushda yurganda oyisi boshqa odam bilan Chirchiq degan joyga qochib ketgan ekan…

      Oyim aytgan «tirik yetim» degan gapning ma’nosini tushunmasam ham Xo‘jaga rahmim kelib ketdi. Unga qanchalik rahmim kelsa, oyisini shunchalik yomon ko‘rib qoldim.

      Xo‘ja buvisi, dadasi bilan katalakdek hovlida turardi. Egamberdi akaning jahli yomon. Doim yaltiroq tugmachali jigarrang kitel kiyib yuradi. Gapirganida duduqlanib qoladi. Chap qo‘li tayoqday osilib turadi. Xo‘janing aytishiga qaraganda, urushdan keyin ham bir yilcha gospital degan katta kasalxonada yotgan ekan. Doktorlar qo‘lini kesmoqchi bo‘lganida, hammangni otib tashlayman, degan ekan, qo‘rqib kesishmabdi. To‘pponchasi bormish. Onangni qayerda ko‘rsam, peshonasidan otib tashlayman, derkan…

      O‘sha kuni odatdagidek men echkimni, Xo‘ja buzog‘ini yetaklab, o‘tloqqa olib bordik. Mening echkim sersut, yuvoshgina-yu, ammo bir aybi bor. Ko‘zni shamg‘alat qilib, uloqchalarini to‘yg‘azib, emizdirib oladi. Shundan qo‘rqib oyim yeliniga xalta bog‘lab qo‘yadi. Xo‘janing buzog‘i esa qayerda latta ko‘rsa yamlab qo‘yadi. O‘shanda kelib-kelib jo‘raboshimizning shinelini chaynamaganida olam guliston edi. Hammamiz qiy-chuv solib o‘ynayotgan edik, jo‘raboshimiz alam bilan do‘rillab qoldi:

      – Shinelim! Shinelimni yeb qo‘ydi!

      Shunday degancha kattakon tayog‘ini ko‘tarib tol soyasida allanimani maza qilib chaynayotgan buzoq tomonga yugurdi. Hammamiz turgan joyimizda qotib qoldik. Jo‘raboshimiz dadasi urushdan olib kelgan shinelini jonidan ham yaxshi ko‘rar, qishda etagini osiltirib kiyib yurar, yozda ham qo‘ldan qo‘ymasdi. U bora solib buzoqning gardaniga tayoq bilan bir tushirdi. Buzoq sho‘rlik shinelining yengidan tishlaganicha, dumini xoda qilib qochdi. Jo‘raboshimiz jonholatda shinelga yopishdi. Buzoq anchagina joyini yamlab bo‘lgan ekan, yengining yarmigacha so‘lak bilan qo‘shilib cho‘zilib og‘zidan chiqdi.

      Bolalar yetib kelganida jo‘raboshimiz g‘alvir bo‘lib ketgan yengni ushlagancha bo‘zrayib o‘tirar edi. Xo‘jani ko‘rdi-yu jazavasi qo‘zib ketdi.

      – Nima qilding?! – dedi g‘azab bilan.

      Xo‘ja, buzoq emas, o‘zi aybdordek ko‘zlarini javdiratgancha goh jo‘raboshiga, goh shinelga tikilib lol turardi.

      – Endi nima qilaman buni! – jo‘raboshi shinelni yerga uloqtirdi. – Moling ham o‘zingga o‘xshaydi! Xo‘jalar peshindan keyin aynaydi. Oying ham aynab, o‘ynashi bilan qochib ketgan!

      Oramizdan tikroq bolalar chekka-chekkadan piqillab kulib yuborishdi. Toy angraygancha burnini sekin tortib qo‘ydi.

      Ertalab dadamdan eshitgan gapni esladim-u qo‘rquv ichida Xo‘jaga qaradim. U bir zum hammaga javdirab qarab chiqdi-da, to‘satdan jo‘raboshiga tashlandi. Ammo o‘sha ondayoq chakkasiga tushgan musht zarbidan ancha nariga uchib ketdi.

      – Nega urasan! – dedim alam bilan chiyillab. Akalarim o‘rgatganidek, mushtimni iloji boricha qattiqroq qisib, jo‘raboshiga yugurdim, u bo‘lsa, urib ham o‘tirmadi. Kafti bilan jag‘imga bir turtgan edi, chalqanchasiga ag‘darilib tushdim. Og‘zim sho‘r bo‘lib ketdi. Ko‘zimni ochsam, tepamda Toy turibdi.

      – Tur, – dedi qo‘limdan tortib. – Yomon urdimi?

      – Ikkalang ham yo‘qol! – dedi jo‘raboshi do‘rillab. – Bugundan boshlab molingni jiydazorda boqasan.

      Birpasdan keyin Xo‘ja buzog‘ini, men echkimni yetaklab, qing‘ir-qiyshiq jiydalar orasiga kirib ketdik. Jiydazor etagida Qonqus oqar edi, qirg‘oqqa borib o‘tirdik.

      – Og‘zing qonayapti, – dedi Xo‘ja yuzimga tikilib.

      Kaftimni orqasi bilan artsam, qo‘lim qon bo‘ldi. Shu paytgacha bilmaganimga o‘zim ham hayron qoldim. Tupurib tashladim-u oldimdagi kurak tishim ilinib turganini payqadim. Qo‘lim tegishi bilan tishim sug‘urilib chiqdi.

      – Tishingni sindirdimi? – Xo‘ja ko‘zimga shunday javdirab tikildiki, og‘riq ham esimdan chiqib ketdi.

      – O‘zi liqillab turuvdi, – dedim tishimni tomosha qilib.

      Endi uloqtirib yubormoqchi edim. Xo‘ja qo‘limdan ushladi:

      – Shoshma! Mana bunday o‘tir. – U meni suvga teskari qilib o‘tqazdi. – Ko‘zingni yumasan-da, «Suyak tishimni ol, tilla