Olmaxonning dumi baroq,
Judayam sho‘x, o‘yinqaroq.
Olma bersam olmaydi hech,
Yong‘oq terib tolmaydi hech.
Olmadan u ekan yiroq,
Olmaxondir ismi biroq.
Olib qo‘ysam yong‘og‘ini,
Osiltirdi qovog‘ini.
– Yasha! Barakalla, Ergashev! Sen bo‘ladigan bolasan! Tuppa-tuzuk shoir bo‘lib qolibsan-ku. O‘qituvchimiz xursand bo‘lib meni bolalarga rosa maqtadi. She’rlarimni «Gulxan» jurnalida chiqarishga yordam berishini aytib, ko‘proq yozishimni tayinladi. Maqtovlardan ruhlanib, keyingi darsga yana ikkita she’r yozib keldim.
– Ertaga bug‘doyzorda
Katta kurash bo‘ladi.
G‘olib kelganning uyi
Bug‘doy, donga to‘ladi.
Yengar edim, bir emas
Hatto to‘qqiz-o‘nini
Bir kunga berib tursa
Tipratikan to‘nini.
Qoyil! Zo‘r! Hamma chapak chalib olqishladi. Yana o‘qi! Xitoblar yangradi.
Qizilishton zo‘r usta
Ishtoni qizil tusda.
Qushlar qiynalmasin, deb
Uy qurganmish uch yuzta.
Jalilov domlamiz, o‘qib o‘rganishda davom etsang, sendan yaxshi shoir chiqadi, dedi. Sinfda obro‘yim oshib ketdi. Ayrim sinfdoshlarim allaqachon shoir deb ham chaqiradigan bo‘lishdi. Bu menga juda yoqardi. Tanaffusda har xil qiziq voqealarni qofiyaga solib, bolalarga o‘qib berar va bundan o‘zim ham rohatlanardim. Ana shunday kunlarning birida kutilmagan voqea ro‘y berdi-yu, o‘qishlarim chappasiga keta boshladi.
DADA MISHA
Ertalab uyimizga Dada Misha shogirdi bilan kelib, pol qoqish ishlarini boshlab yubordi. Qishlog‘imizda ikki nafar duradgor usta bor. Ulardan biri Dada Misha, ikkinchisi Samintoy aka degan bizdan sal narida yashaydigan qo‘polroq bir kishi. Odamlar duradgorlik ishlariga ko‘proq Dada Mishani chaqirishar, Samintoy akani esa unchalik xushlamasdilar. Dadamning aytishicha, uning og‘zi qattiq, sal narsaga to‘ng‘illar, ustiga-ustak ovqat tanlar emish. Yana yog‘ochlarni ko‘rko‘rona arralab isrof qilar ekan.
Eng yomoni – ishlagan xonadonining ahli ayoliga yomon ko‘z bilan qararmish.
Dada Misha esa uning teskarisi bo‘lib, bir qarich yog‘ochni ham joyini topib ishlatarkan. U rus bo‘lishiga qaramay, xotini Jannat (Janna) xola bilan qishlog‘imizda yashardi. O‘zbekchani suv qilib ichib yuborgani shuki, tilimizni rosa qishloqcha qilib shevada gapiradi. Dyadya Mishani qishloq odamlari osongina – Dada Misha deb qo‘yaqolishgan.
Misha tog‘aning bo‘yi past, ko‘zlari kulrang, soch-soqoli hatto qoshlarigacha oppoq, so‘zlari muloyim, yuzlari qip-qizil, yetmish yoshlardagi kishi edi. Oyog‘ida qishin-yozin qop-qora qilib moylangan etik, boshida doim furashkasi bo‘lardi.
Eng yaxshi tomoni – u bolalarni juda yaxshi ko‘rardi.
Kelgan kunidanoq men bilan, yaxshimisiz, o‘rtoq, deb so‘rashdi.
Dada Misha o‘n sakkiz yoshlardagi shogirdi O‘ktam aka bilan juda inoq, har bir so‘zdan kulgi chiqarib taxtalarni randalashardi. Ularning suhbatini eshitish juda maroqli edi. Dadam ham ustalarga imkon qadar yordam berar, men esa mayda-chuyda ishlariga qarashib, choynak bo‘shasa, choy damlab, ularga dastyorlik qilib turdim.
Usta-shogird o‘tirib ozgina nafas rostladilar. – Eshit Davronbek, – dedi O‘ktam aka menga qarab va mix o‘ralib keltirilgan eski gazetani xuddi artistlarday ifodali o‘qiy boshladi. U shunday ravon, tutilmay o‘qirdiki, beixtiyor havasim keldi. Ertakning qisqacha mazmuni shunday:
Uchta o‘g‘ri bir boyning xazinasini o‘maribdi. Ular o‘ljani taqsimlamoqchi bo‘lib bir kimsasiz kulbaga yig‘ilibdilar. O‘g‘rilarning biri qozon boshida ovqatga unnabdi. Sheriklari bezatilgan dasturxon atrofida maishat qilib o‘tirib, fikrlari buzilibdi. Ikkovlon qozon boshidagi safdoshlarini gumdon qilib, boylikni o‘zaro bo‘lishib olmoqchi bo‘libdi. Masalliqni qozonga bosib davraga kelib o‘tirgan o‘g‘riga zahar solingan qadahni berib, urishtirib ichibdilar. O‘g‘ri shu zahotiyoq jon taslim qilibdi. Murodlariga yetgan ikki o‘g‘ri xursand bo‘lib ovqatni paqqos tushiribdi va ular ham tarashadek qotibdilar. Qozon boshidagi o‘g‘ri boylikka faqat o‘zi egalik qilish maqsadida ovqatga zahar solgan va oqibatda ochko‘z o‘g‘rilarning hech biriga o‘lja nasib qilmagan ekan.
Gazeta-jurnallarda shunday qiziq ertaklar berilishini bilmasligimdan afsuslandim. Ustalar uylariga ketgach, o‘sha gazeta bo‘lagini olib, O‘ktam akaga o‘xshatib o‘qishga harakat qila boshladim. Odatdagi tushlikdan so‘ng O‘ktam aka barmoqlari bilan patnisni chertib biram zo‘r qo‘shiq aytdiki, shunday ovoz bilan pol qoqib yurganiga hayron bo‘ldim.
Dada Misha esa randalangan taxtaga patnis ushlab ashula aytayotgan bola rasmini tezda chizdi-da, tagiga O‘ktamjon, deb yozdi va menga qarab jilmaydi.
Shogird ham patnisni qo‘yib, furashka kiygan sersoqol boboy suratini chizib, tagiga O‘ktamjonning ustozi, – deb yozib qo‘ydi. Uchalamiz miriqib kulishdik. Endi men bu usta-shogirdlarga butunlay qoyil qoldim va ularga havas-u mehrim yanada ortdi.
– Seni qo‘lingdan nima keladi? Ko‘rsat hunaringni, – dedi O‘ktam aka kutilmaganda menga qarab.
– She’r o‘qisam ham bo‘laveradimi? – dedim biroz uyalib.
– Bo‘laveradi, bo‘laveradi… dedi muloyimlik bilan Misha tog‘a.
O‘zim yozgan she’rlardan birini boplab o‘qib berdim.
– O, zo‘rsan-ku, deyishdi usta-shogird xursand bo‘lib. – Bu kimning she’ri?
– O‘zim yozganman, – dedim men ham kimligimni bildirib qo‘yish maqsadida.
Ular meni maqtay boshladilar.
Sal narida, negadir mazam bo‘lmayapti, – deb yonboshlab yotgan dadam ham tabassum bilan bizlarni kuzatar, she’r yozganimdan quvonib o‘zini qo‘ygani joy topolmasdi.
– Sinflaringda eng birinchi zo‘r kim? – dedi O‘ktam aka yelkamga qo‘lini qo‘yib.
– Abror!
– Ikkinchi zo‘r-chi?
– Maqsud!
– Uchinchi zo‘r kim?
– Uchinchi zo‘r yo‘q.
– Sen-chi? Uchinchiyam emasmisan.
Men indamay yerga qaradim.
– Yigit kishi hech bo‘lmasa, o‘zini himoya qilishni bilishi kerak, – dedi O‘ktam aka uzil-kesil.
– Hechqisi yo‘q. Haliyam kech emas. O‘zim senga zo‘r pryomlarni o‘rgatib qo‘yaman.
U chindanam ishdan bo‘sh paytlarida menga oz-ozdan boksdagi himoya usullarini o‘rgata boshladi. Men bu sportga astoydil qiziqib, mashqlarni qunt bilan takrorlardim. O‘ktam aka bolaligida shaharda boks to‘garagiga qatnashgan ekan.
Taraqa-turuqlar avjiga chiqib, ustalar