Tun. Bir nuqtaga tikilib qancha o‘tirdim, eslolmayman.
– Tur, bolam, choponingni yechib, damingni ol. Ertaga barvaqt turishing kerak, – dedi onajonim xirqiroq ovozda. Boshim g‘uvullar, toliqqanimni his qildim. Choponimni yechib, shimim bilan ko‘rpaga cho‘zildim. Nimadir qattiq botganday bo‘ldi.
Cho‘ntagimga qo‘l soldim. Bir juft ko‘m-ko‘k bodring… Birdan ko‘zlarim charaqlab ochilganday bo‘ldi. Karaxtlik ortga chekinib, o‘zimga kelgandim. Ichkariga qaradim. Uyimizda yotib qolgan xotinlar berilib kitobxonlik qilishardi. Nimalar bo‘layapti o‘zi? Ayni paytdagi holatni anglab, o‘zimni boshqarolmay qoldim. Ovozimning boricha ular tomonga qarab baqirdim.
– Axir, men bu bodringlarni dadamga olib kelgandim-ku! Dadam qani?! Nahotki, endi mening dadam yo‘q! Onajonim ikkimizni kimlarga tashlab ketdingiz, dadajon! Hech qayerga ketayotganim yo‘q, degandingiz-ku! Meni aldagan ekansiz-da, dada-j-o-on! Voy dadajon-i-im!
Kutilmagan dod-u faryodimdan cho‘chib ketgan ayollar menga qarab tarashadek qotib qolishdi va bir uy xotin baravariga menga qo‘shilib o‘kirib yubordi.
Bu alamli yig‘idan uy larzaga keldi. Onajonim chopib kelib, meni bag‘riga bosdi. Ona-bola quchoqlashib, uzoq yig‘lashdik. Oxiri Oyimchaxon ena kelib, onajonim ikkimizni koyigan bo‘ldi. Allohning ishiga sabrli bo‘lishimizni aytib, tanbeh berdi. Nasihatlar qilib, ko‘nglimni ko‘tardi. Uyda yana kitobxonlik davom etdi.
Men esa ko‘rpaga boshimni o‘rab, o‘ksib-o‘ksib yig‘layverdim, yig‘layverdim.
OYIMCHAXON ENA
Dadamning katta-kichik marosimlari o‘tdi. Qo‘chqorimiz so‘yildi. Qo‘ylarimiz sotildi. Katakdagi oltita tovug‘imizdan boshqa hech vaqo qolmadi. Eng yomoni, hali otamning yigirmasi o‘tmay turib, qizamiq degan kasallik bir yashar singlimga ham chang soldi. Bu bedavo kasallikdan ko‘plab go‘daklar nobud bo‘lar, onalarning fig‘oni yer-u ko‘kka sig‘masdi. Ham eridan, ham suyukli qizalog‘idan judo bo‘lgan onajonim yig‘layverib adoyi tamom bo‘ldi…
Marosimlardan keyin hamma uy-uylariga tarqadi. Faqatgina onamning ammasi Oyimchaxon ena dadamning qirqi o‘tmay turib, bizni yolg‘iz tashlab ketgisi kelmadi. U sakson yoshlardan oshgan bo‘lsa-da, xiyla chaqqon, jussasi kichik, oq nuqtali qora ko‘ylagining bir juft tugmasini tomog‘igacha qadab yuradigan, chiroylikkina kampir edi. Oyimcha ena bolalarga mehribon, shu bilan birga, juda ko‘p ertak va dostonlarni yoddan bilardi. Men dono enani juda yaxshi ko‘rib qoldim. Onajonim ham u bilan juda chiqishar, tonggacha suhbat qurishsayam, gaplari tugamasdi.
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «ЛитРес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию на ЛитРес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.