730 kun. ILYOS AZIZOV. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: ILYOS AZIZOV
Издательство: Автор
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 2023
isbn:
Скачать книгу
gin va yorqinligi edi. Bu mavzuda uncha-muncha yozuvchi shu taxlitda yozolmasligini bilganim uchun ham boshida biroz shubha bilan qaradim. Chunki, “Afg‘on mavzusi”da bilsa-bilmasa u-bu narsa qoralab, odamlarning e’tiborini tortish uchun yolg‘on-yashiqlarni yozib, ketma-ket kitoblar chiqarib, buning ortidan pul va obro‘ topaman, degan aksariyat tumtoqqalam va uyatsiz (uzr, boshqa so‘z topolmadim) kimsalarning qoralamalarini o‘qib, yuzimdan jonim chiqar darajada ter ko‘pchir, uyalib va jirkaniblar ketardim. Chunki, ularning ba’zi to‘qimalaridan ko‘nglim aynir, qo‘ling singur, inson qadri va qalbi bilan shuncha hazillashasanmi, urush haqida yolg‘on yozib bo‘lmaydi-ku, urush eng avvalo Insonning yuragini yaralaydi, o‘chmas jarohat va og‘riq soladi, urushda bo‘lgan odam urushdan qaytib kelmaydi, qaytib kelsa ham urushni o‘zi bilan birga olib keladi, yuragida qamab yashaydi-ku, degan o‘ylar azob beradi.

      To‘g‘ri, urushda bo‘lgan odamning hammasi ham urush haqida yozavermaydi, bunga majbur ham emas. Axir, yozish qobiliyati hammaga ham berilmagan. Bu ayb emas. Yozuvchilik yuqmagan ekan, yozmaslik ayb emas, lekin qalam tebratishga iqtidoring bo‘lmasa ham, yozuvchilik yuqmagan bo‘lsa ham, urush mavzusini “o‘yin” qilib yozishing ayb.

      Eh-he, ayrimlarni bilaman, urush nimaligini his qilmay, urushni ko‘rmay turib taxlam-taxlam nimarsalarni yozib, o‘zlaricha kitob chiqarishmoqda. Baraka topgur, odamlarni aldama, boshqa yo‘ldan yura qol, bu uyat, urush haqida yozish uchun hech narsani bo‘rttirma, faqat yuragingga quloq sol, o‘zi aytib turadi, yozaverasan, degim keladi.

      Shu o‘rinda bir gapni aytay, ulug‘ ustozimiz O‘tkir Hoshimov “Tushda kechgan umrlar” romanini yozguncha yuzlab “afg‘onchi”lar bilan gaplashgandilar. Hatto menga ham romanning qo‘lyozmasini o‘qib chiqishga bergandilar. Asarda tasvirlangan har bir voqea, har bir detal haqida o‘sha yoqda bo‘lib qaytgan jangchilardan qayta-qayta so‘rab, ishonch hosil qilgach, nashrga bergandilar. Shunday ulkan yozuvchi bu mavzuda yozish osonmasligi, urush haqida yozayotib xato qilish urushda xato qilgandan ham yomon ekanligini his qilgandilar. Shuning uchun ham u kishining romani inson qalbi og‘riqlari, urush azoblarini mukammal ifoda etgan asarlar sirasiga kiradi.

      Ilyosxon, qadrdonim! Siz bu qo‘lyozmangizni bemalol kitob qiling. Ishonaman, barcha quroldoshlarimizning xotirasida ko‘p voqealar qayta jonlanadi, balki bu biroz og‘riqli kechar. Lekin, afg‘on urushi ishtirokchisi bo‘lgan 18-20 yoshdagi yigitlarning, urushning har bir kunida umri o‘n yilga uzaygan, shu yoshida keksayib qolgan, urushdan qarib-qartayib, bu hayotda tiriklikning o‘zi bir ne’mat ekanligini his qilib qaytgan va bugun ham shunday o‘y bilan yashayotgan qismatdoshlaringizning qalbiga taskin bo‘lsa ne ajab.

      Men qo‘lyozmadagi voqea-hodisalarni sharhlab, gapni maydalab o‘tirmadim. Munaqqid emasman, yozuvchiman. Yozuvchi sifatida aytamanki, kitobingiz o‘z o‘quvchisini topadi. Nasib qilsa, uni birinchi bo‘lib o‘zim sotib olaman. Omon bo‘ling!

      Hurmat bilan,

      Qo‘chqor NORQOBIL

      Ushbu kitobni padari buzrukvorim G‘iyos hoji Abduazizxon o‘g‘li xotiralariga hamda ayajonim Sagida hoji Abdulhaq qiziga bag‘ishlayman.

      Muallif

       730 kun. Afg‘oniston

       Muqaddima. Safarbarlik

      Alloh tomonidan insonga berilgan eng ulug‘ ne’mat nima ekanligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Yo‘qmi?! Men esa bu haqda bosh qotirib ko‘rganman. To‘g‘rirog‘i, qatnashish qismatimda bitilgan “Afg‘on urushi” deb atalgan mash’um urushda kechgan hayot-mamot orasidagi kunlarimning har daqiqasi menga bu savolni ro‘baru qo‘ygan. Aytsam ishonmassiz, lekin o‘shanda ayni o‘n sakkizdan o‘n to‘qqizga o‘tgan paytlarim edi. Eng ulug‘ ne’mat bu -bizga berilgan HAYOT! Uni qanday yashashimiz,qanday sarf etishimiz esa har birimizning o‘zimizga bog‘liq deb o‘ylayman. Lekin, har doim ham bunday emasday. Hayot so‘qmoqlari gohida bizni o‘zimiz istamagan taraflarga ham chunonam chirpirak qilib olib ketadiki, aql bilan qarasangiz, ular almisoqda bitilgan taqdir yozug‘imiz harflaridagi zeru zabarlari, ilmoqchalari ekanligiga iymon keltirishdan boshqa ilojingiz qolmaydi…

      Chirchiq tank poligoni. Ajdodlarimiz asrlar davomida qo‘sh haydab g‘alla ekib, ardoqlab kelgan bepoyon qirliklar. Qudratli mashinalar oyog‘i ostida ezg‘ilanib charchagan, mehribon dehqonini sog‘ingan dala. Oyoq ostidagi bilqillagan tuproqning himoga mahtal zarralari kichik harakatda ham, ona yer faryodi yanglig‘ ko‘kka o‘rlaydi.

      Bu yerdagi uch mingga yaqin askarlarning hammasi, sobiq Sovet Ittifoqining barcha hududlaridagi harbiy okruglardan, “afg‘on” urushiga yuborish uchun, Turkiston harbiy okrugiga yordam tariqasida, “K – 20 A” tamg‘asi bilan jo‘natilgan va shu yerda to‘plangan edi. Tartibsiz qurib tashlangan palatkalar shoshma-shosharlik bilan tiklanganmidi yoki afg‘on sharoitiga sal bo‘lsa ham ko‘zimizni qotirish maqsadida maxsus qilinganmidi, aytish qiyin. Noyabr oyi boshlangan bo‘lsa-da kun issiq. Bosh tiqishga-da soya topmoqlikni iloji yo‘q. Ertalabki nonushtaga boramiz, deb yo‘lga chiqib, navbat kutib palatkadan yasalgan oshxonaga yetib borgunimizgacha tushlik vaqti bo‘lib qolar, nonushta va tushlikni bitta qilib qaytib kelib, tuproq ustiga qurilgan palatkamizga kirib olardik. U yerda esa na karavot, na stol-stul bor edi. Faqat quruq yerga tashlangan matras bor edi xolos. Soyalab yotganingda biron bir farosati g‘ovlagan chopib kirsa, ko‘tarilgan changda bo’g‘ilib qolmaslik uchun tashqariga chiqishga majbur bo‘lardik.

      Men bu yerda o‘tkazgan to‘qqiz kun mobaynida tartib bo‘lmagan joyda yashash, ishlash va xizmat qilish naqadar qiyinchilik tug‘dirishini his qildim. Chunki bu yerda to‘plangan askarlar o‘zlari bo‘ysunadigan komandirini tanimasdi, agar u haqiqatan ham bor bo‘lsa. Bor bo‘lsa ham faqat “qabul qildim, jo‘natdim“ qabilidagi hisobot yuritish bilan mashg‘ul bo‘lsa ne ajab. Chunki, bu yerdan askarlar Afg‘onistonga har kuni jo‘natilar va har kun yangi kelganlar qabul qilib olinaverardi. Undan tashqari, o‘g‘lining shu yerdaligidan xabar topib, dilbandini bu xatarli “safar”dan olib qolish “yo‘llarini qidirgan” otalar ham ko‘rinib qolardi2ki, farzandini ko‘rish ilinjida tikanli simlar orasidan mo‘ralagancha kun bo‘yi tik oyoqda turishardi.

      Ahvol bunaqaligini ko‘rib, vaziyatni tushunib olgandan so‘ng o‘zimiz to‘rt-besh so‘m pul yig‘ib, shaharga tushib yegulik olib keladigan bo‘ldik. Yegulik ham antiqa: faqat buxanka non va baqlajon ikrasi. O‘sha paytda shahar do‘konlaridan topganimiz shu edi.

      Xayriyat bizning navbatimiz kelib, qatorlashib kelgan bahaybat “Ural” mashinalariga joylashib, bir soatlar chamasi yo‘l bosib harbiy aerodromga yetib keldik.

      Samolyotga chiqyapmiz, taxminan “afg‘on”ga uchishimizni bilib tursam-da, qalbimning tub-tubida “boshqa joyga olib ketishsa edi”, degan xom xayol ham yo‘q emasdi.

      –Afg‘onga ketishimiz rostga o‘xshab qoldi, yigitlar, meni bitta irimim bor, -dedi To‘ra, cho‘ntagidan bir dona qurut chiqara turib.

      –Mana shuni yarmini bo‘laklab hozir yeymiz, yarmini esa u yoqqa tushgandan so‘ng, -deb yarimta qurutni olti kishiga taqsimlab berdi.

      Otasi birrov kelib ko‘rib ketganidan so‘ng g‘alati bo‘lib qolgan Elbek,1 negadir qurut yeyishni istamadi.Biz beshovlon esa To‘rani og‘ziga termulgancha qo‘limizga tekkan “ulush”imizni shimiy boshladik.

      –Shunday qilsak, hammamiz sog‘-salomat vatanimizga qaytamiz, -deb qurutning qolgan qismini qog‘ozga o‘rab cho‘ntagiga soldi.

      Samolyot juda haybatli edi. Shu vaqtgacha uch-to‘rt marta fuqaro aviatsiyasiga qarashli bo‘lgan samo kemalarida uchib ko‘rganim uchun bu harbiy desant qo‘shinlarining IL-76 samolyoti ko‘zimga juda qo‘pol ko‘rinardi. Bir qatorda saflanib, samolyotning tushirilgan dumidan yuqoriga navbat bilan chiqishni boshladik. Ism-sharifimizni o‘qigan zobit, aftimizga birrov termuladi-da so‘ng harbiy guvohnomamizni qo‘limizga tutqizib, yelkamizga shapatilab samolyot sari yo‘naltiradi. Navbat Elbekka kelgach, uning hujjatini o‘z qo‘liga emas, boshqa bir zobitga berdi-da, uni o‘zini bosh bilan irg‘ab safdan chetga chiqardi. Trapdan ko‘tarilib samolyot saloniga chiqyapman-u “ha, otasi ishni pishitgan ekan-da, qurut yemagani ham bejizga emas ekan”, degan xayol bilan ortga qaradim. U allaqachon sal narida turgan mashina yoniga yetib borgan, u yerda esa undan boshqa yana uch-to‘rt nafar hammadan “aqlli” yigitlar yig‘ilib turardi.

      Do‘st sinasang, safarda sina derlar,

      Do‘st


<p>1</p>

Ma’lum sabablarga ko‘ra ayrim qahramonlarning ismi-sharifi o‘zgartirilgan. Har qanday o‘xshashlik mutlaqo tasodifiydir (Muallif).