– Ministrlaringizdan so‘rang. Mamlakatda nimalar bo‘layotganini ular yaxshi bilishadi.
Davlat kansleri noaniq tomoq qirib qo‘ydi. Ministrlar o‘z likoplarini barmoqlari bilan do‘mbira qilib chala boshladilar.
– So‘rang ulardan, – deb gapida davom etdi Prospero, – ular aytib berishadi sizga…
U gapini tugatmay to‘xtadi. Hamma qulog‘ini ding qilib turardi.
– Ular sizga hammasini aytib beradilar: siz dehqonlarning ter to‘kib, og‘ir mashaqqat chekib uidirgan g‘allalarini tortib olgan edingiz, mana shu dehqonlar hozir katta yer egalariga qarshi isyon ko‘tarmoqdalar. Ular xo‘jayinlarining qo‘rg‘onlariga o‘t qo‘yadilar, ularni mulklaridan quvib chiqaryaptilar. Konchilar ko‘mir qazishdan bosh tortyaptilar, chunki qazib chiqarilgan ko‘mirni sizlar tortib olasiz. Ishchilar, sizlarning boyligingizni oshirish uchun ishlashdan voz kechib, mashinalarni sindiryaptilar. Matroslar sizlarning yuklaringizni dengizga uloqtiryaptilar. Askarlar sizlarga xizmat qilishdan bosh tortyaptilar. Olimlar, xizmatchilar, sudyalar, aktyorlar xalq tomoniga o‘tyaptilar. Ilgari sizning xizmatingizni qilib, xizmati evaziga faqat sariq chaqa olgan, lekin, ayni paytda, sizlarni semirtirgan, hamyoningizni qappaytirgan mana shu baxti qaro, sho‘rpeshona, och yalang‘och, ozib cho‘p bo‘lgan yetim-yesir, mayib-majruh, qashshoqlar – hammalari sizlarga qarshi, qorni katta, toshbag‘ir boylarga qarshi urush ochib bosh ko‘taryaptilar.
– Nazarimda, ancha ortiqcha gapirib yubordi bu jinoyatchi, – deb gapga aralashdi Davlat kansleri.
Lekin Prospero gapida davom etdi:
– Men xalqimizga sizlardan va sizlarning hokimiyatingizdan nafratlanishni o‘n besh yildan beri o‘rgatib kelaman. O, bizlar juda ko‘pdan buyon kuch yig‘ib kelamiz! Mana, endi sizlarning kuningiz bitdi…
– Bas! – chiyilladi Uchinchi Baqaloq.
– Uni tezroq qafasiga olib borib tiqish kerak, – dedi Ikkinchi Baqaloq.
Birinchi Baqaloq bo‘lsa:
– To biz gimnastikachi Tibulni qo‘lga olmagunimizcha, sen qafasda yota turasan. Biz ikkovingni birga qatl etamiz. Xalq senlarning jasadlaringni ko‘radi. Ana shunda uning biz bilan jang qilish ishtiyoqi uzoq vaqtgacha daf bo‘lib ketadi.
Prospero jim turardi. U yana boshini egib olgan edi.
Baqaloq gapida davom etdi:
– Sen kim bilan jang qilmoqchi bo‘layotganingni unutib qo‘yibsan. Biz, Uch Baqaloq kuchli va qudratlimiz. Hamma narsa bizning ixtiyorimizda. Men, Birinchi Baqaloq butun mamlakatimizda unadigan g‘allaning xo‘jayini bo‘laman. Ikkinchi Baqaloqqa butun ko‘mir konlari qaraydi, Uchinchi Baqaloq esa hamma temirlarni sotib olgan. Biz hammadan boyroqmiz. Mamlakatdagi eng badavlat odam ham bizdan yuz chandon kambag‘alroqdir. Biz o‘z oltinlarimizga xohlagan narsalarni sotib olishimiz mumkin.
Shundan keyin hamma mechkaylarning jazavasi tutib ketdi. Baqaloqning gaplari ularga dalda bo‘lgan edi.
– Qafasga tashlash kerak uni! Qafasga, – deb qichqira boshlashdi ular.
– Hayvonlar ichiga!
– Qafasga!
– G‘alamis!
– Qafasga tiqish kerak!
Prosperoni olib chiqib ketishdi.
– Endi tort yeymiz, – dedi Birinchi Baqaloq.
«O‘ldim!» – dedi ichida sharfurush.
Hamma ko‘zini unga tikdi. U ko‘zini yana yumib oldi. Mechkaylar vaqtichog‘lik qila boshlashdi.
– Ho‘-ho‘-ho‘!
– Ha-ha-ha! Qanday ajoyib tort-a! Tepasida sharlari ham bor!
– Sharlar judayam chiroyli.
– Anavi nusxaga qarang!
– Antiqa nusxa.
Hamma tort sari yurdi.
– Manavi tasqaraning ichi nima ekan? – deb so‘radi kimdir va sharfurushning peshonasiga og‘ritib bir chertdi.
– Ichi to‘la konfet bo‘lsa kerak.
– Yo shampan vinosidir…
– Juda qiziq! Juda qiziq!
– Kelinglar, oldin mana bu boshni uzamiz, ko‘raylik-chi, nima bo‘larkin…
– Voy!
Sharfurush og‘riqqa chiday olmay, aniq qilib: «Voy!» deb yubordi va ko‘zlarini katta ochdi.
Uning boshi ichida nima borligini bilishga qiziqqanlar cho‘chib ketib, orqaga tashlandilar. Xuddi shu payt rovondan bir bolaning baralla chinqirgani eshitildi:
– Qo‘g‘irchoq! Mening qo‘g‘irchog‘im!
Hamma o‘sha yoqqa o‘girilib, quloq sola boshladi. Hammadan ham Uchala Baqaloq bilan Davlat kansleri ko‘proq bezovta bo‘la boshlagan edi.
Chinqiriq yig‘iga aylandi. Rovonda bir bola negadir xun bo‘lib, ho‘ngrab yig‘lardi.
– Nima gap? – deb so‘radi Birinchi Baqaloq. – Axir bu yig‘layotgan valiahd Tutti-ku!
– Valiahd Tutti yig‘layapti! – deb bir ovozdan takrorlashdi Ikkinchi va Uchinchi Baqaloqlar.
Keyin uchovlarining ham ranglari o‘chib ketdi. Ular judayam qo‘rqib ketishgan edi.
Davlat kansleri, bir nechta Ministr va xizmatkorlar rovonga chiqadigan yo‘lak sari otildilar.
– Nima gap? Nima bo‘ldi? – deya pichirlasha boshlashdi zalda o‘tirganlar.
Bola moylangan tuflisini yaltillatib zalga yugurib kirdi. U Ministrlar va xizmatkorlarni turtib, o‘ziga yo‘l ochib, sochini silkitgancha baqaloqlar oldiga chopqillab bordi. U ho‘ng-ho‘ng yig‘lab bir nimalar derdi, ammo gapini hech kim tushunmasdi.
«Bu tirrancha hozir meni ko‘rib qoladi! – deb xavotirlana boshladi sharfurush. – Mening nafas olishimgayam, hatto, barmoqlarimni harakat qilishigayam xalaqit qilayotgan shu yaramas krem, albatta, bu bolaga yoqib qoladi hozir. Endi, bola yig‘lamasin deb, albatta, tovonimni qo‘shib bir bo‘lak tort kesib berishadi unga».
Lekin bola tortga hatto qayrilib ham qaramadi. Hatto sharfurushning dum-dumaloq boshi uzra turgan ajoyib sharlar ham bolaning diqqatini tortmadi.
U achchiq-achchiq yig‘lardi.
– Nima gap o‘zi? – deb so‘radi Birinchi Baqaloq.
– Nega valiahdimiz Tutti yig‘layapti? – deb so‘radi Ikkinchi Baqaloq.
Uchinchi Baqaloq esa tumshayib lunjlarini shishirdi.
Valiahd Tutti o‘n ikki yoshda edi. U Uch Baqaloqlar qasrida tarbiyalanardi. U xuddi kichkina shahzodadek yashardi. Baqaloqlar o‘zlari uchun voris o‘stirayotgan edilar. Ularning bolalari yo‘q edi. Uchta Baqaloqning butun mol-davlati hamda mamlakatni idora qilish keyinchalik shu valiahd Tuttining qo‘liga o‘tishi kerak edi.
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной,