«Pechga! – deya hayratga keldi sharfurush ichida. – Nima? Qanaqa pechga? Meni pechga tiqishmoqchimi?»
Lekin shu mahal bu yerga xizmatkorlardan biri yugurib kirdi.
– Tort! Tortni beringlar! – deb baqirdi u. – Darhol tortni olib chiqinglar! Mehmonlar shirinlikni kutib qolishdi.
– Tayyor! – deb javob qildi bosh qandolatpaz.
«Xudoga shukur-e», dedi ichida sharfurush. Shundan keyin, u ko‘zini xiyolgina suzib ochdi.
U botib o‘tirgan bahaybat tortni livreya7 kiygan oltita xizmatkor ko‘tarib olib chiqa boshladi. Shar sotuvchi bu xonadan uzoqlasharkan, shogird bolalarning ustidan xaxolab kulisha boshlaganini eshitdi.
Keng zinadan uni yuqori qavatga ko‘tarib olib chiqishdi. Mehmonlar o‘tirgan zal uning ko‘ziga shu yerda namoyon bo‘ldi. Shar sotuvchi yana bir zumgina ko‘zlarini yumib oldi. Zal odamlar bilan gavjum edi, hammaning vaqti chog‘. G‘ovur-g‘uvur ovozlar, qahqaha, qarsakbozliklar eshitilardi. Ko‘rinishidan, tantanali nonushta juda yaxshi uyushtirilgan edi.
Sharfurushni, yoki aniqroq qilib aytganda, tortni zalga olib kirib, stol ustiga qo‘ydilar.
Shunda sharfurush ko‘zini ochdi.
Uning ko‘zi birinchi navbatda Uch Baqaloqqa tushdi.
Ular shunaqangi semiz edilarki, buni ko‘rgan sharfurushning og‘zi lang ochilib qoldi.
«Darhol og‘zimni yumib olishim kerak, – shu choq degan fikr uning miyasiga keldi, – hozirgi ahvolimda yaxshisi, o‘zimning tirik ekanligimni sezdirmaganim ma’qul».
Lekin – afsus, uning og‘zi hech yumilmadi. Bu hol ikki daqiqa davom etdi. Keyin sharfurushning ajablanishi biroz kamaydi va axiyri o‘zini zo‘rlab og‘zini yumib oldi. Lekin og‘zi yumilgan zahoti birdan ko‘zlari yalt etib ochilib ketdi. U zo‘r qiyinchilik bilan navbatma-navbat goh og‘zini, goh ko‘zini yumib, nihoyat o‘zining sinchkovligiga butkul chek qo‘ydi.
Baqaloqlar zalning to‘rida boshqalardan balandroq yerda o‘tirishardi.
Ular hammadan ko‘p ovqat yeyishardi. Bir mahal ulardan bittasi hatto sochiqni ham yamlab yeya boshladi.
– Siz sochiqni yeyapsiz…
– Nahotki?! Berilib ketibman…
U sochiqni tashlab, shu onning o‘zida Uchinchi Baqaloqning qulog‘ini chaynashga kirishdi. Nega desangiz, uning qulog‘i chuchvaraga judayam o‘xshab ketardi.
Hamma qotib-qotib kula boshladi.
– Hazilni qo‘yaylik, – dedi Ikkinchi Baqaloq, qo‘lidagi vilkani yuqori ko‘tarib. – Oldimizda jiddiy masala turibdi. Tort olib kelishdi.
– Ur-ra!
Hammaga jon kirdi.
«Bu yog‘i qandoq bo‘larkin? – degan savol qiynardi sharfurushni. – Nima bo‘larkin? Ular meni yeb yuborishadi!»
Shu payt soat ikkiga zang urdi.
– Yana bir soatdan keyin Sud maydonida qatl boshlanadi, – dedi Birinchi Baqaloq.
– Birinchi navbatda qurolsoz Prosperoni qatl qilishsa kerak, albatta? – deb so‘radi hurmatli mehmonlardan biri.
– Uni bugun qatl qilmaydilar, – deb javob qildi Davlat kansleri.
– Nega? Nega? Nima uchun?
– Biz hozircha uni o‘ldirmaymiz. Biz undan isyonchilarning rejalarini, eng asosiy fitnachilarning nomlarini bilib olmoqchimiz.
– Hozir qayerda u?
Bu yerga to‘plangan butun jamoani Prospero haqidagi gap qiziqtirib qo‘ygan edi, odamlar hatto tort kelganini ham unutib qo‘yishdi.
– U boyagi-boyagi temir qafasda o‘tiribdi. Qafas shu yerda, qasrda, valiahd Tuttining hayvonotxonasiga qo‘yilgan.
– Bu yoqqa chaqiring uni…
– Bu yoqqa olib chiqing uni! – deb qichqira boshlashdi mehmonlar.
– Darhaqiqat, – dedi Birinchi Baqaloq. – Mayli, mehmonlarimiz o‘sha vahshiy hayvonni o‘z ko‘zlari bilan yaqindan ko‘rsinlar. Hammalaringizni hayvonotxonaga taklif qilgan bo‘lar edim-u, lekin u yerda hayvonlarning bo‘kirishi, chiyillashlaridan quloqlaringiz kar bo‘ladi, undan keyin, u yer sassiq. Aytmoqchimanki, qadahlar jarangi-yu, shirin mevalar hididan ancha badbo‘yroq-da.
– Albatta! Albatta! Hayvonotxonaga tushmaganimiz ma’qul.
– Yaxshisi, Prosperoni shu yerga olib kelishsin. Biz tort yeb o‘tirib, o‘sha maxluqni tomosha qilamiz.
«Obbo, yana tort! – cho‘chib ketdi sharfurush. – Albatta, yeyish kerak ekanmi shu tortni… Mechkaylar!»
– Prosperoni bu yoqqa olib keling, – dedi Birinchi Baqaloq.
Davlat kansleri zaldan chiqdi. Ikki tomonda qator tizilishib turgan xizmatkorlar orqaga tisarilishib, unga ta’zim qilishdi. Natijada yo‘lak devorlari ikki hissa pasayib ketdi. Mechkaylar jim bo‘lib qolishdi.
– U judayam qo‘rqinchli, – dedi Ikkinchi Baqaloq. – U hammadan kuchli. U hatto sherdan ham kuchliroq. Uning nafratli ko‘zlari o‘t bo‘lib yonadi. Unga tikilib qarashga hech kimning yuragi dov bermaydi.
– Uning kallasi judayam vahimali, – dedi Davlat kengashining kotibi. – Naq xumday keladi. Ustun ravoqiga o‘xshaydi. Sochi mallarang, ko‘rgan odam uning boshi alanga olib yonyapti deb o‘ylashi mumkin.
Endi, qurolsoz Prospero haqida gap ochilganidan keyin mechkaylarning ko‘ngli bir xil bo‘lib ketdi. Ular ovqat yeyishdan to‘xtashdi, hazil-huzulga, shang‘illab gapirishga barham berishdi, qorinlarini ichiga tortib olishdi, ba’zilarining hatto rangi o‘chib ketdi. Ko‘pchilik mehmonlar endi Prosperoni ko‘rish istagini bildirganlaridan afsuslanayotgan edilar.
Uchala Baqaloq jiddiy tus oldi, hatto xiyolgina ozganday ham bo‘ldi.
Birdan hamma sukutga toldi. Hamma yoq suv quygandek jimjit bo‘lib qoldi. Baqaloqlarning har biri, go‘yo ikkinchisining orqasiga bekinmoqchi bo‘layotganday g‘imirlay boshladi.
Zalga qurolsoz Prosperoni olib kirdilar.
Oldinda Davlat kansleri kelardi. Mahbusning ikki yonida esa qilich yalang‘ochlab gvar diyachilar kirdi, ular zalga kirishganda ham qora kleyonkadan tikilgan shlyapalarini yechmadilar. Zanjir sharaqladi. Qurolsozning qo‘llariga kishan solingan edi. Uni stolga yaqin olib kelishdi. U Baqaloqlardan bir necha qadam narida to‘xtadi.
Qurolsoz Prospero boshini pastga egib turardi. Uning rangi o‘chgan edi. Uning peshonasida, chakkalarida va patila-patila bo‘lib ketgan malla sochlari ostida qon qotib qolgan edi.
Mana, u boshini ko‘tarib Baqaloqlarga tikilgan edi, shu yerga yaqin stollarda o‘tirgan hamma odamlarning hushi uchib ketdi.
– Nega olib keldingiz uni bu yerga? – deb chiyilladi mehmonlardan biri. Bu – mamlakatda eng badavlat tegirmonchi edi. – Men undan qo‘rqaman!
Shu gapni aytib turib, tegirmonchi hushidan ketib, oldida turgan kiselga tumshug‘i bilan tushdi. Ba’zi mehmonlar eshik tomonga qocha boshladilar. Endi tort hech kimning ko‘ngliga sig‘may qolgan edi.
– Mendan nima istaysizlar? – deb so‘radi qurolsoz.
Birinchi Baqaloq yurak yutib gap boshladi:
– Biz nusxangni bir ko‘rmoqchi bo‘luvdik, – dedi u. – O‘zing-chi, meni qo‘lga olganlar kim ekan, deb qiziqmadingmi?
– Sizlarga qarashdan jirkanaman.
– Hademay boshingni tanangdan judo qilamiz. Ana o‘shanda bizga qaramaydigan bo‘lasan – biz bunga kafilmiz.
– Men o‘limdan qo‘rqmayman. Mening boshim bitta. Lekin xalqning yuz minglab boshi bor. U boshlarni oyboltangiz bilan chopa olmaysiz.
– Bugun