Tanlangan yo‘nalish bo‘yicha kesma tuzish uchun dastlab bu yo‘nalishdagi ikki nuqta geologik xaritada to‘g‘ri chiziq bilan tutashtiriladi (5.14-rasm, a). Chiziq uzunligi tuziladigan kesma uzunligiga mos kelishi kerak. Bu chiziq kesma chizig‘i deb ataladi va uning har ikkala uchi shartli harflar (A-B) yoki raqamlar (1-1) bilan belgilanadi (5.3, 5.5, 5.8 va 5.14-rasmlarga qarang).
Geologik kesma tuzishdan oldin millimetrovka qog‘ozga kesmaning topografik asosi chizib chiqiladi. Uning gorizontal va vertikal masshtablari xarita masshtabiga mos kelishi zarur. Agar yer yuzasi relyefining o‘zgarish amplitudasi katta bo‘lsa, u holda vertikal masshtab gorizontal masshtabga nisbatan ancha yirik qilib olinadi. Qatlamlar burmalar hosil qilgan bo‘lsa, ularning vertikal masshtabini o‘zgartirib bo‘lmaydi, chunki kesmada tasvirlanayotgan burmaning shakli butunlay o‘zgarib ketishi mumkin. Bunday hollarda gorizontal va vertikal masshtablar bir xil bo‘ladi.
Chizilgan geologik kesmaning tepasiga uning nomi, masshtabi, tuzilgan yili, ostiga esa shartli belgilar, kesma tuzuvchining familiyasi va boshqa kerakli ma’lumotlar yoziladi.
Кesmani tuzish uchun xaritada belgilangan kesma chizig‘i ustiga millimetrovka qog‘ozi qo‘yiladi. Qog‘ozga kesma chizig‘i bilan gorizontal chiziqlar kesishgan nuqtalar tushiriladi. Bu nuqtalarning absolyut balandliklari aniqlanib, nuqta yoniga yozib qo‘yiladi. So‘ngra qabul qilingan vertikal masshtab bo‘yicha kesma chizig‘iga parallel chiziqlar o‘tkaziladi. Кesma chizig‘ining gorizontallar bilan kesishgan joyidan parallel chiziqlarga perpendikular chiziqlar chiqarilib, ularning o‘zaro kesishgan nuqtalari vertikal masshtab bo‘yicha belgilanadi. Shundan so‘ng nuqtalar o‘zaro tutashtirilib, berilgan yo‘nalishdagi kesmaning topografik asosi, ya’ni yer yuzasining relyefi chiziladi (5.14- rasm, b).
5.14-rasm. Geologik kesma tuzish usuli:
a – geologik xarita; b – topografik asos; d – geologik kesma; 1– hozirgi zamon allyuvial yotqiziqlari; 2 – yuqori to‘rtlamchi allyuvial yotqiziqlari; 3 – o‘rta to‘rtlamchi prolyuvial yotqiziqlari; 4 – quyi to‘rtlamchi allyuvial yotqiziqlari; 5 – yuqori neogen davri yotqiziqlari; 6 – shag‘al; 7 – qum; 8 – qumoq tuproq; 9 – zichlashgan qumoq tuproq; 10 – alevrolit; 11 – burg‘ qudug‘i.
Кesma chizig‘i bilan stratigrafik bo‘linmalarning kesishishidan hosil bo‘lgan chegaralar nuqtalar bilan belgilab chiqiladi va kesmaning topografik asosiga tushiriladi. Agar maydonda to‘rtlamchi davr yotqiziqlari va to‘rtlamchi davrgacha hosil bo‘lgan yotqiziqlar uchrasa, ularning qalinligi burg‘ quduqlari yordamida aniqlanadi. So‘ngra jins qatlamlari vertikal masshtab bo‘yicha kesmaga tushiriladi. Bir xil genetik turga va yoshga mansub bo‘lgan jinslar chegarasi o‘zaro tutashtiriladi. Tubjoy jinslarning va uzilmalarning yotish holatlari aniq o‘lchovlar yordamida kesmada ko‘rsatiladi.
Кesmada tasvirlanadigan to‘rtlamchi davr yotqiziqlarining genetik turiga va yoshiga qarab rang tanlanadi, jinslar esa litologik tarkibi bo‘yicha shartli belgilarda aks ettiriladi (5.14- rasm, d).
Maydonda tarqalgan qatlamlar burmalangan bo‘lsa, ularni kesmalarda tasvirlash uchun dastlab burma asosida joylashgan qatlamlar ko‘rsatilib, so‘ngra boshqa qatlamlar chiziladi. Antiklinal va sinklinal burmalarning o‘qlari yuzasini, uzilmalarning yotish holatlarini ko‘rsatish orqali kesmaga aniqlik kiritiladi.
Geologik kesmalarda dastavval uzilmalarning yotish holatlari ko‘rsatilib, so‘ngra qatlamlarning yotishi ularga moslab tushiriladi (5.13-rasmga qarang).
5.4. Geologik xaritalarni o‘qish
Geologik xaritalarni quyidagi tartibda o‘qish tavsiya etiladi:
1. Xaritaning nomi, masshtabi va qabul qilingan shartli belgilar bilan tanishish.
2. Relyef turlarini ajratish va tavsiflash. Xaritada tog‘li (juda ham baland tog‘li – absolyut balandligi 2000 m dan yuqori; o‘rtacha balandlikdagi tog‘li – absolyut balandligi 700-2000 m; past tog‘li – absolyut balandligi 700 m dan kam), tekislik va past-baland ko‘rinishdagi relyeflarni ajratish lozim. Ayniqsa, relyefining yirik tektonik, erozion va akkumulyativ shakllariga e’tibor berish kerak. Xaritada daryoning vodiylari, keng supa (terrasa) lari va deltalari belgilanadi.
3. Xaritada relyefning tuzilishini ko‘rsatuvchi gorizontal chiziqlarning joylashishi, tog‘ jinslarining yotish holati va stratigrafik chegaralariga e’tibor berish. Ilgari aytib o‘tilganidek, to‘rtlamchi davrgacha paydo bo‘lgan jinslar gorizontal holatda yotgan bo‘lsa, qatlamlar orasidagi chegaralar gorizontal chiziqlarga parallel, monoklinal holatda yoki burmalar hosil qilib yotgan bo‘lsa, bir necha gorizontal chiziqlar bilan kesilgan bo‘ladi. Agar qatlamlarning birlamchi yotish holatlari uzilmalar, burmalanishlar ta’sirida o‘zgargan bo‘lsa u holda maydonda ko‘p uchraydigan yirik burmalarning cho‘ziqligini va qatlamlarning yotish elementlarini aniqlash kerak. Ayniqsa, magmatik tog‘ jinslarining yer yuzasiga chiqqan qismlariga va qatlamlarning yoriq bo‘ylab siljishiga e’tibor berish lozim. Shuningdek, geologik strukturalar bilan relyefning o‘zaro bog‘liqligini ham hisobga olish zarur.
4. O‘rganilayotgan maydon yer qobig‘ining geosinklinal yoki platforma qismiga taalluqli ekanligini aniqlash. Geosinklinal qism yer qobig‘ining kuchli burmalanishi va mayda bo‘laklarga (qismlarga) bo‘linishi, cho‘kindi jinslar qalinligining kattaligi, magmatik va metamorfik jinslarning keng tarqalganligi va juda baland tog‘li relyeflarning mavjudligi bilan ajralib turadi. Platforma qismida esa yer yuzasining relyefi tekis, burma va uzilmalar kam rivojlangan, cho‘kindi jinslarning qalinligi kichik va magmatik jinslar kam tarqalgan bo‘ladi.
5. Tog‘ jinslarining litologik tarkibini, yotish holatini, yoshini hisobga olgan holda maydonni tegishli rayonlarga ajratish.
6. Maydonning geologik sharoitlarini tahlil qilish asosida hamda quriladigan inshootlarning turi va maqsadiga qarab joylar ajratish va loyihalanadigan inshootlarning joylashish chegaralarini taxminiy ko‘rsatish.
Maydonning geologik tuzilishiga tushuntirish sharhi yozish. Maydonning geologik xaritasini har tomonlama o‘rganish va tahlil qilish hamda tanlangan yo‘nalishdagi geologik kesmani tuzish asosida tushuntirish sharhi bayon qilinadi. Tushuntirish sharhi quyidagi tartibda yoziladi:
1. Кirish. Bajariladigan ishning maqsadi va vazifasi, xaritaning nomi va masshtabi ko‘rsatiladi.
2. Geomorfologiya. Relyefining xususiyatlari, yer yuzasining eng yuqori va eng past joylari, notekisliklari ko‘rsatiladi. Daryo vodiylari batafsil yoritiladi, terrasa (supalar) soni, ularning kengligi, bir-biriga nisbatan balandligiga izoh beriladi.
3. Rayonning litologik va stratigrafik tavsifi. Rayonda tarqalgan cho‘kindi, magmatik va metamorfik jinslarga qisqacha tavsif beriladi va ularning litologik tarkibi, yotish holatlari, qalinligi va yoshi to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltiriladi.
4. Tektonik sharoitlari. Rayonning tektonik tuzilishi qadimda sodir bo‘lgan tektonik harakatlar natijasi orqali ifodalanadi. Yer qobig‘ining yuqoriga asta-sekin ko‘tarilishini yoki pastga cho‘kishini, egilishini va bukilishini, qatlamlarning burmalar hosil qilib siqilishini, yoriq va uzilmalar paydo bo‘lishini va ular orqali qatlamlarning bir-biriga nisbatan surilishini yuzaga keltiruvchi hamda bukilma va uzilmalarni vujudga keltiruvchi tebranma harakatlarga tavsif beriladi.
Qatlamlarning birlamchi yotish holati o‘zgargan yoki uzilmalar va yoriqlar bilan bo‘lingan bo‘lsa, u holda nisbatan yirik burmalar elementlari va cho‘ziqlik chegaralari aniqlanadi. Ayniqsa, qatlamlarning yoriqlar bo‘yicha siljishiga, sbros, vzbros, graben, gorst ko‘rinishidagi burmalarga, magmatik va metamorfik jinslarning yer yuzasiga chiqqan qismlariga e’tibor beriladi. Tekshirilayotgan maydon yer qobig‘ining geosinklinal yoki platforma turiga mansubligi aniqlanadi.
5. Rayonning geologik rivojlanish tarixi. Tuzilgan stratigrafik kolonka yordamida tog‘ jinslarining paydo bo‘lishi va geologik strukturalarning rivojlanishiga ta’rif beriladi. Yer qobig‘ini ustki qismining – dengiz, quruqlik, tekislik va tog‘larning uzoq geologik vaqt davomida o‘zgarishi haqida ma’lumotlar