– Botir, siz shunday vafosizmisiz?
– Ko‘rmayapsizmi, mening qizim sizga qanday mehribon. Shu qizimni ham rioya qilmay, qay ko‘ngil bilan meni o‘ldirmoqchi bo‘ldingiz? dedi. Kenja botir podshohga qarab bir hikoya aytdi.
…
– Bir zamonda bir poshdoh bor ekan, uning yaxshi ko‘rgan bir to‘tisi bor ekan. Podshoh to‘tisini shunday yaxshi ko‘rar ekanki, bir soat ko‘rmasa turolmas ekan. To‘ti ham podshohga juda mehribon bo‘lib, har turli shirin so‘zlar aytib, xursand qilar ekan. Bir kuni to‘ti podshohdan so‘rabdi: Mening Hindiston degan yurtda ota-onam, aka-ukam, opa-singillarim bor, falakning gardishi bilan sizning dargohingizga kelib qolgan edim. Shukurlar bo‘lsin, aql-idrokim, yaxshi xulqim, shirin so‘zim orqasida sizday podshohga hamsuhbat bo‘ldim. Endi, iltimosim shuki, meni qafasdan bo‘shatib, yigirma kunga javob bersangiz, olti kun borishim, olti kim kelishimga ketsa, bir hafta ota-onam, aka-ukalarimni ko‘rib diydoriga to‘ymog‘im uchun yetar. Podshoh:
– Yo‘q, senga javob bersam, yana kelmay qolsang, men sog‘inaman, juda xafa bo‘laman, debdi. To‘ti:
– Yo‘q, podshohim, sizning menga ko‘rsatgan iltifotingiz yomon yo‘lga boshlamaydi, qanday bo‘lsayam va’da ulug‘, muqaddas narsa, uni buzish yaramaydi. Va’dani buzmoq og‘ir gunoh. So‘z beraman so‘zimda turaman, debdi.
– Xo‘p bo‘lmasa, agar tezda kelsang ikki haftaga ruxsat beraman, debdi podshoh.
– Xayr, endi qanday bo‘lsa ham chiqay, deb to‘ti o‘n besh kunga ruxsat olibdi. Devorga qo‘nib turib, xayrlashibdi. Janub tomonga qarab uchib ketibdi. Podshoh orqasidan qarab qolibdi. Podshoh to‘tining qaytib kelishiga ishonmas ekan.
To‘ti olti kun deganda Hindiston degan mamlakatga borib, ota-onalarining oldiga yetibdi. Bechora to‘ti juda xursand bo‘lib, tog‘dan toqqa, bog‘dan boqqa, shoxdan shoxga sakrab, uchib, o‘ynab-kulib, ota-onasining diydoriga to‘ydi, qarindosh-urug‘iga mehmon bo‘lib, uch kunni qanday o‘tkazganini bilmay qoldi. Ertasi yana qafas tomonga, tutqunlikka uchmog‘i kerak ekan. Ota-onasi, aka-ukalaridan ajralmoq juda og‘ir bo‘libdi. Bir tarafda va’da bor, va’daga vafosizlik xavfi turadi. Bechora to‘tining quvonchi tugabdi. Shodligi g‘amga almashibdi. Qanotlari so‘libdi. Ikkinchi qaytib kelish yo bor, yo yo‘q. Qarindosh-urug‘lar bir joyga to‘planishibdi. Hammasining ko‘zi g‘amli to‘tida ekan. Qanday bo‘lsa ham qaytmaslikni maslahat berishibdi. To‘ti aytibdi: Yo‘q, yana qaytmoq uchun va’da berganman, va’daga vafo qilmasa bo‘ladimi?
Bir to‘ti aytibdi:
– Va’da bergan podshohingda insof bo‘lsa, seni uch yil qamoqda saqlab, faqat ikki haftaga javob berarmidi? Seni sevar ekan, seviklisini qafasda tutmoq yarashadimi? Dunyoga qafasda turmoq uchun keldingmi? Bir kishining xushvaqtligi uchun erkinlikni qo‘ldan berma! Podshoh deganning marhamatidan qahri ortiqdir, podshoh bilan sherga yaqin bo‘lmoq hikmatdan emasdir.
Podshohning to‘tisi aytibdi:
– Menga bir yo‘l ko‘rsating, men ham erkinlikka chiqay, ham va’da yolg‘on bo‘lmasin.
Ona to‘ti aytibdi:
– Shunday bo‘lsa men ham bir maslahat beraman. Bizning joyda bir daraxtning mevasi bor, har kim bir donasini yesa, qari chol bo‘lsa yigitlik holiga qaytur. Kampir yesa qiz kabi yoshlik holiga kelur. Podshohga shundan uch donasini olib borgin, bu bebaho mevani berib, o‘zingning butunlay ozod etilishingni so‘ra, shoyad insofga kelib, butunlay ozod etsa, debdi.
Bu gap ma’qul tushibdi. Shu chog‘da uch dona meva olib kelibdilar. To‘ti uni changalida mahkam ushlab, xayrlashib shimol tomonga qarab uchibdi. Qarindoshlari zo‘r umid bilan orqasidan qarab qolishibdi.
To‘ti olti kun deganda podshohning saroyiga yetib kelibdi. Podshoh bilan ko‘rishib, olib kelgan tortiqni unga beribdi, xosiyatlarini bir-bir aytibdi. Podshoh juda xursand bo‘libdi. Ozod qilmoqqa va’da beribdi. Bir donasini xotiniga berib, ikki donasini vazirga ko‘rsatmoq uchun bir piyolaga solib qo‘yibdi. Ertasiga vazirga ko‘rsatib, xosiyatlarini aytibdi. Vazirning bunga hasadi kelibdi. Ichida xafa bo‘libdi. Ishni boshqacha yo‘lga burmoqni ixtiyor qilibdi:
– Siz bu parrandaning olib kelgan narsasini yemay turing, oldin bir tajriba qilib ko‘raylik, durust bo‘lsa yemoq qochmaydi, debdi.
Bu gap podshohga ma’qul tushibdi. Vazir vaqtini topib, piyoladagi ikki dona yoshartiruv mevasiga zahar aralashtirib qo‘yibdi. Bir kundan keyin vazir aytibdi:
– Endi yoshartiruv mevasini bir tajriba qilaylik. Buning uchun qamoqxonadan ikki nafar odamni olib chiqib yediribdilar. Ikkalasi shu chog‘dayoq o‘libdi. Vazir aytibdi:
– Agar siz yesangiz nima bo‘lardingiz? Men ham o‘lardim, debdi podshoh. Bechora to‘tini qafasdan sudrab olib chiqib, kallasini tanasidan uzib tashlabdilar.
Bir kuni podshoh bir odamni g‘azab bilan o‘ldirmoqchi bo‘libdi. Bu kishi keksa ekan. Qolgan bir dona mevani yemoqqa buyuribdi. Haligi odam mevani yegan ekan, oqargan sochlari tu-shib ketibdi, tishlari butun bo‘lib, ko‘zlarining nuri ortib, yigirma yashar yigit holiga kelib qolibdi. Podshoh vazirdan shubhalanib, piyolani olib kelib qaragan ekan, zahar qo‘shilganligini bilibdi. Podshoh vazirni ham o‘ldirib yuboribdi. Bechora to‘tining begunoh o‘lganiga qayg‘uribdi, lekin ish o‘tgan ekan. To‘ti podshohga yaqin bo‘lganining mukofotinigina ko‘ribdi.
– Endi men o‘zimning qilgan yaxshiligimni aytay, debdi Kenja botir va ariqdan chiqqan ilon voqeasini aytibdi. O‘sha joyda ikki bo‘linib yotgan ilon tanasini olib kelib ko‘rsatibdi. Podshoh qilgan ishiga pushaymon bo‘libdi. Kenja botirdan uzr so‘rabdi.
Kenja botir aytdi:
– Taqsir, endi ruxsat bersangiz, bizlar o‘z yurtimizga qaytsak. Podshoh yalinib-yolvorib, qolishlarini so‘radi. Qabul qilmadilar. Biz saroy kishisi bo‘lolmaymiz. Biz mehnat bilan, kasb-hunar bilan yashaymiz, dedilar. Podshoh:
– Bo‘lmasa qizlarim qolsinlar, degan edi, qizlari rozi bo‘lishmadi. Ular:
– Biz kuyovlarimizdan ajralmaymiz, ruxsat bersangiz, biz ham kuyovlarimiz bilan birga ketsak, sizni ko‘rgani har yili kelib turamiz, deyishibdi. Podshoh hayron bo‘lib, nochor ruxsat berdi. Butun narsalarini yig‘ishtirib, safarga chiqdilar. Botir yigitlar o‘z xotinlari bilan ikki yil deganda, otalarining oldiga olti kishi bo‘lib keldilar. Botirlar otalari bilan quchoqlashib ko‘rishib, xotinlarini tanishtirdilar. Otasi ham, bularning kelishini eshitib, uch bo‘lak hovlibog‘ tayyorlab qo‘ygan edi. Har birlari tayinlangan joyga ko‘chib kirdilar. Qizlar kuyovlari bilan rohat-farog‘atda yashab, murod-maqsadlariga yetdilar.
TULKI BILAN TOVUS
Ertagiyo ertagi, echknlarning bo‘rtagi, qirg‘ovul qizil ekan, quyrug‘i uzun ekan, ko‘k muzga mingan ekan, muruti singan ekan, g‘oz karnaychi ekan, o‘rdak surnaychi ekan, ola qarg‘a azonchi, qora qarg‘a qozonchi, chumchuq chaqimchi ekan, to‘rg‘ay to‘qimchi ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, ertagimning eri bor, yetti kunlik yeri bor, yetti kunlik yerida dumi kalta bo‘ri bor.
Kunlarning birida tulki ketayotgan ekan, bir tovus dumini setora-setora qilib kelaveribdi. Shunda tulki aytibdiki:
– Ey tovus, ajab-ajab o‘yinlaring bor ekan, bir yaxshilab o‘ynab bergin.
Tovus dumini setora-setora qilib o‘yinga tusha beribdi. Tulkining qorni och ekan, o‘ynab turgan paytida uni ushlab olibdi. Bir vaqt tovus qarasa, tulkining avzoyi buzuq, uni yemoqchi bo‘lib turibdi. Tovus:
– Ey tulki, nima qilayapsan? – debdi. Tulki aytibdi:
– Mening qornim och, endi seni yegim kelib qoldi.
Tovus:
– Xo‘p mayli, meni yegin, lekin ko‘z oldimda, bir fotiha o‘qib yesang, hech armonim qolmas edi, – debdi.
Shunda tulki pichir-pichir qilib qo‘lini ko‘taribdi:
– Omin, ollohu