Mehrobdan chayon. Abdulla Qodiriy. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Abdulla Qodiriy
Издательство: SHARQ
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-26-778-7
Скачать книгу

Ro‘monning mavzusi to‘g‘risida

Turkiston feodallarining keyingi vakili bo‘lg‘an Xudoyorning o‘z xohishi yo‘lida dehqon ommasi va mayda hunarmand – kosib sinfini qurbon qilishi, mamlakat xotin-qizlarini istagancha tasarruf etishi, bunga qarshi kelguchilar tilasa kim bo‘lmasin, rahmsiz jazo berishi ro‘monning mavzui’dir. Xudoyorning bu yo‘ldag‘i birinchi istinodgohi bo‘lg‘an ulamolar, ularning ichki-tashqi ahvoli, axloqi, madrasa va oila hayoti, ulamoda insoniy his bitkanligi va qolg‘ani ham xabosat pardasi ostida sezilmas darajaga yetkanlini mundarija sig‘dirg‘an qadar bayon qilinadir. Bular ro‘monning nomarg‘ub – manfiy qahramonlari. Ikkinchi tarafda mazkur qora kuchlarga qarshi “tuban” sinf – kambag‘allar, ularning xonliq tuzilishiga, qora kuch – ulamo alayhiga chiqishi. Mehnatkash kambag‘allarning axloqi, sajiyasi, oilasi, turmishi va bir-biriga aloqasi, samimiyati.

Albatta, men bu so‘ngg‘i marg‘ub qahramonlarni o‘zbek tarixining hazmi ko‘targan qadar o‘z holicha olishqa tirishdim. Ularning xon va ulamoga qarshi izyoni tabi’iy– shar’iydir. Chunki shundan ortig‘i soxta bo‘lishi ustiga kitobning qadrini ham tushurar edi. Shu ikki sinf kurashini tasvir qilish vositasida xon harami, xotinlari, qirq qizlar, tarixiy va etno‘g‘rafiy lavhalar, o‘zbek hayoti, qiziqchilig‘i, tanqidchilig‘i, o‘zbek xotin-qizlari orasidag‘i iste’dod, shoirlar, azkiyachilik va boshqa yana ko‘b nuqtalarni qamrab olindi.

Ro‘monda yana bundan boshqa bir ko‘b jihatlar bor. Ularni bu yerda sanab o‘lturish hojat emas, ular muhtaram, o‘qug‘uchining nazaridan qochib qutilmas.

Abdulla Qodiriy (Julqunboy)Toshkand, 1928-nchi yil, 5-fevral

– Agar Farhodning Shirin, bo‘lsa Majnunlarning Laylosi

Nasib o‘lmish menga gulshan aro gullarning – Ra’nosi,

(Mirzo)

Agar or etsa Layli haqlidir Qaysning jununidin

Ne baxt Ra’no xaridoring talab ahlining – Mirzosi.

(Ra’no)

1. RA’NONING EGASI

Solih maxdum bu kun odatdan tashqari eshilib ketdi, masjiddan chiqib to‘g‘ri qassobning oldig‘a bordi, bir tangalik go‘sht, sakkiz pullik piyoz olib havlisiga keldi. Maktabda husnixat mashq qilib o‘lturg‘uchi bolalar ichidan ikkitasini gulzorni supurib, suv sepishka buyurdi va o‘zi go‘shtni ko‘tarib ichkariga kirdi.

Nigor oyim hozirg‘ina qizlarni ozod qo‘yub, ko‘krak bolasini bag‘rig‘a olg‘an edi. Ra’no havli yuzida ikkita ukasining o‘rtasig‘a tushib, ularning loy o‘yunig‘a ishtirok etar, yer supurib yotqan soch o‘rumlarining tuproqqa belashkanidan xabarsiz edi.

Go‘sht ko‘tarib yo‘lakdan kirgan Solih maxdumning ko‘zi Ra’noning shu holiga tushdi:

– Balli Ra’no, ana jinnilik! – dedi maxdum, – atlas ko‘ylak senga hayf, senga bo‘zdan boshqasi albatta hayf!

Ra’no o‘rnidan turdi, dadasidan uyalib loyliq qo‘llarini orqasig‘a yashirdi.

– Uyat emasmi, yuv qo‘lingni, yuv! Ukalaringni bola desam, sen ulardan ham oshib tushasan!

Ra’no yugurib ariqqa ketdi, Nigor oyim o‘lturgan joyidan “Ra’noning aqli tushsin” deb kulib qo‘ydi. Solih maxdum hanuz Ra’nodan koyib kelar edi:

– Ishing bo‘lmasa kitob o‘qi, husnixat ol, sen kulolning qizi emassanki…

Solih maxdum go‘shtni Nigor oyimning yonig‘a qo‘yub, o‘zi zina bilan ayvonga chiqdi.

Maxdum tomonidan Ra’noning tergalishi Nigor oyimni uncha mashg‘ul etmadi. Ammo hozir uning ko‘ngliga kelgan masala erining chiqim vajiga fayqulodda yeshilib ketishi edi. To‘g‘ri, Nigor oyimning oshxonasig‘a shuningdek bir necha choraklab go‘shtlar ko‘b kelar edi, faqat eri tomonidan emas. Solih maxdumning jo‘mardlig‘i ko‘pincha yigirma paysa1 etdan narig‘a oshmas, shunda ham bolalardan mo‘mayroq “ozodliq” kelib qolsa yoki “panjshanbalik” kutkandan ortig‘roq tushsa.

Shuning uchun Nigor oyim bu jo‘mardliq haqini eriga beralmadi:

– Go‘shtni ko‘broq olibsizmi… Anvar buyurg‘anmi- di? – deb so‘radi.

– Yo‘q, – dedi maxdum sallasini qoziqqa ila-ila, – bir manti qilayliq, – dedim, – manti yeganimizga ko‘b bo‘ldi, vallohi a’lam…

Ra’no yuvinib keldi, dadasiga uyat aralash bir qarab oldi-da, Nigor oyimning yonig‘a o‘lturdi va onasining bag‘rida emib yotqan chaqaloqning kichkina mimit qo‘llarini suyub o‘pdi.

Solih maxdum yeshinib kelib, ona-bolaning ustida to‘xtadi.

– Sen mundan keyin kichkina bo‘lmaysan qizim, Ra’no,– dedi maxdum nasihatomuz, – shu ukalaring bilan qilib o‘lturgan ishingni kishi ko‘rsa nima deydi. Inshoolloh uy egasi bo‘lishg‘a yaqinlashib qolding. Endi tosh-tarozuni ham shunga qarab qo‘yishing kerak, qizim.

Ra’no qizarinib onasig‘a qaradi, yana mimit qo‘lni o‘pishka tashg‘ul bo‘ldi.

– Ra’noni egasiga topshirmag‘uningizcha, – dedi Nigor oyim, – quyulmaydirg‘ang‘a o‘xshaydir.

Bu so‘zdan Ra’no uyalib, boshini chaqaloqning bag‘rig‘a tiqib oldi. Solih maxdum kulimsigan ko‘yi dahlizga yurub bordi va oyog‘ini kafshiga uzatdi.

– Tur, yotma Ra’no! – dedi dahlizdan, – go‘shtni onangg‘a to‘g‘rab ber, piyozni art! Anvar akang ham kelib qolar, taom asrga tayyor bo‘lsin!

Ra’no dadasini uzog‘latib, boshini ko‘tardi, onasig‘a o‘pka aralash kulib qaradi. Uning bu qarashidan onasining boyag‘i so‘ziga qarshi rizosizliq onglashilmas, balki shodliq ma’nolari o‘qulur edi. Darhaqiqat, er-u xotin oralarida o‘tkan ikki kalima so‘z shu oila gulshanida o‘skan Ra’noning istiqbolini ochiq belgilar edi. Nigor oyim “Ra’noni egasiga topshirmag‘uningizcha…” deb garchi birmuncha qo‘polroq ta’bir bilan bo‘lsa ham “Ra’noning egasi” borlig‘ini so‘zlar, Ra’no ersa “egasi”ning kim ekanligini yaxshi bilgani va uni qanot qoqib qarshi olg‘ani uchun jodu ko‘zida rizosizliq emas, surur ma’nolari o‘ynatar edi.

Dadasining – “Anvar akang ham kelib qolar, taoming asrga tayyor bo‘lsin!” jumlasi Ra’noga yana ochiq, yana ravshan ta’minot berar edi…

2. AMIR UMARXONNING KANIZI

Solih maxdum 1230–1390-nchi hijriy yillarda “Ho‘qandi firdavsmonand”da yashag‘an bir muallim va imom, o‘z zamonasining istilohi2 bilan aytkanda “maktabdor domla”dir. Solih maxdum sinfi jihatdan ulamo oilasiga mansub bo‘lib, bobosi Olimxon3 va Umarxon4 davrlarida muftilik, qoziliq mansablarida xizmat qilg‘an, otasi ersa Qo‘qonning Madali (Muhammadali) xon5 madrasasida necha yillar mudarris bo‘lgandir. Qisqasi maxdumning ota-bobolari xonlar qo-shida mumtoz va xalq nazarida “sharaflik va muhtaram” mavqi’ni ushlab kelganlar. Biroq bu mumtoz silsila bizning maxdumgacha yetib kelalmay, Madalixonning qatli bilan birga kesilgan, buning mojarosi ersa quyidag‘ichadir:

Turkiston xonlig‘i tarixidan xabardor kishilarga ma’lumdirkim, Amir Umarxon oxir umrida o‘z saroyidagi yosh kanizlardan biriga muhabbat qo‘yadir. Kaniz yosh bo‘lg‘anlig‘i va balog‘atka yetmaganligi uchun uni nikohiga ololmay vaqt kutadur. Shu kutib yurish yillarida Umarxon murodiga yetalmay vafot qiladir, taxtka o‘g‘li Madalixon minadir. Oradan bir necha yillar o‘tib boyag‘i kaniz qiz balog‘atka erishadir va bir husniga o‘n husn qo‘shulib otaning bolasi bo‘lg‘an Madalixonni ham o‘ziga oshiq qiladir. O‘z saroyida o‘skan bu qizni yosh xon hamisha ko‘z o‘ngida yuritsa ham biroq… tarixning bizga xabar berishiga qarag‘anda Madalixon shu qizning dardida necha yillar yonadir. Chunki ulamolar bu go‘zalni Madaliga ona maqomida hisoblab, nima uchundir xonning orzusig‘a ko‘ndalang keladirlar:

“Otangiz, agarchandi kanizni o‘z nikohlariga olmag‘an bo‘lsalar ham va lekin balog‘atka erishkach olarman, deb niyat qilg‘anlar. Binobarin bu kaniz sizga ona maqomida, shari’at ruxsat bermaydir!” deydirlar.

Madalixon

1

Paysa – taxminan 50 gramm.

2

Istiloh – atama.

3

Olimxon Norbo‘tabiy o‘g‘li (1775–1811) 1798–1811-yillarda Qo‘qon xoni bo‘lgan.

4

Umarxon (1785–1882) Olimxonning ukasi. 1811–1822-yillarda Qo‘qon xoni bo‘lgan.

5

Madalixon (Muhammadalixon) Umarxon o‘g‘li (1806–1842) 1822–1842-yillarda Qo‘qon xoni bo‘lgan.