Ming tasanno! O‘zimga jippa yopishadigan ot qo‘yishdi. Mo‘ttivoy nima-yu, Mittivoy nima?
Tog‘am piyolaga choy quyib, sovigan bo‘lsayam, chanqoqni bosishga yarar, deb opog‘otamga uzatdi. Opog‘otam piyolani oldiga qo‘yib, xaltadagi narsalarni dasturxonga to‘kdi.
Ota-bola yayrabgina gurunglashib o‘tirganida, Rahimboy fermer bilan Aldar Xoldor paykaldan chiqib kelib, suhbatning beliga tepishdi. Opog‘otam o‘rnidan turib, fermer bilan quyuq ko‘rishdi, baqaloq Aldar Xoldorga esa sovuqqina qo‘l cho‘zib qo‘ya qoldi.
– G‘imm… Menga doim shunaqa ola qaraysiz, – deb tutollandi Aldar Xoldor. – Tushunsangiz-chi, kulfat faqat o‘g‘lingizning boshiga tushgani yo‘q. Ikkalamiz kasodga uchradik, ikkalamiz qiynog‘ini tortyapmiz. Odamlar tashimga qarab baho beradi, ichimdan nima o‘tganini bilguchi zot yo‘q. Kamxarjlik qursin, payti kelsa, ro‘zg‘orimdagi qozon ikki-uch kunlab jaz ko‘rmaydi. Er-xotin shakarchoyga non bulab, bir-birimizga achinqirab o‘tiramiz.
Opog‘otam unga tumtayib qaradi:
– Senga biron nima dedimmi o‘zi?
– Demaslikka demadingiz-u, baribir, ko‘zingiz meni yeyman deb turibdi. Odamni bunaqa qon qilvormangda, Yo‘ldosh aka! Ilgariyam aytganman, yana aytaman – agar o‘g‘lingizni aldagan bo‘lsam, onamning… g‘imm… onajonginamning arvohi ursin meni!
– Ho‘o‘, Xoldor, onangni go‘rida tinch qo‘y! – deb jerkindi opog‘otam. – Bilaman, qasam ichish araq ichishdek bir gap senga. Fermerlar uyushmasida senday mo‘ltoniga kim amal berdi, bilmadim. Bu idoradayam bir ishkal chiqarasan hali.
Otaqul tog‘am opog‘otamning yelkasiga qo‘lini yengilgina bosib, dada, bo‘ldi endi, qo‘ying, deb, uni tovranishdan qaytardi.
Aldar Xoldorning paytavasiga qurt tushib bo‘pti, Rahimboy, narigi fermerdayam bir ishim boridi, deya tez-tez odimlab uzoqlasha boshladi. Borib, mototsiklni o‘t oldirgach, “pat-pat”latib oldinga haydadi.
Opog‘otam uning ortidan tikilib, xudo shu qilvirgayam, hech bo‘lmasa, bittagina farzand bersaydi, boladan poklik yuqib, haromdan hafsalasi sovirmidi, deb qo‘ydi.
– Bu zang‘arning nimasidan o‘pkalaysiz, Yo‘ldosh aka, – deya, mo‘ylovining bir tomonini dikkaytirib, labini burdi Rahimboy fermer. – O‘z oti o‘zi bilan Aldar Xoldor-ku bu. Qancha-qancha odamni chuv tushirgan. Otaqulingiz nima jin urib shunga sherik bo‘ldi, o‘ylab, hech aqlim yetmaydi.
Otaqul tog‘am birdan shalvirab, nima qilay, avrashiga uchibman-da, deb past ovozda qisinqilandi.
– Ha, avrashda bunga teng keladigani yo‘q, – yuzini tepchitib jiyindi Rahimboy fermer. – Mana, hozirgina biqinimga suykanib, shiyponimning tomidagi shiferlardan yigirmatasini bo‘ron uchirib ketdi, deb ariza yozishga meni iylab turuvdi. Sug‘urta idorasida tanishim bor, pul undirib, arra qilamiz, deydi-ya. Bunaqa pulga olingan narsani bolamga yedirishdan qo‘rqaman, dedim.
– Oh, oh, oh! – deb tebrandi opog‘otam. – Zap o‘rinlatib aytibsan! Barakalla, Rahimboy! Manavi Otaqul oshnanggayam shunaqa hikmatlardan ko‘proq gapirib tur.
Buni eshitib, Otaqul tog‘am duv qizarib ketdi.
Tomorqachilardan meva-sabzavotni ko‘taramasiga olib, qo‘shni yurtlarga “fura” deb ataluvchi vagonsimon mashinalarda eltib sotish orqali ancha boylik orttirgan Otaqul tog‘am birdan kasodga uchrab, bor butidan ayrilgani qishloqda rosa shov-shuv bo‘lganidi. Buning ikir-chikirini, biznikiga xamirturush so‘rab kirgan qo‘shni kampir, mevafurush qondoshingiz katta zarar ko‘rganmishmi, deb gap kovlagach, buvim uni so‘riga o‘tqazib, ijikilanishga tushganida bilvolgan edim.
Aldar Xoldor bir kuni Otaqul tog‘amga yo‘liqib, Sho‘ro armiyasida birga xizmat qilgan jonajon o‘rtog‘i qo‘shni yurtdagi yirikkina bozorni o‘ziniki qilib olgani, yaqinda mehmonga kelib ketgani, davrimda sandig‘ingni pulga to‘ldirib tashlasang-chi, deya tan-tilanganini aytib; pishiq mevafurushligingni yaxshi bilaman, xohlasang, sherikchilikda ish qilaylik, Ota-qul, debdi. Bir o‘ris kishi chindan ham unikida uch-to‘rt kun mehmon bo‘lib yurganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani tufayli (aslida, u kishi boshqa viloyatda yashovchi tanishi ekan), tog‘am tezda tuzoqqa ilina qolibdi. Tog‘am bu yoqdan yuk jo‘natishni, Aldar Xoldor u yoqdagi “o‘rtog‘ining bozori”da pullab yurishni boshlabdi. Aldar Xoldor, avvaliga, bir-ikki marta mo‘may-mo‘may pul yuborib turgach, keyin boshqacha yo‘lga o‘tib, sen yuklarni nasiyaga olib bo‘lsayam jo‘nataver, foydadagi mablag‘imizni ulgurji lattafurushlarning qo‘lida aylantirib ko‘paytiraman, borganimda barini butunicha bo‘lishib olaqolamiz, deb telefon qilibdi. Ilgarilari tog‘amdan biror marta pand yemagani uchun qishloqdagilar meva-sabzavotini nasiyaga beraveribdi, mashina bozorga yetib borganida yo‘lkirani o‘sha yoqdagi Xoldordan olish sharti bilan yuklar “fura”larga bosib jo‘natilaveribdi.
Uch oydan so‘ng Aldar Xoldor kir-chir kiyimda qaytib kelib, keyingi mollarning bir qismi irib-chirib yetib bordi, ba’zan boshqa yurtlardan shunga o‘xshash mevalar vagonlab yog‘ilib, bozorda narx pastlab ketdi, arzonga sotib, taniniyam chiqarolmadim, talay zarar ko‘rdim, deb yig‘lamsirashga tushibdi. Tog‘am, nimaga shuni oldinroq aytmadingiz, ishni vaqtida to‘xtatardik, desa, bunisidan ziyon ko‘rsak, keyingisidan foyda toparmiz degan o‘yda o‘zimni o‘tdan cho‘qqa uraveribman men nodon, deb tuyqus ho‘ngrab yuboribdi.
– Bo‘lar ish bo‘ldi, Otaqul, – debdi so‘ng Aldar Xoldor. – Endi, nasiyaga mol bergan odamlarning yarmini men rozi qilay, yarmini sen to‘lagin.
Tog‘amning kapalagi uchib, to nasiyaga o‘tgunimcha bor pulimni ishlatib bo‘lganman, qolgan qarzlarni qanday uzaman, deb so‘rasa, Aldar Xoldor bo‘ynini bechorahol egib, unisini bilmadim, uka, shu paytgacha yig‘ib-tugib yurganim tarqat-tarqatga yetarmikin deb o‘zimniyam boshim qotib turibdi, deb munglanibdi.
Qo‘shni qishloqlik ayrim mevafurushlar ham o‘sha yurtdagi bozorda tirikchilik o‘tkazarkan, ular bu voqeani eshitib, Xoldor kasodga uchragan bo‘lishi mumkinmas, yuklar doim yaxshi yetib borganini o‘zimiz ko‘rganmiz, bozorda narx tushib ketganiyam yolg‘on, deyishibdi. Mahalla oqsoqollari bu gaplarni Aldar Xoldorga pesh qilishsa, duch kelgan maymunga ishonaverasizlarmi, ularning bari menga eskitdan g‘anim, ataylab nomimni bulg‘amoqchi bo‘lishyapti, deb shovqin ko‘taribdi.
Otaqul tog‘am, oxiri, kungurador darvozali, dang‘il-lama uyli, g‘ishtin devorlar bilan o‘ralgan hovlisini, bir gektarlik o‘rikzorini, “Kobalt” mashinasini sotib; u tomondan qaynotasining, bu tomondan opog‘otamning yig‘ib-tejab yurganini ham qo‘shib, qarzlardan zo‘r-g‘a uchma-uch qutulibdi. Qalloblik bilan talay boylik orttirib olgan Aldar Xoldor esa, nasyaga mol berganlarning yarmini rozi qilishga yashirin foydaning o‘ndan birini sarflaganmi, yo‘qmi, u yog‘i oddiy bandalarga haliyam qorong‘iligicha turganmish.
Opog‘otam kichik memaxonaga ko‘chib o‘tib, institutni bitirganidan keyin tumanda arxitektor bo‘lib ishlayotgan kenja o‘g‘li Sanaqul tog‘amni dahlizli uyga uylab qo‘ygani bois, hovlisini sotgan Otaqul tog‘am xotini bilan ikkita qizini ortiqcha imorati bor qaynotasinikiga joylashga majbur bo‘lgandi. Bir kuni Rahimboy oshnasi kelib, yangi kelinchakning yonida devanglab yurma, otang ham sen bilan tiqilishmay bemalol yashasin, deya dalasiga yetaklab ketganini eshituvdim. Endi bildimki, tog‘am shiyponga qorovullik qilayotgan ekan…
Otaqul tog‘am ma’yus qiyofada chuqur tin olib qo‘ygach, picha o‘tirib turinglar, bitta handalak so‘yib beray, deb zovur yoqasidagi poliz sari keta boshlaganida, ortidan yuragim ezilib-ezilib termildim. Yaqin-yaqindayam, hali tovoni yeyilib ulgurmagan xirom tuflini eskirganga chiqarib, boshqasiga almashtirib yurgan; meni ko‘rib qolsa, ma, muzqaymoq olib ye, deb, beli sinmagan pulni cho‘ntagimga shildiratib tiqib qo‘yadigan tamtamfe’l odam hozirgi ahvolga qanday chidayapti ekan, deb o‘ylayotgandim.
KALAMUSH BILAN OLISHUV
Tog‘am ketgach, opog‘otam shopmo‘ylov fermerning ko‘ziga zehn solib turib, to‘g‘risini ayt, Rahimboy, bu dalako‘rmagan oshnang senga og‘irini tashlab olmayaptimi, ishqilib, deb so‘radi.
– Nimalar