Mo‘ttivoymisan, Mittivoymisan?. Anvar Obidjon. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Anvar Obidjon
Издательство: SHARQ
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-26-987-3
Скачать книгу
qilmay, tezda tilimning ustiga tashladim. Hali turib ulgurmasimdan, endi Mahay xo‘rozboz chap qo‘lida choynak, o‘ng qo‘lida piyola bilan menga qora bulut uyuridek yaqinlasha boshladi. O‘zi nima ahvolda-yu, ora-sira choyni ho‘plab-ho‘plab qo‘yadi deng. Bu gal ustimga qaynoq choy to‘kilishidan cho‘chib, yo‘lni bo‘shatish uchun chetga yumalandim.

      Boshimga qop-qop kulfat orttirganimni payqab, o‘rnimdan turib-la, qo‘chqorning iziga tushdim. Bo‘ynidagi telefondan tinimsiz ravishda o‘kirig‘u irillashlar taralayotgan Xo‘ppakalla choyxonadagilarni to‘zg‘itib bo‘lgach, o‘zini ko‘chaning u yuzidagi darvozaga urib, Toshpo‘lat merganning uyiga kirib ketdi. Izma-iz darvozadan o‘tganimni bilaman, ayvonda televizor ko‘rib o‘tirganlar irilloq maxluqqa tikilgancha ayyuhannos sola ketishdi, keyin biri eshikdan, biri derazadan uyning ichiga otildi.

      Qo‘chqorni ana ushladim deganimda, tomorqaga qarab qochdi. G‘o‘zapoyadan qilingan chovrani buzib o‘tayotgan vaqtda, Toshpo‘lat mergan o‘zini o‘nglab ulgurgan bo‘lsa kerak, miltig‘ini varanglatib, osmonga o‘q uzdi.

      Xo‘ppakalla chovradan o‘tib, endi To‘lan-to‘lpoqning hovlisida g‘irro-g‘ir aylanishga tushdi. Yaqindagina to‘y qilgan To‘lan-to‘lpoq olti paqir suv sig‘adigan, keksalar “choyqozon” deydigan alumin samovarni mahalla omboriga topshirib ulgurmagan ekan, qo‘chqor bir kalla qo‘yishda shuni paqqos qiyshaytirib tashladi.

      Samovarning bejo daranglashi sergak torttirdimi, To‘lan-to‘lpoqqa qo‘shilib, xotini va bolalari ham uydan ketma-ket chiqib kelishdi. Chiqiboq, bari tengdan so‘rrayib qoldi. To‘y kuni tashqidagi xurmo shoxiga osilgan ikki yuz shamli chiroq quyoshdek charaqlab tovlanayotgani uchun, to‘nkarib qo‘yilgan doshqozon atrofida beto‘xtov chopayotgan yasama yo‘lbars kaftdagidek aniq-tiniq ko‘rinib turardi.

      – Bolalarni uyga hayda! – deya xotiniga qichqirdi To‘lan-to‘lpoq. – Yo‘lbarsga yem bo‘lmay desang, eshikni ichkaridan tambala!

      Tap tortmasdan “yirtqich”ni quvib yurganim unga dalda berdi shekilli, To‘lan-to‘lpoq yerda yotgan ketmonni qo‘lga olib, o‘zini himoyalashga shaylanarkan: “Joningdan to‘ydingmi, Mo‘ttivoy? Bu yoqqa yugur!” – deb qichqirdi menga.

      Choyxonadan qochganlarning ba’zilari ko‘cha devordan hovliga mo‘ralab turgan ekan, ular ham birinsirin baqira ketdi:

      – Qoch, Mo‘ttivoy! O‘zingni uyga ur!

      – Yosh joningga jabr qilma!

      – Ochga o‘xshaydi bu yo‘lbars, tilkalab qo‘yadi-ya!

      Shu payt, buzilgan chovra tomondan Toshpo‘lat merganning qaldiroqli ovozi yangradi:

      – O‘zingni chetga ol, Mo‘tti! Bu odamxo‘rni otib qo‘yaqolay endi!

      Shunday deya, qo‘shotar miltig‘ini nishonga to‘g‘rilaganida, To‘lan-to‘lpoq: “Otma, xumkalla! Davlatning yo‘lbarsi qimmat turadi, mashinangni sotib ham uzolmaysan!” – deb bo‘kirdi. Bu ogohlantiruvdan so‘ng, Toshpo‘lat mergan shippa shashtidan tushgan bo‘lsada, erkakcha gapim yelga sovrilmasin deb o‘yladimi, oyni urib tushirmaguncha ko‘ngli to‘lmaydigandek, osmonga qaytadan o‘q otdi.

      Xo‘ppakalla miltiqning gumburlashidan cho‘chib yiqilgani o‘ng‘aylik tug‘dirdi-yu, turayotganida ustiga tashlanib, qo‘llarimni bo‘yniga chirmadim. Qo‘chqor meni sudragan kuyi, doshqozonning tegrasida chambaragulchin aylanaverdi; telefondan chiqayotgan yo‘lbarsona na’ralar uning ora-sira xirqiroqlanib babalashini ko‘mib yuborayotgandi.

      Chetdan xilma-xil nidolar taraldi:

      – Vahh!!!

      – Hayhay-ov!!!

      – Yo, qudratingdan!!!

      – Bu bola odammi, shaytonmi?!

      Tushim o‘ngidan kelib, orzuyim ushaldi. Akang qarag‘ayning to‘s-to‘zonli olishuvini kuzatib turgan qo‘shko‘z banda borki, yoppasiga anqaytirib tashladim.

      Terga botib ketgan Xo‘ppakalladan qo‘lansa bug‘ ko‘tarildi. U, meni chetga itqitish umidida, xo‘tikdek shataloqlashga tushdi; oxiri, dorda yoyiliq turgan sholchaga urilib, yonboshga ag‘anadi. Sholchani epchillik bilan uning ustiga yopib, tipirchilatganimcha bosib turaverdim. To‘lan-to‘lpoq ketmonini, Toshpo‘lat mergan miltig‘ini tashlab, ko‘makka shoshilishdi. Devordan mo‘ralab turganlar ham, menga tasanno yog‘dira-yog‘dira, hovliga yopirilib kira boshladilar:

      – Yuragingga qoyil, Mo‘ttivoy!

      – E, otangga balli, sherbola!

      – Sen alamazondan bir ish chiqishini bilardim!

      – O‘g‘ilbola degani mana shunaqa o‘tbosar bo‘lishi kerak-da, og‘aynilar!

      Boshimdan jala bo‘lib quyilayotgan olqishu maqtovlar menga asalchoydek yoqayotgan edi. Bilaman, saldan keyin bularning bari so‘kinish-u qarg‘anishlarga aylanadi. Tarsakilar yog‘ilishiyam hech gapmas. Ishqilib, qattiqroq tepki yemasam bo‘lgani.

      YURAKDAN CHIQQAN QARG‘ISH

      Nimasini aytay, bu galgi qilig‘im hammasidan oshib tushdi. Qadimgi zamon bo‘lsa, mahalladagilar meni eshakka teskari mindirib sazoyi qilishlari aniq edi; ularga ming rahmat deyish kerak, ortimdan kesak otganlaricha, bir yarim soatgina quvib yurishdi xolos. Qorong‘idan foydalanib, oxiri chap berib ketdim.

      Tun men uchun og‘irdan og‘ir kechdi. Tug‘ilganimdan beri birinchi marta molxonamizning chordog‘ida uxlab ko‘rdim. Shuyam uyqumi – bir ko‘zing ilinadi, bir sapchilab uyg‘onasan. Sichqon nimanidir qitirlatayotgani, qo‘ng‘izning g‘o‘ng‘illab o‘tishi, itlarning ulishi, mushuklarning vag‘illog‘i, hatto yaproqlarning shitirlashi ham kechasi qo‘rqinchli eshitilarkan.

      Tong otib-otmasidanoq junjikib uyg‘ondim. Uyqusirab turtinganimcha chordoqdan tusharkanman, ta’tilning endi-endi boshlanayotgan beshinchi kuni turmush tarzimni butkul ag‘dar-to‘ntar qilvorishligini hali bilmasdim.

      Tashqidagi ko‘rada yuzimni yuvib, qo‘limni qo‘ltig‘imga, betimni etagimga artdim. Borib, uy eshigini ozgina qiyalatdim-u, xonaga boyo‘g‘lidek mo‘raladim. Buvim namoz o‘qiyotgan ekan, ichkariga tashlagan qadamimning sharpasini sezgan zahoti pichirlashlari ham, bukilib-tiklanishlari ham birdaniga tezlashdi, sal o‘tmay, shosha-pisha duoga qo‘l ochdi. Odob yuzasidan to‘shakka tizzalab, men ham ikkala shapalog‘imni yoydim, buvimga qo‘shilib, suzilganimcha yuzimga fotiha tortdim.

      Buvim joynamozni yig‘ishtirib bo‘liboq, yaxshi yotib-turdingizmi, mehribonim, degan gapimni zarracha mensimay, indamasdan borib, uy eshigini ichkaridan mahkamlab yopdi. So‘ng, aniq maqsadda ilgaritdan tayyorlab qo‘yilgan xivichni sholchaning tagidan oldiyu, kela solib, boldirimga beayov charsillatishga tushdi:

      – Mana senga yo‘lbars! Mana senga odamlarni mazaxlash! Mana senga mahallani alg‘ov-dalg‘ov qilish! Seni deb choyxonada qancha-qancha choynak-piyola sinibdi… Mana! Seni deb ko‘pchilikning choy-qozoni majaqlanibdi… Mana! Seni deb Toshpo‘lat merganning ikkita o‘qi isrof bo‘libdi… Mana! Eng yomoni – Jamilaxon sho‘rlik qattiq qo‘rqib ketib, oy-kuni yetmasidan tug‘ib qo‘yibdi… Mana! Mana! Qachon esing kiradi, oshing sovumagur? Qachon qulog‘imni tinch qo‘yasan? Mana senga! Mana bo‘lmasa!..

      Boldirimga kaltak yog‘ilaverdi, men: “Voyey! Voyey!” – deyish bilan cheklanib, ortiqcha vavag‘lamasdan irg‘ishlayverdim. O‘ylashimcha, odamning tirikligi har xil qiynoqlarga yo‘liqib turishidan bilinadi. Bunaqada tishni tishga bosib chidash kerak. Uvvos solib yig‘lash o‘g‘il bolaning qimmatini bir pul qiladiqo‘yadi.

      Baxtimga, xudo buvimni vaqtida qaritib, kuchini ulgurjisiga kamaytirib tashlagan ekan, tezda sillasi qurib, tappa o‘tirib qoldi. Hansiroqlanib kaltak o‘ynatganicha tag‘in nimalardir demoqchi bo‘ldi-yu, ko‘ksiga to‘satdan qo‘l bosib, silkina-silkina yo‘tala ketdi. Xontaxtadagi termosdan quyib uzatgan choyimni ketma-ket ho‘plab, arang o‘ziga keldi. Kechki ovqatdan quruq qolganim tufayli ochqagandan ochqab ketuvdim,