Biznes va hayotda norasmiy ta’lim. Дональд Джон Трамп. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Дональд Джон Трамп
Издательство: ZABARJAD MEDIA
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-7693-3-5
Скачать книгу
va bekorchilik faqat noxushlik olib keladi.

      Bajarish qo‘rquvi – insonning eng katta qo‘rquvlaridan biri. U ba’zan istalgan natijaga erisha olmaslik ehtimoli keltirib chiqaradigan, sababsiz yo‘qotish hissi bilan birga kechadi. Omadsizlikka uchrash ehtimoli har doim mavjud, ammo hech narsa qilmay o‘tirgandan ko‘ra biror natijaga erishishga urinib ko‘rsangiz, muvaff aqiyat ehtimoli baribir yuqori bo‘ladi. Radioda muvaff aqiyat qozonaman, deb o‘ylamagandim, ammo «Clear Channel» dasturi mashhurlikka erishdi. Bu urinib ko‘rishga arzir edi.

      Agar o‘zingizga imkon bersangiz, hayot qiziqarli sarguzashtga aylanishi mumkin. Har birimiz bu dunyoga birgina bizda bo‘lgan allanimani taklif eta olamiz. Zimmamizdagi vazifa – uning nimaligini topish va ushbu loyihani amalga oshirishga o‘z quvvatimizni sarflash. Bir joyda turmang. Oldinga, maqsadga intiling.

      DONOLIK

      Tajriba – mehnatsiz erishish imkonsiz bo‘lgan yagona narsa.

Oskar Uayld

      Yodimda bir kitobcha qolgan. U faqat bitta mavzuga: «donolik» so‘zini odamlar qanday tushunishlariga bag‘ishlangandi. Turli kasb, turli ijtimoiy qatlam, turli hayot tajribasiga ega odamlar bu borada o‘z fikrlarini bayon etishgan. Javoblar har xil, lekin bir narsa aniqki, ularning bari umumiy asosga ega: tajriba, haqqoniylik va bilim.

      Bu kitobni o‘qiganimda yosh edim. To‘g‘risi, hozir uning nomini ham eslolmayman. Kimdir uni maktab kutubxonasidagi stolda qoldirib ketgan, men esa unga tasodifan duch kelgandim. Bilim kuchini anglab yetdim. Tajriba ahamiyatini tushundim, tabiiyki, hali ikkisi bilan ham maqtana olmasdim. Ammo haqiqatparvarlik hamon menga tog‘dek suyanchiq. Bu xususiyatim obro‘-e’tiborim sababidan ko‘p tilga olingan. Nazarimda, yuqori sifat bilan bog‘lanuvchi savdo belgimga bo‘lgan yondashuvimga o‘shandayoq tamal toshi qo‘yilgan.

      O‘sha paytda otam Nyu-York atrofidagi qurilishlar bilan shug‘ullanuvchi kompaniyasi obro‘sini yuqori ko‘targan edi. Odamlar uning ishi ma’lum sifat darajasini taklif etishini, «Trump» nomli kompaniya bilan ishlab, tavakkal qilmayotganliklarini aniq bilishardi. Otam shu tarzda nom orttirdi. O‘z biznesimni boshlar ekanman, bankchilar ham, boshqa kasb egalari ham ishona oladigan obro‘ orttirishga qaror qildim. Rostgo‘y tadbirkorligim hech kimda ikkilanish uyg‘otmasligi kerakligini bilardim. Odamlar sizga ishonishlari mumkinligiga amin bo‘lsalargina siz bilan ishlaydilar. Bu loyihalaringiz uchun homiy qidirganingizda muhim o‘rin tutadi.

      Agar hozir talaba bo‘lsangiz, kelajagingiz, yangi istiqbol yoki navbatdagi bosqich haqida o‘ylab ko‘rishning ayni payti. O‘zingiz uchun yo‘nalishlarni belgilab oling. Umuman olganda, ushbu kitobni o‘qiyotganingizning o‘zi yaxshi belgi. Demak, siz ta’lim va bilim olishga jiddiy yondashasiz. Talabaligimda bizga buni doim eslatib turishardi va ko‘proq narsa o‘rganish, bilim to‘plash uchun ko‘p mehnat qilganman.

      Bizga yana shuni aytishardiki, (buni ancha keyin angladim) donolik ikki omilning o‘zaro ta’siri natijasida shakllanadi: tajriba va bilim. Bu ikkisini o‘rgatib bo‘lmaydi, ularga inson o‘z kuchi bilan erishadi.

      Hozir vaziyatni tezda baholash qobiliyatim orttirgan tajribalarim natijasi o‘laroq, donolikning namoyon bo‘lishi ekanini tushunaman. Boshqacha qilib aytganda, sezgi hissingizga ishonishingiz mumkin, chunki muvaff aqiyatli «ma’lumotlar bazasi»ni yaratib bo‘lgansiz. Bu donolikni sizga berolmayman. Unga o‘zingiz erishishingiz lozim, ammo ushbu maslahatlar o‘z vaqtida menga yordam bergan va ularga e’tibor qaratgan ma’qul.

      Donolik tomon yana bir yo‘l – buyuk insonlar va sizni qiziqtirgan soha yetakchilarining hayoti haqida o‘qish. Uinston Cherchill, Avraam Linkoln va jahon tarixida yetakchi rol o‘ynagan kishilar haqida o‘qib, ko‘p narsalarni o‘rgandim. Ular hayot oldilariga qo‘ygan vazifalarni bajarishga yuqori darajada tayyor bo‘lishlari kerak edi. Ularning taqdirlari ko‘pincha tasodif, tarixiy ongga bog‘liq edi, ammo ular vaziyatdan ajoyib tarzda chiqib ketish uchun yetarlicha tajriba va bilimga ega edilar. Minglab, hatto millionlab kishining hayoti sizning harakat va qarorlaringizga bog‘liq bo‘lishini faraz qilib ko‘ring va ana shu kishilar yelkasiga qanchalik katta mas’uliyat yuklanganini bir tasavvur qiling. O‘z muammolaringiz sizga kichik bo‘lib tuyuladi va bu sizga tafakkur maydoningizni kengaytirishga, majburiyatlar va professionallik nima ekanini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

      Esimda, maktab paytlari tasavvurimdagi dunyoga ikki narsa – urush va tabiat kuchli ta’sir qilishini tushunib yetganman. Tabiat xuddi urush kabi katta qudrat. Urush siyosiy va madaniy maydonni o‘zgartirsa, tabiat geografik maydonni o‘zgartiradi. Shu sabab janglar va ularning sivilizatsiyaga ta’sirini o‘rganishga ko‘p vaqt sarfladim. Bu katta ish va men ham mutaxassis emasman, ammo bugungi vaziyatga qanday yetib kelganimizni tushunish uchun biroz vaqt sarflagan ma’qul.

      Biznes va boshqaruv strategiyasi nuqtayi nazaridan juda qiziq bo‘lgan Sun Szining «Jang san’ati» kitobini tavsiya qilaman. Taxminlarga ko‘ra, eramizdan avvalgi VI asrda yozilgan bu kitob harbiy strategiyaga bag‘ishlangan. Asar ko‘p asrlar mobaynida hukmdorlarga o‘z ta’sirini o‘tkazib kelgan. Bu kitobni boshqa mashhur qo‘mondonlar kabi General Duglas Mak-Artur ham o‘qib chiqqan. Sizga bu biznes-maktab o‘qituvchisining noodatiy tavsiyasidek tuyulishi mumkin, ammo ishoning, unday emas. Bu juda qimmatli va zamonaviy asar.

      Yana bir mashhur asar – Makiavellining «Hukmdor»ida urush yoki biznes haqida emas, siyosiy ziddiyatlar, yetakchining xususiyatlari to‘g‘risida so‘z boradi. Ammo hukmronlik tushunchasining ta’rifisalbiy tusga yo‘g‘rilgan. Axloq va haqiqatparvarlik maydondan chiqarilgan, shu sababli Makiavellining asari bugun salbiy tusga ega. Maslahatim: yaxshisi «Jang san’ati»ni o‘qing.

      Donolikka olib boruvchi yo‘llar va kitoblar ko‘p. Ishonchim komilki, bu borada o‘z xohish va tanlovlaringiz paydo bo‘ladi, faqat birinchi qadamni bosish hamda kitob o‘qish va uning mazmunini idrok qilish uchun vaqt ajratish kifoya. Natijada siz vaqtdan ancha yutasiz. Chunki jiddiy sinovlardan g‘olib bo‘lib chiqqan kishilardan ta’lim olasiz. Yodda tuting: sizga birinchi navbatda bilim va tajriba zarur. Donolik uning shakllanishi uchun sharoit yaratganingizdagina paydo bo‘ladi. Boshidan boshlang va davomidan hayratga tushasiz. Donolik sizning shaxsiy yutug‘ingizga aylanadi.

      QANCHA KO‘P BILSANG, BILIMLARING KAMLIGINI SHUNCHA YAXSHI TUSHUNASAN

      Bugungi kuningni tushunishni istasang, kechagi kundan boshla.

Perl Bak

      Bir do‘stim tarixni o‘rganardi. U Ikkinchi jahon urushi voqealarini o‘rganishga ko‘p vaqt sarfladi. Unga endi bu borada katta mutaxassisga aylangani haqida gapirganimda, do‘stim shunday javob berdi: «O‘rganishda faqat ko‘p narsani bilmasligimni tushundim. Ikkinchi jahon urushi mazmunini tushunish uchun Birinchi jahon urushi voqealariga qaytish kerak. Shu sabab Birinchi jahon urushini o‘rganishga kirishdim va ishonchim komilki, uning sabablarini bilish uchun yanada chuqurroq kirishga to‘g‘ri keladi. Shu tarzda cheksiz davom etadi». Do‘stim haqiqiy olim bo‘lib chiqdi. Uning aytishicha, tarixni o‘rganishga qanchalik jon jahdi bilan mehnat qilmasin, hech qachon hamma narsani bila olmasligini tushunishga yordam berdi.

      Do‘stimning qanchalik ko‘p narsani bilmasligi va har yangi ma’lumot yana boshqasini qidirishga undayotganligi haqidagi so‘zlari bir umrga yodimda qoldi. U hurmatga sazovor tarixchiga aylandi, ammo sizni ishontirib aytishim mumkinki, erishgan yutuqlarida to‘xtab qolgani yo‘q. Olimlik mehnati unga o‘rgatgan sabr hamon yosh bo‘lib qolishga, o‘zgalar ko‘zida qanchalik dono bo‘lmasin, yana yangi bilimlarni egallashga undamoqda. U abadiy tolibi ilmning ajoyib namunasi: unda har kuni yangi narsani o‘rganish imkoni paydo bo‘ladi.

      Ba’zan biz muvaff aqiyatga erishishga shunchalik intilamizki, eng muhim narsalarni yoddan chiqaramiz. Faqat moddiy emas, balki ma’naviy qiymatlar ham muvaff aqiyatning asosi bo‘lishi lozim. Biz o‘z mamlakatimiz va boshqa davlatlar tarixi va madaniyatini bilishimiz, hech qachon «madaniy vakuum»da yashamasligimiz kerak.

      Bir kishi «Tarixni bilmaslik xuddi daraxtdagi barg bo‘la turib, daraxtning bir qismi ekaningni anglamaslik» degan edi. Qiziq o‘xshatish, afsuski, ko‘pchilikka taalluqli. Biz ta’limimiz uchun o‘zimiz javobgarmiz, va bu faqatgina