Қуёш барибир чиқаверади. Эрнест Миллер Хемингуэй. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Эрнест Миллер Хемингуэй
Издательство: Yangi asr avlodi
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-20-989-3
Скачать книгу
ushishni o‘rganardi. Yahudiylarga past nazar bilan qaraladigan Prinstonda u jur’atsizligi hamda beqadrligidan o‘ksish tuyg‘usidan xalos bo‘lish uchun ham shunday qilardi. U haqorat qilgan har bir kimsani bir urib yerga ag‘darib yuborishini bilardi-yu, ammo tabiatan yuvosh va beozor bo‘lgani uchun ham sport zalidan boshqa joyda aslo urishmasdi. U Spayder Kellining eng yaxshi shogirdi edi. Spayder Kelli o‘zining barcha shogirdlariga, ular bir yuz besh qadoqmi yoki ikki yuz besh qadoqmi bo‘lishidan qat’i nazar, eng yengil vaznli bokschilar ishlatadigan usullarni o‘rgatardi. Aftidan, Kon uchun ham eng keragi shu narsa edi. U haqiqatan ham juda chaqqon bo‘lib, shunaqayam mohirona boks tushardiki, oqibatda Spayder bilan olishish sharafiga muyassar bo‘ldi. Bir bellashuvda Kelli chunonam urdiki, bechora nokaut bo‘lib, burni yalpayib qoldi. O‘shandan keyin Konning boksga bo‘lgan nafrati yanayam oshdi, biroq shunga qaramay, unda allaqanday g‘alati qoniqish hissi paydo bo‘ldi, hatto haligi zarbadan burnining shakli ham ko‘rkamlashib qoldi. Pristonda istiqomat qilgan oxirgi yili u juda ko‘p o‘qidi, ko‘zoynak taqib yuradigan bo‘ldi. Kursdoshlaridan hech biri uni tanimasdi. Ular hatto Robertning boksdan o‘rta vaznda chempion bo‘lganini ham bilishmasdi.

      Men o‘zlari haqida bor haqiqatni aytib beruvchi hamma sofdil odamlarga ishonavermayman, shu sababli ham ancha vaqtgacha Robert Kon hecham boksdan chempion bo‘lmagan, deb shubhalanib yurdim: yuzidagi chandiq – yoshligida ot bosib olgan jarohatning o‘rni, balki onasi homilador paytida bir nimadan qo‘rqqanining asorati yoki bolaligida u yugurib kelib nimagadir urib olganining izi bo‘lsa kerak. Keyinchalik axiyri Spayder Kellidan so‘rabsurishtirdim. Spayder Kelli uni faqat eslabgina qolmay, balki Konning taqdiri nima bo‘lgani haqida ham o‘ylab yurarkan.

      Robert Kon ota tomonidan Nyu-Yorkdagi eng badavlat yahudiy oilasiga, ona tomondan esa eng qadimgi oilalardan biriga mansub edi. Harbiy bilim yurtida Prinston universitetiga o‘qishga kirishga tayyorlanayotganida, futbol jamoasida faxrli o‘rinni egallab turgan paytida hech nima unga irqiy taassublikni eslatmagandi. U Prinstonga kelgunicha hech kim Konga yahudiysan, deb sha’ma ham qilmagandi. Kon muloyim, ko‘ngilchan, haddan tashqari tortinchoq yigit bo‘lgani bilan, baribir munosabatdagi o‘zgarish uning g‘azabini qo‘zg‘atib yubordi. U qasdma qasdlikka boks mahoratini egalladi, o‘lardek obro‘talab, yalpoq burnini viqor bilan ko‘z-ko‘z qilib, Prinston universitetini bitirib chiqdi-yu, atrofida parvona bo‘lib yurgan birinchi qizning xohishini rad etolmay, unga uylanib oldi. Xotini bilan besh yil yashadi, uchta farzand ko‘rdi, otasidan meros qolgan ellik ming dollarlik boylikning – qolgan ashyo-yu buyumlar onasiga berildi – deyarli hammasini sovurib bo‘lib, badavlat xotini bilan doimo bo‘ladigan mojarolar ta’sirida badqovoq bir shaxsga aylandi-qoldi. Umr yo‘ldoshidan ajralishga ahd qilib yurganida xotinining o‘zi uni tashlab, allaqanday bir rassom bilan qochib ketdi. U deyarli yarim yilcha xotinidan ajralishni o‘ylab yurib, xotinini o‘zidan judo qilish haddan tashqari bag‘ritoshlik bo‘ladi, deb o‘ylab jur’at qilolmay yurgan bir paytda xotinining o‘zi ketib qolishi Robertga anchayin saboq bo‘ldi.

      Ajrim qog‘ozini olgandan keyin Robert Kon G‘arbiy sohilga jo‘nab ketdi. Kaliforniyada u adabiy muhitga tushib qoldi-yu, ko‘p vaqt o‘tmay ellik ming dollardan qolgan-qutgan mablag‘i bilan bir badiiy jurnalni ta’minlab turdi. Jurnal Kaliforniya shtatidagi Karmel shahrida nashr qilinib, Massachusets shtatidagi Provinstaunda o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Ilgari saxovatli farishta sifatida qaralib, nomi titul varag‘idagi muharrirlar hay’ati a’zolarining ro‘yxatida turuvchi Kon endi jurnalning yagona muharriri bo‘lib qolgandi. Nima bo‘lganda ham jurnal uning mablag‘i hisobiga chiqayotgan edi-da, muharrirlik mavqeyi ham o‘ziga yoqib qolganini sezgandi. Jurnalni nashr etish qimmatga tushib, undan voz kechishga to‘g‘ri kelganda Robert juda qayg‘urdi.

      Aytgandek, bu paytga kelib unda boshqa tashvishlar ham paydo bo‘lib qolgandi. Jurnal tufayli o‘zini ko‘klarga ko‘tarishni umid qilgan allaqanday xonim Robertni qo‘liga olib olgandi. Serg‘ayrat bu ayol uchun Konni qo‘lga olish hech qanday qiyinchilik tug‘dirmadi. Bundan tashqari, Kon uni sevib qolganiga qattiq ishongandi. Jurnalning muvaffaqiyat qozonishidan umidini uzgan ayol Kondan biroz ko‘ngli sovib, bor imkoniyatdan iloji boricha foydalanib qolishga ahd qildi-yu, u o‘zi bir paytlari tarbiyalangan va Kon yozuvchilik qilishi lozim bo‘lgan Yevropaga jo‘nab ketishga uni ko‘ndirdi. Ular Yevropaga borib uch yil yashashdi. Mana shu uch yil mobaynida – birinchi yilni sayohat bilan o‘tkazishdi, keyingi ikki yili Parijda bo‘lishdi – Robert Kon ikki do‘st orttirdi. Biri Breddoks, ikkinchisi men. Breddoks uning adabiyot sohasidagi do‘sti edi. Men esa tennis o‘yini tufayli do‘stlashgan edim.

      Robertni qo‘lga olgan xonim (uning ismi Frensis) ikkinchi yilning oxirida o‘zining husni puturdan ketayotganini sezib qoldi-yu, Konga butunlay ega chiqib olib, uni izmiga yurgizish ishtiyoqi unga tegib olish ahdi bilan almashdi. Bu paytda Robertning onasi unga oyiga uch yuz dollarcha pul yubora boshlagan edi. O‘ylashimcha, keyingi ikki yarim yil mobaynida Robert biror marta ham boshqa ayolga qiyo boqmadi. Agar Yevropada istiqomat qilayotgan ko‘pgina amerikaliklar singari o‘z Vatanida yashashni afzal ko‘rganini, buning ustiga o‘zida yozuvchilik talanti borligini sezib qolganini hisobga olmaganda, u deyarli baxtiyor odam edi. U roman yozdi va bu roman juda bo‘sh bo‘lishiga qaramay, tanqidchilar ta’kidlaganidek, unchalik yomon emasdi. U ko‘p o‘qirdi, brij, tennis o‘ynardi, Parijdagi sport zallarining birida boks bilan shug‘ullanardi.

      Men Frensisning unga nisbatan tutgan yo‘lini ular bilan birga ovqatlangan o‘sha kuni kechqurun birinchi marta payqab qoldim. Biz Lavinya restoranida ovqatlandik. Keyin «Versal» kafesiga qahva ichgani bordik. Qahvadan so‘ng bir-ikki qadah konyak ichdik-da, men ketishga ijozat so‘radim. Ovqatlanayotganimizda Kon menga yakshanba kuni biror joyga birgalikda borsak, deya taklif qilib qoldi. U shahardan chiqib ketib oyog‘ining chigalini yozib kelishni istardi. Men Strasburgga uchishni va u yerdan Sent-Odil yoki Elzas bo‘ylab yana allaqayoqqa yayov borishni taklif qildim.

      – Strasburgda tanish bir qiz bor, bizga shaharni tomosha qildiradi, – dedim men.

      Stol tagida kimdir oyog‘imga turtib qo‘ydi. Buni tasodifga yo‘yib so‘zimda davom etdim:

      – U ikki yildan beri o‘sha joyda yashayapti, Strasburgda nimani tomosha qilishni yaxshi biladi. Juda yoqimtoy qiz.

      Stol tagidan yana bir turtkini yeganimni sezib suhbatdoshlarimga qaradim-u, iyagini cho‘zib menga tikilib qolgan Frensisning rangi qum o‘chgan chehrasiga ko‘zim tushdi.

      – Aytgandek, nega endi faqat Strasburgga borish kerak ekan? – dedim men. – Biz Bryugga yoki Ardenga borishimiz ham mumkin.

      Kon yengil tortdi. Endi meni hech kim turtmadi ham. Ularga tunni xayrli o‘tkazishni tilab, ko‘chaga chiqdim. Kon men bilan muyulishgacha borib, gazeta olmoqchi ekanini aytdi.

      – Pok Parvardigor haqi ayting-chi, Strasburgdagi qiz haqida nega og‘iz ochdingiz? – so‘radi u. – Frensisning basharasini nahotki ko‘rmagan bo‘lsangiz?

      – Yo‘q, ko‘rmadim. Nega endi unga qarashim kerak ekan? Strasburgda menga tanish amerikalik qiz bilan Frensisning nima ishi bor?

      – Baribir. Kimning tanishi bo‘lishining farqi yo‘q. Men bora olmagan bo‘lardim, tamom-vassalom.

      – Bu nima tentaklik?

      – Siz Frensisni bilmaysiz-da. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, har qanday qizdan rashk qiladi. Nahotki, basharasi o‘zgarib ketganini ko‘rmagan bo‘lsangiz?

      – Ha, mayli, – dedim unga. – Sanlisga bora qolamiz bo‘lmasa.

      – Xafa bo‘lmaysiz-da.

      – Xafa emasman. Sanlis – ajoyib joy; biz «Katta bug‘u» mehmonxonasiga joylashamiz, o‘rmonlarda sayr qilib, keyin uyga qaytamiz.

      – Juda soz. Ajoyib sayr bo‘ladi.

      – Ertaga tennis maydonida uchrashamiz, – dedim men.

      – Xayrli tun, Jeyk, – dedi u va kafe tomon qayta boshladi.

      – Gazeta sotib olishni unutib qo‘ydingiz, – dedim men.

      – Ha-ya. – U men bilan muyulishdagi kioskagacha bordi. – Xafa bo‘lmadingiz-a, Jeyk? – so‘radi u qo‘lida gazeta bilan orqaga burilarkan.

      – Yo‘g‘-e, nimadan xafa bo‘larkanman?!

      – Kortda uchrashamiz, – u shunday dedi-yu, gazeta olib kafega qaytib ketdi.

      Ortidan qarab qoldim. U menga yoqardi, ammo Frensis bilan turmushlari shirin bo‘lmasa kerak.

      Ikkinchi