. . Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор:
Издательство:
Серия:
Жанр произведения:
Год издания:
isbn:
Скачать книгу
og‘irlik qilsa, Daniyaga kelgusi uchishimizgacha biror joyga yashirib qo‘yamiz. Malikaga bitta pat kiyim ham yetadi-yu, ammo ikkita bo‘lsa yana yaxshi, shimolda ortiqcha kiyimga ega bo‘lish ziyon qilmaydi.

      – Bu ishing uchun rahmat aytishmaydi! – debdi xotini. – Harholda sen oila boshlig‘isan. Mening esa faqat tuxum bosib o‘tirganimdagina gapim o‘tadi!

* * *

      Yovvoyi botqoqlik yaqinidagi, har yili bahorda laylaklar uchib keladigan viking qasrida boshpana topgan qizchaga Xelga deb ism qo‘yishibdi, lekin bu ism uning uchun biroz mayinlik qilar ekan. Chunki bu chiroyli gul badanda yovuz qalb joylashgan-da. Oylar ketidan oylar, yillar ketidan yillar o‘taveribdi, laylaklar esa har yili kuzda Nil sohillariga, bahorda Yovuz botqoqlik tomonga uchaveribdi, qizcha ham balog‘atga yeta boshlabdi, hashpash deguncha o‘n olti yoshga kirib, sohibjamol qiz bo‘lib qolibdi. Biroq uning tashi go‘zal bo‘lsa-da, ichi qo‘pol, xunuk ekan. O‘sha qahrli zulm avj olgan zamonlarda ham Xelga o‘zining yovvoyiligi va beboshligi bilan hammani hayratga solar ekan. U qurbonlik uchun yangi so‘yilgan otning hovuri chiqib turgan qaynoq qonida qo‘lini yuvgandagina ko‘ngli taskin topib yupanarkan, yovvoyilarcha betoqatligi avjiga minganda qurbonlikka atab qo‘yilgan qora xo‘rozning kekirdagini tishlab uzib qo‘yarkan. Kunlardan birida tutingan otasiga behazil shunday debdi:

      – Kechasi dushmaning kelib, arqon bilan toming ustiga chiqib, yotoqxonang tomini ochib tashlaganini bilsam ham seni uyg‘otmayman! Bundan ancha yillar oldin qulog‘imda shovla qaynatganding, o‘shaning jarangi hanuzgacha turibdi! Urganingni unutganim yo‘q!

      Biroq, qiz behazil gapirayotganiga viking ishonmabdi. Chunki u ham hamma qatori uning go‘zalligiga maftun bo‘lgan, qalbi bilan tashqi qiyofasi ikki xilligidan bexabar ekan. Xelga go‘yo yovvoyi otning belidan o‘sib chiqqanday, uni egarsiz minib jon-jahdi bilan choptirarkan, hatto ot yovvoyi otlar bilan urishib, tishlayotganda ham yerga tushmas ekan. U yechinmasdan baland qoya ustidan o‘zini dengiz ko‘rfaziga tashlab, sohilga yaqinlashayotgan viking qayig‘iga tomon suzib borarkan. U ko‘rkam, qalin sochlaridan eng uzun tutamni kesib olib yoy uchun chilvir to‘qibdi.

      – Kishi hamma narsani o‘zi qilishi kerak! Shunisi ma’qul! – der ekan u.

      Yillar va odatlanish viking xotinining ruhi va irodasini chiniqtiribdi, lekin baribir u qiziga nisbatan qo‘rqoq, ojiza ayolligicha qolaveribdi. Bularning hammasiga qo‘rqinchli qizni ezg‘ilayotgan yovuz jodu sababchi bo‘layotganini yaxshi bilarkan!

      Xelga ko‘pincha onasini qiynab huzur qilar ekan: uning zina yoki hovliga chiqqanini ko‘rishi bilanoq quduqning chetiga o‘tirib, qo‘l-oyoqlarini o‘ynataverarkan, so‘ng tor, chuqur quduqqa sho‘ng‘irkan, suvda baqa singari sho‘ng‘ib, suzib o‘ynarkan, keyin mushukday chaqqon harakat qilib, yuqoriga sakrab chiqarkan, hammayog‘i shilta bo‘lib, katta yotoqxonaga kirib borarkan, soch va ko‘ylaklaridan shovillab suv quyilarkan, polga to‘shalgan ko‘m-ko‘k yaproqlarni yuvib, oqizib ketarkan.

      Faqat qorong‘i tushishigina Xelgani biroz jilovlab turarkan. Kechki payt u go‘yo o‘yga tolganday tinchlanib qolarkan, onasining gapidan chiqmas ekan, bunga onasida bo‘lgan tuyg‘u sabab ekan. Quyosh botishi bilanoq Xelga yuvosh, ma’yus baqaga aylanib qolar va burchakda qunishib o‘tiraverar ekan. U oddiy baqaga qaraganda ancha katta bo‘lib, ko‘rinishi dahshatli bo‘lgan ekan. Uning ko‘rinishi baqa boshli, panjalarning orasida suzgich pardasi bo‘lgan badbashara trollga o‘xsharkan. Ko‘zlarida qayg‘u uchqunlari chaqnab, ko‘ksidan yosh go‘dakning o‘ksinib yig‘lashiga o‘xshash ayanchli tovushlar otilib chiqarkan. Xuddi ana shu paytlarda vikingning xotini uni tizzasiga olarkan, uning g‘amgin ko‘zlariga boqib, badbasharaligini ham unutib yuborarkan.

      – Rostini aytsam, hamisha soqov baqa qizim bo‘lib qolishingga ham roziman! – der ekan u ko‘pincha. – Husning qaytganda juda qo‘rqinchli bo‘lib ketasan, ko‘ngilga esa g‘ashlik tushadi!

      So‘ng u joduni yo‘q qiladigan va dardlarni davolaydigan runlar chizib bechoraning boshidan oshirib tashlarkan, lekin natijasi ko‘rinmas ekan.

      – Bir vaqtlar nilufar gulkosasiga siqqaniga kim ishonardi! – debdi laylak. – Endilikda u katta qiz bo‘lib qoldi, xuddi onasi – Misr malikasining o‘zi. Onasini esa boshqa ko‘rmadik! Donishmand bilan sen karomat qilganingday, u kulfatdan xalos bo‘lolmadi, shekilli. Har yili botqoq ustidan uzunasiga ham, eniga ham uchib o‘tyapman, lekin u zarracha bo‘lsin hayot nishonasini bildirgani yo‘q! Ha, ishonaver, menga! Shu yillar mobaynida bu yoqlarga uyamizning u yoq-bu yog‘ini tuzatish uchun sendan oldinroq uchib keldim, tunlarni kunga ulab, boyqush yoki ko‘rshapalakdek kechalari ham botqoq ustida uchdim, hammasi behuda! Zo‘r qiyinchiliklar bilan qo‘lga kiritganimiz va uch marta uchishda bu yoqqa keltirganimiz oqqushlarning pat kiyimlari ish bermadi! Mana, bir necha yildirki, ular uyamizda bekor yotibdi. Yong‘in chiqib, manovi yog‘och kuyib ketsa, undan nom-nishon ham qolmaydi!

      – Uyamizning ham kuli ko‘kka sovuriladi! – debdi xotini. – Lekin sen uyamiz xususida anavi pat kiyimlar hamda botqoqlik malikasiga qaraganda kam o‘ylayapsan! O‘zing ham o‘shaning yoniga ketib qo‘ya qol. Sen yaxshi ota bo‘lmading! Bu haqda o‘sha dastlab tuxum bosib o‘tirgan vaqtlarimda aytganman! Hali qarab tur, bu shaddot qiz birontamizni otib qo‘yishdan ham toymaydi! Axir u nima qilayotganini o‘zi bilmaydi! Biz bo‘lsak bu yerda unga qaraganda ko‘proq yashaymiz, hech bo‘lmasa shu tomonini o‘ylagin! Zimmamizdagi majburiyatni ham halol o‘tayapmiz: bir yilda tegishli pat, tuxum, bitta bolani beryapmiz. Hali sen meni oldingi yillardagiday yoki Misrdagiday pastga – hovlimga uchib tushadi, hamma bilan do‘st-inoq bo‘ladi, hech narsani o‘ylamay tumshug‘ini ko‘za hamda qozonlarga tiqadi deb o‘ylarsan? Yo‘q, bu yerda, uyamda o‘tirib anavi qizga g‘ashim kelyapti! Senga ham! Uni gulkosada qoldiravermaysanmi, o‘lib ketmasmidi!

      – Tilingga qaraganda diling saxiyroq! – debdi laylak. – Seni o‘zingdan ko‘ra yaxshiroq bilaman!

      Shunday debdi-yu, sakrab qanotlarini ikki marta og‘ir qoqibdi, oyoqlarini orqaga uzatib, qanotlarini yelkanday ikki tomonga yozib yuksakka ko‘tarilibdi. Quyosh nuri uning oppoq patlarida jilolanibdi, bo‘yin va boshi oldinga cho‘zilibdi. Ajoyib uchish!

      – Erim tushmagur hozir ham hammadan chiroyli! – debdi urg‘ochi laylak. – Biroq, bu gapimni unga aytmayman!

* * *

      Bu kuz viking uyiga ancha erta qaytibdi. U juda ko‘p o‘lja va asirlar olib kelibdi. Asirlar orasida qadimiy Shimol xudolarini rad etgan yoshgina xristian ruhoniy ham bor ekan. Keyingi paytlarda viking qasrining asosiy qismida ham Janub mamlakatlariga tarqalgan yangi din haqida gap aylanib qolibdi. Yangi din avliyo Angsariya sharofati bilan hatto Shimolda ham tarqay boshlabdi. Hatto Xelganing o‘zi ham odamlarga bo‘lgan muhabbati va ularni xalos etish uchun o‘zini qurbon qilgan xudolar haqidagi gaplarni eshitibdi. Bu gaplar qizning bu qulog‘idan kirib, u qulog‘idan chiqib ketaveribdi. «Muhabbat» degan so‘z uning qalbiga faqat u baqa qiyofasiga kirib, qulflab qo‘yilgan xonaning burchagiga qisilib o‘tirgan paytlardagina yo‘l topib kiribdi. Lekin vikingning xotini yakka-yu yagona, chinakam xudoning o‘g‘li haqidagi hikoya va rivoyatlarni berilib tinglabdi, bular uning qalbida yangi tuyg‘ularni uyg‘otibdi.

      Uylariga qaytgan jangchilar o‘yib, qimmatbaho toshlardan naqsh solingan va vasiyati faqat muhabbat bo‘lgan xudoga atab qurilgan hashamatli ibodatxonalar haqida hikoya qilishibdi. Ular zo‘r hunarmand yasagan, ichidan ajoyib muattar hid taralib turadigan ikkita vazmin oltin idish olib kelishibdi.

      Bular mehrob oldida ibodat paytida xristianlarga buxo‘r tutadigan, hech qachon qon sachramagan idishlar ekan. Ana shu mehroblarga vino va nonlar qonga hamda odamlarni, hatto tug‘ilmagan avlodlarni qutqarish uchun jonini qurbon qilgan Isoning tanasiga aylanib qolarkan.

      Yosh ruhoniyning qo‘l-oyoqlarini po‘stloqdan eshilgan arqonlar bilan bog‘lashibdi, qal’aning toshdan qurilgan chuqur yerto‘lasiga qamab qo‘yishibdi. U nihoyatda kelishgan yigit ekan! «Xuddi Baldur1 ning o‘zginasi!» – debdi vikingning xotini asirning og‘ir ahvolidan ta’sirlanib, Xelga bo‘lsa uning tizzasi ostidan yo‘g‘on arqon o‘tkazib, yovvoyi buqalarning dumiga bog‘lanishini juda-juda xohlabdi.

      – Men


<p>1</p>

Baldur – Skandinaviya afsonalarida nur xudosi.