Қутлуғ қон. Ойбек Мусо Тошмуҳаммад ўғли. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Ойбек Мусо Тошмуҳаммад ўғли
Издательство: Asaxiy books
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-6313-5-9
Скачать книгу
qilib, naq erga berish oldida vafot etgani, Xushro‘ybibining tolei pastlik qilib, ota o‘lgandan so‘ng amakilari qishloqqa, Sheraliga erga berganliklari va hokazoni so‘zladi. So‘ng chol sukutga botdi, kichkina, lekin hali tetik ko‘zlarini mudroq bosgan odam kabi, sekingina yumdi. U hozirgina yodiga olgan qishloqi Xushro‘ybibini ham, uning kamtarin, mehnatkash marhum erini ham, kutilmagan vaqtda yo‘qlab kelgan bu arslonday qishloqi jiyanchani ham unutgan, uning fikrini yolg‘iz o‘z ishlari ishg‘ol etgan edi. U bankalar orqali o‘z raqiblariga qarshi olib bormoqchi bo‘lgan sirli ishlarni, o‘z qarzdorlariga nisbatan qanday muomala va munosabatda bo‘lishni o‘ylar edi. U qarzdorlarni uch guruhga bo‘ldi. Birinchi guruhdagilar bilan savdo muomalasini avvalgicha davom ettiraveradi. Chunki bularning «qo‘li uzun», qo‘r-quti ko‘p. Ulardan bir kun ozni ko‘p qilib oladi. Ikkinchi guruhdagilarga birmuncha do‘q qiladi, shu bilan skladlarda cho‘kib qolgan gazlamalarni yaxshi baho bilan ularga o‘tkazib yuboradi. Uchinchilarning esa dumlaridan mahkam ushlab olib, maymunday o‘ynatadi… So‘ng katta o‘g‘li Hakimboyvachchaning paxta savdosi yuzasidan o‘ris firmalari bilan yaqinda tuzgan shartnomasi ustida o‘ylab, bu ishning qaltis tomoni sira yo‘qligiga va tajribakor aqlning ko‘rsatishiga muvofiq, bu ishdan foyda daryoday toshib kelishiga yana chuqurroq ishongach, zavqlanib ketdi-da, ko‘zlarini yana mahkamroq yumdi.

      So‘zamol, badavlat qari tog‘aning birdan ko‘z yumib sukutga botishining sababini, tabiiy, Yo‘lchi tushunmadi. Kelganim unga yoqmadi shekilli, degan andishaga ham bordi. Lekin u endi boshini ko‘tarib, cholga va atrofga dadilroq qaray boshladi. Mirzakarimboyning gavdasi kichik, qo‘llari ingichka bo‘lsa ham, zuvalasi pishiq ko‘rinadi. U go‘shtdor ham emas, oriq ham emas, kichik, ayyor yuzi xo‘rozning tojisiday qip-qizil; oppoq soqoli va miyiqlari toza va taralgan…»

      Bir tanobdan mo‘lroq chor burchak tashqarining har tomoni diqqatni jalb qilarli edi. O‘rtada supa va hovuz. Tanasi ikkita katta qulochga sig‘maydigan bir tup sada tevarakka tangaday oftob tushirmaydi. Hovuzning narigi chetida bir-biriga yaqin o‘tqazilgan, shoxlari bir-birining ichiga kirgan uch tup olma daraxti. Bir tupida olmalar endi sarg‘ayib yiltiramoqda, bir tupida mushtday yirik olmalar hali ko‘m-ko‘k, ularga boqish bilan kishining tishi qamashib, og‘zi so‘lakka to‘ladi; bir tup jaydari qizil olma, mevasining mo‘lligidan hovuzga engashib tushgan; hovuz suvida bir qancha qizil olma yoqutday tovlanib, jimillab suzadi. Hovuzdan yigirma qadamlar narida to‘rt tomoni ochiq, ustunlari chiroyli naqshlangan, yerdan odam bo‘yi baland ko‘tarilib solingan kattagina shiypon; buning atrofi gulzor. Quyoshda mayin tovlanib, xilma-xil ranglar bilan mavjlangan mayda gullar orasida ko‘rkam yuksalgan qizil duxoba gullar olov parchasi kabi yonadi.

      Yo‘lchi ko‘zlari bilan atrofni sayr etarkai, ro‘baro‘dagi qo‘rg‘on – ichkari hovli eshigidan yosh-yosh o‘g‘il va qiz bolalar chuvillashib chiqishdi. Bularning kiyimlari toza va yangi edi.

      Mosh rang duxoba do‘ppili, to‘qqiz-o‘n yashar, chiroylikkina bola – bolalarning eng kattasi edi. U ichiga katta oq kalamush qamalgan qopqonni yerga qo‘ydi, eshikchasini ochdi. Semiz kalamush yerga tushib, lapanglab darvoza tomonga qochdi. Bolalar qiyqirib, uni quvlasha ketdi: «Ustiga lampa moy sepib yondiramiz!» Nabiralarining haddan oshgan suyunchli hangamasi cholning ko‘zlarini ochdi… U qo‘li bilan go‘daklarga do‘q qildi: «Gugurt o‘ynamanglar, hoy!» deb qichqirib ham qo‘ydi. So‘ng, qarshisida o‘tirgan jiyanini unutayozganidan ogoh bo‘lib, yupatish uchun:

      – Obbo jiyan-e, biznikini topib keldingmi-ya? Ha, so‘rab-so‘rab Makkani topadilar… Hay, Oynisa, buvingni chaqir! —Bolalarga aralashmay bir chekada turgan rangpar, bezgaknamo qizga buyurdi boy.

      Qo‘rg‘on eshigidan ayol ovozi eshitildi:

      – Nima kerak?

      – Munda kel – chol qo‘li bilan imladi.

      – Kishi bor-ku.

      – Qarindosh… Xushro‘yning o‘g‘li, – deb tushuntirdi

      – Qaysi Xushro‘y? Esim ham qursin, ha, qishloqdanmi? – o‘rta bo‘yli, to‘la, lekin keng yuzining go‘shtlari sarg‘ayib, salqib tushgan ellik sakkiz yoshlarda bo‘lgan kasalnamo xotin asta-asta yurib kelaverdi. U supaga yaqinlashgach, Yo‘lchi o‘rnidan turib salom berdi va onasining salomini topshirdi. Ammo kekkaygan xotin uning so‘zini tinglamadi, eriga qarab so‘zladi:

      – Qishloqdagi jiyaningizning o‘g‘limi? Tog‘dek yigit bo‘libdi. Yoshligida ham bo‘lali bola edi… ko‘zimga tanish ko‘rinib turibdi.

      Mirzakarimboy xotiniga dasturxon olib chiqishni buyurgach, u ketish oldidagina, ko‘rinishda samimiy, lekin aslida soxta va masxarali tovush bilan Yo‘lchining onasini va ukalarini so‘radi.

      Boy endi issiqdan shikoyatlanib, uh-uhlab o‘tirdi. Uning kampiri patnis va bir choynak choy olib chiqdi. Patnisda to‘rtta kulcha, ikki bosh qizil chillaki va bir bosh qush cho‘qigan qandaydir oq uzum bor edi. Yo‘lchi qishloqdan keltirgan xaltani kampirga uzatdi.

      – Ayam berib yubordi, qurt…

      – Sadag‘asi ketay, – kampir xaltani ushlagisi ham kelmay, qo‘l uchi bilan tutib gapirdi, – koyib nima qilar edi bechora.

      Nabiralar xaltadagi qurt ekanini eshitib, kampirning oyog‘i ostida o‘rmalashdi va: «Manga bitta, buvi», «Manga ancha bering, buvi» deb qiy-chuv ko‘tarishdi. Kampir xo‘mrayib, nabiralarni jerkib tashladi. Bolalar yopishavergach, xaltani ochishga majbur bo‘ldi-da, labini burib vaysay boshladi:

      – Xah, shumtakalar, og‘izlaringda erib ketadigan suzma qurtni bersam olmaysizlar, shu tosh qurtni talashasizlar. Mana, ko‘rdinglarmi, qattiq – tishlaringni ushatadi. Bay-bay, bu bolalarning dastidan o‘lib bo‘ldim, axir bu tosh qurt, jig‘ildonlaringni teshib yuboradi-ku.

      – Mehmonning qizarganini payqagan keksa boy, o‘z xotininiig katta og‘iz va betamizligiga achchiqlanib, yuzini teskari burdi, lekin xotini yana valdiramasin uchun, yumshoq gapirdi:

      – Hay, ichkari kir, chag‘ir-chug‘urdan qulog‘im bitdi. Yo‘lchi qurt olib kelganiga pushaymon qildi. Onasi qo‘shnilardan qurt yig‘ib, boy tog‘a uchun sovg‘acha tayyorlab, suyuna-suyuna uning qo‘liga tutqazgach, yaxshi-yomonligini surushtirmay, u ham olib jo‘nagan edi.

      Boy tog‘a qopni ushatib, patnisni Yo‘lchining oldiga surib qo‘ydi.

      – Ol, jiyan, yo‘l yurib kelgansan. Bir parcha yerlaring borligini eshitar edim, qo‘llaringdami?

      – Yo‘q, – patnisdan bir burda non olib javob berdi Yo‘lchi, – yer sotilib ketgan.

      Mirzakarimboy yerga o‘ch odam edi. Yerli-suvli odamlar, qanday bo‘lmasin bir sababdan qiynalib qolsalar, darrov ularning pinjiga tiqilar, yo o‘rtaga kishi qo‘yib, yerni tezroq o‘z qo‘liga o‘tkazishga tirishar edi. Hatto, yer sotishni xayolga keltirmagan odamlarning yerlarini, – agar ularning yerlari o‘z yerlariga chegaradosh bo‘lsa, —o‘zinikiga qo‘shish uchun hech nimadan toymas, har qanday nomus va adolatning betiga tupirar edi. Ammo, Yo‘lchining sotilib ketgan yeri unga hech aloqasiz bo‘lgani uchun, yerning qadr-qiymati va bu xususdagi mahkam qanoatlarini tushuntira boshladi:

      – Chakki bo‘libdi, jiyan. Yer sotgan er bo‘lmaydi, er yer sotmaydi. Mana bu gapning mag‘zini chaq… Yer sotganlarning ko‘pini ko‘rdik, axiri gadoy bo‘ladi, To‘g‘ri, yerni pulga sotadilar, naqd pulni jaraq-jaraq sanab oladilar. Pul hamma narsaning otasi. Pul belga quvvat, boshga toj. Puldor odam qanotli odam, bu qanot bilan mag‘ribdan mashriqqacha uchasan, har yerda oshna-og‘ayni, do‘st-yor topasan… Puldor odam Maskavgacha, Varshavgacha boradi. Pulsiz odam o‘z joyidan bir qadam siljisin-chi! Be!.. Pul shunday aziz narsa, jiyan. Lekin pulni juda maqtab yubordim, shoshma, yerda ham xosiyat ko‘p. Yer tug‘adi. Yerga cho‘pni tiqib qo‘ysang, ko‘karib, qulochga sig‘mas daraxt paydo bo‘ladi. Pul-chi? Pul ham tug‘adi. Juda ko‘p tug‘adi, tez tug‘adi. Ayniqsa, bu zamonda pul sertuxum bo‘lib ketgan. Ammo, pulni tutish qiyin, yeb, ichib qo‘yish juda oson. Pul asov qushga o‘xshaydi, sal bo‘sh tuttingmi, qo‘lingdan uchadi-ketadi. Yer ham tug‘adi ham pulga kishan soladi. Yer olgan ko‘karadi, yer sotgan quriydi Mana bu gapning mag‘zini chaq, jiyan!

      – Nochorlik,