Biz qirilib ketamiz.
Xoqon so‘rdi, xo‘sh, o‘zing
Ne deysan, ayt-chi, Shiroq.
Dedim, hammasidan ham
Taslim bo‘lsak yaxshiroq.
Doro kabi zo‘r shohga
Biz cho‘ri, qul bo‘laylik.
Kiraylik panohiga,
O‘lpon desa – to‘laylik.
Biroq buni eshitgach,
Xoqonga larza tushdi.
Uning buyrug‘i bilan
Quloq-burnim kesishdi.
Yurtimda topmay qadr,
O‘z elimdan o‘kinib,
Sizning huzuringizga
Qochib keldim yukinib…”
Doro Shiroqqa boqdi
Nafrat, hazari bilan.
A’yonlarga yuz burdi
Savol nazari bilan.
Ta’zim ila izn olgach,
So‘z boshladi bosh vazir:
“O‘z Vatanin sotgan kas
Do‘st bo‘lmas bizga, axir.
Bundaylarning ko‘nglida
Ilon pusib yotadi.
Payti kelsa bizni ham
Boshqalarga sotadi”.
Lashkarboshi Ranosbat
Der: ”Balki bu josusdir.
Ikkilanmay boshini
Shartta uzmoq joizdir?”
Shiroq dedi: “Siz meni
Ayblamangiz beasos.
Tangrim haqqi, yurakda
Yonmoqdadir o‘ch, qasos.
Men o‘limdan qo‘rqmasman,
Ming afsus, ming nadomat,
O‘lsam, ko‘ra olmasman
Tiklanganin adolat”, –
Cho‘pon g‘am-alam bilan
Boshin quyi egadi.
Doro: “Xo‘sh, sening bizga
Qanday foydang tegadi?”
Shiroq der: “Tangrim guvoh,
Aldab nima qilaman?
Ular qayda zo‘r qo‘shin
To‘plaganin bilaman.
O‘ldirsalar, mana – bosh,
Yo‘q e’tiroz, yo‘q so‘zim.
Ishonsalar, u joyga
Boshlab borayin o‘zim”.
“Olib chiqing cho‘ponni, –
Dedi Doro betoqat, –
Uni ko‘z qorasidek
Ehtiyot qiling faqat.
Ul-bul yegulik bering
Bu badbaxt nobakorga.
Ertaga biz kengashib
Kelurmiz bir qarorga!”
Shohning qovog‘i soliq,
Ko‘zlari xunxor edi.
Lek bu ko‘zlar ostida
Bir mamnunlik bor edi.
O‘z xalqidan o‘ch-qasos
Qilayotir talab-a!
Shohim, yaqindir zafar,
Juda yaqin g‘alaba.
So‘rmoqchiydim Dorodan
Bir haqiqat, bir haqni:
Yaxshiroq bilasizmi,
Shohim, o‘zi bu xalqni?
Biroq ayshdan bosh karaxt,
Ko‘zlarida g‘ubordir.
Menga qarab turmasdan
Kengash boshlab yubordi…
DORO LASHKARINING
SHIROQ YETOVIDA YO‘LGA
TUSHISHI
Tongda Doro chodirga
To‘plab ashraf-a’yonni,
Amr ayladi: “Keltiring
O‘sha badbaxt cho‘ponni!”
Shiroq keldi. Doroning
Ko‘zlarida yonar shaxt:
“Men dushmanning ustiga
Yurish uchun qildim ahd.
Aldar bo‘lsang, bilib qo‘y,
Ko‘zlaringni yoshlayman.
Mana shu qilich bilan
Boshing uzib tashlayman!”
Shiroq dedi: “O‘ch olmoq
Bor ekan bu yoziqda.
G‘amlangiz yetti kunlik
Pichan, suv va ozuqa.
Yettinchi kun deganda
Bir ma’voga yetamiz.
Dushmanning lashkarini
Yer-la yakson etamiz!”
Hozir qilindi bir-bir
Shiroqning aytganlari.
Cho‘pon yo‘lboshchi bo‘ldi,
Ortda – Doro lashkari.
Doroga go‘yo cho‘pon
Zo‘r bir suyunchi edi.
Hammaning yuragida
Zafar ilinji edi.
Kimningdir ko‘z oldidan
O‘tar qiz-u xotinlar.
Kimdir sanar xayolan
Jaraq-jaraq oltinlar.
Kimlar yalar lablarin
Bol yegandek bemalol.
Kimdir, qancha qul qilsam,
Deya surardi xayol.
Telba ochko‘zlik bilan
Yonar Doroning ko‘zi.
Go‘yo yotar poyida
Butun dunyo, yer yuzi.
Ikki kun yo‘l bosishdi,
Oldinda – sarbon Shiroq.
Gullagan vodiy tugab,
Cho‘l boshlandi qovjiroq.
Bir taqir yerga boqib,
Bir ko‘z tashlab osmonga,
Gumon bilan shahanshoh
Tikildi-ku cho‘ponga.
“Parvo qilmang, – der Shiroq, –
Shohim, qilmang e’tibor.
Oraliqda besh kunlik
Kattagina sahro bor.
Shundan o‘tsak bir joy bor –
Jannatlarning jannati.
Ana shunda keladi
Qo‘shiningiz navbati”.
Xuddi Shiroq aytgandek
Sahro boshlandi lov-lov.
Qum sochar jazirama,
Osmon yog‘dirar olov.
Uyurmada chang-to‘zon
Raqqosadek