Champo otli ilon. Erkin Malik. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Erkin Malik
Издательство: SHARQ
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-00-544-0
Скачать книгу
olishga to‘g‘ri keldi. Keling, yaxshisi bunisiniyam bir boshdan boshlay qolay.

      U paytda hali kulbam qurilmagan, Champo-yu kalamushlar bilan bog‘liq hangomalar boshlanmagan. Bog‘hovlini shoir Aziz Abdurazzoqdan sotib olgan kezlarim… “Sotib oldim” deyapman-u, ustozga xiyonat qilayotgandekman. “Yer sotilmaydi ukam, u Allohning mulki”, dedilar u kishi. Biz sotib olish deganda tomorqaning gir aylanasidagi sim devorlarni, kattagina so‘ri, yog‘in-sochinli kunlarda asqotadigan brizent chodir, ketmon, cho‘kichlarni pulga chaqdik, xolos. “Bu joylarni obod qilishga kuchim yetmadi ukam, ko‘taray desam ketmon mendan og‘ir, yerning umrini o‘tkazib, qarg‘ishiga qolib yurmay”, deb bog‘hovli bilan xayrlashdilar Aziz aka. Shu bo‘yi boshqa qaytib kelmadilar.

      Shunday qilib, Yaratganning marhamati bilan qo‘lga kirgan yangi joyni o‘zimcha sarishtalagan, uni-buni nari-beri surgan bo‘ldim. So‘rini soyaroq deb, qari tutning tagiga oldim. Simto‘rdan eshikcha yasab, qulflanadigan qildim, inson zoti borki, o‘zi shunaqa: chekiga bir nima tushdimi, bas, qulf uradi, it bog‘laydi, qorovul yollaydi. Aslida bog‘da qo‘lga ilinadigan narsaning o‘zi yo‘q. Yer o‘zlashtirilmagan ham. Unda-bunda ekilgan nihollarni ham ajriq, chirmoviq o‘rab yotibdi.

      Navbatdagi shanbalardan birida borsam eshigim tagida bir notanish it yotibdi. U meni oldindan taniydigandek sakrab turib, peshvoz chiqdi-da, har xil qiliqlar qila boshladi. “Keldingmi, ja qopketding-ku”, degandek tumshug‘ini cho‘zib, o‘z tilida guvrandi. Qorovulning iti bo‘lsa kerak, Aziz akaga o‘xshatyaptimi, deb ko‘pam e’tibor bermay ishga tushib ketdim. Vaqt g‘animat. Yuz chaqirim joyga kelib-ketishning o‘zi bo‘lmaydi. Yer demagan zarang. Baquvvat belkurak, ketmon, lom, cho‘kich, og‘irligi bir pud keladigan bosqon kerak. Bo‘lmasa, bir qarich joyni ham ochib bo‘lmaydi. Bundan tashqari ozroq sabr, fildek kuch kerak. Aziz akada hamma narsa bo‘lgan-u, o‘sha oxirgisi bo‘lmagan. Yerning tosh-metinligi yetmagandek ajriq ildizlari naq o‘qlog‘idek bo‘lib ketgan. Buyam kamdek, har qulochda bitta tosh, bitta xarsang chiqib turadi. Tosh bundog‘roq bo‘lsa, cho‘kich bilan osongina qo‘porib olaman. Katta bo‘lsami, atrofini aylantirib kovlash kerak. Ana undan keyin bir pudli bosqon ishga tushadi. Ajabo, ba’zi toshlarda inson qo‘l izlarini ko‘rib qolaman. Qachonlardir bu toshlarga kimlardir ishlov berib, taroshlagan, yo‘ngan… Boshimni ko‘tarib, xayolga tolaman, bu joylar qanchalar qadim-a… deya uzoq-yaqinlarga tikilaman. Vah, yorug‘ olam bor ekan-u. Atrofimdagi go‘zallik meni o‘ziga rom qilib qo‘yadi. Hammayoq yam-yashil. Tog‘lar usti do‘lana, qizil olcha, yovvoyi olmalar bilan qoplangan – o‘rmonzor. Undan narida serviqor baland tog‘larning yalang‘och qovurg‘alari ko‘rinadi. Undan ham narida esa qorli cho‘qqilar… Ha, tog‘lar sobit, ularni Allohim yerga qoziq qilib qoqib qo‘ygan. Necha-necha asrlardan beri bu buyuk tog‘lar inson zotining g‘imir-g‘imirini hov o‘sha yuksakdan turib, jimgina kuzatadi.

      Xayol yana ham nariga olib ketadi. Ajabo, qadimda sement, temir-beton degan narsalar bo‘lmagan. Shularsiz ham odamlar yashagan. Binolar poydevoriga jo‘ngina qilib, manovi toshlarni terishgan. Sinchli yoki paxsadan devor qilib, ustini yopishgan, vassalom. Mabodo imoratlari puturdan ketib, yangilash kerak bo‘lib qolsa, shundayla yiqitishgan-da, toshini yangi uyning poydevoriga, yog‘ochlarini kam-ko‘stiga yaratishgan. Kim biladi, hozir men kovlab olayotgan toshlar ham ne qo‘llardan o‘tmagan, ne uylarga poydevor bo‘lmagan. Men nechanchisidirman. Shunaqa, ota-bobolarimiz jo‘ngina, soddagina uylar qurib ham yashab o‘tishgan.

      To‘g‘ri, zilzila, suv toshqinlaridan katta-katta shaharlar xarob bo‘lib, odamlar yashab turgan joylarini tashlab, bo‘lak manzillarga ketishgan. Shaharlar o‘rni tepaliklarga aylanib, o‘t-o‘lanlarga burkanib, avvalgi dovrug‘idan nom-u nishon qolmagan. Bunga Afrosiyob, Choshtepa, Dalvarzintepa, Ellikqal’a, ko‘hna Urganch va boshqa joylar misol bo‘la oladi.

      Qiziq, nimaga biz ajdodlarimizga o‘xshab jo‘ngina yashashni xohlamaymiz? Nimaga o‘zimizga-o‘zimiz yangidan-yangi tashvishlarni sotib olaveramiz. Qayerdan ham shu sement degan ofat o‘ylab topildi ekan? Umrning yarmi uy qurish bilan o‘tadi. Sement, g‘isht, shifer, tunuka deb chopganimiz-chopgan.

      Shunday deyman-u, bog‘hovlining bir chekkasiga betondan poydevor qurishni o‘ylayman. Keyin chiroyli beton yo‘lakchalar. Axir qo‘shnilarim shunaqa qilib qo‘yishgan-da. Ulardan qolib, qayoqqayam borardim.

      Shunaqa, biz odamlar o‘zimizni deb yashamaymiz. Qo‘shnilarim nima derkin, deb yashaymiz. Beton yo‘lkalarni tugatib, beton hovuzlarga o‘tamiz. Bo‘lmasa, ikki qadam narida Chirchiq daryosi hayqirib oqib yotibdi. Undan teparoqda Chorvoq suv ombori. Yo‘q, har birimizning o‘z chirchig‘imiz, o‘z suv omborimiz bo‘lishi kerak…

      Xayol daryosida oqib, mazza qilib ishlayotuvdim, ko‘z tegdi. Boyagi notanish it tuyqusdan akillab, o‘ylarimni to‘zg‘itib yubordi.

      Qarasam, qorovul. Ancha narida men tomonga kelolmay “ana xolos”, degandek serrayib turibdi. It uni hadeganda bu yoqqa yo‘latmoqchi emas. Bundan chiqdi it qorovulnikimas ekan-da. Unda kimniki bo‘ladi? Ajabo, bu it nimaga mendan yotsiramadi? Aziz aka itimam bor deb qo‘ymagan ekanlar-da. Qo‘limdagi belni yerga sanchib, intiq bo‘lib turgan qorovul tomon yurarkanman, o‘zimcha itga hukm o‘tkazmoqchi bo‘ldim:

      – Jim bo‘l-e…

      Ajabo, itning chakagi o‘chib, boshini eggancha nari ketdi. Boymurod aka bilan ko‘rishib, hol-ahvol so‘rashdik.

      – Itingizniyam obkepsiz-da, – dedi u “yaxshi qipsiz” degandek iljayib. U kishining itga ishqivozligini bilardim. (O‘zi bu hamma qorovullarga tekkan kasal bo‘lsa kerak.)

      – Ha, “Sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga”, deganlaridek hali boshpanam yo‘g‘-u, itimniyam obkeldim, – deya Boymurod akani ishlayotgan joyimga boshladim. Bilaman, u kishi odamga zor. Bizlarni u bir haftada bir ko‘radi. Boshqa paytlarda huvillagan bog‘hovlida bir o‘zi qolib ketadi. Bola-chaqasi daryoning narigi yog‘ida. Bechora gapini eshitadigan odam topsa bir xumordan chiqib oladi. Mana endi Boymurod aka gap beraveradi, men “innay kegin”, deb ishlayveraman. Boymurod akaning bir gap xaltasi ochilib ketsa bormi, to‘xtatib bo‘lmaydi. Qirq yil podachilik qilgan. Tog‘ma-tog‘ yurib, umri o‘tgan. Molni tuyog‘ining iziga qarab yoshigacha, nechta tuqqanigacha, hatto, egasigacha aytib bera oladi. Yoppiray, bu karomat-ku, deymiz yoqa ushlab. Ba’zida podadan ajrab qolgan daydi sigirlar qo‘radan hatlab o‘tib, tomorqalarimizni payhon qilsa, kaltaklab ham haydab chiqarolmaymiz. Yo biz shaharliklar durustroq kaltaklashni bilmaymiz, yo sigirlar shaharlik deb nazar-pisand qilishmaydi. Shunaqangi surbetki… Bunday paytda Boymurod aka uzoqdan bo‘lsayam hay-haylab qo‘ysa bas, dumlarini xoda qilib qochib qolishadi. Ovoziyam miltiqning o‘qidekda, o‘zi!

      Boymurod aka qazib chiqarilgan katta tosh ustiga cho‘kib, o‘ngi-tersi bilinmay ketgan do‘ppisini tizzasiga qo‘ndirib, yarim kal boshini ancha vaqt hafsala bilan silab o‘tirdi. Men gapni nimadan chuvatsam ekan degan o‘yda zarang yerga hali belkurak, hali lom uraman. Peshanamdan marjon-marjon ter quyiladi. Shu payt Boymurod aka ming‘irlab bir nima dedi. Ishdan to‘xtab, u kishiga qaradim.

      – Gapirdingizmi, Boymurod aka?

      U kichkinagina chinoq qulog‘iga ko‘rsatkich barmog‘ini tiqib, silkitar ekan huzurdan ko‘zlari qisilib, dedi:

      – Itingizni otini so‘rayapman?

      Ol-a, topgan gaplarini-chi? Shoshib qoldim. To‘g‘risini aytib qo‘ya qolay dedim-u, qitmirligim tutdi. Xuddi “oting nimaydi” deb so‘rasam aytib beradigandek itni qidirib qoldim. Hozirgina shu yerda edi. Qayoqqa g‘oyib bo‘ldiykin?

      – Itim ko‘rinmaydimi?

      – Ana, – dedi Boymurod aka qo‘li bilan ishora qilib, – yotibdi-ku!

      E, ha, yerdan chiqarib tashlagan oppoq toshlarning orasida yotganigami tusini darrovda ajratolmay qolibman. E’tibor qilmagan ekanman, itning rangi oppoq ekan. Dabdurustdan tilimga kelgan so‘z shu bo‘ldi:

      – Oqtosh!

      Ilonga “Champo” deb ot qo‘yishim ham shunaqa dabdurustdan bo‘lgan, tilimga kelib qolgan edi. Boymurod aka:

      – Anak-ka-a-a, – deb do‘ppisini boshiga qo‘ndirib,