Champo otli ilon. Erkin Malik. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Erkin Malik
Издательство: SHARQ
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-00-544-0
Скачать книгу
aka haq edilar. Palaklar ichiga jayra kirib qolsa uni haydab chiqarib bo‘lmasdi. Yaqinlashding deguncha nayza otadi. Nayzasi zaharli bo‘ladi. Bundan chiqdi jayra, chiyabo‘ri, tulki, itlar qovunlar qachon yorilishini bilib yarim kechada “ov”ga chiqisharkan-da. “Qovunning shirinini it yeydi”, deganlari shu ekan!

      Qovunlarni tepaga chiqargach, Karim aka bittasini so‘yib bizni mehmon qildi. Biz qovun emas, xuddi novvot chaynayotgandek bo‘lardik. Bir tilimdan ortiq yeya olmadik. Karim aka bilan xayrlashib, uy-uyimizga tarqaganda xo‘rozlar qichqira boshlagan edi…

Yong‘oq tagidagi jin

      Boymurod akaning yong‘oq tagiga makon qurib olgan jinlar haqidagi hikoyasi Ko‘ktoy bilan bog‘liq yana bir voqeani yodimga solib qo‘ydi.

      Biz qishloq bolalari doimo bir xil tashvish bilan yashardik. Hayotimiz ko‘proq Bo‘zsuv bo‘ylarida kechardi. Sigirning qornini to‘ydirishdan tashqari, bir ovqat pisharlikmi, choy qaynarlikmi ishqilib o‘tin ham topib kelishimiz kerak edi. Pishirgulik topsa kuydirgulik, kuydirgulik topsa pishirgulik topilmaydigan dardi bedavo zamonlar edi. Biz uchun qurigan ajriqning ildizi ham, mol yemaydigan xashak-xushak ham o‘tin edi. Bir kuni sigirning qornini bir amallab qappaytirdim-u, bir tutamam o‘tin topolmadim. Kuz boshlangan, dala-yu dasht bo‘shab qolgan. G‘o‘zapoyaga ruxsat yo‘q, paxta terimi davom etardi. Ammam urishmadilar-u, yig‘lavorgudek bo‘lib dedilar:

      – Kechqurunga-ku amalladim, ertalabki choyga nima qilaman endi, otam?

      Ammam juda xursand bo‘lganlarida yoki xafa bo‘lganlarida “otam” so‘zini qo‘shib qo‘yardilar. Agarda xursand bo‘lib aytsalar “otam” deyishlari yog‘dek yoqardi. Birdaniga katta odam bo‘lib qolgandek shishinib ketardim. Ammo hozirgidek paytlarda musht yegan odamdek a’zoyi badanim zirqirab ketar, o‘zimni qo‘yishga joy topolmay qolardim. Rost-da, uyimizda erkak kishi men bo‘lsam, jiyanlarim yosh, o‘tinni men topmay kim topishi kerak?!

      – Hozir topib kelaman, – dedim-da, chilvirni qo‘ynimga solib, ko‘chaga otlandim. Ammam:

      – Kech bo‘ldi, qattanam toparding, qo‘ya qol, – deganlaricha qoldilar.

      Uyimizdan sal naridagi tepalikda kolxozning o‘tinxonasi bor edi. Lekin o‘tinxonaga yaqinlashishning o‘zi bo‘lmasdi. Bir yoqda kolxoz idorasi, undan keyin magazin, temirchi Mihtiyning ustaxonasi, omborxona, otxona, ana undan keyin o‘tinxona edi. Men uchun bitta yo‘l bor. Ana shu bir-biriga tutash qurilgan binolarning orqa tarafi. U tarafda derazalar yo‘q. Faqat temirchi Mihtiyning kul tashlaydigan tuynugi bor, xolos. Tepalikning pasti qator yong‘oqzor. Narigi yog‘i paxtazor. O‘tinni bir amallab o‘g‘irlaydigan bo‘lsam, albatta yong‘oqzordan o‘tishim kerak. Shunday qilsam meni hech kim ko‘rmaydi. Yong‘oqlarning barglari to‘kilib, ustida yakkam-dukkam qolgan barglar meni botirlantirdi. Yoz paytlari barglari shunaqangi quyuq bo‘lardiki, odam kunduzi yurgani qo‘rqadi. Shunday bo‘lsa ham yolg‘izoyoq so‘qmoq tushgan, undan rahbarlarni ko‘ziga tashlanishni xohlamaganlar yurardilar. So‘qmoq yong‘oqzor yoqalab Bo‘zsuv bo‘yiga olib tushadigan ko‘chaga tutashib ketardi.

      Otxona darvozasi ro‘parasiga yetguncha men bilan birovning ishi bo‘lmadi. Ko‘cha otxona darvozasiga borib, chapga burilardi-da, otxona yoqalab pastga tushib ketardi.

      Nima bo‘ldi-yu, otxona darvozasiga yetganimda otboqar Karimboy cholga duch kelib qoldim. U meni ko‘rdi-yu, “Ha” degandek tikilib qoldi. Jin ursin. Qo‘rqib ketdim. Sir boy bermay darrov salom berdim:

      – Assalomalaykum, Karimboy tog‘a.

      – Ja, – dedi Karimboy chol, – eri nomoshshomda qo‘yvorgan xotindek nima qilib ivirsib yuribsan bu yerlarda?

      Bunaqa paytda kallayam darrov ishlab ketadi:

      – Sigirimmi temir qozig‘i tushib qopti…

      Biz podamizni Bo‘zsuv bo‘yiga shu yo‘ldan olib tushib, shu yo‘ldan haydab chiqar edik. Yolg‘onimga Karimboy chol ishonmadi.

      – He, sigiring o‘lib sigirsiz qol, bedaga aylanishsang, kallangni olaman.

      Birdan xo‘rligim tutib, ko‘zlarimga yosh quyilib keldi.

      – Bedayz boshshiyzdan qosin, sigirimni qarg‘amang. Pochcham o‘lib, ukalarim yetim qoldi, endi sigirimizam o‘lsinmi? Ochimizdan bizam o‘laylikmi? – dedim hiqillab.

      Karimboy chol birdan yumshadi:

      – Bo‘pti, bor, bor, toshingni ter, – dedi-yu otxonaga kirib ketdi.

      Yo‘qolmagan temirqoziqni qidirgan bo‘lib, otxonaning orqa tarafiga o‘tdim-da, jahl bilan shartta devordan oshib, kolxozning o‘tinxonasiga tushdim. Hech zog‘ yo‘q. Kimam bo‘lardi namozshomda. Oftob botib ketgan, shafaq ham o‘chib bo‘lgan. Karimboy chol xo‘jayinligini g‘aramdagi bedalarga qilsin! O‘tin bilan uning nima ishi bor?! O‘tinxonada to‘nkalar, shox-shabbalar ayqash-uyqash bo‘lib yotardi. Qo‘ynimdagi chilvirga bir ko‘tarim tut shoxini bog‘ladim-da, yong‘oqzor tarafdagi devordan oshirib otdim. Orqasidan o‘zimam oshib o‘tdim. Xayolimda kimgadir jahl qilardim-u, aslida qo‘rquvni yengaman deb o‘zim bilan o‘zim olishardim. Bu taraf ko‘zimga zimziyo qorong‘i ko‘rindi. O‘tinni yelkamga oldim-u, so‘qmoqdan keta boshladim. Ko‘zim oyog‘im tagida, u yoq-bu yoqqa qarash yo‘q. Biron narsaga qoqilib ketishdan qo‘rqaman. So‘qmoqni ko‘zdan qochirmasam bo‘ldi, u uyimizga olib boradigan ko‘chaga olib chiqadi. U yog‘i bir qadam. Aksiga olib so‘qmoqni yong‘oq xazonlari bosgan, shitirlab vahima solardi. Nimadir yon-verimdagi xazonlarni bosib kelayotgandek bo‘lardi.

      Shu payt orqalab olgan o‘tinimga yong‘oq shoxidan bir nima sakrab tushdi. O‘tinning butog‘i kuragimga qattiq botdi. Chilvirning bir uchi bilagimga o‘ralgan. Bo‘shata olmayman. Odatda, bunaqa joylardan kunduzi o‘tgan odam yo hushtak chalib yoki biron bir qo‘shiqni varanglatib o‘tadi. Shu bilan o‘ziga-o‘zi dalda bergan bo‘ladi. Hozirgi ahvolimda na hushtak chala olardim, na… O‘tin ustidagi mahluq yelkamdan oshib peshanamni silay boshladi. Nafasim bo‘g‘izimga tiqilib, dod devorishimga oz qoldi. Jon holatda boshimni chayqab yubordim. Qurg‘ur yong‘oqni bargi ekan. Shu payt otxonada ot kishnadi. Buyam ancha dalda. Bildimki, o‘tinxona orqada qopti, otxonaning ro‘parasiga kelib qolibman. Otxonadan keyin omborxona, temirchi Mihtiyning ustaxonasi, maktab, Isog‘jon tog‘aning hovlisi…

      Shu payt ko‘z oldim yorishib ketdi. E, olov!.. Ha, ha, olov chor atrofni yoritib, gurillab yonardi. Xayolimda kimdir uni yoqqan-u, o‘zi ko‘rinmasdi. E, deyman o‘zimga-o‘zim, bu temirchi Mihtiyning ishi-ku. Otlarni taqalab bo‘lgandan keyin, tirnoqlarni shu yoqqa obchiqib kuydiradi. Ustaxonada kuydirsa, hammayoqni qo‘lansa hid tutib ketadi. Olovni yoqib o‘zi uyiga ketgan shekilli.

      Men yorug‘lik – qo‘rqmaslik, qorong‘ulik – qo‘rqoqlik ekanini o‘shanda birinchi marta his qildim. Olovni ko‘rish bilan qo‘rquvni unutib, ichim yorishib ketgandi. Hatto, yelkamni bosib turgan anovi alvasti ham olovdan qo‘rqib, yong‘oq shoxiga chiqib ketdiyov. Men o‘tinni yerga qo‘yib, yelkamga botayotgan joyni almashtirib olmoqchi ham bo‘ldim. Shu payt mo‘jiza yuz berdi. Olovga jon bitib, pildirab, yarim doira yasadi-da, yo‘limni to‘sib chiqdi…

      Ajina degan o‘y miyamga urildi-yu nimagadir Ko‘ktoyni chaqira boshladim:

      – Ko‘ktoy! Ko‘ktoy!

      Osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi bilmayman. Ro‘paramda, harsillaganicha Ko‘ktoy turardi. U bir o‘ynoqladi-da, meni aylanib o‘tib oldimga tushib yura boshladi. Ko‘zimni chirt yumib, tusmol bilan Ko‘ktoyga ergashdim. Uyga qandoq yetib kelganimni bilmayman. Hartugul o‘tinni olib kelibman. O‘zimni yerga tashlab, yerparchin bo‘lib yotaveribman, yotaveribman. Ammam suv sepib o‘zimga keltiribdilar. Ertalab tursam og‘zim, burnim to‘la uchuq. Ammam ikki dona tuxum berib, kinnachi xolaga jo‘natdilar. Kinnachi xola kirdan yag‘iri chiqqan bir yostiqni boshimga qo‘yib, qoq bo‘yraga yotqizdi-da, kinna sola boshladi:

      “Qirq sulton, qirq bir chilton,

      Kinna-kinna kirmasmu, kirsa aslo chiqmasmu.

      Qorni katta boylarga bor,

      Dumbasi