Ko‘hna dunyo. Odil Yoqubov. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Odil Yoqubov
Издательство: SHARQ
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978-9943-00-939-4
Скачать книгу
sotib olgan edi. Joriyaning ismi Sadaf bo‘lib, o‘zi Xorazmdan, ko‘p yillik qadrdoni Beruniy yurtidan edi.

      Sadafbibi qo‘l-oyog‘i chaqqongina, yoqimtoygina qiz ekan, birpasda hammaga yoqib qoldi, ko‘p yillardan beri dard chekib, to‘shak yozib yotgan nogiron kampiri Nargizabonuga ham juda qo‘l keldi. Lekin bundan bir oy muqaddam, Sadafbibini ko‘rib, u bilan suhbatlashib qolgan birodari Abu Rayhon: «Joriyangni menga ber, mening uyimda xizmat qilsin, juda pok qiz ekan, bu shilqim mayxo‘rlar orasida unga jabr bo‘libdi», deb qoldi.

      Malikul sharob boshda Abu Rayhonga ham rad javob berdi, biroq keyin o‘ylab ko‘rib, uning haq ekaniga iqror bo‘ldi-yu, Sadafbibini unga berishga rozi bo‘ldi. Aksiga olib, xuddi o‘sha kunlari bu bukri ham Sadafbibini so‘rab keldi. Malikul sharob Abu Rayhonga va’da berib qo‘yganini aytsa ham, yalinib-yolvorib turib oldi, katta pul, o‘z narxida o‘n baravar katta pul va’da qilib, oyog‘iga yiqildi…

      Abu Rayhon Sadafbibini so‘rab kelganida bir narsani ro‘kach qilgan, ya’ni, uni bibining xorazmcha chuchuk tili rom qilganini aytgan edi. Ajabo: bu bukrini ham xuddi shu narsa maftun etgan emish! Biroq maftun bo‘lsin-bo‘lmasin, Sadafbibini qaytarishning iloji yo‘q, u Abu Rayhonning ixtiyoriga o‘tgan edi. Shundan beri Piri Bukriy Malikul sharobdan arazlab yurardi. Nahot bugun tag‘in o‘sha iltimos bilan kelgan bo‘lsa?

      – Xo‘sh, xizmat, azizim?

      – Malikul sharob, – dedi Piri Bukriy shivirlab. – Boyagi ikki sayyohning biri g‘avg‘o ko‘tarib, to‘polon qiladur.

      – To‘polon qilsa, to‘rt tomoni qibla! Ne deb to‘polon qiladi?

      – Joy so‘raydur, shohona joy!

      – Shohona joy tilasa mening kulbai vayronamda ne qiladi? Ayt, sulton Mahmudga borsin! Shoyad Osmon malikasidan joy bersa?

      Piri Bukriy qo‘lidagi shamni balandroq ko‘tarib, burchakka tutilgan narda tomon o‘g‘rincha bir qarab qo‘ydi.

      – So‘zimga quloq soling, pirim! Yosh sayyoh aytadiki, yonidagi keksa sayyoh o‘shal… hakimi davron… hazrat Abu Ali ibn Sino emish! Ul zoti sharifning hurmatini bajo keltirmoq darkor emish!..

      – Ne deding? Hazrat Ibn Sino?

      – Shunday, pirim, O‘shal, dong‘i olamga ketgan hakimi davron Abu Ali ibn Sino hazratlari emish!

      Malikul sharob qizargan ko‘zlarini katta ochib, bir zum angrayib qoldi, so‘ng, patak soqolini silab mastona kuldi:

      – Ibn Sino hazratlari bo‘lsa… sulton Mahmudga borsin! Mana, yigirma yildirki, sulton uni topolmay dog‘da yurmish!

      Piri Bukriy negadir yana burchakdagi parda tomon ko‘z tashlab:

      – Pirim, – deb shivirladi. – Yosh sayyoh bir surat ko‘rsatdikim, mavlono Beruniy ko‘rsatgan suratning baayni o‘zi! Bu sayyoh bilan o‘shal suratdagi Ibn Sinoni ajratib bo‘lmas, pirim. Bamisoli bir tomchi suv!

      Malikul sharobning yumuq ko‘zlari yarq etib ochilib ketdi. U olacha to‘nini egniga tashlab, o‘rnidan tura boshladi. Biroq shu payt parda ichidan ayol kishining «mirzam», degan zaif ovozi eshitildi. Malikul sharob bukriga «sen boraver», deb imo qildi-da, pardani ko‘tarib go‘shaga kirdi.

      Parda orqasidagi to‘shakda… sochlari qorday oppoq, ko‘zlari katta-katta, nimjongina bir ayol o‘tirar, uning peshonasidagi moshdekkina qizil xoli ayolning hind yurtidan ekanini ko‘rsatib turardi.

      Malikul sharob to‘shak chetiga tizza bukarkan o‘zgacha bir muloyimlik bilan:

      – Nechun uxlamaysiz? – deb so‘radi. – Yana og‘riq boshlandimi, bonu?

      Nargizabonu, ikki barmog‘i kesilgan mayib qo‘li bilan to‘zg‘igan sochlarini tuzatarkan, katta-katta timqora ko‘zlari allaqanday charaqlab:

      – Bu so‘z rostmi, mirzam? – deb so‘radi. – Hazrat Ibn Sino…

      – Shoyad rost bo‘lsa! – Malikul sharob ayolning barmoqlari yarmidan kesilgan to‘mtoq kaftini qo‘liga olib, lablariga bosdi, bosarkan, odatdagidek, yana o‘sha yiroq, ammo har eslaganda xuddi kechagina ro‘y bergandek, vujudida titroq uyg‘otuvchi unutilmas bir manzara ko‘z oldiga keldi.

      G‘azna chekkasidagi hindlar dahasi. Dahaning eng xilvat joyidagi pinhoniy bazmxona. Go‘zal raqqosalar, xonanda va sozandalar bazmxonasi. Amir Sabuqteginning erka farzandi, yosh Mahmud o‘zining eng yaqin g‘ulomi, bolalikdan birga o‘sgan tengdoshi Qutlug‘qadam bilan har kecha shu xufiya bazmxonaga ravona bo‘lishadi. Taqvodor otadan yashirincha, go‘zal raqqosalar bazmini ko‘rgani borishadi. Yo‘q, hamma raqqosalar emas, ofatijon raqqosalar orasidagi eng ofatijon Nargizabonuning raqslarini tomosha qilgani borishadi. Nargizabonu endi o‘n uchga to‘lib, o‘n to‘rtga qadam qo‘ygan, biroq uning husni, tilla ma’budadek nozik bo‘y-basti, peshonasidagi moshdek qizil xoli, ayniqsa doim kulib turguvchi katta-katta timqora ko‘zlarini bir ko‘rgan yigit toabad unutmaydi. Raqslari esa… uning raqslari ham go‘dak kulgusiday ma’sum, ham bamisoli olov! Xuddi lovullab yongan olov yanglig‘ bu raqs tirik jon borki yondiradi, o‘liklarga esa jon ato qiladi…

      O‘sha oqshom ham, ikki po‘lat qilich qinidan chiqqan o‘sha mash’um oqshom ham Nargizabonu egnida harir ipak sari, bejirim oyoqchalarida qo‘sh-qo‘sh tilla xol-xol, qo‘llarida yoqut qadalgan qo‘sh-qo‘sh tilla uzuk, nozikkina yarim yalang‘och tanasini ming muqom bilan qilpillatib shunday xiromon qildiki, amir Mahmud bilan uning sodiq g‘ulomi Qutlug‘qadam raqqosa oldida barobar tiz cho‘kib, unga chiniy piyolalarda barobar sharbat tutishdi.

      Timqora ko‘zlari yulduzday chaqnagan yosh malak, lablarida ma’sum tabassum, sersoqol sozandalar soziga mos xiromon qilganicha, ikki mashhur mehmonga yaqinlashib bordi, so‘ng tamanno bilan egilib ta’zim qildi-da, tirnoqlariga xina qo‘yilgan nozik qo‘llari bilan amir Mahmudning… yo‘q, Mahmud emas, uning g‘ulomi Qutlug‘qadamning piyolasini oldi. Olishga oldi-yu, piyolaga lab tekkizishga ulgurmadi. Yosh amir, qo‘lidagi sharob to‘la kosani shiftga qarab qulochkashlab otdi-da, o‘rnidan sapchib turib, shartta qilichini qinidan sug‘urdi. Undan u yog‘i bir zumda, ko‘z ochib-yumguncha sodir bo‘ldi: Nargizabonu qo‘lini boshi uzra ko‘targancha faryod chekib, o‘zini sozandalar davrasiga urdi. Biroq g‘azabdan jazavasi tutgan yosh amir ikki hatlashda malakka yetib, uning boshi uzra ko‘targan nozik qo‘llariga qilich soldi. Qo‘sh barmog‘i uchib ketgan raqqosaning zorli faryodi bazmxonani zir titratdi. Bu faryoddan o‘ziga kelgan Qutlug‘qadam ham sakrab turib amirga tashlandi. U jonholatda qilich tig‘ini changallab olgan ekan, uning qo‘lidan ham tirqirab qon oqdi. Lekin u og‘riqni sezmadi. Qo‘lidan tirqirab oqqan qonni ham ko‘rmadi. Uning ko‘zi kesilgan barmoqlarda edi. Raqqosaning xina qo‘yilgan nafis qoramtir barmoqlari, xuddi joni borday, yerda dik-dik sakrar, boshi uzilgan mitti qushchalarday pitirlardi!..

      …Ertasiga ularni amir Sabuqtegin o‘z ko‘shkiga chaqirtirdi. Keksa amir, bir yonida bosh vazir, bir yonida qadrdon sarbozi Qorag‘ulom, oltin taxtda qovog‘ini uyib o‘tirardi. U o‘ziga yarashgan qalin ketmon soqolini tutamlab, ikki og‘izgina va’z aytdi:

      – Faqir senlarni aka-ukaday inoq, ikki do‘st, ikki birodar bo‘lib ketar, deb o‘ylagan edim. Nadomatlar bo‘lg‘aykim, oralaringda raqobat paydo bo‘libdi. Raqobat bor joyda sadoqat bo‘lmas! Shu bugundan boshlab saroyda sening qorangni ko‘rmayin, Qutlug‘qadam! Seni ham Qorag‘ulom!.. Bilamen, sen menga salkam yigirma yil halol xizmat qilding. Ammo bukun men seni farzandingga qo‘shib dargohimdan haydamoqdan boshqa choram yo‘q… Ayb menda emas, Qorag‘ulom, ayb takabbur zurriyotingda! Bergan tuzimga rozimen, Qorag‘ulom!..

      Valine’mat padari Qorag‘ulom – ollo uning ruhini shod etgay, – cho‘yanday qop-qora, alpqomat odam edi. Keksa amirning bu so‘zlaridan battar qorayib ketdi. Biroq lom-mim demadi. O‘g‘liga zimdan ko‘z qirini tashlab: «Yur!« deb ishora qildi-da, indamay eshik tomon yo‘naldi.

      …Malikul sharobning xayolini Nargizabonuning:

      – Sizga ne bo‘ldi, mirzam? – degan ovozi bo‘ldi. – Ko‘zingizda yosh…

      Malikul sharob chandiq qo‘li bilan