Геология ва геоморфология. Ю. Иргашев. Читать онлайн. Newlib. NEWLIB.NET

Автор: Ю. Иргашев
Издательство: Kitobxon
Серия:
Жанр произведения:
Год издания: 0
isbn: 978–9943–10–968–1
Скачать книгу
morfologiya

      SO‘Z BOSHI

      Mustaqil O‘zbekistonning kelajakda rivojlangan, buyuk demokratik davlat bo‘lishi yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga ham bog‘liqdir. Shuning uchun respublikamizda «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun hamda shaxsan respublikamiz Prezidenti I.A.Кarimov tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining «Кadrlar tayyorlash milliy dasturi» (1997-yil 29-avgust) qabul qilindi. Binobarin, «Milliy dastur»ning amalga oshirish uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda, boshqa omillar bilan birga oliy va o‘rta maxsus ta’lim yurtlarida davlat tilidagi darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarning yetarli darajada bo‘lishi katta ahamiyatga ega.

      Yuqoridagilarni nazarda tutib, mualliflar tomonidan «5311500- Geodeziya, kartografiya va kadastr» yo‘nalishining takomillashtirilgan davlat ta’lim standarti, o‘quv dasturi va yangi o‘quv rejasiga asoslanib, ushbu darslik tayyorlandi.

      Darslik oliy o‘quv yurtlarining tegishli fakultetlari va kollejlarning geodeziya, kartografiya va kadastr sohasidagi talabalari, magistrantlari, aspirantlari va o‘qituvchilariga, shu yo‘nalishlarda izlanishlar olib borayotgan muhandislarga mo‘ljallangan bo‘lib, undan amaliy va laboratoriya ishlarini bajarishda ham foydalaniladi.

      Mualliflar mazkur darslikni tayyorlashda o‘zlarining qimmatli fikr va maslahatlarini bergan taqrizchilar: geologiya–mineralogiya fanlari doktori, professor M. Shermatovga va texnika fanlari nomzodi, dotsent A. Bobojonovga va darslikni tayyorlashda ko‘rsatgan yordami uchun kafedra katta o‘qituvchisi M.Rahimboboyevaga samimiy minnatdorchilik izhor etadilar.

      КIRISH

      1. Geologiya fanining maqsadi, vazifasi, rivojlanish tarixi va tarmoqlari

      Geologiya yunoncha so‘z bo‘lib, geo – yer, logos – so‘z, ilm, fan degan ma’noni bildiradi. Geologiya yerning paydo bo‘lishi, tuzilishi va rivojlanishi to‘g‘risidagi fan bo‘lib, Yer po‘sti va tog‘ jinslarini turli metodlar (astronomiya, fizika, geofizika, geografiya, kimyo, biologiya va b.) bilan o‘rganishga asoslanadi.

      Geologiya fani Yerning va tog‘ jinslarining paydo bo‘lishi, rivojlanish tarixi, uni tuzuvchi qobiqlarni hamda birinchi navbatda tarkibini, tuzilishini va Yer po‘stida sodir bo‘ladigan jarayonlarni, foydali qazilma konlarining joylashish qonuniyatlarini va boshqalarni o‘rganadi.

      XVIII asrdan boshlab insoniyat jamiyati rivojlanishi bilan birga geologiya fani ham taraqqiy etib bordi va u hozirgi vaqtda quyidagi mustaqil tarmoqlarga bo‘lindi: kristallografiya, mineralogiya, petrografiya, tarixiy geologiya, dinamik geologiya, geofizika, paleontologiya, petrografiya, foydali qazilmalar geologiyasi, tektonika, geomorfologiya, gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi.

      Кristallografiya – kristallarning kelib chiqishi, o‘sishi, tashqi shakllari, ichki tuzilishi va fizikaviy xususiyatlarini o‘rganadi. Bu fan tabiiy va sun’iy kristallangan jismlarni, jumladan tog‘ jinslarini va qurilish materiallarini o‘rganishda qo‘l keladi.

      Mineralogiya – minerallarning kimyoviy tarkibini, fizik xususiyatlarini va ularning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq har xil jarayonlarni o‘rganadi.

      Petrografiya – yer qobig‘ida (litosferada) tarqalgan tog‘ jinslarini, ularning mineral tarkibini, tuzilishini, yotish shakllarini va geologik tarqalishini o‘rganadigan fan.

      Dinamik geologiya – geologik jarayonlar ta’sirida Yerning ichki va ustki qismi tuzilishi va tarkibining o‘zgarishi, yer yuzida tarqalgan jinslarning o‘rnidan siljishi va qayta yotqizilishi sababli paydo bo‘ladigan jarayonlarni, shuningdek, Yerning ichki qismida vujudga keladigan tektonik harakatlarni va otqindi jinslarning paydo bo‘lishiga olib keladigan kuchlarni o‘rganadi.

      Geofizika – Yer po‘sti va qobiqlarining (atmosfera, gidrosfera, litosfera va h.k.) hosil bo‘lishi, rivojlanishi, tuzilishi va xususiyatlarini hamda unda yuzaga keladigan jarayonlarni (tabiiy va texnogen) fizik metodlar bilan o‘rganadigan fan.

      Paleontologiya – yer qobig‘ida o‘tmish geologik davrlarda yashagan va qatlamlar ichida qolib ketib, toshga aylangan o‘simlik (flora) va organizm (fauna) qoldiqlarini o‘rganadigan fan. Paleontologiya ma’lumotlari asosida tog‘ jinslarining yoshi va hosil bo‘lish sharoiti aniqlanadi.

      Tektonika – tog‘ jinslari dastlabki yotish holatlarining o‘zgarishini, ularda yoriqlar hosil bo‘lishini, burmali va uzilmali dislokatsiyalarni yuzaga keltiradigan harakatlarni, qatlamlarning deformatsiyalanishini va yer qa’rida bo‘ladigan o‘zgarishlarni o‘rganadi. Bu fan bilimlari Yer relyefining asosiy turlarining paydo bo‘lishini va tarqalishini o‘rganishda katta ahamiyatga ega.

      Gidrogeologiya – yer osti suvlari to‘g‘risidagi fan bo‘lib, ularning hosil bo‘lishi, yotish sharoiti, joylashishi, tarqalishi, taqsimlanishi, rejimi, fizik xossalari va kimyoviy tarkibini hamda atmosfera va yer yuzasi suvlari bilan o‘zaro bog‘liqligini, shuningdek, yer osti suvlari zaxiralarining kamayib ketishdan muhofaza qilish masalalarini va xalq xo‘jaligidagi ahamiyatini o‘rganadi.

      Injenerlik geologiyasi geologiya fanining bo‘limi bo‘lib, yer po‘stining yuqori gorizontlarining geologik sharoitlarini va odamlarning muhandislik faoliyati ta’sirida ularning o‘zgarishini o‘rganadi. Injenerlik-geologik tadqiqotlar yordamida tabiiy va texnogen omillar ta’sirida yerning ustki qismida yuzaga kelayotgan o‘zgarishlarga baho beriladi. Shuningdek, uning yordamida imorat va inshootlar qurilishi uchun eng qulay joylar tanlanadi, ularning eng ishonchli konstruksiyasi aniqlanadi, bajariladigan ishlarning usullari belgilanadi hamda inshootlar qurilganidan so‘ng ular ta’sirida yuzaga keladigan salbiy geologik va injenerlik-geologik jarayonlarni bartaraf etish uchun tadbirlar ishlab chiqiladi.

      Injenerlik – geologik tadqiqotlar ma’lumotlari asosida: 1) poydevor tagidagi tog‘ jinslarining siqilishi va miqdori; 2) poydevor asosidan jinslarning siqib chiqarilishga qarshi turg‘unligi; 3) qurilish katlovanlari, karerlari, yo‘l o‘ymalari, kanallar va yo‘l ko‘tarmalaridagi jinslarning turg‘unligi; 4) suv omborlariga qurilgan to‘g‘onlarning yuqori qismidagi suvlar bosimidan bo‘ladigan siljishlarga qarshi to‘g‘onlarning qarshiligi; 5) suv omborlari bunyod qilingandan so‘ng qirg‘oqlarning yuvilishi; 6) grunt suvlarining sathi ko‘tarilganda inshootlar poydevorining turg‘unligi; 7) seysmik harakatlar, cho‘kuvchan jinslar, ko‘chkilar mavjud rayonlarda quriladigan inshootlarning turg‘unligi hisob-kitob qilib aniqlanadi.

      Ilmiy geologiyaga rus olimi M.V.Lomonosov (1711–1765) asos soldi. U o‘zining «O слоях земных» («Yer qatlamlari haqida», 1763) asarini tog‘ jinslari, minerallar, tog‘ sistemalari, vodiylar hamda yer osti suvlarining paydo bo‘lishi va rivojlanish qonuniyatlari masalasiga bag‘ishlagan. Geologiya fanining rivojlanishiga chet el olimlaridan D.Getton (1726–1797), Ch.Lyayel (1797–1873), E.Zyuss (1831–1914), A.Geym (1849–1937) va boshqalar salmoqli hissa qo‘shdilar.

      XX asrdan boshlab geologiya fani jadal rivojlandi va uning tarkibidan turli yo‘nalishlar bo‘yicha alohida sohalar mustaqil fan sifatida ajrab chiqdi.

      O‘zbekistonda geologiya fani sohalarining rivojlanishida quyidagi olimlarning hissasi juda kattadir: Abdullayev H.M., Arxangelskiy A.D., Batalov A.B., Beder B.A., Berg L.S., Bezobrazova A.F., Boboyev К.A., Boymuhamedov X.N., Isamuhamedov E.M., Islomov A.I., Кarpov P.M., Кenesarin N.A., Mavlonov G‘.O., Mirboboyev V M., Muxin V.R., Obruchev A., Petrov A.L., Popov V.I., Po‘latov К.P., Sodiqov A.S., Sultonxo‘jayev L.N., Uklonskiy A.S., Umarov U.U., Hamroboyev I.H., Hojiboyev N.N., Xudoyberganov A.M., Shermatov M.Sh., Qodirov E.V., Irgashev Yu.E. va boshqalar.

      2. Geomorfologiya fanining maqsadi, vazifasi, rivojlanishi va boshqa fanlar bilan bog‘liqligi

      Geomorfologiya – yunoncha so‘z bo‘lib, geo – yer, morfo – shakl, logos – ilm, fan degan ma’noni bildirib, Yer yuzasining shakli, ya’ni relyefi haqidagi fandir. Geomorfologiya fani yer ustida mavjud bo‘lgan relyef shakllarining paydo bo‘lish sharoitini, tashqi belgilarini, ularning taraqqiyotini, shakllar o‘rtasidagi o‘zaro genetik bog‘liqliklarni va geografik joylashish qonuniyatlarini o‘rganadi.

      Yerning litosfera qobig‘ining ustki qismida mavjud bo‘lgan tekisliklar, balandliklar, tog‘lar, tog‘ inshootlari va boshqa yuzalar yig‘indisi relyef deb ataladi. Bunday past-balandlik va notekisliklar