Har qanday millatning ravnaqi, umum-bashariyat tarixida tutgan o‘rni, mavqeyi va shuhrati bevosita o‘z farzadlarining aqliy va jismoniy yetuklikligiga bog‘liqdir.
KIRISH
„Ta’lim to‘g‘risidagi Qonun“ va „Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi“ ta’lim sohasidagi siyosatimizni belgilab berdi.
Bu qonunlar mustaqil, har tomonlama kamolga yetgan barkamol inson uchun zarur bo‘lgan ma’naviyat qirralari, iymon-e’tiqod, vatanparvarlik, insonga cheksiz muhabbat, do‘stlik, sadoqatlilik, mehnatsevarlik, milliy g‘urur kabi fazilatlarini shakllantirish lozimligi ta’kidlab o‘tilgan.
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek: „Har bir insonning, ayniqsa endigina hayotga qadam qo‘yib kelayotgan yoshlarning ongiga shunday fikrni singdirish kerakki, ular o‘rtaga qo‘yilgan maqsadga erishishi o‘zlariga bog‘liq ekanligini, ya’ni bu narsalar ularning sobit qadam, g‘ayrat, shijoatlariga, to‘la-to‘kis fidokorligi va cheksiz mehnatsevarliklariga bog‘liq ekanligini anglab yetishlari kerak.
Prezidentimiz tomonidan 2010-yil yilni „Barkamol avlod yili“ deb nomlanishi bejiz emas. „Barkamol avlod“ Davlat dasturida har tomonlama, yetuk va barkamol jihatdan tarbiyalangan: jismoniy, estetik, mehnat, ahloqiy, aqliy yosh avlodni tarbiyalab kelajakda kasbga yo‘llash ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish maktabgacha tarbiya, maktab va akademik litsey hamda kasb-hunar kollejlari, ustoz va murabbiylarining oldiga ulkan ishlarni amalga oshirishdek mas’ulyatli vazifalar qo‘yadi.
Yuqorida qayd etilganlarni amalga oshirish maqsadida pedagogika kollejlari o‘quvchi va o‘qituvchilarning yosh avlodga mehnat tarbiyasi, kasb tanlash sirlarini o‘rgatish maqsadida „Mehnat o‘qitish metodikasi“ deb nomlangan o‘quv qo‘llanmani tavsiya qilmoqdamiz.
Mazkur o‘quv qo‘llanmada kollej o‘qituvchilariga metodik yordam sifatida mehnat o‘qitish metodikasi, DTS, o‘quv dasturi hamda mehnatni o‘qitish, uning maqsad vazifalari, o‘qitish usullari, dars tiplari, dars va unga qo‘yiladigan talablar hamda boshlang‘ich sinflarda o‘tiladigan mehnat darsi ishlanmalari va ko‘rgazmalaridan foydalanish usullari ko‘rsatilgan. Ilovada ish turlaridan namunalar kiritilgan.
Ushbu o‘quv qo‘llanmani tayyorlashdan asosiy maqsad hozirgi kunda pedagogika kollejlari o‘qituvchi va o‘quvchilari uchun mehnat metodikasi fanidan o‘quv qo‘llanma va darsliklar yetishmaydi.
Shuning uchun ushbu o‘quv qo‘llanma e’tiboringizga havola etilmoqda. Darhaqiqat har bir o‘sib kelayotgan yosh avlod kelajakda «Mehnat, mehnatning tagi rohat», «Mehnat qilib topganing, qandu asal totganing» kabi hikmatli so‘zlarga rioya qilib, hayotda o‘zlari sevgan kasb egalari bo‘lib etishadilar va O‘zbekistonimizning ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shadilar degan umiddamiz.
I bob. BOSHLANG‘ICH SINFLARDA MEHNAT TA’LIMI VA TARBIYASINING MAQSAD VA VAZIFALARI
1. Меhnat o‘qitish metodikasi fanining maqsadi.
2. Mehnat o‘qitish metodikasi fanining vazifalari.
3. Mehnat ta’limi ixtisoslashtiruvchi o‘quv fanlaridan biridir.
4. Mehnat ta’limi metodikasi pedagogikaning tarmog‘i.
Mustaqil, har tamonlama kamolga yetgan barkamol inson uchun zarur bo‘lgan ma’naviyat qirralari iymon, e’tiqod, vatanparvarlik, insonga cheksiz muhabbat do‘stlik, sadoqatlik, mehnatsevarlik, milliy g‘urur kabi fazilatlarni shakllantirish zarur.
Buyuk allomalarimiz qilgan og‘zaki va yozma ijodiyot avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan iymon, e’tiqod sirlarining nazariy va amaliy jihatdagi bilimlar bilan yoshlarni qurollantirish lozim.
Kichik sinf o‘quvchilarini qo‘l mehnatiga o‘rgatishning asosiy maqsadi, boshlang‘ich mehnat elementlari bosqichlarini, ya’ni bajariladigan ishlarning oddiy elementlari (qog‘ozlarni buklash, qirqish, yelimlash, geometrik shakllarni yasash, applikatsiya ishlari)ni yasash bilan boshlaydilar.
Undan tashqari qo‘l mehnatiga o‘rgatishda „Tikish va bichish”, „Pazandachilik”, „Plastilin bilan ishlash”, „Qog‘oz va karton bilan ishlash”, „Applikatsiya va mozaika ishlari“ turlari bilan bosqichma-bosqich tanishib boradilar. Har bitta bo‘lim o‘quvchilarni hayotga mustaqil qilib tarbiyalashda muhim o‘rin egallaydi.
Yaratilgan mehnat natijalari o‘ziga va yon atrofdagilariga foydasi tegishini ko‘rgan o‘quvchi mehnatni asrab-avaylashga va mehnat kishilarining mehnat natijalarini ham hurmat-izzat qilishga o‘rganadi.
Topshirilgan ishga mas’uliyat hissini va mehnatdagi intizomni tarbiyalash, o‘qitishni ishlab chiqarish bilan birga olib borilishi, salomatlik va yosh uchun foydali, jamiyat uchun kerakli mehnat izchilligini amalga oshiradi.
Boshlang‘ich maktablarda Mehnat ta’limi va tarbiyasining asosiy vazifalari o‘quvchilarni mehnatga tayyorlash, o‘qitish va umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida kasb tanlash izchilligini takomillashtirish, davlat ta’lim standartlari talabi bo‘yicha tarbiyalash hamda o‘quvchilarni kasb-hunar egasi bo‘lib yetkazishda nazariy va amaliy bilim berishlardan tashkil topgan.
Mehnat madaniyatini tarkib topishi uchun darslarda doimo bolalarning e’tiborini asbob va materiallarni saqlash qoidasi hamda joylashtirish tartibiga, ish joyini to‘gri jihozlashga, materiallardan tejamkorlik bilan foydalanish usullariga, ish harakatlarini me’yori va sifatiga, ish ko‘rsatkichini ta’minlovchi tadbirlarga, ishlov berishda olingan aniqlik va tozalikka rioya qilishga va nihoyat narsani chiroyli qilib bezashga talab qilib borish kerak.
Kerakli material va asboblari bilan yetarli ta’minlanmaganlik ham mehnat madaniyatini shakllanishiga salbiy ta’sir etadi. Ba’zan o‘quvchilarning tayyorlanmaganliklari va uyushmaganliklari tufayli o‘qituvchining ko‘p vaqti bekorga sarf bo‘ladi, biri qaychisini, ikkinchisi qog‘ozini olib kelmasdan mashg‘ulotlarga qatnashish, ish qilayotgan o‘rtog‘idan narsa so‘rab chalg‘itadi. Shuning uchun o‘quvchi dars boshlashdan oldin guruh sardorlari yordamida o‘quvchilar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stona yordamga tayanib o‘z vaqtida choralar ko‘rish lozim. Biroq har qanday holatda ham o‘quvchini uyga jo‘natmaslik yoki jazo berish tartibida o‘quvchini ishsiz qoldirmaslik kerak.
Mehnat ta’limiga ijodiy tashabbussiz yondashish mehnatning aqliy rivojlanish omiliga aylantirmaydi. Bilimlarni qo‘llash talab qilmaydigan, tafakkurni faollashtirmaydigan mehnat faoliyati aqliy qobiliyatlarni o‘stirmaydi.
Mehnat ta’limi u yoki bu mehnat jarayonida belgilangan tartibda va harakatlar izchilligiga rioya qilish kerakligini muntazam tushuntirib borish bilan birga bo‘ladigan ko‘p marta mashq qilishlar natijasida tarkib topadi.
Maktabdagi mehnat tarbiyasi va ta’limining maqsadi mehnatga muhabbat va mehnat ahliga hurmat tuyg‘usini singdirishdan; o‘qish va ijtimoiy foydali ish jarayonida ularda mehnat ko‘nikmalari va mahoratini hosil qilishdan; ongli ravishda kasb tanlashga va boshlang‘ich hunar ta’limini olishga undashdan iborat. Mehnat ta’limi va kasbga tayyorlash vazifalari boshlang‘ich maktabda butun ta’lim-tarbiya mavzusi hamda barcha o‘quv predmetlari yordamida hal etiladi. Bu o‘rinda mehnat darslari yetakchi rol o‘ynaydi.
Maktabda muntazam mehnat ta’limining boshlang‘ich bosqichi boshlang‘ich sinflardagi mehnat darslari hamda kichik maktab yoshidagi bolalarning qo‘lidan keladigan ijtimoiy foydali ishdir.
Boshlang‘ich maktabdagi mehnat ta’limining asosiy vazifalari tarbiyaning maqsad va vazifalari tomonidan belgilanib, u mehnatga axloqiy va psixologik tayyorlash, o‘quvchilarni boshlang‘ich texnikaga oid bilim bilan qurollantirish, mehnatga amaliy tayyorlash, mehnat malaka va ko‘nikmalari bilan qurollantirish, o‘quvchilarni «mehnat ta’limi jarayonida har tomonlama o‘stirish kabilardan tarkib topadi. Bu vazifalarni keyingi mavzularda alohida o‘rganamiz.
1.1. O‘quvchilarni mehnatga axloqiy jihatdan tayyorlash
Mehnatga axloqiy tayyorlash deganda eng avvalo, mehnatga ongli munosabatni shakllantirish tushuniladi.
Shu o‘rinda buyuk allomalarning hadislariyu, ilm, mehnat va hunar haqidagi fikrlaridan foydalanamiz:
1. Ey o‘g‘il!